VIII. BOLALAR ADABIYOTI TARAQQIYOT SARI
Reja:
1. Ilyos Muslim – bolalar shoiri.
2. Hakim Nazir – o‘zbek bolalar realistik nasrining sohibkori.
3. Mirkarim Osim – tarixiy-biografik qissanavis adib.
4. Po‘lat Mo‘min bolalarning qo‘shiqnavis shoiri.
5. Qudrat Hikmat she’rlarining badiiy-tasviriy xususiyatlari.
6. Nosir Fozilov ijodida bolalar va o‘smirlar ruhiyati talqini.
7. Farhod Musajon – bolalar adibi va kinodramaturgi.
MAVZUGA DOIR TAYANCH TUSHUNCHALAR: tashbeh, taqvim, realistik nasr, roman,
ocherk, lavha, novella, tarixiy-biografik, tarixiy-qahramonlik, tarixiy-maishiy, fantastik,
ertak-pyesa, epizod, dramatik konflikt, voqeaband, kinoya, istehzo.
Ilyos Muslim
– bolalar shoiri
(1909-1993). Bolalar uchun asar
yaratishdek sermashaqqat va qutlug` ishga umrini bag`ishlagan Ilyos Muslim 1909-
yilda Qirg`izistonning Bishkek shahrida cho`yan quyuvchi – hunarmand oilasida
dunyoga keladi. I.Muslim 1927-yilning kuzida Toshkentga kelib, erlar bilim yurtiga
o`qishga kiradi. 1930-yilda u bilim yurtini muvaffaqiyatli tamomlagach,
Qashqadaryoning Yakkabog` tumanidagi Shaman-qirg`iz va Sheroziy qishloqlarida
o`qituvchilik qilib, yoshlarga bilim beradi.
1931-1942-yillarda Ilyos Muslim O`zbekiston davlat nashriyotida, badiiy
adabiyot, yoshlar va bolalar adabiyoti nashriyotlarida turli lavozimlarda ishlaydi.
Shoirning birinchi she’rlar to`plami 1932-yilda "O`suv" nomi bilan kitobxonlar
hukmiga havola etildi. 1934-yilda "Zaharxandalar" degan ikkinchi to`plami, "Miqti
keldi" dostoni bosilib chiqadi. 1938-yilda esa "She’rlar" to`plami nashrdan chiqadi.
1942-1947-yillarda harbiy xizmatda bo`lib qaytgan shoir yana adabiy ijodga qizg`in
sho`ng`iydi. Shundan keyin uning birin-ketin "Turnalar" (1952), "Bizning maktab"
(1954), "Sening sovg`ang" (1957), "Tilla qo`ng`iz" (1960), "Ishchan asalarilar"
(1962), "Oylar aytishuvi", "Oyxon va rayhon" (1964), "Ko`rik" (1969) kabi qator
she’riy to`plamlari bolalar adabiyoti taraqqiyotiga hissa bo`lib qo`shildi.
195
Shoir she’rlarida o`ziga xos poetik obrazlar, o`xshatishlar ko`zga tashlanadi.
Masalan, u bahor elchisi boychechakni ta’riflar ekan, uning yorqin detallari – rang
va xususiyatlarini kichkintoylar tafakkuriga mos talqin etadi:
Hali erimasdan qor,
Dala, qirda gulbahor.
Chiqdi mitti gul-chechak,
May elchisi boychechak.
Askar kabi turar tik,
Barglari yashil, tetik.
Uning rangi sariq, oq,
Boshida kumush qalpoq.
I.Muslim she’rda obrazning kichkintoylar tasavvuriga xos ko`rimliligini
ta’minlagan. Bahor dala-qirdan boshlanishi bejiz emas. Quyosh nuri eng ko`p
tushadigan, iliqlik tafti ilgariroq seziladigan joy bepoyon qir-u dalalardir.
Boychechak ham dastlab dala-tuzda yashnab ochiladi. U qadimda Navro`z elchisi
sifatida bolalar quvonchiga sabab bo`lgan. Shoir xalq orasida qadimdan bolalar
tomonidan kuylanib kelinayotgan qo`shiqqa aniqlik kiritib, uning yangi qirralarini
tasvirlaydi. May turfa gullarning qiyg`os ochilgan pallasi, boychechak esa uning
dastlabki nishonasi ekanligi shu tariqa bolalarga ayon bo`ladi. Bu jajji gulning
askarga o`xshatilishi ham tasodif emas. Uning sovuq va erib ulgurmagan qordan
qo`rqmay, bosh ko`tarib turishi askarlarga xos jasoratga qiyoslanmoqda. Kumush
qalpoq tushunchasi faqat gulning (oq rang) tashbehlanishi bo`lib qolmay, qor
ostidan bosh ko`tarib turishiga ham ishoradir.
Shoir she’rlarining aksariyati maktabgacha ta’lim yoshidagi yoxud kichik
maktab yoshidagi o`quvchilarga mo`ljallab yozilgani she’rlar mazmun-
mundarijasidan anglashiladi. Bu yoshdagi bolalarni ko`proq hayvonlar, qushlar va
jonivorlar, gullar, zilol suvlar-u yoz ne’matlari yoki qorbobo va qish, yam-yashil
archa juda-juda qiziqtiradi. Ilyos Muslim bolalarga olam-olam shodlik keltiruvchi
ana shunday mavzularga tez-tez murojaat qiladi. Shoirning "Laylak keldi",
"Turnalar", "Quyon", "Toychog`im", "Laylak", "Gul teramiz", "Archa qo`shig`i",
"Maktabimiz" singari she’rlari shu ma’noda ardoqli.
I.Muslimning mehnat mavzusida yozilgan she’rlari o`quvchilarda faqat
mehnatga ko`nikma hosil qilish, mehnatning hayotiy ehtiyoj ekanini uqtirib
qolmasdan, balki ularda mehnatdan zavqlanish tuyg`ularini ham shakllantirib
boradi. Shu jihatdan shoirning "Sening sovg`ang", "Oyxon va rayhon" she’rlari
ahamiyatli. Masalan, dastlabki she’rda jajji qo`lchalari bilan kashta tikib onasiga
sovg`a qilishga chog`lanayotgan qizaloq haqida so`z borsa, ikkinchi she’rda jambil-
rayhon ekib, jo`yaklariga suv qo`yib ko`kartirgan Oyxon ta’riflanadi. She’rlarda
shoir o`zi xulosalaganday, halol mehnat rohatini totish zavqi yorqin aks etgan.
"Odobli qizcha"da esa qiz bolalarga xos tartiblilik, saranjom-sarishtalikka da’vat
etiladi:
Ra’no kichkina hali,
Ishiga hamma hayron.
Qo`lda jajji supurgi,
196
Chinnidek hovli, ayvon.
Uyni tartibli tutar,
Chang qo`nmas divanga hech.
Buni ko`rib qo`shnilar
Maqtashadi erta-kech.
Albatta, bunday she’rlarning mazmuni ancha sodda, badiiylikdan ko`ra oddiy
so`zlar bayoni tarzida ifoda etilgan bo`lsa-da, yarim asr ilgarigi avlod
kichkintoylarining zehn idrokiga muvofiqligi ayon haqiqat. Qolaversa, bugungi
kichkintoylar ibrat olsa arziydigan xalq qadriyatlari mavjud unda.
Ilyos Muslim qator yumoristik she’rlar ham yozgan."Eshmatvoyning qilig`i",
"Befahm Eson" she’rlarida bolalarda uchrab turadigan ayrim qusurlar hajv qilinadi.
Shuningdek, uning "Oylar aytishuvi" she’rida taqvimdagi 12 oyning o`ziga xos
muhim xususiyatlari, navbat bilan ketma-ket almashib kelishi, el-yurtni obod etishi
kuylanadi. Zero, Ilyos Muslim boy ijodiy tajribaga hamda xalq e’tirofiga sazovor
shoirlardan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |