www.ziyouz.com kutubxonasi
280
— Bo‘lmagan gap.
— Yo‘q. To‘g‘ri gap.
Virjiniya o‘rnidan turdi va unga yuqoridan qaradi. Qo‘llari Palmerning sochlari tomon cho‘zildi.
Barmoqlari Palmerning chekkalariga tekkanda sovuq shamol nafasini eslatdi. — Men juda to‘g‘ri va
qattiqqo‘l bo‘lishim kerak, — dedi ayol past ovozda. — Men sendagi tuyg‘ularni — qamatilgan
shaxsiyatparastlik degan bo‘lardim. Lekin bu senga, baribir yordam berolmasdi. Shunday qilib, eshit:
sen bilan juda tuban darajada aloqada bo‘ldim, shuning uchun bitta idorada ishlab, yaqin yurishga
chiday olmayman. Har kuni, har daqiqada seni ko‘rish yoki tasodifan ovozingni eshitish, qog‘ozga
yozilgan ismingni o‘qish majburiyati... Bularning hammasi menga azob beradi, o‘ldiradi. Xayr, azizim.
Palmer o‘rnidan turdi.
— Balki?..
— Yo‘q, biz yaqin bo‘lolmaymiz. Meni qanchalik kuchli deb bilishing menga noma’lum... Ovozi
bo‘g‘ilib, darhol teskari qaradi.
— Eshit agar qo‘limdan kelganda...
— Qo‘lingdan kelmaydi, — ayol silliq gapirishga urindi.
U mana hozir o‘kirib yig‘lab yuboradiganga o‘xshardi. Ko‘zlari dahshatli tarzda kattalashdi. Palmer
qo‘llaridan ushlab qolishga ulgurmay, eshikka yugurib, ko‘chaga otilib chiqdi. Iloji boricha tez yurishga
harakat qilgan Palmer orqasidan yugurdi. U ko‘chaga chiqqanda ayol taksiga o‘tirayotgandi. Eshigi
qarsillab yopilgan taksi jo‘nab ketdi.
Palmer oqshomgi sovuq havoda paltosiz turardi. Balki barning o‘rtasidan yugurib o‘tsam yaxshi
bo‘larmidi, deya mulohaza qilardi u. Shu tufayli qo‘lga kiritilgan bir necha soniya vaqt Virjiniyani
to‘xtatib qolishga yordam berarmidi?
Oltmish to‘rtinchi bob
Palmer Bernsning uyi burchagiga bordi-yu, birdan to‘xtab, yaltiroq oq g‘ishtlarga suyandi. Ularning
yonoqlariga botayotgan qirralarini his qilgan holda hayrat bilan o‘ylab qoldi: navbatdagi qadamini
tashlay olarmikan?
U qachondir xuddi hozirgiga o‘xshash sarosimaga tushganini esladi. Lekin unda Palmerga
hozirdagidek teran aql zarur bo‘lmagandi. U hech qachon Berns kabi pastkash bo‘lolmasligini, bu
borada unga tenglasholmasligini his qildi. Bu odam ustasi farang fitnachi edi. Unda qobiliyatdan
tashqari birovlarga makr-hiyla ishlatib, ular chekkan azobdan quvonish, orom olish tuyg‘usi mavjud
edi.
Biroq ko‘pchiligimiz nafas olishni shu yerda o‘rganamiz, deb o‘yladi Palmer. Gullab-yashnashni
ham.
U shunday xayollar bilan Bernsning uyiga kirdi. Liftda ko‘tarilar ekan, Virjiniya bilan bo‘lib o‘tgan
suhbatni xavotirlanib esladi. Xavotirlanganiga sabab, ko‘nglidagi g‘alayon teran fikrlashiga xalal
berishi mumkin edi. Biroq u Berns yashaydigan qavatga yetguncha Virjiniya ertaga boshqacha
kayfiyatda bo‘lishiga, har qanday holatda ham uning qarori uzil-kesil emasligiga o‘zini ishontirdi.
U Virjiniya bilan ertaga ertalab gaplashadi. Hammasi yana o‘zgaradi.
Bernsning eshigi ochiq ekan. Qo‘ng‘iroq tugmasini bosgan Palmer uning ichkarida nimadir deb
qichqirganini eshitdi. U kirib eshikni yopdi.
— Mana bu boshqa gap, bolaginam! — xitob qildi Berns. — hozirgina ovqat olib kelishdi.
Palmer paltosi va shlyapasini yechib, havoni iskadi: xona mazali hidga to‘la edi...
Ular ovqatlana boshladilar.
— Senga atab, bankirlarning latifasini asrab qo‘yibman, — dedi Berns qo‘lidagi tuzlangan uzun
bodring bo‘lagini silkitib.
— Tijoratchinikimi yo jamg‘arma?
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |