www.ziyouz.com kutubxonasi
146
uni shunaqangi qisdiki, Palmer nafas ololmay qoldi.
— Vudi hali ham uxlagani yo‘q, — dedi qiz bo‘g‘iq ovozda.
— Top-chi?
— Uxlayapti.
— Baxtiyor Jerri esa uyqusirab yuribdi-yu, uxlamayapti.
— Hecham uyqusiraganim yo‘q-da, — e’tiroz bildirdi Jerri, otasiga qarash uchun orqasiga tisarilib.
— Galstugingizga nima bo‘ldi?
Palmer boshini egib qaradi — galstugi bir tomonga og‘ib ketibdi. U to‘g‘nog‘ich qadashni esidan
chiqargandi. Ko‘ngilsiz bir sezgi bilan u darhol galstuk to‘g‘nog‘ichi Berns uyining allaqaerida qolganini
esladi. Biroq shu zahoti anglab yetdiki, hatto Berns uni topib olganida ham bu unga hech narsani fosh
etmaydi: bor-yo‘g‘i bitta to‘g‘nog‘ich-da — tikuv ignasidan biroz uzunroq, mittigina oq dumaloq
boshchasi bor. Berns uni Palmerda hech qachon ko‘rmagan, chunki uni doim ko‘ylak ichkarisidan
to‘g‘nab olardi, shunda galstukning qadab qo‘yilgani sezilmaydi. Bunday to‘g‘nog‘ichlar idora
buyumlari sotiladigan har qanday do‘konda qutilab yotadi.
— To‘g‘nog‘ich tushib qolgan bo‘lsa kerak, — izoh berdi Palmer.
— Boshqasini to‘g‘nang-da, jo‘nang. Berkxardtnikida bir soat burun bo‘lishingiz kerak edi, — dedi
Jerri.
— Nima?
— Menga qichqirmang.
— Ey xudoyim! — Dahlizda turgan toshoynaga o‘zini solish uchun Palmer o‘girildi. Unda yuzidagi
ifodani anglab bo‘lmas bir ozg‘in odamni ko‘rdi. Kostyumi joyidaligiga e’tibor qildi. Pidjakni uloqtirdi-
da, u yotoqxona bo‘lmasiga otilib kirdi, yo‘l-yo‘lakay galstugi va ko‘ylagini yechdi.
— Voy dadajon-ey! — yozg‘urdi Jerri uning izidan chopib. — Hech yetib bo‘lmaydi-ya sizga!
Yangi ko‘ylagini kiyar ekan, Palmer uni yana kimdir kuzatayotgandek his qildi. U qayrilib yotoqxona
bo‘lmasi eshigiga qaradi va ostonada o‘ychan va sarosima bir holda turgan to‘ng‘ich o‘g‘li Vudini
ko‘rdi.
— Dadamning hech bunaqa o‘zlarini urganlarini ko‘rganmisan? — qichqirdi Jerri ukasiga.
— Dada, — gap qotdi o‘g‘li, — tijorat gazetasi nima degani?
Palmer qoshini chimirdi.
— Juda paytini topib gapiradigan ma’sum qobiliyating bor-da, — dedi u tugmani yangi, epaqaga
kelmagan ilmoqdan o‘tkazishga chiranar ekan. — Balki hafta oxirigacha kutib turarsan?
— Hm-m? — hayron bo‘lib ovoz chiqarib qo‘ydi Vudi.
— Avval tushuntirib bering-chi, “ma’sum” nima degani o‘zi? — taklif kiritdi Jerri.
— Vaqtim yo‘q. — Palmer galstuklar osig‘liq turadigan ilg‘ichga qaradi, biroq shu zahoti
Berkxardtnikiga kunduzgi galstugimda borganim ma’qul degan xayolga bordi. Bu ancha tabiiy
ko‘rinadi. Ikkiyoqlama hayotning boshlanishi.
— Ma’sum, — derdi bu orada Jerri, — gunohlardan xoli degani.
Palmer qiziga ko‘z tashladi va uning ukasiga qarab turganini ko‘rdi. U galstukni taqdi-da,
bugunning o‘zida uchinchi marta bog‘layotganini esladi. Qani endi, o‘g‘illarimdan loaqal bittasi shu
Jerriday aqlli bo‘lsaydi, degan xayol dilidan o‘tdi. Bu ularga juda zarur edi. Qizning o‘ziga bir vaqt
kelib o‘tkir aqli halaqit berishi ham mumkin. O’g‘illariga uning ziyrakligidan ozgina yuqqanida edi. Bu
fazilat ham qizida keragidan ortiq darajada kuchli. Kim bilsin, balki bunday xatarli alomatlar haddan
ortiq bo‘rtib qolmasligi uchun qizi yaxshi tarbiya olib voyaga yetar. Chiroy oldida hammasi kechiriladi.
Palmer galstugini taqdi, uning ingichka uchini ko‘ylak ostiga tiqdi va yana pidjakni kiydi.
— Janjal bo‘lmasligi uchun, — dedi u eshikka yo‘nalarkan, — men Jerriga yana yarim soat uxlamay
turishga ruxsat beraman, seni esa, Vudi, shu yarim soatdan mahrum etaman. Boshqacha aytganda,
siz ikkovingiz karavotingizga rosa 10.30 da yo‘l olishingiz kerak. Tushundingizmi?
— Angladim, — dedi javoban Jerri.
— Men esa yo‘k, — qaysarlik bilan dedi o‘g‘il.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |