35
Ijtimoiy omillar aholining soni va tuzilmaviy tarkibi, ma’lumot darajasi,
turmush tarzi, odatlari, an’analari, mehnat etikasi, qadriyatlarning murakkab tizimi va
boshqalar bilan tavsiflanadi.
Texnologik omillar ishlab chiqarish, materiallar, mahsulotlar va boshqa
sohalarda ilmiy-texnik taraqqiyot jarayonlarida aks etadi. Bunday jarayonlar odatda
korxonalar ichida oʻtadi. Texnologik omillar yangi tarmoqlar, bozorlar va
mahsulotlar, tovarlarni iste’molchilarga yetkazib berish metodlari, faoliyat
yuritayotgan tarmoqlarda, hattoki biznes yuritish usullarida jiddiy oʻzgarishlar paydo
boʻlishining harakatga keltiruvchi kuchi hisoblanadi. Ilmiy-texnik taraqqiyotning
jadallashuvi korxonalar oldida nafaqat keng rivojlanish istibollarini ochadi, balki
yangi mahsulotlar yaratish siklini qisqartiradi, tabaqalanish jarayonini kuchaytiradi,
yangi raqobatchilar paydo boʻladi.
Mikromuhitga yoki bevosita ta’sir etuvchi muhitga korxona faoliyatiga
bevosita ta’sir koʻrsatuvchi tashqi muhitning bir qismi kiritiladi. Uning asosiy
elementlari sifatida iste’molchilar, raqobatchilar, mol yetkazib beruvchilar, mos
mahsulot va xizmatlar bozori kabilar kiritiladi.
Tashqi muhitdagi holatni belgilab beruvchi muhim omillar qatoriga quyidagilar
kiradi:
- iqtisodiy oʻsish;
- inflyatsiya va foiz stavkalari;
- valyuta ayirboshlash kurslari;
- bozor institutlarining rivojlanish darajasi va boshqalar.
Bu barcha omillar oʻzaro chambarchas bogʻlangan, ularning oʻzgarishi esa
sikllilik xarakteriga ega. Iqtisodiy oʻsish bozor sigʻimiga ta’sir koʻrsatadi va bu holat
alohida tarmoqlar doirasida faoliyat koʻrsatuvchi korxonalar uchun imkoniyat
hisoblanadi. Agar bozor toraysa, odatda raqobat kuchayadi va korxonalar oʻz
daromadlarini saqlash uchun kurashadilar.
Inflyatsiya va foiz stavkalari kapitalni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarga
ta’sir koʻrsatadi, ularning bozor qiymati pasayadi va narxlarni oshirish yoʻli bilan
yangi xarajatlarni iste’molchilar zimmasiga oʻtkazishga majbur qiladi.
Valyuta kurslarining oʻzgarishi eksportyor va importyor korxonalarga,
shuningdek moliyaviy risklar darajasiga bevosita ta’sir koʻrsatadi. Valyuta
kurslarining salbiy tomonga oʻzgarishi ichki bozorda faoliyat koʻrsatuvchi
korxonalarga nisbatan faoliyati tashqi savdo bilan bevosita bogʻliq korxonalar
oʻrtasidagi raqobat kurashini yanada jiddiy ravishda oshiradi.
Korxonalar pul mablagʻlarini jalb qilish va taqsimlash jarayonida tashqi
muhitning turli elementlari bilan moliyaviy munosabatlarga kirishadi. Bunday
munosabatlarning mohiyati va yuzaga kelishi natijasidagi pul oqimlari harakati
quyidagi modelda sxema tarzida korxonaning moliyaviy modeli koʻrinishida aks
ettirilgan (5-rasm).