Aim.uz
Pahlavon Mahmud. Ruboiylar
Dars rejasi:
1. Adib haqida ma’lumot beruvchi manbalar.
2. Pahlavon Mahmud ruboiylari.
3. Adibning adabiy taxalluslari.
Tayanch so’z va iboralar: Shoir haqidagi ma’lumotlar manbasi, taxalluslari, kuragi yerga tegmagan pahlavon, ruboiylari, shoir haqida aytilgan rivoyatlar, ruboiylarning g’oyaviy mazmuni.
Adabiyot tarixi qiziqarli hodisalarga boy. Ayrim manbalarning teriga (“Avesto”), toshga (O’rxun –Enasoy obidalari), metall va sopol buyumlarga yozilgan yaxshi ma’lum. Har xil idish va buyumlardan ham badiiy parchalar aks ettirgan.
Pahlavon Mahmudning bir qancha ruboiylari uning qabri ustiga o’rnatilgan maqbara devorlari peshtoqlariga badiiy naqsh sifatida tushirilgan. Ularning barchaga yetib kelishida ana shu maqbaradagi yozuvlar muhim o’rin tutadi. Adibning asarlari turli qo’lyozmalari orqali ham yetib kelgan bo’lishiga qaramay, ular asosan XIX asrda ko’chirilgan.
Qadimgi manbalar haligacha topilgan emas.
Ammo adib haqida ko’pgina manbalarda ma’lumotlar mavjud. Shamsiddin Somiyning “Qomusul –a’lam”, Lutf Alibek Ozarning “Otashkadayi Ozariy”, Kamoliddin Husayn Fanoiyning “Majosul-ushshoq” singari asarlarida, qator lug’atlarda shunday ma’lumotlar keltirilgan. Ularda ko’rsatilishicha, adibning “Pahlavon” unvoni bilan mashhur bo’lishiga sabab Mahmudning jismoniy jihatdan baquvvatligi, “kuragi yer ko’rmagan” pahlavon sifatida tilga olishadi.
Mahmudning Puryoyivali, Puryoyivaliy taxallusi ham pahlavonlik bilan bog’liq. Uning pahlavonligi Eron va Hindistonda ham mashhur bo’lgan.
Bir jangda u Hindiston shohi Roy Ropoy Cho’nani o’limdan qutqarib qoladi. Shunda shoh “Nimani istasang, shuni bajaraman” deb va’da beradi. Shunda Pahlavon Mahmud: “Sizning qo’lingizda Xorazmdan kelib asr turgan bandilar bor. Ularni ozod qilib, vataniga ketishiga ruhsat bersangiz” –deydi. Shosh ularni ozod qiladi.
Pahlavon Mahmud “Qitoliy” taxallusi bilan ham ijod qilgan. Ushbu taxallus ham pahlavonlik bilan bog’liq. “Qitol”ning ma’nosi “bir-biri bilan jang qilmoq, kurashmoq” demakdir.
Pahlavon Mahmud asosan po’stindo’zlik, telpakdo’zlik bilan shug’ullangan.
Badiiy ijod sohasida esa uning “Kanz ul-haqoyiq” nomli masnaviysi haqida ma’lumotlar bor. Asosan, u ruboiylari bilan mashhurdir. Umar Xayyomdan keyin ijodini faqat ruboiy orqali boyitgan shoir Pahlavon Mahmuddir.
Pahlavon Mahmud ruboiylari donolik, bilimdonlik, mehr, shavqat, muruvvat, sadoqat, mardlik, oliy himmatlik kabi ijobiy xislatli kishilar ulug’lanadi.
Qora tosh sira ham bo’lmas lojuvard
Toza qalbga yuqmas also chang-u gard.
Quloq solgin Puryorvaliy so’ziga
Qo’rqoqlardan biron chiqqanmidi mard.
Birinchi misradagi hayot haqiqati tabiatdagi qora toshning lojuvard bo’lib qolmasligi fakti bilan tasvir etilmoqda. Bu hayotdagi har bir hodisaning asl mohiyati bor. Mohiyat o’zgarmaydigan narsa. Faqat unga chuqur zehn solish, kuzatish, uni anglash zarur demakdir. Bu toza qalbga also chang va gard yuqmasligi orqali yana bir marta tasdiqlanmoqda. Demak, hayotda har bir hodisaning o’z o’rni va mohiyati bor. Shundan so’ng adib kitobxon e’tiborini o’ziga tortadi. (“Quloq solgin Puryoyvali so’ziga”), qo’rqoq va mard orasidagi masofaga urg’u beradi. Shoir asosiy fikrni ifodalashda o’xshash hayotiy voqealar tizmasidan ham, o’zaro zid qo’yishdan ham foydalanadi. Pahlavon Mahmud insonning ma’naviy jihatdan boy bo’lishini istaydi va talab qiladi. Bunday kishi boshqalarninggina emas, o’zining ham qadriga etmog’i, o’z qadrini baland tutmog’i shart.
Borma aytmaganning dasturxoniga,
Qo’l uzatsang, qadring tushar noniga.
Qo’shma o’zgalarning barra kabobin
Qotgan non-u sovuq suving soniga.
Bu yerda oddiygina hayotiy voqea asosida inson o’zligini, o’z qadrini anglamog’i juda yorqin va ta’sirchan tarzda ifodalanmoqda. Taklif qilinmagan joydagi o’zgalarning barra kabobini o’zining qotgan noni va sovuq suvga teng ko’rmaslik aslida inson ma’naviyati, aniqrog’i uning baland himmati bilan belgilanadi.
Ma’rifatli inson, ma’naviyati boy shaxs butun insoniyatni ulug’laydi. Har bir insonning qadriga yetadi, inson manfaatlari uchun xizmat qilishdan tolmaydi, bularning barchasi o’z-o’zidan buyuk insonparvarlikni yuzaga keltiradi.
Podsholik istasang bo’l el gadosi,
O’zingni unut-u, bo’l el oshnosi.
El toj kabi boshiga ko’rsatsin desang
El qo’lin tutgin-u, bo’l xoki posi.
Bularning hammasi Pahlavon Mahmudning inson ma’naviyatini naqadar teran va nozik his etganini, insonlarning ana shunday buyuk fazilatlar bilan ziylatlanmog’ini qanchalik orzu qilganini ko’rsatadi. Bunday fazilatlar egasi bo’lish zamondoshlarimizning ham muqaddas burchidir.
Nazorat savollari
1. Pahlavon Mahmud haqidagi ma’lumotlar qaysi manbalarda mavjud?
2. “Puryoyvaliy” so’zining manosi nima? Pahlavon Mahmud nega shu taxallusni olgan?
3. Shoir ijodida qaysi janr yetakchilik qiladi? Buning sababi nimada?
4. Shoir ruboiylarida ko’proq qaysi obrazlar uchraydi? Nima uchun?
Topshiriqlar
1. Shu mavzuni qayta hikoya qilib bering.
2. Pahlavon Mahmudning ruboiylaridan yod oling.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |