Startorlarni boshqarish elektr sxemalari
Ma’lumki ichki yonuv dvigatellarining ishga tushirish tizimlarida startor elektrmagnit tortish relesi yordamida masofadan, ya’ni haydovchi kabinasidan turib boshqariladi. Dizel dvigatellarida bu jarayon, kontaktlari tortish relesining iste’mol qiladigan tok ta’siriga chidamli, startor ulagichlari yordamida amalga oshiriladi. Benzinli dvigatellarda esa tortish relesi, ba’zan bevosita o‘t oldirish kaliti orqali (kam quvvatli startorlarda), lekin aksariyat hollarda, chulg‘amlari o‘t oldirish kaliti orqali ulangan qo‘shimcha rele vositasida boshqariladi. Chunki, dvigatelni ishga tushirish jarayonida tortish relesining iste’mol toki 30-40 A ni tashkil qiladi va o‘t oldirish kalitining kontaktlari bu qiymatdagi toklar bilan ishlashga mo‘ljallangan emas.
VAZ 2101, 2103, 2106 avtomobillarida o‘rnatilgan St221 startorlardagi bir chulg‘amli tortish relesi bevosita o‘t oldirish kaliti orqali boshqarilish usuliga misol bo‘la oladi (2.16-rasm). Tortish relesining chulg‘ami TRCh , o‘t oldirish kaliti O‘OK "startor" holatiga buralganda akkumulatorlar batareyasi bilan ulanadi. Tortish relesining yakori elektromagnit maydon ta’sirida tortilib pishang yordamida yuritma shesternasini maxovikning tishli gardishi bilan ilashtiradi va harakat yo‘lining oxirida elektrodvigatel "M" ni tok manbaiga ulaydigan tortish relesining kontaktlari TRK ni tutashtiradi. Elektrodvigatel ishga tushadi va yuritma mexanizmi dvigatel tirsakli valini aylantira boshlaydi. Dvigatel ishga tushgandan keyin O‘OK "o‘t oldirish" holatiga o‘tkaziladi va tok zanjiri uzilgan tortish relesining yakori va yuritma mexanizmi prujina ta’sirida o‘zining dastlabki holatiga qaytadi.
Startorlarda ko‘pincha dvigatelni ishga tushirish jarayonida akkumulatorlar batareyasi energiyasini tejash imkonini beradigan ikki chulg‘amli (tortuvchi - "TCh" va ushlab turuvchi - "UTCh") tortish relelari ishlatiladi. Ikki chulg‘amli tortish relesining ishlashi 2.17-rasmda tasvirlangan. O‘t oldirish kaliti ulanib, qo‘shimcha rele kontaktlari -QRK tutashganda, akkumulatorlar batareyasidan keladigan tok ikkita chulg‘am - UTCh va TCh dan o‘tadi (2.17-a rasm). Bu ikki chulg‘am hosil qilgan elektromagnit maydon ta’sirida tortish relesining yakori tortilib, pishang vositasida yuritma mexanizmini harakatga keltirib, shesterna va maxovikning tishli gardishini ilashishini ta’minlaydi. Yakor harakatining oxirida o‘zining ikkinchi uchidagi kontaktli lappak yordamida tortish relesining asosiy kontaktlari TRK ni tutashtiradi va tok manbaini bevosita elektrodvigatel chulg‘amlariga ulaydi (2.17-b rasm).
Tortish chulg‘ami - TCh sxemaga shunday ulanganki, TRK tutashishi bilan TCh shuntlanadi, chunki dvigatelni ishga tushirish jarayonining bu bosqichida tortish rele kontaktlarini tutash holda saqlab turish uchun ushlab turuvchi chulg‘am magnit maydonining tortish kuchi etarli bo‘ladi.
Dvigatel ishga tushgandan keyin, qo‘shimcha rele kontaktlari QRK uziladi va tok, tortish relesining kontaktlari TRK, TCh va UTCh chulg‘amlari orqali ketma-ket o‘tadi (2.17-c rasm). Bunda UTCh chulg‘amdan o‘tayotgan tok yo‘nalishi oldingiday bo‘lsa, TCh dan tok teskari yo‘nalishda o‘tadi. Har ikkala chulg‘amdagi o‘ramlar soni va ulardan o‘tayotgan tok bir xil bo‘lganligi sababli bu chulg‘amlarning magnit yurituvchi kuchlar yig‘indisi nolga teng bo‘ladi. Natijada, rele elektromagniti magnitsizlanadi, qaytarish prujinasi rele yakorini dastlabki holiga qaytarib, rele kontaktlari TRK ni uzadi va yuritma mexanizmining pishangiga ta’sir ko‘rsatib, shesternani ilashishdan chiqaradi.
Dvigatel ishga tushgandan keyin startorni tasodifan yana tok manbaiga ulash, yuritma shesternasi va maxovik gardishining tishlarini shikastlanishiga yoki erkin yurish muftasini ishdan chiqishga olib kelishi mumkin. Dvigatel ishga tushgandan keyin bexos startorni qayta ulanishini oldini olish uchun maxsus blokirovka relelari ishlatiladi. Bu relega ta’sir qilish uchun dvigatel to‘la ishga tushganligi xaqidagi signal har xil datchiqlardan kelishi mumkin. Masalan, bu maqsadda tirsakli valning aylanishlar chastotasini, dvigatelni moylash sistemasidagi moy bosimini yoki generatorni kuchlanishini nominal qiymatga erishganligini qayd kiluvchi datchiklar ishlatilishi mumkin.
BelAZ, KamAZ, dizel dvigatelli KAZ, Ural avtomobillarida qo‘llanilgan dvigatel ishga tushgandan keyin startor tok zanjirini avtomatik ravishda uzib, uni blokirovka qiladigan sistemaning elektr sxemasi 2.18-rasmda keltirilgan. Sistema tarkibiga boshqarish elektron bloki va tirsakli valning aylanish chastotasini qayd qiluvchi datchik (taxometr) kiradi. Boshqarish bloki startor o‘chirilishi lozim bo‘lgan aylanishlar chastotasiga rostlab qo‘yilgan. Tirsakli valning aylanishlar chastotasi belgilangan qiymatga erishganda datchikdan kelgan signal ta’sirida boshqarish bloki tortish relesining tok zanjirini uzadi va startorni o‘chiradi.
Almashlab ulagich S ning "KZ" holatida, VT2 va VT3 tranzistorlardan tash-kil topgan trigger o‘zining boshlang‘ich turg‘un holatida bo‘ladi, ya’ni VT2 yopiq, VT3 esa ochiq bo‘ladi. Almashlab ulagich S "ST" (ishga tushirish) holatiga o‘tkazilganda startorni ulash relesidagi KV1 chulg‘amiga tok uzatiladi va uning KV1.1 kontaktlari tutashib, startorni ishga tushiradi. Aylanish chastotasi datchigining musbat qutbli impulslari VT1 tranzistor va VD2, VD3 stabilitronlardan tashkil topgan shakllantirgichga uzatiladi. VT1 tranzistor kollektoridan VD2 va VD3 stabilitronlar yordamida amplitudasi cheklangan impulslar kondensatorlar S5, S6, rezistorlar R8, R9 va diodlar VD5, VD6 dan tashkil topgan o‘zgartirgichga keladi. Tirsakli valning aylanish chastotasi belgilangan qiymatga erishganda (ya’ni dvigatel to‘la ishga tushganda) o‘zgartirgichning chiqish joyidagi kuchlanish VD7 stabilitron ochilishi uchun etarli bo‘ladi. Stabilitron VD7 ning ochilishi triggerni ikkinchi turg‘un holatiga o‘tkazadi. Bunda VT2 tranzistor ochiladi, VT3 esa yopiladi va KV1 relening tok zanjiri uziladi, startor o‘chiriladi.
Endi, statyorni qayta ishga tushirish uchun almashlab ulagich - S dastlabki holatiga qaytarilishi kerak. Termorezistor R7 va unga parallel ulangan qarshilik R6, diod VD4 atrof muhit temperaturasiga qarab startor o‘chirilishi lozim bo‘lgan aylanishlar chastotasi qiymatini o‘zgartirish (odatda qishda va yozda) imkonini beradi. Sistemaning boshqa elementlari sxemaning barqaror ishlashini ta’minlash uchun xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |