Gossipol paxta chigiti mag’zi tarkibidagi asosiy rang beruvchi moddadir. Uning umumiy formulasi – C30H30O8. Shu modda chigitdan ajratilgan paxta moyiga to’q jigarrang tus beradi. Toza holdagi gossipol sariq rangli kristall modda. U kuchsiz zaharli modda bo’lib, letal dozasi 2250-3340 mg/kg. U spirtda, dietil efirida, atsetonda, xloroformda va piridinda yaxshi erisa, glitserin, benzol va suvda erimaydi.
Gossipol qizdirilganda amin guruhi bo’lgan ko’plab moddalar bilan reaktsiyaga kirishadi. Uning anilin bilan reaktsiyasi gossipolning moydagi miqdorini aniqlash uchun ishlatiladi. Gossipolni moydan ajratish uchun antranil kislotasi ta’sir ettirilsa, ularning moyda erimaydigan birikmasi hosil bo’ladi.
Fosfatidlari ajratilmagan xom moylarni qizdirganda gossipol bilan reaktsiyaga kirishib, to’q jigarrang birikma – gossifosfatidlar hosil bo’ladi. Bunda gossipolning aldegid guruhlari kefalin yoki fosfoserinning aminokislotalari bilan birikadi. Letsitin bu reaktsiyaga kirishmaydi. Gossipol qizdirilganda moyli urug’ tarkibidagi oqsillar bilan birikib, erituvchilarda erimaydigan birikmalar (gossiproteidlar) hosil qiladi. Bu birikmalar xom paxta moyini qizdirganda ham hosil bo’lib, erkin gossipol miqdorini kamaytiradi. Gossiproteidlar ancha mustahkam. Bunday birikmalar gossipolning oksidlanish va parchalanish mahsulotlari bilan ham hosil bo’ladi. Mana shu birikmalar xom paxta moyining rafinatsiyalanishini qiyinlashtiradi.
Tabiiy gossipol ishqor bilan karboksil guruhlariga nisbatan orto-holatda bo’lgan ikkita gidroksil guruhi orqali reaktsiyaga kirishib, natriy gossipolyati hosil bo’ladi:
Natriy va kaliy gossipolyatlar suvda eriydi. Oshiqcha ishqorli bu eritmalar havo kislorodi ta’sirida tez oksidlanadilar. Bunda gossipolyatlar qorayadi. Gossipolyat natriy kuchli ishqoriy eritma qo’shib qizdirilganda, ikki molekula chumoli kislotasi ajralib, kuchli kislota tabiatiga ega bo’lgan rangsiz modda - apogossipol hosil bo’ladi.U turg’un bo’lmagan modda bo’lmaganligi uchun havo ta’sirida tez qorayadi.
Moysiz erkin kristall gossipol kislorodli muhitda qizdirilganda uning molekulyar massasi ortadi va fenol guruhlarining qisqarishi hisobiga uning kislotaliligi kamayadi. Buning natijasida tabiiy (nativ) gossipol miqdori kamayib, “o’zgargan gossipol mahsulotlari” aralashmasi hosil bo’lib, qorayish sodir bo’ladi.
Gossipol erish haroratidan yuqoriroq haroratda davomiy qizdirilsa, gossipol ikki molekula suv ajratib, olovrang – angidrogossipolga aylanadi. Angidrogossipol gossipoldan farqli ravishda ishqor bilan reaktsiyaga kirishmaydi.
Palladiyli kuchli katalizator ishtirokida gossipol vodorod bilan reaktsiyaga kirishib, rangsiz modda gidrogossipol hosil bo’ladi.
Paxta moyida gossipol bilan bir vaqtda moy olingan chigitning sifatiga bog’liq ravishda gossipurpurin, gossikaerulin, gossifulvin, gossiverdurin kabi birikmalar va analoglar ham topilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |