Obyektiv tomondan jinoyatning: jinoiy yo`l bilan topilgan mulkni olish yoki sotishdan ifodalanadi.
NOTA BENE!
Jinoiy yo`l bilan topilgan mulkni olish deganda mulkni jinoiy yo`l bilan topgan shaxs o`sha mulkni o`z egaligiga va tasarrufiga o`tkazishga qaratilgan har qanday (haq evaziga yoki bepul) bitim tuzilishi tushiniladi.
Jinoiy yo`l bilan topilgan mulkni bila turib olish turli usullarda (arzon narxda sotib olish, boshqa buyumga ayirboshlash, hadya tariqasida olish, qarzga olish yoki berish va h.k.) amalga oshirilishi mumkin.
Jinoiy yo`l bilan topilgan mulkni olgan shaxs uning egasi bo`la olmaydi.
NOTA BENE!
Jinoiy yo`l bilan topilgan mulkni o`tkazish deganda mazkur mulkni boshqa shaxsga o`tkazishning barcha usullari (sotish, hadya qilish, qimorda yutqazish, ayirboshlash va h.k.) tushunilmog`i lozim.
Ushbu qilmish jinoiy yo`l bilan topilgan mulk olingan yoki o`tkazilgan paytdan tamom bo`lgandeb hisoblanadi.
Bu jinoyat subyektiv tomondan qasddan faqat bila turib, to`g`ri qasd bilan sodir etiladi.
Aybdorning mulkni olishiga qadar uning jinoiy yo`l bilan topilganini bilganligi jinoyatni mazkur modda bo`yicha kvalifikatsiya qilishning zaruriy sharti hisoblanadi. Mulkning aynan qanday jinoiy yo`l bilan topilganini shaxs bilmasligi ham mumkin.
Mulkni jinoiy yo`l bilan topgan shaxsga uni avvaldan sotib olish yoki o`tkazishga va`da berilmaganligi ham jinoyatni kvalifikatsiya qilishda zaruriy shart hisoblanadi.
Agar aybdor jinoiy yo`l bilan topilgan mulkni olishni avvaldan, ya`ni talon-toroj yoki boshqa jinoyat sodir etilishidan ilgari va`da qilgan bo`lsa, aybdor shaxs sodir etgan jinoyatda ishtirok etganlik uchun javobgarlikka tortilishi kerak. Shuningdek, shaxs o`g`rilangan narsalarni muntazam ravishda sotib olgan va o`g`rini jinoiy yo`l bilan topilgan har qanday mulkni olishga ishontirgan bo`lsa, bunday shaxs o`zganing mulkini talon-taroj qilishning ishtirokchisi deb hisoblanadi.
Jinoiy yo`l bilan topilgan mulkni olish yoki o`tkazish jinoyatining subyekti 16 yoshga to`lgan, har qanday aqli raso jismoniy shaxs bo`lishi mumkin.
Mansabdor shaxs o`z xizmat mavqeidan foydalangan holda jinoiy yo`l bilan topilgan mulkni olsa yoki o`tkazsa, uning qilmishi jinoyatlar jami bo`yicha O`zR JK 171- va Jinoyat kodeksida hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilganlik uchun javobgarlik belgilangan 205-modda bilan kvalifikatsiya qilinadi.
O`zR JK 171-moddasi 2-qismida quyidagi:
a) takroran yoki jinoyatni xavfli retsidivist tomonidan;
b) ko`p miqdorda sodir etilgan jinoyat yo`l bilan topilgan mulkni olish yoki o`tkazish jazoni og`irlashtiruvchi holatlar uchun jazo belgilangan.
O`zR JK 171-moddasi 3-qismida:
a) juda ko`p miqdorda;
b) o`ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan qilmishlar uchun yanada og`irroq jazo nazarda tutilgan.
Mazkur holatlarni biz yuqorida ko`rib chiqqanligimiz sababli ularga to`xtalmaymiz.