Murabbiyning yetakchilik qobiliyati. Yetakchilik qobiliyatini yakka hokimlikdan farqlash lozim. Biri ikkinchisi bilan bog‘liqligi va taqozolanishiga qaramay, ular aynan bir tushuncha emas.
Rasmiy murabbiy jamoaning yetakchisidir, biroq norasmiy yetakchiga ham zaruriyat tug‘iladi. Yetakchi bo‘lish qobiliyati – murabbiyning eng muhim qobiliyati hisoblanadi. U o‘quv-mashq va musobaqa jarayonlarini aniq tashkil etishga, ularning ko‘pgina vazifalarini samaraliroq hal etish imkonini beradi.
Agar murabbiy har xil yetakchi bo‘la olish san’atini egallagan bo‘lsa va vaziyatga mos ravishda o‘z yetakchilik qobiliyatini turlicha namoyon eta olsa yanada yaxshi. Bunga ma’lum darajada murabbiyning
san’atkorlik qobiliyatlari yordam beradi. Yetakchilik funksiyasini ro‘yobga chiqarish murabbiy nufuzini oshiradi, biroq u o‘yinchilarning, ayniqsa, yoshlarning tashabbuskorligini bo‘g‘ib qo‘ymasligi kerak. Murabbiy hamma joyda va hamma vaqtda emas, balki eng muhim holatlarda, tajribaliroq kishining yetakchiligi talab qilingan hollardagina ustunligini ko‘rsatishi lozim.
O‘yinchilarning xulq-atvorli bo‘lishida, tashabbuskorligini uyg‘otishda sportning o‘zi tanlagan turiga jiddiy munosabatni shakllantirish muhimroqdir. Bunda murabbiyga guruhdagi tarbiyalanuvchilarning tashabbuskorligiga yo‘l beruvchi, vaziyatga qarab “hammasi me’yorda bo‘ladigan” hollarda yetakchilik qobiliyatini shakllantirish kerak bo‘ladi. O‘quvchilar tashabbuskorligini to‘g‘ri yo‘naltira olish, ularning mustaqilligi va faolligini rag‘batlantirish, ba’zida jamoani o‘zi yetaklagandan ko‘ra “Jamoa o‘yinchi tomonidan boshqarilgani” maqsadga muvofiqdir.
O‘yinchilar mustaqillikni qanchalik ko‘p namoyon qila olsalar, ularning yetakchilik xususiyatlari shunchalik darajada namoyon bo‘lib boradi, murabbiydan esa yuqori darajadagi yetakchilik sifatlarini namoyon etishi talab qilinmaydi. Murabbiy o‘yinchilar bilan o‘zaro munosabatda ko‘proq hamkorlik va sherikchilik yo‘lini tanlashi kerak bo‘ladi.
Murabbiyning kommunikativlik (muloqotga kirishish) qobiliyati. Bu muloqot qila olish qobiliyatidir. Muloqotga kirishish – insonning eng asosiy ehtiyojlaridan biri bo‘lib, shaxs shakllanishining ko‘plab tomonlari uning qanday qondirilishiga bog‘liq.
Murabbiyning muloqotga kirishish qobiliyati jamoada qulay muhit yaratishga, qo‘l ostidagilari, hamkasblari, shogirdlari va yuqori tashkilotlar bilan samarali munosabatlar o‘rnatishga imkon yaratadi.
Muloqot san’atining eng muhim omili, ayniqsa, muhokamali vaziyatlarda suhbatdoshni eshita olishdir. Muloqot ikki va ko‘p tomonlama jarayondir. Murabbiyning bir tomonlama so‘zlashlari muloqotga o‘xshamaydi. Muloqotdagi barcha tomonlar o‘z fikrini ayta olishi, hech bir salbiy oqibatlarsiz muammolar yoki hodisalarni muhokama qilishda erkin qatnasha olishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |