O‘zbekiston va Yaponiya aloqalari
O‘zbekiston Sharqning eng rivojlangan mamlakati — Yaponiya bilan ham hamkorlik qilmoqda. Yaponiya 1991- yildayoq O‘zbekiston mustaqilligini tan oldi, 1992- yilda o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatildi. 1994- yil 16—19- may kunlari O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov boshliq davlat delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ldi. Safar paytida „O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida munosabatlarning asosiy prinsiplari haqida“ qo‘shma bayonot, tashqi ishlar bo‘yicha munosabatlar haqida hujjat imzolandi. O‘zbekiston delegatsiyasi mashhur „Panasonik“ konsernida bo‘ldi va uning rahbariyati bilan O‘zbekistonda filial ochishga kelishildi. Respublikamiz shaharlarida Panasonik mahsulotlarini sotish yo‘lga qo‘yildi. Yaponiya O‘zbekistonga 156,1 mln. AQSh dollari hajmida beg‘araz yordam berdi. O‘zbekistonda Yaponiyaning dunyoga mashhur „Mitsui“, „Mitsubisi“, „Sumitoto“, „Tomen“, „Marubeni“, „Nishe Ivai“ korporatsiyalarining doimiy vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular bilan O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolangan. Yaponiya hukumati, o‘nlab firma va kompaniyalari Ko‘kdumaloq, Sho‘rtan neft-gaz konini o‘zlashtirishda, Buxoroda neftni qayta ishlash zavodini qurishda, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini ta’mirlashda, telealoqa tarmoqlarini ta’mirlashda o‘z sarmoyalari bilan qatnashdi. O‘zbekiston Yaponiya bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor berayotganligi sababli 1999-yil aprel, 2001-yil may oylarida Yaponiyaning „Keydzay Doyukay“ Korporativ rahbarlar uyushmasining prezidenti Koichi Minaguchi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu uyushma Yaponiyadagi eng yirik kompaniya va korporatsiyalarning 1600 ga yaqin rahbar xodimlaridan tashkil topgan. „Keydzay Doyukay“ uyushmasi tashabbusi bilan Yaponiya O‘zbekistonga imtiyozli kreditlar ajratmoqda. Yaponiya hukumatining „Taraqqiyotga rasmiy yordam“ dasturi doirasida O‘zbekistonda telekommunikatsiya, transport infratuzilmasi va ta’lim sohalaridagi loyihalar ijrosi uchun 873,2 mln AQSh dollari miqdorida imtiyozli davlat krediti berildi. Yaponiya xalqaro hamkorlik banki esa yoqilg‘i-energetika va to‘qimachilik sohalari uchun O‘zbekistonga 812 mln AQSh dollari miqdorida kredit berdi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2002- yil 28—31- iyul kunlari Yaponiya hukumatining taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ldi. Yaponiya bosh vaziri Dzunitiro Koidzumi va imperator Akixito bilan samimiy uchrashuvlar, suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Tashrif natijasida O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida: • do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida Qo‘shma Bayonot; • iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida Qo‘shma Bayonot; • ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari hamkorligi, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining „Michubisi“, „Mitsui“, „Marubeni“, „Nishe Ivai“ korporatsiyalari bilan hamkorligi, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat banki bilan „Bank of Tokio-Mitsubisi“ o‘rtasida imtiyozli kredit borasidagi va boshqa jami 14 ta hujjat imzolandi. Islom Karimov Tokiodagi Vaseda universitetida bo‘ldi va universitetning huquq fanlari faxriy doktori etib saylandi. Islom Karimov Vaseda universiteti rektori Takayasi Okushimaga O‘zbekistonning „Do‘stlik ordeni“ni taqdim etdi. Safar natijasida O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik yangi, strategik bosqichga ko‘tarildi. 1995—2004-yillarda Yaponiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan kreditlar miqdori 1,8 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yildan yilga oshib bormoqda. O‘zbekistonda 10 dan ortiq O‘zbekiston—Yaponiya qo‘shma korxonalari barpo etildi va faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonning Tinch okean havzasi mamlakatlari— Malayziya va Indoneziya bilan davlatlararo aloqalari o‘rnatildi. Bu borada O‘zbekiston Prezidenti I.Karimov boshliq davlat delegatsiyasining 1992- yil iyun oyidagi Malayziya va Indoneziyaga safari muhim ahamiyatga egadir. Safar kunlarida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida iqtisodiy va texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi. Shuningdek, O‘zbebo‘yicha qo‘shma axborot, ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha qo‘shma bayonot, iqtisodiy va texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. 1995- yil 8—10- aprel kunlari Indoneziya Respublikasi prezidenti Suxarto rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Muzokaralar nihoyasida O‘zbekiston Prezidenti I.Karimov va Indoneziya Prezidenti Suxarto O‘zbekiston Respublikasi bilan Indoneziya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar va hamkorlik tamoyillari to‘g‘risidagi qo‘shma bayonnoma imzoladilar. Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasidagi sayohlik sohasidagi hamkorlik haqidagi memorandum hamda ikki mamlakat poytaxtlari oralig‘ida samolyotlar qatnovini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolandi. O‘zbekistonning Osiyo va Okeaniya mintaqasidagi Vetnam Sotsialistik Respublikasi, Kambodja, Tailand, Avstraliya va boshqa mamlakatlar bilan siyosiy-diplomatik aloqalari yo‘lga qo‘yildi, iqtisodiy va madaniy hamkorligi rivojlanib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |