O‘zbekiston va Xitoy aloqalari
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri Sharq va Tinch okean havzasi mamlakatlari bilan aloqalar o‘rnatish va rivojlantirishga qaratilgan. Bu mamlakatlar orasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan davlatlararo aloqa o‘rnatish alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan dastlabki paytlardayoq, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. 1992- yil 2—3- yanvar kunlari XXR tashqi iqtisodiy aloqa va tashqi savdo vaziri Li Lanzin Toshkentda bo‘ldi, shu kunlari ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi, elchixonalar ochishga qaror qilindi. 1992- yil 12—14- mart kunlari O‘zbekiston Prezidenti I. Karimovning XXR ga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikka asos soldi. Safar chog‘ida hamkorlikning turli sohalari bo‘yicha 20 ga yaqin hujjatlar imzolandi. Ular orasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida, qishloq xo‘jaligida hamkorlik to‘g‘risida, sarmoyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida bitimlar bor edi. 1994- yil 18—20- aprel kunlari XXR davlat Kengashining raisi Li Penning O‘zbekistonga davlat tashrifi paytida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida kredit, xalqaro iqtisodiy hamkorlik, havo transporti aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hukumatlararo bitimlar imzolandi. Xitoy tomoni O‘zbekistonda tayyorlanayotgan IL-76 TD va IL-114 samolyotlarini xarid qiladigan bo‘ldi. 1994- yil 24—25- oktabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Xitoyga ikkinchi marta safar qildi va muhim ahamiyatga molik bo‘lgan hujjat „O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning asosiy prinsiplari, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bayonnoma“ imzolandi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida konsullik shartnomasi imzolandi. Islom Karimovning 1999-yil 8—10- noyabr kunlari XXRga uchinchi marta safari chog‘ida siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, telekommunikatsiya sohalarida hujjatlar imzolandi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao davlat tashrifi bilan 2004- yil 14- iyun kuni O‘zbekistonga keldi. Ikki davlat boshliqlari uchrashuvida O‘zbekiston — Xitoy munosabatlariga doir masalalar muhokama qilindi. 2004 yil yanvar-aprel oylarida o‘zaro savdo hajmi 134 mln AQSh dollariga yetganligi, umumiy qiymati 100 mln. AQSh dollariga teng ikki tomonlama loyihalar amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Ikki mamlakat to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, kimyo, kommunikatshiya sohalarida hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida sheriklik munosabatlari, do‘stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida narkotik vositalarning, psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi va suiiste’mol etilishiga qarshi kurashda hamkorlik qilishga, texnikaviy-iqtisodiy hamkorlikka oid, Toshkentda Konfutsiy nomidagi institutni tashkil etish boyicha hamkorlik to‘g‘risida bitimlar—jami 10 ta hujjat imzolandi. Xitoy rahbari ta’kidlaganidek, o‘zaro ishonch va hurmat, ikki tomonlama manfaatdorlikka tayangan O‘zbekiston — Xitoy munosabatlari xalqlarimizning umumiy mulkidir. Ikki tomonlama aloqalar yanada kengaydi. O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 78 ta O‘zbekiston—Xitoy qo‘shma korxonasi ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning rivojlanib borayotganining dalilidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |