O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi
1992- yil mart oyida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatiladi. 1992-yil 19-iyunda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Janubiy Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan bordi. Bu safar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo, madaniy-texnikaviy aloqalarga asos soldi. „O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida davlatlararo munosabatlar va hamkorlik asoslari to‘g‘risida“ Deklaratsiya imzolandi. Savdo-iqtisodiy ayirboshlash haqida, O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga mablag‘ sarflaydigan Janubiy Koreya ishbilarmonlariga beriladigan kafolatlar haqida bitimlar tuzildi. Madaniyat, maorif, ommaviy axborot, sayohat, sport sohalarida bahamjihat hamkorlik qilishning uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalari belgilab olindi. Janubiy Koreyadagi DEU Korporatsiyasi rahbariyati bilan Asakada avtomobil zavodi qurishga kelishildi.
1992—1996- yillarda „O‘zDAEWOOavto“ O‘zbekiston — Janubiy Koreya qo‘shma avtomobil zavodini loyihalashtirish, qurish ishlari amalga oshirildi. Zavod 1995-yil 25-mart kuni avtomobillar ishlab chiqarishni boshlab yubordi. O‘zbekiston jahondagi avtomobil ishlab chiqaruvchi 28- mamlakat bo‘ldi. 1998-yilda „O‘zDAEWOOavto“ zavodi 54400 ta „Damas“, „Tiko“, „Neksiya“ rusumli avtomobillar ishlab chiqardi.
O‘zbekiston Prezidenti I. Karimovning 1999- yil 4—6- oktabr kunlari Koreya Respublikasiga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengayishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Koreya Respublikasi yangi Prezidenti Kim De Jung bilan Islom Karimov XXI asrda yangicha ruhdagi sheriklik to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar. Koreyadagi yirik Eksimbank bilan „O‘zDAEWOOavto“ qo‘shma korxonasini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishildi. „O‘zDAEWOOavto“ zavodida „Neksiya-2“ va „Matiz“ rusumli avtomobillar ishlab chiqarish, Toshkentda „DEU“ rusumli avtodvigatellar ishlab chiqaruvchi korxona barpo etish loyihalarini amalga oshirishga birgalikda sarmoya ajratish haqida hujjatlar imzolandi va amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston bilan Koreyaning „Kobul Tekstayl“ kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik yildan yilga chuqurlashib bormoqda. Mazkur kompaniya O‘zbekistonga 250 mln. AQSh dollari hajmida sarmoya kiritdi va o‘zlashtirildi. „Kobul Tekstayl“ ishtirokida Toshkent, To‘ytepa va boshqa shaharlarda qo‘shma korxonalar barpo etildi va xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Shunday qilib, O‘zbekistonning Koreya Respublikasi bilan hamkorligi kengayib bormoqda. 1999-yilga qadar O‘zbekistonga Koreyadan 1,2 mlrd AQSh dollari hajmida sarmoya kirib keldi va o‘zlashtirildi. O‘zbekistonda 70 dan ortiq Koreya hamkorligida barpo etilgan qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1997-yildayoq 1 mlrd AQSh dollaridan oshdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |