Oʼzbekistonda millatlararo munosabatlar va bagʼrikenglik fani predmeti, uni oʼrganishning ahamiyati. Globallashuv va tolerantlik
Reja:
1. Zamonaviy dunyoda bagʼrikenglik masalasi dolzarbligining kuchayishi sabablari. Globallashuv va bagʼrikenglik.
2. Fan oʼrganilishining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati.
1. Zamonaviy dunyoda bagʼrikenglik masalasi dolzarbligining kuchayishi sabablari. Globallashuv va bagʼrikenglik.
Hozirgi vaqtga kelib tobora globallashib borayotgan dunyoda bagʼrikenglik tamoyili ijtimoiy-maʼnaviy hayot turli sohalarida katta qiziqish uygʼotmoqda. Inson, jamiyatning mohiyati, ularning kejalakdagi taqdiri muammolari nuqtai nazaridan qaraganda, bagʼrikenglik masalasining har tomonlama turli darajadagi yondashuvlar roʼy bermoqda.
XXI asr boshlariga kelib “bagʼrikenglik” tushunchasi jamiyat hayotida noyob madaniy hodisa darajasiga koʼtarildi. Dastlabki vaqtlarda u murosai-madora maʼnosida eʼtirof etilgan boʼlsa, bora-bora uning maʼno-mohiyati kengaya bordi. Hozirgi vaqtga kelib, ijtimoiy fanlarning sohalari - etika, tarix, psixologiya, pedagogika, sotsiologiya, falsafa va boshqalarda bagʼrikenglik tushunchasi bevosita foydalanilmoqda.
Bagʼrikenglik shunchaki tushuncha emas, balki jamiyat maʼnaviy hayotining tarkibiy qismi sifatida muayyan ijtimoiy-maʼnaviy hodisa, xilma-xil tur, shakl va talqinlardagi noyob holat sifatida tushunilmoqda. Bagʼrikenglik tamoyilining oʼziga xos xususiyati shundan iboratki, hodisalarning tafovutlari, ziddiyatlari, farqlari haqida soʼz borganda unga ehtiyoj paydo boʼladi. Umuman, bagʼrikenglik sabrlilik yoki befarqlik deb emas, turli madaniyat, din, antropologik toifalarda namoyon boʼladigan xilma-xilliklarga hurmat va ehtirom bilan yondashish degan maʼnoda talqin etiladigan boʼlib qoldi. Bundagi birdan-bir chegara yoki cheklash shundan iboratki, xilma-xillik umumeʼtirof etilgan insonparvarlik meʼyorlaridan chetga chiqmasligi kerak, bunda insoniyatning mazkur meʼyorlarni qabul qilishi nazarda tutiladi.
Hozirgi kunda ushbu muammo butun insoniyat uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda. Butun dunyoda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish zarurati xalqaro miqyosda davlatlarning kuch-gʼayratini birlashtirishni talab qiladi. Shu yoʼl bilangina tinchlik va inoqlikda yashash, oʼzga madaniyat va diniy konfessiyaga, oʼzga irqqa murosa muhitini yaratish, turli xalq va millatlarning bahamjihatligiga erishish mumkin.
Globallashib borayotgan dunyoda bagʼrikenglik obʼektiv voqelikka aylanib, xalqaro maʼno kasb eta boshladi. Bagʼrikenglik fuqarolik jamiyatini barpo etishda tag-zaminli demokratik qadriyatga, zamonaviy tamaddunning yashab, rivojlanishining zarur shartiga aylana boshladi.
Hozirgi kunga kelib, bagʼrikenglik ijtimoiy munosabatlarning yangi toifasi deya talqin etilmoqda. Bagʼrikenglik hodisasining noyob mohiyati uning fanlararo xususiyatidan iborat boʼlib, u shuning uchun ham aksariyat gumanitar fanlar tomonidan oʼrganilmoqda. Garchi bagʼrikenglik voqeligini oʼrganish sohasida ayrim natijalarga erishilgan boʼlsa ham, bu tushunchaning ilmiy kategoriya sifatida amaliy yoʼnalish mohiyati haligacha aniq taʼriflab berilgan emas.
Tolerantlik soʼzi lotincha (tolerantia) soʼzidan olingan boʼlib, sabr-toqat maʼnosini bildiradi. Bagʼrikenglikning maʼno va mohiyati turli xalqlarda bir-biriga oʼxshash tarzda talqin etiladi. Masalan, ispan tilida – oʼz gʼoyalaridan farqlanuvchi fikrni tan olish usuli; frantsuzchada – oʼzgalar sendan koʼra boshqacharoq oʼylashlari yoki harakat qilishlari mumkinligiga yoʼl qoʼyish; inglizchada – sabr-toqatli, iltifotli boʼlish; xitoychada – boshqalarga nisbatan kechiruvchan, muruvvatli, oliyjanob boʼlish; arabchada – kechirimli, marhamatli, yumshoq, muruvvatli, rahmli, oliyjanob, sabrli boʼlish; ruschada – nimagadir yoki kimgadir nisbatan sabrli boʼlish, ogʼir-vazmin, chidamli boʼlish; nimagadir yoki kimgadir toqat qilish, oʼzgalarning fikri bilan hisoblashish, iltifotli boʼlish; oʼzbekchada – boshqalarga nisbatan bagʼri ochiqlik, oʼzgalarning turmush tarziga, feʼl-atvoriga, urf-odatlariga, his-tuygʼulari, fikr-muzohazalari, gʼoyalari va eʼtiqodlariga muruvvatli boʼlish va h.k. maʼnolarni bildiradi.
Darhaqiqat, mazkur soʼzning etimologiyasiga nazar solinsa, ijtimoiy munosabatlarda tolerantlik iborasining chin insoniy maʼnosi hamfikrlik, hamjihatlik, shaxslararo amaliy muloqotga toʼgʼri keladi. Tolerantlik atamasini nazariy va amaliy qoʼllashda 1995 yilgi “Tolerantlik tamoyillari Deklaratsiyasi”da berilgan taʼrifga tayanilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |