Aim.Uz
O‘zbekistonda maorif, fan va madaniyatning ravnaqi. Milliy tiklanish.
O‘zbekiston Respublikasi o‘zining ko‘p asrlik orzusi bo‘lmish mustaqillikka erishgandan so‘ng hukumat rahbarlari va xalqimizning barcha qatlami oldidagi eng dolzarb, ma’suliyatli, muqaddas vazifa - ushbu buyuk in’omni, mustaqillikni saqlab qolish va uni rivojlantirib, davlatimiz mavqeini xalqaro miqyosiga olib chiqishdan iboratdir. Bu o‘lkan vazifani amalga oshirish bilan bir vaqtning o‘zida kechiktirib bo‘lmaydigan eng muhim tomoni-kishilarimizning ma’naviy-madaniy barkamolligini yuksaltirib borishdir.
Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek, «Ma’naviyat shunday qimmatbaho mevaki, u bizning Qadimiy va navqiron xalqimiz qalbida butun insoniyatning o‘lkan oilasida o‘z mustaqilligini tushunib yetish va ozodlikni sevish tuyg‘usi bilan birgalikda yetishgan. Ma’naviyat o‘z xalqining tarixini, uning madaniyati va vazifalarini chuqur bilish va tushunib yetishga suyangandagina qudratli kuchga aylanadi».
Ushbu qimmatli fikrlarga amal qilgan holda avvalo ma’naviyat va madaniyat tushunchalariga qisqacha izoh berishni joiz deb bildik. Ma’naviyat - avvalo odamning ruhiy va aqliy olamining majmuidir. Ma’naviyat - jamiyatning, millatning yoki ayrim bir kishining ichki hayoti, ruhiy kechinmalari, aqliy qobiliyati, idrokni mujassamlashtiruvchi tushunchadir. Ma’naviyat boyib borsa, jamiyat ravnaq topib boradi va aksincha ma’naviyat qashshoqlansa jamiyat tobora tanazzulga yuz tutadi. Ma’naviyat keng tushuncha bo‘lib, ma’rifat, madaniyat tushunchalarni ham o‘ziga qamrab oladi.
Madaniyat tushunchasi ham keng ma’noda qo‘llanilib, jamiyatning ishlab chiqarish, ijtimoiy va ma’naviy hayotida qo‘lga kiritgan yutuqlar majmuini, bu yutuqlar darajasini, o‘qimishlilik, ta’lim-tarbiya ko‘rganlik, ziyolilik va ma’rifatparvarlilikni hamda turmushning ma’rifatli kishi ehtiyojlarlariga mos keladigan sharoitlari majmuini bildiradi. Madaniyat ikki turga: moddiy va ma’naviy madaniyatlarga bo‘linadi. Moddiy madaniyatga - mehnat qurollari, turar-joy, kundalik turmush buyumlar, kiyim-kechak, transport, aloqa vositalari va shu kabilarni o‘z ichiga oladi. Ma’naviy madaniyatga aqlan va ma’nan yaratguvchanlik sohalari - bilim, ahlok, ta’lim-tarbiya, huquq, falsafa, nafosat, san’at, fan, adabiyot, folklor, asotirlar, din va shu kabilar kiradi. Darhaqiqat, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng dolzarb muammolardan asosiysi - yangi tarixiy sharoitda jamiyatga munosib kishilarni tarbiyalashdan iboratdir. Bu vazifani bajarish esa bevosita avvalgi o‘n yilliklarda elimizdan yashirib, man qilinib kelingan xalqimizning ko‘p ming yillik merosini, tarixini, tiklash va uni keng, holisona yoritib, targ‘ib etishga bog‘liqdir.Chunki ajdodlarimiz yaratgan qadimgi ma’naviy va madaniy meroslar qanchadan-qancha tarixiy-siyosiy jarayonlardan, tazyiq va ta’qiqlardan, bosqinchilar hujumlari davrlari sinovlaridan shu kunlargacha eson-omon o‘tib, saqlanib keldi. So‘nggi 130 yillik Rossiyaga bo‘lgan qaramlikda ham xalqimizning ma’naviyati va madaniyati mustamlakachilar tomonidan butunlay bo‘g‘ib tashlashga harakat qilindi. Mana, xalqimiz asrlar osha kutgan mustaqillikka ham yetib keldik. Hukumatimiz boshchiligida xalqimiz ko‘p yo‘nalishlar qatori ma’naviy, madaniy qadriyatlarimizni, merosimizni tiklash sohasidagi tadbirlarni amalga oshira boshladi.
1991 yil ulug‘ mutaffakir, o‘zbek she’riyatining asoschisi bo‘lmish Alisher Navoiyning 550 yilligi to‘yi yurtimizning barcha hududida keng nishonlandi. Shu katta tadbir munosabati bilan Alisher Navoiyning «Lisonut tayyor», «Sab’ai sayyor», «Farxod va Shirin» kabi qator yirik asarlari alohida bosmadan chiqarildi. Eng muhimi, shoirning 20 jildlik mukammal asarlar to‘plami nashr etila boshladi. Hukumatimiz tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Toshkentdagi A.S.Pushkin nomli Adabiyot institutiga Alisher Navoiy nomi berildi. Toshkent shahrining eng go‘zal joyiga Navoiyning ulkan haykali o‘rnatildi va bu yer ziyoratgohga aylantirildi. 1992 yil buyuk ijodkor, isyonkor shoir Boboraxim Mashrab ijodiga bag‘ishlab mamlakatimiz miqyosida Mashrabxonlik kunlari katta tantana va ko‘tarinkilik ruhida o‘tkazildi. Mashrabning tug‘ilgan shahri bo‘lmish Namanganda bu tadbir alohida xususiyat bilan o‘tkazildi va uning nomi bilan atalgan katta dam olish bog‘i yaratildi. 1994 yilda esa dunyo astronomiya faniga katta hissa qo‘shgan, ham shox, ham buyuk olim bo‘lgan hamyurtimiz Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan yurtimizda shu yilni Ulug‘bek yili deb e’lon qilindi. Shuningdek buyuk olimning yubiley tantasining jahon miqyosida nishonlanishi ham uning qoldirgan ilmiy merosining dunyo ahamiyatiga ega ekanligidan dalolat beradi. Mustaqillik sharofati bilan diyorimizda har yili Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogaxiy, Furqat, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi qator ulug‘ shoir va ma’rifatparvarlarning kunlarini o‘tkazish odat tusiga kirdi. Mustaqilligimiz yillarida o‘tgan allomalarimizning yaratgan asarlarini nashr etish sohasi bo‘yicha ham talaygina ishlar bajarildi va bajarilmoqda.
Masalan: Xo‘ja Ahmad Yassaviyning «Devoni Xikmatlar» asari, So‘fi Olloyorning she’rlari to‘plami, Mahmud xo‘ja Bexbudiyning «Padarkush» asari, Abdurauf Fitratning «Qiyomat» qissasi hamda «Abdulfayzxon» nomli tarixiy dramasi, Abdulhamid Chulponning «Kecha va kunduz» asari nashrdan chiqdi va xalqimiz et’iboriga havola etildi. Shuningdek asrimizda samarali ijod etib o‘tgan va hozir ham ijod etayotgan adiblarimizdan Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Oybek, Shuxrat, Sayd Ahmad, Mirmuxsin, Abdulla Oripov, O‘tkir Xoshim, Erkin Vohidov va boshqalarning saylanma asarlari nashrdan chiqarilib xalqimizga tuxfa qilindi.
Hukumatimiz kishilarimiz ongida ma’naviyatni yanada kuchliroq shakllantirish va rivojlantirish maqsadida 1994 yil aprel oyida Respublika «Ma’naviyat va Ma’rifat» markazini tashkil etdi. Shu munosabat bilan bu markazning bo‘limlari respublikamizdagi barcha xokimliklar, o‘quv yurtlari, ishlab chiqarish korxonalar, zavod va fabrikalar, qishloq sovetlari, mahallalar qoshlarida ham ochildi. Ularning asosiy vazifasi xalqimizning boy ma’naviy-madaniy merosi, umuminsoniy qadriyatlari asosida millatimizni kelajagini belgilashga yordam beradigan - g‘oyalarni ilgari surish, shuningdek sog‘lom fikrlovchi kuchlarni, iste’dod va tafakkur egalarni barcha imkoniyatlarini davlatimiz rivojiga hissa qo‘shish ishiga safarbar qilishdan iboratdir. Shuni alohida ta’kidlash joizki yurtimizda olib borilayotgan ma’naviy va madaniy tadbirlarga asosan davlatimizning o‘zi xomiylik qilib, bu ishlarga har yili alohida mablag‘lar ajratmoqda.
1989 yil 21 oktyabrda mamlakatimizda o‘zbek tiliga davlat maqomi berilganligi haqida qonun qabul qilindi. Ushbu qonun 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga hamda 1995 yil may Oyida Oliy Majlis sessiyasida qabul qilingan yuqoridagi nomli qonunning qabul qilinishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Ushbu alifb og‘a o‘tishni 2000 yilgacha bosqichma- bosqich amalga oshirilish nazarda tutildi. 1995 yil 22 dekabrida esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi sessiyasida « O‘zbekiston Respublikasi Davlat tili haqida» qonun yangi taxrirda qabul qilindi.
Yurtimizda ma’naviy merosni tiklashga bag‘ishlab amalga oshirilgan ulkan ishlardan biri Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yillik, Imom Ismoil al-Buxoriyning 1225 yilligi hamda Amir Temurning 660 yilligi yubileylari tantanalarini nishonlash, ularning faoliyatini va ijodini to‘liq yoritib xalqimizga bayon etish hamda nomlarini abadiylashtirish bo‘ldi. Hukumatimiz qarori bilan 1996 yil Amir Temur yili deb e’lon qilindi. Uning yubiley tantanalari nafaqat O‘zbekistonda balki xalqaro miqyosda ulkan ko‘tarinkilik bilan nishonlandi. Amir Temurning hayoti, faoliyatiga doir bir necha o‘nlab asarlar yaratildi. O‘zi tug‘ilgan Shaxrisabzda hamda Toshkentning markazida ulkan haykali o‘rnatildi. Shuningdek, nihoyatda xashamatli tarzda Temuriylar muzeyi binosi qad ko‘tardi. Amir Temur nishoni ta’sis etildi. Bu qilingan ishlar shuni bildiradiki, mustaqillik sharofati bilan ko‘plab haqiqatlar yuzaga chiqmoqda, ya’ni, shulardan eng yirigi - sho‘rolar davrida g‘irt bosqinchi, kallakesar, gazanda degan nomlar bilan niqoblanib kelingan Amir Temur nomi o‘zining haqiqiy yirik tarixiy shaxs, intizomli iqtidorli hukmdor, yetuk sarkarda, bunyodkor, yirik, markazlashgan turkiy davlat asoschisi degan haqiqiy obro‘-e’tibori va mavqeini topdi.
1998 yilda yurtimizda ma’naviy qadriyatlarni va meroslarni tiklashga bag‘ishlangan eng muhim ishlardan bo‘lmish Bag‘doddagi Ma’mun akademiyasi faoliyatida yetakchi rol o‘ynagan yurtdoshimiz, serqirra olim Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yilligi yurtimizda katta tantalar bilan nishonlandi. Farg‘onada al-Farg‘oniyga yirik haykal o‘rnatildi va bu joy xalqimiz uchun ajoyib ziyoratgoxga aylantirildi. Achinarlisi shundaki, sho‘rolar davrida mazkur olim haqida na faqat xalqimiz, balki ilm-fan vakillari ham nihoyatda kam ma’lumotga ega edilar. Islom dunyosining eng yetuk hadisshunosi bo‘lmish, ham yurtimiz Imom Ismoil al-Buxoriyning ulug‘ nomi ham totalitar tuzum davrida deyarli tilga olinmas edi. Va holanki, dunyo olimlari bu insonning faoliyati va yaratgan asarlarini allaqachonlar tan olgan edi. Mustaqillik yillarda vatandoshimiz to‘plagan hadislarning 4 jildlik to‘plami nashrdan chiqarilib xalqimizga sovg‘a qilindi. Samarqand shahri yaqinidagi Chelak shahrida al-Buxoriyga atab yodgorlik va haykal o‘rnatildi. Bugungi kunda ushbu ziyoratgoxga jahonning turli burchaklaridan odamlar kelib ziyorat qilib ketmoqdalar.
Yuqorida ko‘rsatilgan ishlar bilan bir qatorda o‘tmishdoshlarimiz yaratgan madaniyat obidalarini tiklash, ta’mirlashdek savob ishlarga davlatimiz rahbarlari alohida e’tibor bermoqda. Toshkent yaqinidagi ziyoratgox, islom dunyosining yetuk va mashhur namoyondalaridan Zangi ota Oyxo‘ja Tojxo‘ja o‘g‘li yodkorlik majmuasida katta ta’mirlash ishlari olib borildi.
Shaxrimizdagi Ko‘kaldosh madrasasida ta’mirlash ishlari yakunlanib qolmoqda, Abulqosim madrasasi binosi ta’mirlanib, deyarli avvalgi holatiga keltirildi.
Samarqand Temur va Temuriylar davrida yaratilgan barcha obidalarda tiklash va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi va davom etmoqda. Xullas, bu yo‘nalishlar bo‘yicha ham salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.
I.A.Karimov o‘zining «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida... «nomli mashhur, xalqaro miqyosidagi yangi asarida ta’kidlaydiki, «Jamiyatning diniy- ruhiy asoslarini, xalqimizning ming yillik ma’naviy- ahloqiy yuksalish tajribasini o‘zida jamlagan Islom madaniyatini tiklash o‘z taqdirini o‘zi belgilash, tarixiy xotiraga, madaniy-tarixiy birlikka ega bo‘lish yo‘lidagi - g‘oyat muhim qadam bo‘ldi. Eski masjidlar ta’mirlanmoqda, yangilari bunyod etilmoqda. Darhaqiqat ma’naviy hayotimizda islom dinining o‘ziga xos alohida o‘rni bor. Islom ta’limoti olamni anglash, dunyoviy tafakkur, tabiat va inson o‘rtasidagi munosabatlarni idrok etish borasida katta ahamiyatga egadir. Mamlakatda Islom dini omilidan unumli foydalanish, uning boy ma’naviy va madaniy qadriyat sifatida imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Prezident I.Karimovning 1992 yil 7 martidagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi qoshida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashkil etildi. 27 mart kuni O‘zbekiston Prezidentining «Ro‘za Xayitini dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida» Farmon e’lon qilindi. 1992 yildan boshlab har yili mamlakatimizda ro‘za xayiti umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Shuningdek, qurbon xayiti ham yurtimizda dam olish kuni va bayram qilib nishonlanadigan bo‘ldi. Eng muhimi, xalqimiz o‘z tarixida birinchi marta bevosita hukumat yordamida har yili muqaddas Haj va Umra amallarini ado etish sharafiga muyassar bo‘lmoqda.
Faqat 1998 yilning o‘zida 4 mingga yaqin fuqarolar Makka va Madinaga safar qildilar. Islom dunyosining mashhur allomalari bo‘lmish Imom at-Termiziyning 1200 yilligi. Mahmud az-Zamaxshariyning 920 yilligi, Najmiddin Kubroning 850 yilligi, Bahoviddin Naqshbandiyning 675 yilligi va Xo‘ja Axror Valiyning 600 yilligi keng ko‘lamda xalqimiz tomonidan nishonlandi. Ularning asarlari nashrdan chiqarildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasida vijdon erkinligi kafolatlanib, har kim hohlagan dinga e’tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Ayni vaqtda, Konstitutsiyada diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi deb ham yozilgan. Davlatga va dinning to‘g‘ri yo‘nalishiga qarshi faoliyat yurgizayotgan «Vaxobiychilik» oqimiga qarshi keskin kurash e’lon qilindi.
1998 yil aprelida O‘zbekiston Oliy Majlisi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonuni yangi taxrirda qabul ildi. Bu qonun zamon talablarga mos bo‘lib, Fuqarolarning dinga moneliksiz e’tiqod qilish, diniy urf-odatlarni ijro etish huquqini kafolanlandi va himoyalandi. Diniy tashkilotlar faoliyati tartibga solib turildi. Islomning muqaddas kitobi Kur’oni Karim 8 marta jami 1 million nusxada nashr qilindi. O‘zbekcha nusxasi 3 marta, jami 300 ming nusxada bosmadan chiqarildi.
1995 yil 19 mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi qarori bilan Toshkentda xalqaro islom tadqiqot Markazi tashkil etildi. O‘zbekiston televideniyasida «Ma’rifatnoma» ko‘rsatuvi tashkil etilib, unda xalqning ma’naviyatini yuksaltirishda, diniy ma’rifatini o‘stirishda yordam beradigan ma’lumotlar berib kelinmoqda. Shuningdek 1999 yilda Islom universiteti ta’sis etildi.
Mustaqillik sharofati bilan ko‘p ming yillik tarixga ega bo‘lgan ulkan bayram -Navro‘z bayrami Prezident Farmoniga binoan har yili 21 mart dam olish kuni deb va bayram deb e’lon qilindi. Navro‘z sho‘rolar davrida diniy bayram deb hisoblanib, uni keng nishonlanishi cheklab qo‘yilgan edi. Mana, ming shukrki, sevimli, qadrli xalq bayramini nishonlash yana tiklandi. Har yili mamlakatimizning barcha hududlarida «Navro‘z» bayrami xalq sayili sifatida katta xursandchilik bilan o‘tkazilmoqda. Shuning uchun xalqimiz ushbu bayramni intizorlik bilan kutadi va tantana qiladi.
Xullas ma’naviy-madaniy qadriyatlar va meroslarni tiklash va rivojlan tirish ishlari kungildagidek amalga oshmoqda va hali bajariladigan vazifalar ham talaygina.
Do'stlaringiz bilan baham: |