2.2. O'zbekistonda iqtisodiy o'sishning asosiy ko'rsatkichlari tahlili
Mamlakatimiz o'z mustaqilligini qo'lga kiritganidan so'ng iqtisodiyotda o'z mohiyati va ahamiyatiga ko'ra mutlaqo yangi mazmunga ega bo'lgan jarayonlar yuzaga kela boshladi. Bu, eng avvalo, iqtisodiyotning barcha sohalari va tarmoqlarida tarkibiy o'zgarishlarning izchil amalga oshirilishi bilan bevosita bog'liq edi.
Mamlakatimizning mustaqillik yillaridagi makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o'sishni ta'minlash davrlarini bugungi kungacha olimlar tomonidan 3 bosqichga bo'lib o'rganiladi.
1. YaIMning pasayish yillari (1991-1995)
2. YaIMning barqaror o'sishi ta'minlangan yillar (1996-2003)
3. YaIMning yuqori o'sishi sur'atlari ta'minlangan yillar (2004 yildan hozirgacha). Mamlakatimiz iqtisodiyotida makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashning og'ir bosqichi 1991-1995 yillari bo'ldi. Bu davrda YaIM ning qisqarish, narxlar darajasining keskin o'sishi ro'y berdi.
2.2.1 – jadvalda O'zbekistoning yalpi ichki mahsulot YaIM va YaIM deflyatori dinamikasi keltirilgan bo'lib, 1991–1995 yillarda taqqoslama baholarda YaIM ning kamayganligini ko'rishimiz mumkin. O'zbekiston mustaqillikka erishganidan so'ng mamlakatdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari inqirozga uchradi. Bunga sabab yirik ishlab chiqarish korxonalari ittifoqdosh mamlakatlar bilan kooperatsiyalashgan holda faoliyat yuritganligi va bu aloqalarning uzilib qolganligidir. Bu holatda mamlakatimizning iqtisodiy o'sishini ta'minlashda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni va barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlash mumkin edi.
Sanoatning mustaqillikdan keyingi rivojlanishining ham dastlabki bosqichi aynan shu yillarga to'g'ri keladi. Bu davrda mavjud sanoatning salohiyatini saqlab qolish, strategik muhim ahamiyatga ega xomashyo qazib olish va birlamchi qayta ishlash, importni o'rnini bosuvchi o'zak tarmoqlarni rivojlantirish muhim ustuvor vazifa sifatida qaraldi.
1991-1995 yillarda YaIMning pasayish dinamikasini tahlil qilar ekanmiz 1991 yilda YaIM hajmi 0,5 foizga pasaygan bo'lsa, 1995 yilda esa 0,9 foizga pasayganligini ko'rishimiz mumkin. Shu yillar oralig'ida eng ko'p pasayish kuzatilgan yillar sifatida 1992 va 1994 yillarni keltirib o'tishimiz mumkin.
Mamlakatimizda iqtisodiy o'sishga islohotlarning ikkinchi bosqichidan, ya'ni 1996 yildan boshlab erishila boshlandi. Aynan ana shu yil mamlakatimiz iqtisodiyoti ilk o'sish ko'rsatkichini qayd etdi. Bu jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati natijalarini ifodalovchi pirovard ijobiy natija bo'ldi.
Keyingi yillarda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, iqtisodiyotda xususiy sektorning rolini va ahamiyatini oshirish, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish, ishlab chiqarish omillaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan keng qamrovli iqtisodiy siyosatni olib borilishi natijasida iqtisodiy o'sish ta'minlandi, xususan, iqtisodiy o'sishni ifodalovchi qator ko'rsatkichlar ijobiy o'zgara boshladi. Buning natijasida 1996-2003 yillarda mamlakatimiz YaIMning barqaror o'sish sur'atlari ta'minlandi.
Shu yillar mobaynida mamlakatda yirik ishlab chiqarish korxonalari (Andijondagi Asaka avtomobilь zavodi, Buxorodagi neftni qayta ishlash zavodi va boshqa) ishga tushishi natijasida mamlakatimizning YaIM ning o'sishi ta'minlandi.
Real YaIMning o'sishi asosan iqtisodiyotning o'zak tarmoqlaridagi ishlab chiqarish hajmining o'sishi, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmining orttirilishi hisobiga ta'minlandi. Iqtisodiy o'sishga so'nggi yillarda makroiqtisodiy barqarorlik ta'minlanganligi ham ijobiy ta'sir ko'rsatdi.Masalan, 2003 yilda inflyatsiya darajasi 3,8 foiz, byudjet kamomadi YaIMning 0,8 foiz ni tashkil qildi va milliy valyutaning devalivatsiyasi 8 foizni tashkil etdi.
2004 yildan hozirgi kungacha mamlakatimizda YaIMning yuqori sur'atlarda o'sishi (8 foiz dan yuqori) ta'minlanmoqda. Bu davrda mamlakatimiz YaIM hajmini qariyb 12 barobarga oshirishga erishildi. Buning zamirida mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning izchillik bilan olib borish samarasi sifatida ifodalash mumkin. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni tarkibiy o'zgartirish va diversifikatsiya qilish, kichik biznes va xizmat ko'rsatish sohasining jadal rivojlantirilishi natijasida mamlakatimiz iqtisodiyotida yuqori iqtisodiy o'sish sur'atlari ta'minlandi. Bu bosqichda mamlakatimizda importni o'rnini bosuvchi sanoat tarmoqlarini rivojlantirish negizida eksportga yo'naltirilgan sanoat sohasini barpo etish va rivojlantirishga e'tibor qaratildi.
Milliy taraqqiyotimizning dastlabki bosqichidayoq oqilona va samarali iqtisodiy siyosatning ishlab chiqilishi va hayotga izchil ravishda tadbiq etilishi, barqaror rivojlanishning asosiy manba, omillarining to'g'ri tanlanishi va ularga ustuvor ahamiyat qaratilishi keyingi yillarda iqtisodiy o'sishning yuqori sur'atlari ta'minlanishiga imkoniyat yaratdi.
Iqtisodiy o'sish sur'atlaridagi o'zgarishlar real YaIMning o'sishi, jon boshiga to'g'ri keladigan YaIMning o'sishi va aholi soning o'sishini qiyosiy tahlil qilish orqali aniqlanadi.Mustaqillik yillarida mamlakatimizning YaIM, aholi soni, aholi jon boshiga real YaIMning o'zgarish dinamikasi quyidagi jadvalda keltirilgan.
2.2.2-jadval ma'lumotlaridan ko'rish mumkinki, mustaqillikning dastlabki yillarida real YaIMning o'sishi aholi sonining o'sishiga qaraganda past bo'lganligini ko'rsatadi. 1996 yil ya'ni ilk o'sish ko'rsatkichlari qayd etilgan davrdan boshlab mamlakatimizda real YaIMning o'sishi aholi sonining o'sishiga qaraganda biroz bo'lsada tezlashganini ko'ramiz.
Bu holat esa o'z navbatida aholi jon boshiga to'g'ri keluvchi real YaIMning oshishiga olib kelgan. Tahlillardan ko'rishimiz mumkinki, bu davrda aholi jon boshiga to'g'ri keluvchi YaIMning o'zgarishi 1997 yilda 1996 yilga nisbatan 77,4 foizni tashkil qilgan bo'lsa, 2003 yilga kelib 91,5 fozni yoki 1,2 barobarga oshgan. Yuqori o'sish sur'atlari ta'minlangan yillarda YaIMning aholi jon boshiga to'g'ri kelish dinamikasida ijobiy tendentsiyalar aks etgan.
Jadval ma'lumotlari asosida olib qaraydigan bo'lsak, aholi jon boshiga real YaIMning o'zgarishi 2004 yilda 2003 yilga nisbatan 97,1foizni tashkil qilgan bo'lsa, 2014 yilga kelib bu ko'rsatkich 179,3 foiz tashkil qilganligini, ya'ni 1,8 marta oshganligini ko'rishimiz mumkin.
Keyingi yillarda mamlakatimizda barqaror, yuqori iqtisodiy o'sish sur'atlari bu amalga oshirilgan muvozanatlashtirilgan makroiqtisodiy siyosatni, iqtisodiyotni erkinlashtirishni, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnik qayta qurollantirishga qaratilgan tarkibiy o'zgarishlar jarayonlarini jadallashuvi va chuqurlashuvi natijasidir. E'tiborli jihati shundaki, barqaror iqtisodiy o'sish an'anaviy xom ashyo tarmoqlari, jahon bozoridagi ayrim xom ashyo va material turlari yuqori bahosi va qulay kon'yunkturasi hisobiga emas, balki iqtisodiyotdagi chuqur tarkibiy o'zgarishlar, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, tayyor raqobatbardosh mahsulotni va hozirgi zamon xizmatlarini ko'rsatishga qaratilgan tarmoqlarni jadal sur'atlarda rivojlanishi hisobiga ta'minlanmoqda.
Mustaqillik yillarida xomashyo resurslarini chuqurroq qayta ishlash, yuqori qo'shilgan qiymatli tovarlar ulushining ortishiga qaratilgan tarkibiy siyosatni amalga oshirish natijasida mamlakat yalpi ichki mahsulot tarkibida qishloq xo'jaligi ulushining pasayishi va sanoat, xizmat ko'rsatish sohalarining ulushini ortishi kuzatilmoqda.
Quyidagi 2.2.4-jadval ma'lumotlariga ko'ra, 2000-2014 yillarda qishloq xo'jaligini mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 30,1 foizdan 17,2 foizgacha qisqargani holda, aksincha sanoatning ulushi mutanosib ravishda 14,2 dan 24,1 foizgacha oshgan. Bu avvalo mamlakatimiz iqtisodiyotida industrial sanoat tarmoqlari va xizmatlarning jadal rivojlanib borayotgani bilan izohlanadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda xizmat ko'rsatish sohasi jadal sur'atlarda rivojlanib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa yildan-yilga ortib bormoqda. Barchamizga ayonki, xizmat ko'rsatish sohasi iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishning eng muhim manbai va omili hisoblanadi. Jahon tajribasi bugun aynan ushbu soha yalpi ichki mahsulotni shakllantirish, aholi bandligini ta'minlash, odamlarning farovonligini oshirishda yetakchi o'rin tutishini ko'rsatmoqda. 2014 yilda bozor xizmatlari ko'rsatish hajmi 15,7 foizga o'sdi, ularning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi esa 53 foizdan 54 foizga oshdi. Bugungi kunda iqtisodiyotda band bo'lgan aholining 50 foizdan ortig'i ushbu tarmoqda mehnat qilmoqda. Jadval ma'lumotlari ko'rsatadiki, savdo va umumiy ovqatlanish hamda transport va aloqa tarmoqlarida o'sish va pasayish tendentsiyalari aks etgan. Birgina transport va aloqa tarmog'ini olib qaraydigan bo'lsak, uning YaIMdagi ulushi 2000-2008 yillarda qariyb 5 foizga oshgan. 2014 yilga kelib bu ko'rsatkich 11,4 foizga tushib qolgan yoki 1,1 foizga kamaygan. Lekin, xizmat ko'rsatishning boshqa sohalarida ko'rilayotgan davrda o'sish sur'atlari qayd etilmoqda. Buni shu bilan izohlashimiz mumkinki, xizmatlar sohasi tarkibida milliy iqtisodiyotimiz uchun amalda yangi bo'lgan sohalarmoliyaviy xizmatlar, kompьyuter dasturlash, maishiy xizmatlar, audit, sug'urta, konsalting xizmatlari yuqori sur'atlarda rivojlanmoqda.
O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, unga keng iqtisodiy erkinlik berish bilan tavsiflanadi. Zero, Prezidentimiz ta'birlari bilan aytganda, “Eng muhimi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti tarkibida hal qiluvchi tarmoqqa, ijtimoiy faol aholimizning katta qismini qamrab olgan sohaga aylandi”.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasiga davlat tomonidan katta e'tibor berilishi hamda qo'llab-quvvatlanishi natijasida uning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2000 yilda yalpi ichki mahsulotning qariyb 31 foizi iqtisodiyotning faol rivojlanib borayotgan ushbu sektori ulushiga to'g'ri kelgan bo'lsa, 2012 yilda bu ko'rsatkich 54,6 foizni, 2013 yilda 55,8 foizni, 2014 yilda esa 56,1 foizni tashkil etdi yoki 2000 yilga nisbatan 25 foizga o'sdi(2.2.1-rasm).
XULOSA
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o'sishni ta'minlash masalalariga bag'ishlangan magistrlik dissertatsiyasi ishi natijalarini umumlashtirish quyidagi xulosalarga kelish va takliflar ishlab chiqish imkonini berdi:
1. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash hukumatning eng ustuvor vazifalaridan biri sanaladi, shuning uchun uning mohiyati va xususiyatlarini o'rganish iqtisodiyotning inqirozdan keyingi rivojlanish bosqichida dolzarb bo'lmoqda.
So'nggi yillarda O'zbekistonning jahon mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarining tobora kengayib borishi, rivojlangan mamlakatlar ko'magida milliy iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo'yicha dasturlarning amalga oshirayotganligi, mahsulot va xizmatlar eksporti va importi hajmining muttasil o'sib borishi mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatning va global moliyaviy-iqtisodiy bozorning ajralmas tarkibiy qismiga aylanib borayotganligidan dalolat beradi. Demak, global inqirozning jahon hamjamiyatining tarkibiy qismi hisoblangan O'zbekiston iqtisodiyotiga ta'sir ko'rsatmasligi mumkin emas.
2. Keyingi yillarda respublikamiz makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o'sish ko'rsatgichlari bo'yicha ijobiy natijalarga erishmoqda. Jumladan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti keyingi besh yil davomida o'rtacha 8 foizdan yuqori ya'ni barqaror sur'atlarda o'sgan. 2003 yildan boshlab inflyatsiya darajasi o'rtacha 6-7 foiz atrofida bo'lmoqda. So'nggi yillarda valyuta siyosati, ya'ni milliy valyutamiz so'mning almashuv kursi barqarorligini mustahkamlash borasida bir qator choralar ko'rilishi natijasida milliy valyutamiz so'm muomalaga kiritilgan vaqtdan hozirgacha bo'lgan davrda milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan devalьvatsiyasi 131,2 barobarni tashkil qilgan. Aholini ish bilan ta'minlashni yanadayaxshilash va uning farovonligini oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilishi natijasida ishsizlikning tabiiy darajasi 5 foizdan oshmagan. Oqilona olib borilgan byudjet-soliq siyosati natijasida 2005 yildan boshlab mamlakatimiz byudjeti YaIMga nisbatan profitsit bilan ijro etilmoqda.
3. 2004-2014 yillar mobaynida mamlakatimiz YaIM qariyb 12 barobarga, uning aholi jon boshiga to'g'ri kelishi esa qariyb 10 barobarga oshdi. 2000-2014 yillarda qishloq xo'jaligini mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 30,1 foizdan 17,2 foizgacha qisqargani holda, aksincha sanoatning ulushi mutanosib ravishda 14,2 foizdan 24,1 foizgacha oshgan. Bugungi kunda xizmat ko'rsatishning YaIMdagi ulushi 54 foizni tashkil qilmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi ahamiyati yildan-yilga ortib bormoqda. Yaratilayotgan YaIMning 56 foizi aynan mazkur soha hissasiga to'g'ri kelmoqda.
4. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda investitsiyalarning o'sish sur'atlari alohida ahamiyat kasb etadi, chunki investitsiya sur'atlarining o'sishi natijasida ishlab chiqarishning texnik va texnologik ta'minoti yaxshilanadi, yangi ishlab chiqarish turlari o'zlashtiriladi, iqtisodiy o'sish sur'atlari faollashadi.Keyingi o'n yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga 150072,2 mlrd. so'm miqdoridagi kapital qo'yilmalar o'zlashtirilgan. Bu davrda mamlakat iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning qariyb 23,5 foizi yoki 35189,6 mlrd. so'mi xorijiy investitsiyalar hisoblanadi.
5. O'zbekiston Respublikasida makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy o'sish tendentsiyalarini mustahkamlash borasida, davlat samarali iqtisodiy siyosat olib bormoqda. Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanishini ta'minlovchi uzoq muddatli uchta muhim dasturlar ishlab chiqildi va qabul qilindi. Bular:
2015-2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi;
2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish va tarkibiy o'zgartirishni ta'minlash Dasturi;
2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiyalash Dasturi.
Do'stlaringiz bilan baham: |