Bog'liq O\'zbekistonda-makroiqtisodiy-barqarorlik 2[1]
2.1 Iqtisodiy o'sish modellari va ulardan O'zbekiston iqtisodiyotida foydalanish yo'nalishlari Iqtisodchi olimlarning iqtisodiy o'sish omillarini o'rganish hamda uning kelgusidagi natijalarini bashorat qilish borasidagi tadqiqotlari pirovardida turli iqtisodiy o'sish modellarining yaratilishiga olib keldi. Iqtisodiy o'sish modellari yalpi ishlab chiqarishning uzoq muddatli ko'payishi taklif omillariga tayangan holda tahlil etish imkonini beradi.
Boshqa iqtisodiy modellar singari iqtisodiy o'sish modellari ham real jarayonlarni abstrakt va soddalashgan ko'rinishda, shartli tarzda grafiklarda va tenglamalarda aks ettiradi.
Odatda iqtisodiy o'sishning quyidagi nazariyalarini farqlaydilar:
- iqtisodiy o'sishning yangi keynscha nazariyalari;
- iqtisodiy o'sishning yangi klassik nazariyalari;
- iqtisodiy o'sishning empirik nazariyalari;
- endogen o'sishning yangi nazariyalari(1.3.1-rasm).
Ushbu yo'nalishlar doirasida esa iqtisodiy o'sishning turli nazariy modellari yaratila boshlandi. XX asrning o'rtalarida keynschilikning makroiqtisodiy muvozanat nazariyasi asosida yangi yo'nalish, ya'ni neokeynschilik vujudga keldi. Iqtisodiy o'sishning dinamik modellarini ishlab chiqqan neokeynschilik vakillari orasida ingliz iqtisodchisi Roy Xarrod (1900-1978 y.) o'z modelida ishchi kuchi, aholi jon boshiga daromad va naqd kapital o'sishi o'rtasidagi munosabatlarni tadqiq qildi. U milliy daromadning kapital sig'imlilik darajasini ifodalovchi “kapital koeffitsiyenti” tushunchasini yaratdi. R. Xarrod kapital sig'imlilik mezonidan texnika taraqqiyotining iqtisodiyotga ta'sirini tahlil qilishda foydalandi.
Amerikalik iqtisodchi neokeynschilik yo'nalishi vakili Yevsey Domar (1914-1997 y.) ham R. Xarrod tadqiqotlaridan bexabar ravishda mutanosib iqtisodiy o'sishning biroz boshqacharoq modelini taklif etdi.
U J.M. Keynsning investitsiyalar daromadni shakllantirish orqali talabni oshiradi, degan fikriga qo'shimcha qilib, investitsiyalar bir vaqtning o'zida tovarlar taklifining oshishiga ham olib keladi, deb ta'kidlaydi. Ye. Domar va R. Xarrod modellarida iqtisodiy o'sishni rag'batlantiruvchi omil sifatida investitsiyalar keltiriladi, chunki ular mulьtiplikativ ta'sirga ega va shuning uchun barqaror o'sishni ta'minlaydi. Ushbu modelda J. Keynsdan farqli o'laroq takror ishlab chiqarish jarayoni uzoq muddatli davr dinamikasida tadqiq qilingan. Xarrod-Domar modeli bozor iqtisodiyotining o'z-o'zini boshqarish imkoniyatiga ega bo'la olmasligini asoslab berdi.
Ushbu modelni respublikamiz iqtisodiyotida qo'llaydigan bo'lsak, mustaqillikning datlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda qator izchil islohotlar olib borilib, mamlakatda yalpi ichki mahsulotning o'sishiga hamda iqtisodiy rivojlanishga bevosita ta'sir ko'rsatayotgan investitsiyalarga katta e'tibor berib kelinmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan yangi korxonalarni barpo etish va rekonstruktsiya qilish uchun investitsiyalarni jalb qilish hal qiluvchi ahamiyatga ega. So'nggi vaqtlarda respublikamizda investitsion muhitni sog'lomlashtiruvchi va mustahkamlovchi iqtisodiy-siyosiy vaziyat tendentsiyasi hukm surmoqda.
Iqtisodiy o'sishning yangi klassik ilk nazariyalari 1950-1960 yillarning chegarasida paydo bo'ldi. O'sha davrda iqtisodiy o'sish sur'atlarini foydalanilmayotgan quvvatlar hisobiga emas, balki yangi texnikalarni joriy qilish, mehnat unumdorligini oshirish va ishlab chiqarishni tashkil etishni takomillashtirish hisobiga jadallashtirish muammosi birinchi o'ringa ko'tarildi. Bu yo'nalish vakillari (amerikalik iqtisodchi Robert Solou va ingliz iqtisodchisi Jeym Smit va boshqalar) nazariyasining metodologik asosini ishlab chiqarish omillarining klassik nazariyasi tashkil etadi. Ma'lumki, bu nazariyada mehnat, kapital va yer ijtimoiy mahsulotni hosil qilishning mustaqil omillari sifatida talqin etiladi. Shu bilan birga, yangi klassik nazariyada ishlab chiqarish omillari egalari tomonidan olinayotgan daromadlar bu omillarning eng ko'p miqdordagi mahsulotlari tomonidan belgilanishi g'oyasi ilgari surilgan eng yuksak unumdorlik nazariyasiga ham tayanadi.
Neoklassik nazariyasi vakili Robert Solou (1924 yilda tug'ilgan) o'z modelida jamg'armalar, mehnat resurslari o'sishi va ilmiy-texnik taraqqiyotning aholi turmush darajasi va uning dinamikasiga ta'sir qilish mexanizmini aniqladi. R. Solouning asosiy xulosasi shuki, uzoq muddatda iqtisodiy o'sish sur'atlari kapital qo'yilmalar oshishiga emas, balki texnologik rivojlanish omiliga bog'liq bo'ladi. Shunday ekan, uningcha doimiy texnik rivojlanish va resurslardan samarali foydalanish iqtisodiy o'sishning asosiy omillari hisoblanadi.
Dj. Mid modeli ham neoklassik asoslarga ega bo'lib, iqtisodiy o'sishni marjinalistik yondashuvlar orqali tushuntiradi. O'z kontseptsiyasini Dj. Mid “Iqtisodiy o'sishning neoklassik nazariyasi” (1961 y.) nomli kitobida ifodalagan.
Mehnat va texnik taraqqiyot o'sish sur'atlarini doimiy deb taxmin qilib Dj. Mid quyidagi xulosaga keldi: iqtisodiy o'sishning barqaror sur'atiga kapital o'sishning barqaror sur'atlari va uning milliy daromad o'sish sur'atlari bilan tengligi sharoitida erishiladi. Agar kapital oshishining sur'atlari milliy daromad o'sishi sur'atlaridan oshsa, unda bu jamg'arish sur'atlarining o'z-o'zidan pasayish sur'atlariga olib keladi.Dj. Mid modelida davlat faqatgina pul-kredit siyosatidan foydalanilgan holda barqarorlashtiradigan vazifani bajaradi. Faqatgina shu resurslarning zarur bandligi va barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlaydigan daromad va jamg'armalarning qayta taqsimlash mexanizmini yaratishga imkon beradi.
Iqtisodiy o'sishning zamonaviy nazariyalari shakllanishiga iqtisodiy o'sishga turli omillarning ta'sirini o'rganishga yo'naltirilgan empirik tadqiqotlar ulkan hissa qo'shdi. Bu sohada izlanishlar olib borgan eng yirik tadqiqotchilardan biri Edvar Denison (1915-1992 y.y.)dir. Amerikalik iqtisodchi inson omili ta'sirini o'lchash uchun faqat ish kuchi soninigina emas, balki mehnat unumdorligining xodimning yoshi va jinsi, ma'lumoti va kasbiy tayyorgalik darajasiga bog'liqligini ham hisobga olgan.
E. Denisonning fikriga ko'ra, mehnat unumdorligining iqtisodiy o'sishga ta'siri quyidagi jarayonlar natijasida ro'y beradi:
- texnologik bilimlarning kengayishi yoki ishlab chiqarishni tashkil etishni takomillashtirish;
- “boy berilganni qoplash”, ya'ni taraqqiy etgan davlatlar tomonidan qoloq mamlakatlarga amaliy bilimlarni taqdim etish. Bu qoloq mamlakatlarga rivojlangan davlatlarning eng maqbul iqtisodiy o'sish darajasiga yaqinlashish imkonini beradi;
- ishlab chiqarishning jismoniy omillarini joylashtirishni yaxshilash hamda ularni eng yuqori samara beradigan tarmoq va mintaqalarda qo'llash;
- iqtisodiyot ko'lamlarini kengaytirish, ayni paytda ishlab chiqarishni ixtisoslashni rivojlantirish va milliy bozorlarni rivojlantirish.
Pol Romer (1955 yilda tug'ilgan) va Robert Lukas (1937 yilda tug'ilgan) 1980 yillar oxiri va 1990 yillarning boshlarida Solou modelidan qoniqmagan holda endogen iqtisodiy o'sish nazariyasini yaratdilar. Bu nazariya texnologik taraqqiyotni matematik tushuntirishni nazarda tutar edi va o'z ichiga ishchilar faoliyati samarasini oshiradigan bilim, malaka va qobiliyatni ifodalaydigan inson kapitali tamoyilini ham olgan edi. Boshqa kapital shakllaridan farqli ravishda inson kapitalining rentabelligi o'sish tendentsiyasiga ega bo'ladi. Shuning uchun mamlakatning iqtisodiy o'sishi kapital to'plangan sari sekinlashmaydi va iqtisodiy o'sish sur'atlari kiritilayotgan kapital turiga bog'liq bo'ladi. Inson kapitalini oshiradigan omillar sifatida esa ta'lim va innovatsiyalar keltiriladi.
Agar barcha modellarni umumlashtirgan holda o'rganadigan bo'lsak, bugungi kunda ayni bir modelning iqtisodiyotda to'liq qo'llanilayotganligini ko'rishning iloji yo'q deb o'ylaymiz. Keynschilar bu borada iqtisodiy o'sishni modellashtirishda asosiy e'tiborni investitsiya va davlat boshqaruviga qaratsa, neoklassiklar davlat boshqaruvini inkor etgan holda barcha ishlab chiqarish omillarining samadorlik jihatlarini ustuvor deb hisoblashadi.
Bizning fikrimizcha biror davlat o'z iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish yo'lida ayni bir iqtisodiy o'sish modelini tanlamasdan, o'z mamlakat tabiiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda, aholining urf-odatlari, an'analari va mentalitetidan kelib chiqqan holda o'z iqtisodiy o'sish modelini ishlab chiqishi lozimdir. Shundan so'ng bu mamlakat iqtisodiyoti turli xil tashqi ta'sirlarga sezuvchanlik darajasi kamayadi va jahon iqtisodiyoti bo'ylab sodir bo'layotgan inqirozlarga qarshi chidamlilik darajasi yetarlicha yuqori bo'ladi. Bunga yaqqol misol sifatida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan rivojlanishning “O'zbek modeli”ni keltirishimiz mumkindir.
Yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida qo'lga kiritilayotgan yuksak natijalar, eng avvalo, yangidan-yangi zamonaviy tarmoq va ishlab chiqarish quvvatlarining yo'lga qo'yilishi, buning ta'sirida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining sezilarli darajada ortib borayotgani, yaratilayotgan mahsulot va ko'rsatilayotgan xizmat turlarining ko'payib, sifatining tubdan yaxshilanib borishi, bir so'z bilan aytganda, iqtisodiyotimizning yangicha mazmun va mohiyat kasb etib borishida mustaqil taraqqiyot yo'lining to'g'ri tanlangani, amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosat strategiyasining har tomonlama puxta asoslangan hamda xalqimizning fidokorona mehnati eng muhim va asosiy omil bo'lib xizmat qilmoqda. Bu omillarning yagona maqsad – yurt tinchligi va ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo'lida jamiyatimizning doimo hamjihat bo'lib kelayotgani o'ta murakkab mustaqil taraqqiyot yo'lini bosib o'tishda naqadar og'ir sinovlardan muvaffaqiyatli o'tishga imkon yaratdi. Birgina misol, 2008 yilda boshlangan, bugungi kunga qadar salbiy ta'sir va oqibatlari saqlanib qolayotgan, keyingi yillarda rivojlangan mamlakatlarda o'zining yangi “xuruji”ni namoyon etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi nafaqat ayrim mamlakatlar, balki dunyoning deyarli barcha qitьalarida iqtisodiy siyosatning zaif jihatlarini, ayniqsa, bank-moliya tizimining “mo'rt” bo'g'inlarini oshkor etib qo'ydi.