1. 2.Makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o'sishga ta'siretuvchi omillar
Ilmiy adabiyotlarda makroiqtisodiy barqarorlikka ta'sir ko'rsatuvchi omillarni belgilashga bo'lgan turli yondashuvlarni uchratish mumkin. Mutaxassislarning fikricha, makroiqtisodiy barqarorlikka iqtisodiy, siyosiy, demografik, ilmiy-texnik, tabiiy va boshqa omillar ta'sir ko'rsatadi. Demak, makroiqtisodiy barqarorlikni iqtisodiyotning bir-biri bilan o'zaro aloqador bo'lgan va bir-birini taqozo etadigan omillar ta'sirida shakllangan holati sifatida talqin qilish mumkin.
Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda mehnat resurslarining holati muhim ahamiyatga ega. YaIMni yaratishda qatnashadigan iqtisodiy resurslarning eng asosiylaridan biri bo'lgan mehnat resurslaridan to'liq foydalanilmaslik ishsizlikda namoyon bo'ladi. Makroiqtisodiy tahlilda mehnat resurslari emas, balki ishchi kuchi kategoriyasidan ko'proq foydalaniladi. Ishchi kuchi yoki iqtisodiy faol aholi deganda mehnatga layoqatli yoshdagi ishlayotgan va ishsiz yurgan aholining umumiy soni tushuniladi.
Ishsizlar – bu, ishchi kuchining bir qismi bo'lib, ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo'lmagan, lekin ishlashni hohlovchi va faol ish qidirayotgan aholidir.
Ishsizlik darajasi deb ishsizlarni ishchi kuchi soniga nisbatiga (% hisobida) aytiladi va uni quyidagi formula bilan aniqlash mumkin:
Ishsizlik darajasi = (ishsizlar soni / ishchi kuchi soni) x 100%
Ishsizlik darajasining oshishi natijasida iqtisodiyot potentsial YaIM hajmini ololmaydi. Shu sababli mamlakat miqyosida ishsizlikni uning tabiiy darajasida saqlash va tartibga solish iqtisodiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Ishsizlikning haqiqiy darajasi uning tabiiy darajasidan qanchalik yuqori bo'lsa, YaIM uzilishi shuncha ko'p bo'ladi. Shuning uchun ham potentsial hajmdagi YaIM haqiqiy YaIM dan katta bo'ladi. Ishsizlik darajasi asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlardan biri hisoblanib, u nafaqat mamlakatni iqtisodiy jihatdan, balki aholi farovonligi, uning yashash sifati va umuman olganda aholining ijtimoiy holatini ifoda etuvchi ko'rsatkichdir.
Makroiqtisodiy barqarorlik, ishsizlik darajasining pasaytirilishi bilan bir qatorda inflyatsiya sur'atlarining jilovlanishida va uning me'yor darajasida bo'lishiga erishishda namoyon bo'ladi.
Inflyatsiya (lotincha inflation – shishish, bo'rtish, taranglashish) – ma'lum davr mobaynida mamlakatda baholar o'rtacha (umumiy) darajasining barqaror o'sishi, pulning xarid qobiliyatini uzoq muddatli pasayishi. Umuman olganda, inflyatsiya pul muomalasi qonunlarining buzilish shakli sifatida makroiqtisodiy muvozanatning buzilishini, talab va taklif nomutanosibligini anglatadi. Inflyatsiya bozor iqtisodiyotining asosiy izdan chiqaruvchi omillari jumlasiga kiradi, uning sur'ati qanchalik yuqori bo'lsa, iqtisodiyotga xavfli ta'siri shunchalik katta bo'ladi. Inflyatsiya nafaqat pul muomalasining izdan chiqishi, balki butun takror ishlab chiqarish mexanizmining kasali, makroiqtisodiy buzilishlar natijasidir.
Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda fan-texnika yutuqlaridan keng foydalanish yirik tarkibiy o'zgarishlarga olib keladi, natijada tarmoqlar va sohalar bo'yicha ishchi kuchini talab etish va taqsimlashda ham katta o'zgarishlar bo'ladi. Qishloq xo'jaligi, undiruvchi sanoat hamda an'anaviy materiallar, ayniqsa, qora metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarishda band bo'lganlar soni keskin ravishda qisqaradi. Xizmat ko'rsatish sohasi iqtisodiyotning eng dinamik sektoriga aylanib, uning yalpi ichki mahsulotdagi hissasi ham, bu sohada band bo'lganlar soni ham ortib boradi.
Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda amalga oshirilayotgan tarkibiy o'zgarishlar orasida fan-texnika taraqqiyotini ta'minlaydigan, o'sishda nisbatan yuqori sur'atga ega bo'lgan tarmoqlar guruhini tashkil etish birinchi darajali diqqatga sazovordir. Bu guruhlardagi ishlab chiqarish tarmoqlariga kimyo, neftkimyosi sanoati, atom energetikasi, elektronika, radiotexnika sanoati, sof va o'ta sof materiallar, EHM lar, raqamli dasturlar bilan boshqariladigan stanoklar, robotlar, lazerli aloqa vositalari, nazorat qilish va boshqaruvning kompьyuter tizimlari va boshqalar kiradi.
Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda mehnat unumdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda korxonalardagi mehnat unumdorligi bir qator iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni yaratish orqali namoyon bo'ladi. Jumladan, mehnat jarayonini tashkil etish, boshqarish, xodimlarni moddiy rag'batlantirish, ishchi o'rinlarini avtomatlashtirish va h.k. Bu shart-sharoitlarning o'z vaqtida va to'liq ta'minlanishi pirovardida yaratilayotgan mahsulot va xizmatlar hajmining o'sishiga olib keladi.
Fan-texnika taraqqiyoti yutuqlaridan foydalanish makroiqtisodiy barqarorlikning asosini tashkil etadi. Bugungi kunda barcha rivojlangan mamlakatlar iqtisodiy o'sish modelida ushbu omilning ishtiroki beqiyosdir. Hozirda jahonning ko'plab mamlakatlari o'zlarining tovar bo'yicha raqobatbardoshliklarini oshirishni innovatsiyalardan foydalanish, ilmiy-texnikaviy salohiyatni yuksaltirish orqali yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish hisobiga ta'minlamoqda.
Biroq, keyingi yillarda respublikamizda fanga bo'lgan real moliyaviy ajratmalarning pasayish holati sezilmoqda. Hozirda mamlakatimiz sanoatidagi innovatsion jihatdan faol korxonalarning soni hamda sanoat mahsuloti umumiy hajmidagi ilmiy mahsulotning ulushi juda past 1-2 % atrofida bo'lmoqda. Shunga ko'ra, bugungi kunda fan va ishlab chiqarish sohalari o'rtasidagi integratsion aloqani yanada kuchaytirish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning o'z faoliyatida innovatsion ishlanmalardan foydalanishni rag'batlantirish iqtisodiy o'sishni ta'minlashning asosiy yo'llaridan hisoblanadi.
Makroiqtisodiy barqarorlikka erishish, kelgusida iqtisodiy o'sish uchun zamin hozirlaydi. Har qanday milliy iqtisodiyot kengaytirilgan takror ishlab chiqarish, ya'ni o'tgan yilga nisbatan ko'proq mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni o'z oldiga maqsad qilib qo'yadi. Yildan yilga aholi sonining ko'payishi, kishilar ehtiyojini kengaytirilgan ishlab chiqarishni shart qilib qo'yuvchi asosiy sabablardan biri hisoblanadi. Aynan kengaytirilgan takror ishlab chiqarish dinamikasi iqtisodiy o'sishning mohiyatini tashkil qiladi.
Iqtisodiy o'sish-muayyan davr mobaynida real YaIM hajmining o'tgan davrdagiga nisbatan oshishi, to'liq bandlilik sharoitiga mos keluvchi potentsial ishlab chiqarish darajasini uzoq muddatli ko'payishi tendentsiyasini anglatadi.
Iqtisodiy o'sish muayyan davr mobaynida mamlakatda tovar va xizmatlar ishlab chiqarish darajasining ijobiy o'zgarishidir. Boshqacha aytganda, iqtisodiy o'sish bu milliy iqtisodiyotda muayyan davr mobaynida (odatda bir yil) mahsulotlar ishlab chiqarish hajmining oshishidir.
Prezidentimiz I. Karimov barqaror iqtisodiy o'sish haqida shunday fikr bildiradilar: “Barqaror iqtisodiy o'sish bozor iqtisodiyotiga o'tishning birinchi asoslaridan biridir. Shuning uchun ham iqtisodiyotni barqarorlashtirish – iqtisodiy islohotlarimizni amalga oshirishning muhim shartidir. Iqtisodiyot barqaror ishlagandagina bozor munosabatlariga muvaffaqiyatli o'tish mumkin. Iqtisodiyotni barqarorlashtirish - bozorni shakllantirish yo'lidagi qonuniy va muqarrar bosqichdir. Biz iqtisodiyotni barqarorlashtira borib, bozor munosabatlarini normal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarnivujudga keltiramiz”.
Iqtisodiy o'sish jami taklifning o'sishini yoki boshqacha aytganimizda, haqiqiy va potentsial YaIM hajmining oshishini bildiradi. Iqtisodiy o'sishni aniqlash va hisoblash mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining eng muhim ko'rsatkichi - yalpi ichki mahsulotga bog'liq. Iqtisodiy o'sish muammosini o'rganish natijasida real ishlab chiqarish tizimi duch keluvchi-cheklangan resurslardan samarali foydalanish muammosiga yechim topiladi.
Iqtisodiy o'sish nafaqat mamlakat real daromadlarining o'sishi, shuningdek, jon boshiga to'g'ri keladigan real daromadlarning o'sishini ham anglatadi. Shu sababli ham iqtisodiy o'sish ikki xil usul bilan o'lchanadi.
Birinchi usulda iqtisodiy o'sish real YaIM ni o'tgan davrga nisbatan o'zgarishi sifatida aniqlanadi va mamlakatning umumiqtisodiy imkoniyatlari dinamikasini aniqlash uchun ishlatiladi.
Ikkinchi usulda iqtisodiy o'sish aholi jon boshiga to'g'ri keladigan real YaIM ning o'tgan davrga nisbatan o'zgarishi sifatida aniqlanadi.
Har bir mamlakat iqtisodiy o'sishga ta'minlashga intiladi, chunki iqtisodiy o'sish, birinchidan, milliy mahsulot hajmi va daromadning ko'payishiga, ikkinchidan, resurslardan samarali foydalanishga, uchinchidan, yangi-yangi ehtiyojlar va imkoniyatlarning paydo bo'lishiga, to'rtinchidan, xalqaro bozorlarda mamlakat nufuzining oshishiga olib keladi.
Iqtisodiy o'sish turli nuqtai nazarlar orqali o'rganilishi sababli, uning intensiv va ekstensiv turlarini ajratib ko'rsatish mumkin (1.2.1-rasm).Ekstensiv iqtisodiy o'sish moddiy ishlab chiqarishda foydalaniladigan resurslar hajmining oshishi natijasida kelib chiqadi. Boshqacha aytganda, ekstensiv iqtisodiy o'sish tabiiy resurslar, ishchi kuchi va kapital kabi ishlab chiqarish omillarini qo'shimcha jalb qilish va faqat ularning miqdoriy oshishi hisobiga ro'y beradi. Bunda ularning sifat va texnikaviy darajasi o'zgarmasdan qoladi.Aytaylik, mahsulot ishlab chiqarishni ikki hissa ko'paytirish uchun mavjud korxona bilan bir qatorda o'rnatilgan uskunalarning quvvati, miqdori va sifati, ishchi kuchining soni va malaka tarkibi bo'yicha xuddi shunday yana bir korxona ko'riladi. Ekstensiv rivojlanishda, agar u sof holda amalga oshirilsa, ishlab chiqarish samaradorligi o'zgarmay koladi.
Intensiv iqtisodiy o'sish esa ilmiy-texnikaviy bazani takomillashtirish va barcha ishlab chiqarish omillaridan samarali foydalanib mehnat unumdorligini oshirish orqali ta'minlanadi. Intensiv yo'l ishlab chiqarishga jalb etilgan resurslarning har bir birligidan olinadigan samaraning, pirovard mahsulot miqdorining o'sishida, mahsulot sifatining oshishida o'z ifodasini topadi.
Real hayotda intensiv va ekstensiv omillar sof holda, alohida-alohida mavjud bo'lmaydi, balki muayyan uyg'unlikda, bir-biri bilan qo'shilgan tarzda bo'ladi. Shu sababli ko'proq ustuvor intensiv va ustuvor ekstensiv iqtisodiy o'sish turlari haqida so'z yuritiladi.
Iqtisodiy o'sish bir qancha omillarga bog'liqdir. Iqtisodiy o'sish doimo iqtisodiy va noiqtisodiy omillar ta'siri natijasida kelib chiqadi. Iqtisodiy nazariyada iqtisodiy o'sish omillari deganda ishlab chiqarishning real hajmini ko'paytirish, o'sish samaradorligi va sifatini oshirish imkoniyatlarini belgilaydigan hodisalar va jarayonlar tushuniladi. Iqtisodiy omillarga foydalanilayotgan resurslar miqdorini oshirish va sifatini takomillashtirish omillari kirsa, noiqtisodiy omillar o'z ichiga siyosiy, harbiy, geografik, iqlimiy, milliy va madaniy omillarni oladi.
Iqtisodiy o'sishga ta'sir qilish mexanizmiga ko'ra omillar bevosita va bilvosita omillarga bo'linadi.
Iqtisodiy o'sishga bevosita ta'sir ko'rsatuvchi iqtisodiy omillarga quyidagilar kiradi:
- tabiiy resurslar soni va sifati;
- mehnat resurslari soni va sifati;
- asosiy kapital hajmi;
- texnologiyalar va ishlab chiqarishni tashkil etish;
- jamiyatda tadbirkorlik malakalarining rivojlanish darajasi;
Ikkinchi guruh omillari jamiyatdagi iqtisodiy o'sish potentsialini yuzaga chiqarish imkonini beruvchi omillar – talab va taqsimot omillari, ya'ni bilvosita omillar kiritiladi:
- bozorning monopollashuvi darajasining pasayishi;
- iqtisodiyotdagi soliq muhiti;
- kredit-bank tizimi samaradorligi;
- iste'mol, investitsiya va davlat xarajatlarining o'sishi;
- eksport hajmining o'sishi;
- iqtisodiyotda ishlab chiqarish resurslarini qayta taqsimlash imkoniyatlari;
- daromadlarni taqsimlashning shakllangan tizimi.
Iqtisodiy o'sishga ta'sir etuvchi muhim omillardan biri bu – investitsiya me'yori hisoblanadi. Investitsiya me'yori iqtisodiyotning sog'lomligini aks ettiradi va iqtisodiyotda modernizatsiyalashni va tarkibiy o'zgarishlarni amalga oshirishning asosi hisoblanadi. Modernizatsiya jarayonlarini amalga oshirayotgan o'tish iqtisodiyotiga ega va rivojlanayotgan mamlakatlarda investitsiya me'yori va iqtisodiy o'sish sur'atlari o'rtasida korrelyatsion aloqalar, bog'liqliq mavjud. Masalan, Xitoyda oxirgi 20 yil mobaynida iqtisodiy o'sish sur'atlari barqaror darajada bo'lishining sababi investitsiya me'yorining 41-45 foiz oralig'ida bo'lishi hisoblanadi. Tahlillar ko'rsatishicha, investitsiya me'yori o'tish iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda milliy valyutada va joriy baholarda hisoblanadi. Ushbu holat investitsiya me'yori miqdorining sun'iy ravishda oshishiga olib keladi. Ko'pchilik mutaxassislar fikricha, o'tish iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda, xususan Rossiyada, modernizatsiya jarayonlarini amalga oshirish, iqtisodiyotni innovatsiyaviy rivojlantirish yo'liga o'tkazish, barqaror iqtisodiy o'sish sur'atiga ega bo'lish uchun investitsiya me'yori 35-40 foiz atrofida, O'zbekistonda esa, 28-30 foiz atrofida bo'lishi kerak. Keyingi yillarda mamlakatimizda oqilona va har tomonlama puxta o'ylab olib borilayotgan investitsiya siyosati natijasida, iqtisodiyotimizga jalb qilinayotgan investitsiyalar, jumladan xorijiy investitsiyalar hajmi miqdor va sifat jihatdan takomillashib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |