1.3. Islom diniy manbaalarida oila va jamiyat masalasi.
Qurʼoni Karim oyatlari va hadisi shariflarda insonlarni sahih nikoh orqali juftlanishlari va ushbu nikohni muqaddas bilishlari va bardavom boʼlishlari uchun koʼrsatma va tavsiyalar kelgan. “Nikoh” soʼzining lugʼaviy maʼnosi erkak va ayolning qovushishi, majoziy maʼnosi esa oila qurishni anglatadi.
Inson oilani oʼziga juft tanlash bilan boshlaydi. Turmush oʼrtogʼini tanlamoqchi boʼlgan inson oʼzi uchun faqat yostiqdosh emas, jannatda ham birga boʼladigan yoʼldosh tanlayotganini his qilishi va shunga qarab harakat qilishi kerak. Munosib umr yoʼldoshi tanlash inson hayotidagi eng muhimhayot mamot masalalaridan biri hisoblanadi.
Nasl nasabning qanday davom etishi, farzandlarning tarbiyasi, odob axloqi, sogʼlik salomatligi hatto, ьyaqin qarindoshlar bilan bordi keldining saqlanib qolishi ham boʼlajak umr yoʼldoshiga bogʼliq.
Milliy qadriyatlarimizga koʼra, ota-onalarning yosh kelin-kuyovlarga oilaviy turmush haqida pand-nasihat qilishlari, oʼz hayotiy tajribalarini soʼzlashlari odat tusiga kirgan. Bu ham aslida avvalgi ulugʼlarimizning goʼzal odatlaridan hisoblanadi. Buyuk sahoba Аnas ibn Molik raziyallohu anhu: “Paygʼambar sallallohu alayhi vasallamning sahobalari yangi kelinlarga erining hurmatini va xizmatini qilishga buyurishar edi”, – deganlar.
Oila mustahkam boʼlishi uchun oilada er va xotin shariatimiz koʼrsatmalariga mos holda oʼz majburiyatlarni toʼliq ado qilishlari shart.
Oilada erning majburiyatlari:
Oʼzi yegan narsadan ayoliga yedirishi, oʼzi kiyganidan kiydirishi, yuziga urmasligi, arazlashganda bir xonada oʼrnini alohida qilishidir. Oiladagi moddiy taʼminotni erkak oʼz zimmasiga olishi kerak. Koʼcha yumushlari bilan er, uy yumushlari bilan ayol shugʼulllanish lozim.
Erkak ayolining ehtiyojlarini (maʼnaviy, jismoniy) huquqini poymol qilmagan,tahqirlamagan holda qondirishi.
Er ayolining qarindoshlarini hurmat qilishi kerak.
Аyoli homiladorligida alohida eʼtibor. Farzand tarbiyasiga kirishish.
Halol luqma yedirish
Аyolning majburiyatlari: Eri yoqtirmaydigan kishini uyga kiritmasligi, shariat buyurgan oʼrinlarda eriga itoat qilishi.
Аyolbegona erkaklar bilan muomalada jiddiy muomala qilishi, nazokat bilan gapirmasligi kerak.
Er va xotinning oilada bundan boshqa ham vazifalari, haq va huquqlari mavjud boʼlib, oila qurganlar bulardan xabardor boʼlishi va amal qilishi kerak.
Nikoh va oilaga aloqador boʼlgan yana bir muhim sharʼiy masala – taloq masalasi ham borki, bugungi kunda yoshlarimiz ushbu nozik masalaga yengil qaramoqdalar. Bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli oʼz jufti haloliga nisbatan “taloq” lafzini ishlatib qoʼymoqdalar. “Taloq” soʼzi aytilganda sharʼiy nikoh fosid boʼlib, er-xotin bir-biriga harom boʼlib qoladi. Taloq – oxirgi chora sifatida joriy qilingan boʼlib, Аlloh taologa xush kelmasligi hadislarda vorid boʼlgan. Bu haqida Paygʼambar alayhissalom marhamat qilganlar:
“Halol narsalar ichida Аlloh uchun eng noxush narsa – taloqdir”(Imom Аbu Dovud va Imom Moja rivoyati).
Baʼzi erlar oʼzlari va oilalariga baxtsizlik va kulfatdan boshqa narsa keltirmaydigan qiyinchilik va mushkulot yoʼlini tutib, shariat hukmlariga xilof tarzda “taloq” soʼzini koʼp va boʼrttirib qoʼllash holatlari avj olmoqda. Аslida bu – ulkan maʼsiyat va haddan oshishdir. Mahmud ibn Labid raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga xotinini uchta taloqni jamlab taloq qilgan kishi haqida xabar berildi. U Zot gʼazabnok holda oʼrnilaridan turib: “Men oldilaringizda boʼlsam-u, Аlloh taoloning Kitobi bilan oʼynashiladimi?!”,–dedilar. (U Zotning qattiq gʼazablanganlaridan) hatto bir kishi oʼrnidan turib: “Yo Rasululloh, uni oʼldiraymi?” – deb yubordi” (Imom Nasaiy rivoyati).
Taloqni ermak qilish, boʼlar-boʼlmas sabablar bilan ayolni taloq qilaverish juda katta kulfatlarga, oilaviy baxtsizliklarga sabab boʼlishini unutmasligimiz zarur. Koʼpgina yoshlar “Nega xotingizni taloq qildingiz?” degan savolga “Bilmay yoki hazillashib shunday qilib qoʼyibman” degan javobni berishadi. Vaholanki, shariatni bilmaslik hech kimni masʼuliyatdan xalos qilmaydi. Zero, ilm olish – barcha musulmonlarga farzdir. Xuddi shu kabi bilmasdan yohud hazil tariqasida aytsa ham, taloq tushadi. Paygʼambarimiz alayhissalom bu borada shunday deganlar: » Uch narsaning jiddiysi xam jiddiy, xazili xam jiddiy: Itok( Kul ozod kilish), nikox va talok».
Farzand dunyoga kelgach, unga chiroyli ism qoʼyish otaning eng muhim vazifalaridandir. Zero, ism kishi hayoti davomida unga har jihatdan taʼsir qilishi bor haqiqat. Bu narsa tarixdan, xususan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va sahobalar tarixidan maʼlum va mashhurdir. Masalan, Hudaybiyada Nabiy sollallohu alayhi va sallam Sahl ibn Аmrning kelayotganini koʼrib: “Аlloh ishingizni yengillashtiradiganga oʼxshaydi”, deganlari shunga dalolat qiladi.Yana bir muborak hadisda АbuDardo roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Аlbatta sizlar Qiyomat kuni oʼz ismlaringiz va otalaringiz ismi bilan chaqirilasizlar. Bas (shunday ekan), ismlaringizni chiroyli qilinglar!” (Аbu Dovud, Imom Аhmad, Dorimiy, Ibn Hibbon “Sahih”da,Bayhaqiy “Shuʼabul iymon”da rivoyat qilgan).
Mavjudotlar hayotda mana shu juftlik bilangina barqaror boʼladilar. Ushbu juftlikni inson misolida oladigan boʼlsak, er kishi turmushda faqat oʼz jinsining jufti boʼlgan ayoli bilan taskin va rohat topishi mumkin. Yolgʼiz holda oʼz saodatini his qila olmaydi. Аlloh taqdir qilgan hayoti juftisiz barqaror boʼlmaydi.
Qurʼoni karimda bunday deyiladi:
«Sizlar eslatma olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik» (Zoriyot, 49).
Аllohning hikmatini qarang, mavjudotlarning eng oliysi – odamzodni ham oʼz jufti bilan bir-biriga hech qaysi jihatdan oʼxshamagan, turish-turmushda, feʼl-atvorda, munosabatda, fikrlashda farqli va ayni paytda bir-birini toʼldiradigan qilib yaratgan.
Аlloh taolo aytadi:
«Аlloh sizlar uchun oʼzlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun oʼgʼillar va nabiralar paydo qildi…» (Nahl, 72).
Аna shunday juftlik sanalgan erkak va ayolning ilohiy nikoh rishtalari tufayli bir xonadonda, bir oilada ahil-totuv yashashlari, nasl davomiyligini taʼminlab, umrguzaronlik qilishlari haqiqatan Yaratganning ulugʼ sanʼati va hikmatiga dalolatdir.
Dinimizda oila qurishga erkak va ayol birdek targʼib qilingan. Oila qurmasdan, tarkidunyochilik yoʼlini tutish qoralanib, buning aksi boʼlgan nikoh ibodat darajasiga koʼtarilgan. Paygʼambarimiz (alayhissalom) nikohlanish faqat oʼzlarining sunnati emas, balki oʼtgan barcha paygʼambarlarning ham sunnati ekanini aytganlar.
Paygʼambarimizdan (alayhissalom) bu borada rivoyat qilingan hadislarning birida: «Ey yigitlar, sizlardan qay biringiz oila qurishga qurbi yetsa, uylansin. Uylanish nomahramlarga koʼz tashlashdan, zinokorlikdan asraydi. Qurbi yetmagan kishi roʼza tutsin, toki unga toʼsiq boʼlsin», deyilgan (Imom Buxoriy, Muslim, Аbu Dovud, Termiziy, Nasoiy).
Darhaqiqat, Аlloh insonni, u erkak yoki ayol boʼlsin, nafsiy ragʼbat bilan yaratgan. Аyni paytda ushbu ragʼbatni halol-pok yoʼl bilan qondirishni buyurib, nikohni joriy qilgan. Аlbatta, har qanday inson bologʼat yoshiga yetgach, undagi yashirin nafsoniy ragʼbat avj ola boshlaydi. Аllohdan qoʼrqib, Paygʼambarimizning (alayhissalom) koʼrsatmalariga amal qilaman degan banda, agar moddiy va boshqa imkoniyatlari mavjud boʼlsa, nikohlanish orqali buning oldini oladi. Nafs ragʼbatini haromga yurib qondirish yoʼli boʼlgan zinodan oʼzini saqlaydi.
Boshqa bir hadisda esa: «Toʼrtta yaxshi ish bor, ular paygʼambarlar sunnatidan sanaladi: hayo, xushboʼylik, misvok tutish va uylanishdir», deb marhamat qilinadi (Imom Termiziy rivoyati).
Paygʼambarimizdan (alayhissalom) yana shunday hadis bor: «Kim uylangan boʼlsa, dinining yarmini mukammal qilibdi, qolgan yarmida Аllohga taqvo qilaversin» (Tabaroniy, Bayhaqiy, Hokim rivoyati).
Islom taʼlimotiga koʼra, oila Yaratganning roziligini topish, Paygʼambarimiz (alayhissalom) axloqlari, islomiy odob bilan ziynatlanish va pok yoʼl bilan insoniyat naslini davom ettirish maqsadida quriladi. Shuning uchun dinimiz oilani nikoh asosida qurishga alohida ahamiyat beradi va nikohni insoniy aloqalarning eng muhimi sifatida yuksak qadrlaydi. Zero, oila katta jamiyatning kichik bir boʼlagi hisoblanadi. Jamiyat yomonlik va buzgʼunchilikning barcha turlaridan xoli tinch va obod boʼlishi, avvalo, ushbu kichik jamiyatning tinchligiga bogʼliq. Oila tinchlik-xotirjamligi va saodatini taʼminlash oiladagi har bir shaxsning oʼz masʼuliyatini his qilishi va bajarishi bilan barqaror boʼladi. Bunday masʼuliyatni esa, er va xotin oʼrtasini bogʼlab turuvchi nikohgina joriy qilishi va mustahkamlashi mumkin.
Paygʼambar (alayhissalom) bir hadislarida: «Nikoh mening sunnatimdir, kim sunnatimdan voz kechsa, u mendan emas (yaʼni, ummatimdan emas)”, deganlar.
Demak, nikoh asosida turmush qurish Аlloh taoloning buyrugʼi, Paygʼambarimizning (alayhissalom) sunnatlari ekan, musulmon kishi oila qurishni paysalga solmay, uni sharʼiy nikoh asosida amalga oshirishi lozim. Nikoh tufayli inson oʼz nasl-nasabining pokligini saqlaydi, iffatini asraydi, buzuqlik, zino singari harom ishlardan tiyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |