Turistik ob’ektlarni miqdor va sifat jihatdan baholash. - Turistik - rekreatsiya ob’ektlarini mutaxasislar asosan miqdor va sifat jihatdan baholashni taklif etishgan. Miqdor jihatdan baholashda turistik faoliyatda foydalanish mumkin bo’lgan turistik ob’ektlar hisobi olinadi hamda baholashda qo’yidagi xislatlar hisobga olinadi:
- Zahira ko’rsatgichi, ya’ni hududiy rekreatsion tizimning qabul qilish potensiali;
- Mavjud ob’ektlarni maydon ko’rsatgichi, ulardan rekreatsiya maqsadida foydalanish imkoniyati;
- Rekreatsiya ob’ektlaridan mavsum sifatida foydalanishning davomiyligi.
O’zbekistonda turizm sohasi rivojlantirishning istiqbollari va muammolar - Turizm boshqa sohalarga nisbatan tez taraqqiy etadigan tarmoqdir, chunki bu soha mamlakatimiz uchun unchalik katta investitsiyani talab qilmasdan rivojlanishi mumkin bo’lgan sohadir. Boshqa sohalar, jumladan havo, temiryo’l, avtomobil transporti, ovqatlanish va savdo shahobchalari, mehmonxonalar rivoj topsa o’sha joyda turistik ob’ektlar mavjud bo’lsa bemalol turizmni rivojlantirish mumkin.
- Turizm sohasidagi mutaxassislarning fikricha, u XXI asrda dunyo miqiyosida eng ustuvor foyda keltiruvchi sohaga aylanadi. Hozir u dunyo bo’yicha avtomobilsozlik va neftni qayta ishlash sohasidan keyin uchinchi o’rinni egallab turibdi. Bu soha dunyo sanoati va qishloq xo’jaligidan o’zib ketdilar.
- Turizmning tez rivojlanishiga yana bir sabab, u yuqori darajadagi katta ilmiy tadqiqot xarajatini (naukoyomkiy) va quvvatni ko’p sarf qiladigan (energoyomkiy) texnologiyani talab qilmaydi. Biroq, turizm boshqa sohalarni rivojlantirishni taqozo qiladi. SHu tufayli ushbu soha bilan ko’pgina xizmat ko’rsatuvchi sohalar bir-biri bilan uzviy bog’liq ravishda rivoj topmog’i lozim.
- Turizmning yuqori daromad keltiruvchi soha bo’lganligi tufayli ko’pgina davlatlar va tadbirkorlar uning rivojlanishi uchun katta e’tibor bermoqdalar. Ular yangi-yangi mehmonxonalarni qurmoqda, eskilarini rekonstruktsiya qilib ta’mirlamoqda, qaysiki ularni ham jahon standartlari talablariga moslashtirmoqda. Bunga birgina Samarqand shahrida qurilgan o’nlab shaxsiy mehmonxonalarni misol keltirish mumkin. Ular hech kimning ta’ziqi yoki ko’rsatmasisiz o’z tashabbuslari bilan qurilgan ob’ektlardir. Maqsadi shu sohani rivojlantirib katta foyda olish. Bu esa o’z navbatida, turizmni rivojlantirish uchun eng muhim omillardan biridir.
- Turistlarni ko’proq jalb qilish maqsadida dunyo tamadduni va tarixiy obidalar namunalarini qayta tiklash va asl holiga keltirish uchun ham katta e’tibor berilmoqda. Masalan, Samarqandda «Bibixonim» majmuasining qayta tiklanishi, Imom Al-Buxoriy, Motrudiy kabi allomalarimiz majmualarining qaytadan barpo qilinishi kabilar bularga misol bo’la oladi.
- Bu sohani rivojlantirish uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashga ham katta e’tibor berilmoqda. Mamlakatimizning bir qancha oliy o’quv yurtlarida (O’zMU, TDIU, UzDJTU, SamISI kabilar) turizm, xalqaro turizm, turizm menejmenti, turizm xizmatlari operatorligi, turizm marketingi kabi o’quv yo’nalishlari bo’yicha bakalavr va magistrlar tayyorlash yo’lga qo’yilmoqda. Bularning hammasi kelajakda mamlakatimizda turizmning rivojlanishi uchun asosiy omillardir.
- Turizmning rivojlanishiga nafaqat daromad keltiruvchi iqtisodiy, balki katta ijtimoiy soha deb ham qarash lozim. Agar xalqaro turizm o’z rivojini topsa xalqlar o’rtasidagi madaniy va ma’rifiy aloqalarning mustahkamlanishiga, turli millatlarning do’stlashishiga, davlatlar o’rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishiga, oxir-oqibatda dunyoda tinchlikning qaror topishiga ham muhim omil bo’ladi.
- Butun Yevropa birlashdi va birlashmoqda. Bu esa bir tomondan shu jarayonni tezlatsa, ikkinchi tomondan, turizmning rivojlanishiga katta omil bo’lib xizmat qilmoqda. Hozirgi paytda butun dunyo turistlarining 70 foizi faqat shu Yevropa mamlakatlariga to’g’ri kelsa, butun Osiyo, Afrika va Avstraliya mamlakatlariga esa, uning atigi, 10 foizigina to’g’ri kelmoqda. Bu mamlakatlarda turizmning tez rivoj topmaganligining asosiy sabablaridan biri, Yevropa andozalari darajasida xizmatning tashkil qilinmaganligi, ekologik va siyosiy muhitning ma’lum darajada bir qator emasligi, suv va havoning to’liq talabga javob bermasligidir.
-
- Bunday muammolar O’zbekistonda ham mavjud. Agar turistlar tarixiy obidalarni tamosha qilish bilan birga yoz paytlarida cho’milish va sof havoda sayr qilishni maqsad qilib qo’ysa, birinchi yo’nalish bo’yicha tegishli obidalarni, turistik ob’ektlarni topishimiz mumkin. Ammo chet mamlakatlardan kelib bemalol cho’miladigan suv havzalarimiz, miriqib dam oladigan, ekologik jihatdan to’liq talabga javob beradigan bog’, sun’iy o’rmonlarimiz yetarli emas. Albatta, toza havosi, ekologik jihatdan barcha talablarga javob beradigan betarkror tabiati va iqlimiga ega bo’lgan tog’larimiz bor. Ammo ular turistik ob’ektlar qatoriga kiritilmagan va turistik marshrutda o’z ifodasini topmagan. Buning ustiga tog’larda turistlarga servis xizmati deyarli tashkil qilinmagan. Bulardan ko’rinib turibdiki, turizmni rivojlantirish uchun o’zimizda hali ancha ishlarni amalga oshirishimiz lozim ekan.
- Turizmni rivojlantirishning yana bir muhim omillardan biri bu sohada reklamani yo’lga qo’yishdir. Ammo mamlakatimizda bu soha ham juda oqsoq holatda. Bir tomondan bu reklama ma’lum mablag’ni talab qiladi. Mablag’ esa, turistik tashkilotlar hali rivojlanib ulgurmaganligi tufayli, kamlik qilmoqda. Oqibatda bu soha, ayniqsa diqqatga sazovor yangi-yangi turistik ob’ektlar aholining, turistlarning diqqat e’tiboriga tushmasdan qolib ketmoqda. O’zimizda mavjud bo’lgan ko’pgina turistik ob’ektlarni nafaqat xorijiy, hatto o’zlarimiz ham to’liq bilmas ekanmiz.
- Mustaqillik yillarida birqancha alloma va avliyolarimizning qadamjoylari, qabr-maqbaralari qaytadan kashf etildi. Ammo uni ham aholining aksariyat qismi bilishmaydi. Masalan, Tayloq tumanida Xo’ja Darun, Urgut tumanida Imomi A’zam, Baxmal tumanida Mir Said Xalil, Fallaorol tumanida Sadir Vaqqos kabi avliyo va allomalarimizning maqbaralari tiklandi, yirik majmualar qurildi. Bu ro’yxatni yana ham davom ettirish mumkin edi. Bularning hammasi diqqatga sazovar, tarixiy ahamiyatga molik, ma’naviyatimizning tarixiy ildizlaridan dalolat beruvchi obidalardir. Ammo bu obidalar turistik marshrutga, diqqatga sazovor ob’ekt sifatida kiritilmagan. Bu joylarga faqat yerlik aholi ziyoratga boradilar, xolos. O’sha joylarning tarixini, uning barcha qirralarini aholiga tushuntirib beradigan gitlarning yo’qligi ham bu joylarning turistlar e’tiboridan chetda qolib ketishiga asosiy sabablardan biri bo’lib qolmoqda.
- Demak, turizm kompleksini rivojlantirishda asosiy yo’nalishlardan biri unga xizmat qiladigan kadrlar salohiyatini ham shakllantirish maqsadga muvofiq. Buning ichida xalqaro andozalar darajasida xizmat ko’rsatadigan servis sohasi, gitlar kabi mutaxassislarga alohida ahamiyat berish lozim, deb o’ylaymiz.
- SHunday qilib, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish uchun turli yo’llar, vosita va omillar borki, ulardan tadbir bilan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
- Mamlakatimizda 300 dan ziyod kurortlar, 40 dan ziyod sihatgohlar, yuzlab dam olish uylari mavjud. Ammo bu ob’ektlarning aksariyati turizm sohasiga jalb qilinmagan. Biroq, juda ko’p kurortlarimiz ajoyib xushmanzara joylarda joylashgani bilan birga ko’pgina kasalliklarga davo hamdir. Lekin ta’kidlangandek, reklamaning yaxshi yo’lga qo’yilmaganligi, turistlarning ushbu joylarga umuman jalb qilinmaganligi birorta kurort ob’ektlarini xalqaro maydonga, dam olish zonasiga aylantira olgan emasmiz. Bu ham hali ancha ishlarni amalga oshirish lozimligidan dalolat beradi.
- Bizning mamlakatimizga turistik yo’l bilan kelish istagini bildirgan xorijliklarning soni 10,0 mln. kishini tashkil qiladi. Bu juda katta imkoniyat, endigi vazifa ana shu imkoniyatdan oqilona foydalanishda.
- O’zbekistonning yana bir muhim xususiyati shundaki, undan «Buyuk ipak yo’li» o’tgan bo’lib, uning markazi ham shu hudud hisoblanadi. Agar buni tiklab «Buyuk ipak yo’li bo’ylab» degan bitta marshrut tashkil qilinsa, bu ham turistlarni jalb qiladigan katta imkoniyat hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |