1-MA'RUZA. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda avariya xodisalarining oldini olish profilaktik chora-tadbirlarining asosiy yo‘nalishlari
1.1. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ temir yo‘llarida avariya xodisalarining oldini olish profilaktik chora-tadbirlarining asosiy yo‘nalishlari
Tayanch iboralar
Profilaktik chora-tadbirlar, “Tashishlarni tashkil qilish” boshqarmasi, avariya xodisasi, inson omili, vagon xo‘jaligi, yo‘l xo‘jaligi.
1.1.1. Umumiy qoidalar
Yuk va yo‘lovchi tashishda xalq xo‘jaligi korxonalarining ehtiyojlarini qondirish, jamiyat bo‘linmalarining barqaror ishlashini ta’minlash, shuningdek, harakat xavfsizligi, mehnat va texnologik intizomni ta’minlash, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, texnik jihozlarni doimiy ish tartibida saqlash uchun, avvalo, yo‘l, avtomatika, telemexanika, aloqa va elektrta’minoti xo‘jaliklarida muayyan ishlarni amalga oshirish kerak.
Bundan tashqari, tashish jarayonining bevosita ishtirokchilari bilim darajasini, texnik jihozlarni ta’mirlash va ishlatish texnologiyasini doimiy ravishda yaxshilash, jamiyatning barcha xodimlariga harakat xavfsizligi talablarini o‘rgatish va yangi mehnatni rag‘batlantirish shakllarini izlash bilan bog‘liq rasmiy vazifalarni bajarish nazoratini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi lozim.
So‘nggi yillarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ (“O‘TY” AJ)da qoidabuzarliklarning umumiy soni kamayishi tendensiyasi kuzatilmoqda, ammo asosiy harakat xavfsizligi qoidalarining buzilishi hamon inson omili natijasida kuzatilmoqda (1.1-rasm). Bu esa, hodisalarning oldini olish uchun joylarda profilaktik ishlar yetarli darajada tashkil etilmaganligini bildiradi.
1.1-rasm. Poyezdlar harakati xavfsizli buzilishi holatlarining tahlili
Jamiyatning rivojlanish strategiyasini amalga oshirish, poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yondashuvlarni o‘zgartirishni, barcha boshqaruv organlari va jamiyatning tarkibiy bo‘linmalarining nuqsonsiz ishlashi va o‘zaro hamkorligini ta’minlovchi chora-tadbirlar majmuasini joriy etishni talab qiladi.
Harakat xavfsizligi va tashish jarayonining ishonchliligini ta’minlash, xizmat vazifalarini bajarish vaqtida o‘rnatilgan me’yorlar va qoidalarga amal qilish bo‘yicha kadrlar mas’uliyatini oshirish, tashkilot tizimini takomillashtirish, mehnat samaradorligini, jamiyat kadrlar siyosati va salohiyatini oshirish, maqsadida “O‘TY” AJ tarkibiy bo‘linmalarida asosiy vazifalar etib quyidagilar belgilangan:
“Tashishlarni tashkil etish” boshqarmasi bo‘linmalarida: stansiyada oylik komission tekshiruvlar sifati, harakat xavfsizligi buzilishi va poyezdlar harakatiga bog‘liq bo‘lgan barcha xodimlar tomonidan nostandart vaziyatlarni kelib chiqishining oldini olish maqsadida stansiyalarni zamonaviy qurilmalar bilan jihozlash dasturini yanada takomillashtirish, bajariladigan ishlarni texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirish;
“Lokomotivlarni ekspluatatsiya qilish” boshqarmasi bo‘linmalarida: poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash va ishlab chiqarish intizomini mustahkamlash, lokomotivlarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish sifati ustidan nazoratni mustahkamlash, shuningdek, poyezd tormoz tizimini boshqarish uchun mashinistlar va ularning yordamchilari bilan individual ishlashni tashkil etish, marshrutda, depoda lokomotivlar aylanish punktlarida harakatlanayotgan poyezd brigadalari tomonidan mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalarini bajarish ustidan nazoratni kuchaytirish;
“Vagon xo‘jaligi” boshqarmasi bo‘linmalarida: vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish shohobchalari ishini takomillashtirish, poyezdlarni texnik tayyorlash sifatini yaxshilash, tekshiruv va sinov vositalaridan samarali foydalangan holda vagonlarni ta’mirlashning rejali turlarini amalga oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va texnik vositalaridan foydalanish asosida harakatdagi poyezdlar ustidan nazoratni mustahkamlash;
“Yo‘l xo‘jaligi” boshqarmasi bo‘linmalarida: yo‘l ustki qismini ta’mirlash ustidan nazoratni kuchaytirish, joriy foydalanish jarayonida mexanizatsiyalashtirilgan yo‘l mashinalaridan va maxsuslashtirilgan yirik brigadalar yordamidan foydalanish, ta’mir texnologik jarayoniga to‘liq rioya qilish, relslar sinishi kabi holatlarni oldindan aniqlash maqsadida rels tekshiruv moslamalaridan unumli foydalanish, ta’mirlash ishlari jarayonida mehnat xavfsizligiga e’tibor qaratish;
“Signalizatsiya va aloqa” boshqarmasi bo‘linmalarida: avtoblokirovka, elektr markazlashtirish va saralash tepaliklari markazlashtirish postlarida texnik uskunalarning benuqson ishlashini ta’minlash, signallashtirish qurilmalarini o‘z vaqtida ta’mirlash, barcha SMB (signallashtirish, markazlashtirish va blokirovka) uskunalarining ishonchliligini oshirish, harakatdagi tarkiblari buksa tekshiruv qurilmalarini ishonchligini tekshirish, temir yo‘l SMB qurilmalarini modernizatsiya qilish;
“Elektrta’minot” boshqarmasi bo‘linmalarida: tezyurar elektropoyezdlar va yuk poyezdlari benuqson harakatini ta’minlovchi elektr ta’minoti qurilmalarining ishonchliligini ta’minlash, texnologik jarayon va qoidalarga qat’iy rioya qilish, ishlarni “O‘TY” AJ me’yoriy hujjatlari talablariga asosida bajarish;
“Yuk va tijorat ishlari” boshqarmasi bo‘linmalarida: vagonlar yuk ko‘tarish qobiliyatidan ortiqcha yuk ortilishi, tijorat nosozliklari bilan yuklarni tashishga qabul qilish va yuklash sxemalarini buzish holatlarining oldini olish;
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ bo‘linmalarida: yo‘lovchi poyezdlarini reysga tayyorlash sifatini oshirish, yo‘lovchi vagonlarining tarkibiy qismlarini ta’mirlash qoidalariga rioya qilish, yo‘lovchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini so‘zsiz kafolatlash uchun yagona texnik tekshiruvlarni tashkil qilish, shuningdek yo‘lovchi poyezdlarining qulayligini oshirish.
“O‘TY” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari, boshqarmalar boshliqlari, mintaqaviy temir yo‘l uzeli unitar korxonasi (MTUUK)lari, uning tasarrufidagi korxonalar, tashish jarayonlarida harakat xavfsizligini ta’minlash va asosiy vazifalarini hal etish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi belgilangan:
- texnologik jarayonlar doirasida xavfsizlik standartlariga rioya etilishini ta’minlash;
- xodimlar o‘rtasida xizmat vazifalariga asosan mas’uliyatni taqsimlash;
- jarayonning kafolatlangan yo‘l harakati xavfsizligi ishonchliligini ta’minlashda barcha xodimlarning harakatlarini boshqarish va muvofiqlashtirish;
- mehnat jamoalarida kafolatlangan yo‘l harakati xavfsizligi va tashish jarayonining ishonchliligini oshirish bo‘yicha profilaktik ishlarni yuqori darajada amalga oshirish;
- har bir xodimning tashish jarayonining kafolatlangan yo‘l harakati xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan xizmat vazifalarini, qoida va talablarni bajarish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish;
- texnik va texnologik bazani takomillashtirish;
- ishlab chiqarish muhitini yaxshilash;
- inson resurslari samaradorligini oshirish va xodimlarni boshqarish tizimini rivojlantirish;
- temir yo‘l transporti faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish.
“O‘TY” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari, MTUUKlari rahbarlari, tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va inspektorlari harakat xavfsizligi va xavfli buzilishlar oldini olish uchun samarali chora-tadbirlar qabul qilishi va quyidagilarni nazoratga olishi kerak:
- manyovr ishlarini svetofor ko‘rsatkichlari asosida tashkil qilish;
- vagonlarni tormoz boshmoqlari bilan qotirish, poyezdlar harakatida, ayniqsa yo‘lovchi poyezdlari va xavfli yuklar ortilgan vagonlar bilan manyovr ishlarini bajarishda stansiya barcha xodimlari tomonidan so‘zlashuv reglamenti talablariga rioya qilish;
- belgilangan me’yordan ortiq yuk ortilgan vagonlarni tashishga qabul qilmaslik;
- yo‘l ustki qismiga xizmat ko‘rsatish vaqtida poyezd harakati uchun xavfli joylarni signal belgilari bilan chegaralash qoidalariga rioya qilish;
- poyezdlar harakati vaqtida relslar sinishini olini olish;
- xavfli hududlarda tezlikni cheklash bo‘yicha poyezdlarga ogohlantirishlar berish;
- har haftaning chorshanba kunlari “Harakat xavfsizligi kuni”ni o‘tkazish ishlarini rejalashtirish;
- stansiyalarda komission tekshiruvlar sifatini oshirish, ya’ni kamchiliklarning o‘z vaqtida aniqlanishi va bartaraf etilishini ta’minlash;
- harakat xavfsizligini ta’minlash masalalarida me’yoriy hujjatlar talablariga rioya qilish;
- kadrlarni tayyorlash va xodimlarni mehnatga manfaatdorligini oshirish;
- poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashda oylik profilaktik ishlarning shaxsiy rejalarini ishlab chiqish va vaqtida bajarilishini ta’minlash;
- “O‘TY” AJ rahbariyati topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash.
“Lokomotivlarni ekspluatatsiya qilish” va “Vagon xo‘jaligi” boshqarmasi boshliqlari, lokomotiv va vagon depolari boshliqlari, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” UK bosh direktori, “O‘zvagonta’mir” AJ raisi, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini ta’mirlash zavodi” AJ raisi, MTUUKlari boshliqlari quyidagilarni ta’minlashlari kerak:
- lokomotiv va vagonlardan foydalanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan buksa uzellari qizishi, avtotormoz tizimining nosozliklarini bartaraf etish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish;
- aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda lokomotiv va vagon depolariningssex va g‘ildirak-rolik bo‘limlarini yillik texnologik tekshirishlar o‘tkazish tartibini belgilash;
- kadrlar tayyorlash va personallarni boshqarish boshqarmasi bilan birgalikda lokomotiv va vagon depolar ustalari va chilangarlarining malakasini oshirishni ishlarini tashkil etish;
- lokomotiv brigadalari tomonidan xizmat lavozimlari va shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimining to‘liq bajarilishini ta’minlash;
- lokomotiv brigadalarining tuzilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
- lokomotiv brigadalariga reys oldi ko‘rsatmalari berilishi va tibbiy ko‘riklardan sifatli o‘tishini ta’minlash;
- lokomotiv brigadalarining ish va dam olish rejimiga qat’iy rioya qilish;
- lokomotiv va vagonlarni reyslarga tayyorlash sifatini oshirish, o‘lchash asboblari va maxsus uskunalar bilan to‘liq ta’minlash.
“Yo‘l xo‘jaligi” boshqarmasi MTUUKlari va yo‘l masofalari rahbarlari quyidagilarga mas’ul hisoblanadi:
- yo‘l ustalari va brigadirlari tomonidan sifatli joriy ishlarni amalga oshirilishi, hamda bu ishlarni xavfsiz bajarilishini nazorat qilish;
- yo‘l ustki qismi elementlari kamchiliklarini aniqlash yuzasidan komission tekshiruvlarini tashkil etish;
- tajribali yo‘l ustalari ishlash usulini o‘rganish va uni boshqa yo‘l masofalarida ham amalda qo‘llash;
- yo‘l o‘lchash vagonlari, defektoskop vagonlari va telejkalar ishini takomillashtirish, doimiy tahlillarini qilish hamda tegishli xodimlar malakasini oshirish choralarini ko‘rish;
- tekshiruvlarda aniqlangan kamchiliklarning o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida uchinchi va undan yuqori darajali kamchilikning ikki marotaba qaytarilganida MTUUK bosh muhandisi tegishli xodimlari, texnik va texnologik nazorat boshqarmasi yo‘l xo‘jaligi noziri ishtirokida joyiga chiqib chora ko‘rilishi, tekshiruv vaqtida ma’lum kilometrdagi holat qoniqarsiz baholanib, keyingi tekshiruvda takrorlansa joyiga shaxsan MTUUK tegishli rahbarlar bilan chiqib zarur choralarni ko‘rish;
- relslar butligiga ta’sir qiladigan joriy ta’mir ishlarini boshlashdan oldin shaxsan yo‘l masofasi boshlig‘i (yoki uning topshirig‘iga asosan o‘rinbosarlari) ishni olib borish rahbari bilan, texnologik jarayon, materiallar bilan ta’minlanganligi va joyiga materiallar etkazish masalalari, maxsus uskunalar mavjudligi, signal belgilarining o‘rnatilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berib tegishli jurnalga yozuvlarni kiritish;
- har yili bahorgi va kuzgi mavsumlarda barcha temir yo‘l kesishmalari holati tegishli xo‘jaliklar mutaxassislari, huquqni himoya qilish organlari va hududiy avtomobil transporti xodimlari bilan birgalikda komission tekshiruvdan o‘tkazish;
- huquqni himoya qilish organlari bilan birgalikda tasdiqlangan maxsus jadvalga asosan temir yo‘l kesishmalaridan avtomobillar haydovchilari tomonidan o‘tish tartibining bajarilishi yuzasidan tekshiruvlar tashkil etish.
“Elektrta’minot, signalizatsiya va aloqa” boshqarmalari hamda ularning yo‘l masofalari boshliqlari quyidagilarga mas’ul hisoblanadi:
- rels elektr zanjirlarining barqaror ishlashini, kommunikatsiya kabellarining butligini va harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash va ularni standart talablarga keltirish;
- elektrta’minoti qurilmalariga ko‘rsatiladigan profilaktik ishlarni oyma-oy rejalashtirish va yuqori sifatda bajarish;
- kontakt tarmog‘ini tekshirish vagoni (VIKS) tomonidan aniqlangan kamchiliklar tahlil qilinib, qoniqarsiz baholangan yo‘nalishlar elektrta’minoti xo‘jaligi mutaxassislari tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi va tegishli chora-tadbirlarni belgilashi;
- noqulay ob-havo sharoitlarida elektrta’minoti, signalizatsiya va aloqa vositalarining benuqson ishlashi uchun zahira yaratish;
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ bosh direktori va MTUUKlari rahbarlari quyidagilarga mas’ul hisoblanadi:
- yo‘lovchi va shaharlararo poyezdlarida yo‘lovchilarni tashishda harakat xavfsizligi talablarining bajarilishiga alohida e’tibor qaratish;
- yo‘lovchi va shaharlararo poyezdlari jadvalining bajarilishida kelib chiqqan muammolarning tezkor ravishda bartaraf etish choralarini ishlab chiqilishini tashkil etish;
- jadvaldan kech qolgan yo‘lovchi va shaharlararo poyezdlari harakatini tezlashtirish choralarini barcha poyezdlar harakatiga aloqador bo‘lgan xodimlar diqqatiga etkazish va tegishli choralar ko‘rilishini nazoratga olish;
- yo‘lovchi poyezdlarining maksimal darajada stansiyalar asosiy yo‘llaridan o‘tkazilishini ta’minlash (poyezd dispetcheri tomonidan berilgan buyruqqa asosan ularni mo‘ljallanmagan yo‘llardan o‘tkazish bundan mustasno) nazoratga olish;
- har bir yo‘lovchi poyezdlarining kirish svetoforlari oldida to‘xtab qolishi holatlari tegishli rahbarlar tomonidan ko‘rib chiqilishi va bunday holatlarning oldini olish choralari belgilanishini nazoratga olish;
- tegishli rahbarlar va nozirlar tomonidan yo‘lovchi poyezdlarini kuzatish xizmatlari amalga oshirilishini nazoratga olish.
Texnik va texnologik nazorat hamda mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari quyidagilarga mas’ul hisoblanadi:
- joylarda harakat xavfsizligi va mehnat muhofazasi talablarining bajarilishi, texnik vositalarning benuqson ishlashi, yo‘l qo‘yilgan harakat xavfsizligi buzilishi holatlari yuzasidan ob’ektiv xizmat tekshiruvlari olib borilishining oldini olish ishlarini doimiy amalga oshirish;
- ushbu boshqarmalar xodimlariga berilgan imtiyozlardan unumli foydalangan holda harakat xavfsizligi va mehnat muhofazasi talablarining bajarilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish;
- qo‘yilgan kamchiliklarning takrorlanmasligi, texnik vositalarning holatlari va o‘rnatilgan talablarga amal qilinishini ta’minlash;
- rejaviy tekshiruvlar sifatli va o‘rnatilgan muddatlarda, ya’ni MTUUKlari bo‘yicha nozirlar tomonidan har yili, xo‘jaliklar bo‘yicha bosh mutaxassislar tomonidan ikki yilda bir marta o‘tkazilishini nazoratga olish;
- rejaviy tekshiruvlar natijasida tuzilgan dalolatnomalar MTUUKlari tegishli rahbarlari va xodimlari orasida keng ko‘lamda ko‘rib chiqilishi va qoniqarsiz korxonalar va stansiyalar rahbarlariga nisbatan intizomiy chora ko‘rilishi yuzasidan takliflar kiritish;
- tegishli boshqarmalar bilan birgalikda etakchi davlatlarda qo‘llaniladigan zamonaviy fan va texnika yutuqlarining temir yo‘l tizimiga tadbiq etish mumkinligi ko‘rib chiqish.
“Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash” boshqarmasi rahbari tegishli boshqarmalar bilan birgalikda harakat xavfsizligi talablarining bajarilishi yuzasidan doimiy ravishda mutaxassislar malakasini oshirish ishlarini tashkillashtiradi.
“Temiryo‘lchi” gazetasi bosh redaktori harakat xavfsizligi talablarining buzilishi holatlari ommaviy ravishda gazetada chop etilishi va barcha xodimlar orasida tashviqot ishlarini amalga oshirilishiga bevosita mas’ul hisoblanadi.
Boshqarmalar, MTUUKlari rahbarlari har bir rahbarning harakat xavfsizligi va mehnat muhofazasi talablarining bajarilishiga qaratilgan lavozim yo‘riqnomalari o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqarilishi va ularning “O‘TY” AJ rahbariyati tomonidan tasdiqlanishini ta’minlashi, ya’ni: boshqarmalar va MTUUKlari rahbarlari o‘rinbosarlarining lavozim yo‘riqnomalari “O‘TY” AJ boshqaruvi raisining tegishli o‘rinbosarlari tomonidan tasdiqlanishi, boshqarmalar va MTUUKlari rahbarlari lavozim yo‘riqnomalari “O‘TY” AJ boshqaruvi raisi tomonidan tasdiqlanishi ta’minlashi lozim. Bundan tashqari boshqarmalar va MTUUKlari rahbarlari har yili harakat xavfsizligi va mehnat muhofazasi talablarining bajarilishi yuzasidan chuqur tahlillar natijasida tashkiliy-texnik chora-tadbirlar ishlab chiqadi.
Yuqorida sanab o‘tilgan umumiy qoidalarning bajarilishi ustidan nazorat “O‘TY” AJ boshqaruv raisining o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladi.
1.1.2. Profilaktika chora – tadbirlarining asosiy yo‘nalishlari
Temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash bir nechta quyidagi profilaktik tadbirlar majmuasini amalga oshirish orqali ta’minlanadi:
1) xodimlarni belgilangan me’yorlar va kasbiy talablarga mos ravishda jamlash va ish o‘rinlariga joylashtirish;
2) poyezdlar harakati bilan bog‘liq bo‘lgan ish o‘rinlariga nomzodlarni kasb malakasi bo‘yicha tanlab olish;
3) ilmiy jihatdan asoslangan holda mehnatni tashkil etish va ishlab chiqarishni boshqarish;
4) mehnat va texnologik intizomini mustahkamlash hamda ijtimoiy masalalarni hal qilish;
5) poyezdlar harakati bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlarni davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turish va lokomotiv brigadalarining reysdan oldingi sog‘liqlari holatini nazorat qilib borish;
6) xodimlarni texnik tayyorlash mashg‘ulotlarini tashkil etish va ularni malakasini oshirish hamda nostandart vaziyatlarda harakatlanishlari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar xosil qilish;
7) poyezdlar harakati bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlarni TFQ, me’yoriy dalolatnomalar va kasbiy yo‘riqnomalar talablarini bilishlari bo‘yicha davriy tekshiruvlardan o‘tkazib turish;
8) harakat xavfsizligi holatini tahlil qilish, undagi “zaif” joylarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
9) poyezdlar harakati va manyovr ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlar uchun navbatdan tashqari (jumladan tungi) tekshiruvlarni muntazam ravishda o‘tkazish;
10) har xaftada “Harakat xavfsizligi kuni” tadbirlarini o‘tkazib turish;
11) harakat xavfsizligini ta’minlash uchun moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish shakllaridan keng foydalanish, shuningdek brak, avariya yoki halokat natijasida yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgarlikni qo‘llash;
12) harakat xavfsizligi buzilgan har qanday holatni belgilangan tartibda tekshiruv natijalarini tahlil qilish yo‘li bilan ko‘rib chiqish;
13) temir yo‘l transporti yo‘llarini, sun’iy inshootlarni, lokomotivlarni, vagonlarni, signalizatsiya va aloqa moslamalarini, elektr ta’minotini, temir yo‘l kesishmalarini va boshqa texnik vositalarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha doimiy ishlarni amalga oshirish;
14) texnik vositalarning ishlashida nosozliklar paydo bo‘lgan taqdirda, ularni bartaraf qilinishini nazorat qilish uchun quyidagi surishtiruv tartibini o‘rnatish:
- stansiya navbatchisi, texnik qurilmaning ishlashida nosozlik paydo bo‘lgan taqdirda, bu haqida darhol tegishli tarkibiy bo‘linma dispetcheriga va poyezd dispetcheriga xabar berishga majburdir. Ishga jalb qilingan tarkibiy bo‘linma dispetcheri darhol nosozlikni bartaraf etish choralarini ko‘rishi va bu haqida tarkibiy bo‘linma rahbariga xabar berishi shart;
- yo‘nalish bo‘yicha navbatchi dispetcheri texnik vositalari nosozligi haqida poyezd dispetcheridan ma’lumot olish bilan darhol texnik va texnologik boshqarmasining mas’ul hodimiga, tegishli tarkibiy boshqarmalar dispetcherlariga xabar berishi kerak;
- boshqarmalar va tarkibiy bo‘linmalar dispetcherlari, texnik vositalar faoliyatidagi nosozlik to‘g‘risida ma’lumot olgandan so‘ng, nosozlikni bartaraf etish va surishtiruvni olib borishda ishtirok etishga ma’sul bo‘lgan shaxslarning nosozlik paydo bo‘lgan joyiga chiqib, qatnashishini kuzatib boradi;
- nosozlik paydo bo‘lgan joyga kelganidan keyin 1 soat vaqtda xodim nosozlikni bartaraf etmaganda, yagona dispetcherlik markazi yo‘nalish bo‘yicha navbatchisi shaxsan MTUUK rahbariga, tegishli MTUUK texnik va texnologik nazorat boshqarmasi katta inspektoriga, tegishli boshqarmalar boshliqlariga so‘rovni ish jurnali (DU-58)ga vaqtni qayd qilgan holda xabardor qiladi. Ushbu MTUUK rahbarlari, tegishli boshqarmalari rahbarlari zudlik bilan tegishli temir yo‘l uzeli boshliqlarining nosozlik paydo bo‘lgan joyga ketishi uchun choralar ko‘radilar;
- nosozliklar poyezdlar harakatida ko‘p kechikishlarga olib kelganda,
2 soatdan oshiq nosozliklar bartaraf etilmaganda, yagona dispetcherlik markazi boshlig‘ining navbatchi o‘rinbosari texnik va texnologik boshqarmasi boshlig‘i bilan kelishilgan holda tegishli boshqarmalar boshliqlarini nosozlik joyiga jo‘natish yuzasidan tezkor buyruqni tayyorlaydi.
15) temir yo‘l transporti yo‘llari, sun’iy inshootlari, lokomotivlari, vagonlari, signalizatsiya va aloqa moslamalari, elektrta’minoti, temir yo‘l kesishmalari va boshqa texnik vositalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha doimiy ishlarni olib borish;
16) diagnostika tizmi va defektoskop uskunalaridan samarali foydalanish va soz holatda saqlash;
17) belgilangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rgan holda xavfsizlik vositalari va qurilmalarining (ALSN, PONAB, DISK, radioaloqa va boshqalar) holati va ishlatilishini tekshirishlarning tasdiqlangan jadvaliga muvofiq amalga oshirish;
18) harakat xavfsizligini oshirish davlat dasturi va sohadagi mavjud ishlanmalar bo‘yicha yangi qurilmalar, xavfsizlik qurilmalari va diagnostika tizimlarini yaratish va joriy etish bo‘yicha uzluksiz ishlarni amalga oshirish;
19) temir yo‘l transportining texnik vositalarini sertifikatlash va ularni ta’mirlash bo‘yicha korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash;
20) belgilangan ketma-ketlikda temir yo‘l kompaniyasi MTUUKlari va korxonalari xo‘jaliklarini tekshiruvlar va nazoratlardan o‘tkazish;
21) texnik vositalarning bahorgi va kuzgi tekshiruvlari natijalarini, xo‘jaliklar va xodimlarning qishgi va yozgi davrlarda tashishlarga tayyorligi darajasini ko‘rib chiqish;
22) o‘ta xavfli buzilishlarning oldini olish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish:
- ta’qiqlovchi signaldan o‘tib ketish;
- harakat tarkibini stantsiyalardan o‘z-o‘zidan chiqib ketishini oldini olish maqsadida mahkamlash tartibiga va poyezdlarni, jumladan yo‘lovchi va xavfli yuk ortilgan vagonlari mavjud poyezdlarni qabul qilish, jo‘natish va o‘tkazib yuborishda harakatlanish qoidalariga rioya qilmaslik;
- tormoz magistrallarining oxirgi krani yopilgan, shuningdek belgilangan me’yordan ortiq tormoz bosimiga ega bo‘lgan vagonlar bilan poyezdlarni jo‘natish;
- uzluksiz yo‘llarni saqlash va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda poyezdlar harakati uchun xavfli joylarni signallar bilan to‘sish qoidalariga rioya qilmaslik;
- yo‘lning holati tufayli ularning belgilangan tezlikda xavfsiz o‘tishiga kafolat bermaydigan uchastkalarda poyezdlar tezligini cheklamaslik;
- g‘ildirak juftlari o‘qlarining bo‘yinlari va vagonlar yurish qismlari boshqa elementlari sinishi;
- temir yo‘l kesishmalarida atotransport vositalari bilan to‘qnashuvlar.
23) harakat xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish uchun yangi shakllarni izlash va tadbiq etish;
24) halokatlarsiz ishlash malakalarini umumlashtirish va targ‘ib etish.
Nazorat savollari
1. “O‘TY” AJda avariya xodisalarining oldini olishda qanday profilaktik chora-tadbirlar o‘tkaziladi?
2. Profilaktik chora-tadbirlar deganda nima tushiniladi?
3. Harakat xavfsizligini ta’minlash uchun “Tashishlarni tashkil etish” boshqarmasi bo‘linmalarida qanday profilaktik chora-tadbirlar o‘tkaziladi?
4. Harakat xavfsizligini ta’minlash uchun “Lokomotivlarni ekspluatatsiya qilish” boshqarmasi bo‘linmalarida qanday profilaktik chora-tadbirlar o‘tkaziladi?
5. Temir yo‘l stansiyalarida manyovr ishlari svetofor ko‘rsatkichlari asosida tashkil qilinishini kimlar nazoratga oladi?
6. Profilaktika chora-tadbirlarining asosiy yo‘nalishlariga nimalar kiradi?