1- MAVZU. “OʻZBEKISTON TARIXI” FANINING PREDMETI. FANNING NAZARIY-USLUBIY ASOSLARI VA MANBALARI
Asosiy tushuncha va iboralar: tarix fani; metodologiya; fan predmeti; tarix fani funksiyalari; metodologik yondashuv; tarixiylik va ijtimoiy yondashuv prinsipi.
1.1. Oʻzbekiston tarixi fani predmeti. Fanning nazariy-uslubiy asoslari
Oʻzbekiston tarixi avvalo Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi bilan, qolaversa, butun jahon xalqlari tarixi bilan chambarchas bogʻlangan. Qadim zamonlardan buyon Oʻzbekistonimiz Markaziy Osiyo mintaqasidagi koʻpgina davlatlar bilan yagona iqtisodiy va madaniy makonda boʻlib kelgan. Bu jihatdan doimo oʻzaro ta’sirda va aloqada boʻlganlar, qoʻshilish jarayonini boshidan kechirganlar, ularning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy hayoti bir-birlari bilan uzviy bogʻliq oʻtgan. Shu sababdan Oʻzbekiston tarixini qoʻshni mamlakatlar tarixi bilan bogʻliq holda, bir xalqni ikkinchi bir xalqqa qarama-qarshi qoʻymagan holda oʻrganish taqozo etiladi.
“Oʻzbekiston tarixi” fanining predmeti xalqimizning qadimdan bugungi kunlarga qadar tarixiy yoʻlini, bu yoʻlda kechgan tarixiy jarayonlarni, ajdodlarimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy hayotini xolisona oʻrganishdan, tushuntirishdan iborat. Shu jihatdan “O‘zbekiston tarixi” fani quyidagi vazifalarni bajaradi:
– Ajdodlar hayoti bilan bogʻliq holda sodir boʻlgan voqealar rivojining mazmun-mohiyatini, sabab va oqibatlarini, asrlar davomida toʻplangan amaliy tajriba va saboqlarni;
– xalqning xalq, millat boʻlib shakllanish jarayonlarini, ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni, davlatlarning tashkil topishi va ularning ichki va tashqi siyosatini;
– xalqning mustaqil taraqqiyot yo‘liga kirishi, mustaqillik- yillarida milliy huquqiy, demokratik davlatchilik qurilishi, demokratik-fuqarolik jamiyatini shakllantirish, erkin bozor iqtisodiyotiga oʻtish, jahon hamjamiyatiga qoʻshilish va oʻz oʻrnini topish borasidagi faoliyatini oʻrgatadi.
Tarixiy voqea, hodisalarni oʻrganish, tahlil qilish va yoritishda ularga xolisona, haqqoniy, ilmiy yondashuv muhim metodologik prinsiplardir.
Xolislik qoidasi tarixiy voqea, hodisalarni oʻrganayotganda ular bilan bogʻliq boʻlgan barcha faktlarning hech bir istisnosiz butun majmuini birga olib tekshirishni, aniq, haqqoniy dalillarga asoslanishni talab qiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda, oʻzaro aloqada va munosabatda deb oʻrganish darkor.
Tarixni oʻrganishda tarixiylik prinsipi muhim ahamiyatga ega. Tarixiylik qoidasi voqea, hodisalarni oʻz davrining aniq tarixiy sharoitidan, oʻsha davr muhitidan, tarixiy rivojlanish jarayonidan kelib chiqqan holda oʻrganishni taqozo etadi. Har bir voqea, hodisani boshqa voqealar, hodisalar bilan bogʻlab oʻrgangandagina mazkur voqea hodisaning umumiy tarixiy jarayondagi oʻrnini toʻgʻri aniqlash, belgilash mumkin boʻladi. Har bir voqea, hodisaga umumiy tarixiy jarayonning bir qismi, boʻlagi deb qaramoq zarur. Masalan, bironta davlat faoliyatiga tarixiylik nuqtai nazaridan turib baho bermoqchi boʻlsak, u birinchidan qachon, qanday tarixiy sharoitda paydo boʻldi, ikkinchidan u oʻz taraqqiyotida qanday bosqichlarni bosib oʻtdi, uchinchidan uning tarixiy oʻrni, mavqei qanday, degan savollarga aniq javob berish zarur boʻladi.
Tarixni oʻrganishda yuqorida qayd etilgan metodologik prinsiplar bilan bir qatorda faktlarni taqqoslash, mantiqiy-qiyosiy xulosalar chiqarish, falsafiy tafakkur, davrlashtirish, sotsiologik tadqiqotlarni oʻtkazish, statistik, matematik va boshqa usullardan ham foydalanish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |