Dastlabki davlatlar
Bronza davriga kelib aholining ijtimoiy va iqtisodiy hayotida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Xususan, qadimgi aholi ishlab chiqarishning ma’lum bir sohalariga - dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikka ixtisoslashib bordi. Bu jarayon ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sishi va ularning bir erga to‘planishi uchun zamin yaratdi.
Qadimgi xo‘jaliklarning ixtisoslashuvi, sug‘orma dehqonchilikning rivojlanishi, metallning hayotga jadallik bilan kirib kelishi va yoyilishi, hunarmandchilikda turli tarmoqlarning rivojlanishi, o‘zaro ayirboshlash va savdo-sotiqning taraqqiy etishi natijasida jamiyat hayotida ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish kuzatiladiki, bu yuksalish ilk davlatchilikning asosiy poydevori hisoblanadi. Ahmoniylargacha bo‘lgan davrda ba’zi bir vohalar, asosiy o‘troq aholi joylashuvi o‘lkalari edi. Ularning hududlarida qishloqlar, sug‘orish inshootlari, o‘zlashtirilgan er maydonlari bor edi. Bir qancha shunga o‘xshash, daryolar vohalarida joylashgan va umumiy aholi joylashuv hududlari bilan bog‘liq bo‘lgan erlar Baqtriya, So‘g‘diyona, Xorazm kabi tarixiy viloyatlarni tashkil etgan.
“Katta Xorazm” (Avesto tilida Xvarizam, qadimgi fors tilida Xvarazmish, qadimgi yunon tilida Xorasmiya) davlatining hududiy joylashuvi va paydo bo‘lgan davri masalalari ancha munozarali mavzu. Arxeologik tadqiqotlar ayrim hollarda yozma manbalar ma’lumotlarini tasdiqlamaydi. Mil. avv. IX-VIII asrlar Xorazm madaniyati Amirobod nomi bilan mashhurdir. Bu madaniyatning me’morchilik yodgorliklari asosan chayla va yarim erto‘lalardan iborat bo‘lib mustahkam turar joylar uchramaydi. Xorazmdagi dehqonchilikning rivojidan darak beruvchi yirik sug‘orish inshootlari, mustahkam mudofaaga ega bo‘lgan turar joylar (Ko‘zaliqir, Ding‘alja) mil. avv VI-V asrlarga oiddir.
Mil. avv. VII asrning oxiri - VI asrda Xorazmda qurilish va hunarmandchilik ancha rivojlangan. Tadqiqotlar natijasida bu hududlardan bronza va temirdan yasalgan mehnat hamda harbiy qurollar, sopol urchuqlar, bronza igna, bigizlar, sopol idishlar topilgan. Bu topilmalar qo‘shni Marg‘iyona, Baqtriya va So‘g‘diyona topilmalariga o‘xshab ketadi.
Tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, O‘rta Osiyodagi ilk davlat uyushmalaridan biri Qadimgi Baqtriya davlatidir. Baqtriyaliklarning yurti Surxon vodiysi, Afg‘onistonning shimoli-sharqi, Tojikistonning janubiy hududlarida joylashib, turli yozma manbalarda Baxdi, Baqtrish, Baqtriyona, Baqtriya, Baxli, Baxlika deb tilga olingan.
Bronza davridagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish (Sopolli, Jarqo‘ton, Oltintepa va b.) keyingi davrlarda yanada jadallik bilan rivojlanadi. Natijada mil. avv. IX-VIII asrlarda Baqtriya hududida harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy birlashmalar tashkil topadi. Mil. avv. VIII-VII asrlarga kelib Qadimgi Baqtriya davlati SHarqdagi kuchli davlatlardan biriga aylanadi. Ushbu jarayonni arxeologik va yozma manbalar ma’lumotlari ham to‘la tasdiqlaydi. Ayrim tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, bu davr Baqtriya tarkibiga Marg‘iyona va So‘g‘diyona ham (tarixiy-madaniy birlik sifatida) kirgan bo‘lishi mumkin.
Turli manbalardagi So‘g‘da, So‘g‘uda, So‘g‘diyona nomlari bilan mashhur bo‘lgan qadimgi tarixiy-madaniy o‘lka hozirgi Zarafshon va Qashqadaryo vohalarini o‘z ichiga olgan. Ilk temir davri So‘g‘diyona hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanish jarayonlarini kuzatish mumkin. Bu rivojlanish jarayoni mil.avv. IX-V asrlarga oid ko‘p sonli manzilgohlar va ko‘hna shahar xarobalaridagi turli-tuman topilmalar va me’morchilik tuzilish bilan izohlanadi.
Ilk davlatchilikning eng asosiy belgilaridan bo‘lgan ko‘hna shahar xarobalari So‘g‘diyonadan to‘rtta (Erqo‘rg‘on, Afrosiyob, Uzunqir, Ko‘ktepa) topib o‘rganilgan bo‘lib, ular hozircha O‘zbekistondagi eng qadimgi rivojlangan shahar madaniyatini o‘zida aks ettiradi.
O‘zbek xalqi va uning ajdodlari ilk davlatchiligi taraqqiyoti o‘troq dehqonchilik xo‘jaligi va qadimgi shaharlar tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Ilk davlatlar tashkil bo‘lishida, jamiyat rivojlanishining ichki qonuniyatlaridan tashqari ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning yuqori darajasi- hunarmandchilik, almashinuv va savdoning kuchayib borishi, siyosiy qarama-qarshiliklar va harbiy to‘qnashuvlar ham ta’sir qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |