16-mavzu: O'rta Osiyoda Milliy hududiy chegaralanish: maqsad va mohiyati.
O'zbekiston SSRning tashkil topishi
Reja:
1.
O’rta Osiyo - Turkiston xalqlarining yagona va umumiy vatani «Markaz»ning tarixan
tarkib topgan uchta (Turkiston, Buxoro va Xorazm) davlatlarini tugatib urniga yangi
davlat tuzish goyasi (1920 y.).
2.
Milliy respublilapar va viloyatlar tuzishga ko’rsatma berilishi va uning siyosiy jixatdan
asoslanishi. TASSRni bo’lib tashlash, Buxoro xamda Xorazm Xalq Sovet
Respublikalarini tuzish uchun RKP (b) MK xamda Turkkomissiya o’tkazgan
tadbirlari, tuzgan loyixalari o’tkazgan tayzyiqdar va chiqargan qarorlari.
Turkkomissiya raisi Y. Rudzutak bilan Turor Risqulov boshchiligida bir gurux milliy
yetakchilar o’rtasidagi munozarali nizolar.
3.
Mintaqaviy milliy - xududiy jixatidan qayta tuzish masalasini partiya organlarida
muxokama qilinishi. O’rta Osiyo byurosi (Sredazbyuro)ning roli (1922-1923 yy.).
O’rta Osiyoni chegaralab bo’lish va milliy respublikalar tuzish masalasini Turkiston,
Buxoro va Xorazm respublikalari MIK xamda Kompartiya majlislarida muxokama
qilinishi va ularning chegarapanishga bildirgan roziliklari xamda qabul qilgan
rezolyutsiyalari.
4.
O’zbekiston SSR tuzilishi. Yer maydoni, axolisi. O’zbekiston SSRning SSSR tarkibiga
kirishi. Milliy - xududiy chegaralanish. Chegaradagi ziddiyatlar
.
Adabiyotlar.
1. I.Karimov. Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch. Toshkent: Ma’naviyat, 2008.
2. Mustabid tuzumning O‘zbekiston boyliklarini talash siyosati: tarix shohidligi va saboqlari.
Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Sharq, 2000.
3. Usmonov Q., Sodiqov M., Oblomurodov N. O‘zbekiston tarixi. I qism. – Toshkent:
Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002.
4. Tillaboyev S. Turkiston o‘lkasining boshqaruv tizimida mahalliy aholi vakillarining
ishtiroki (Farg‘ona viloyati misolida). – Toshkent: Fan, 2008.
5. Yunusova X. Toshkentda 1892 yilgi xalq qo‘zg‘oloni. Sariog‘och, 1998.
6.Eshov B. O‘zbekistonda davlat va mahalliy boshqaruv tarixi. – Toshkent: Yangi asr avlodi,
2012.
7. Shamsutdinov R., Karimov Sh., Ubaydullaev U. Vatan tarixi. (XVI-XX asr boshlari).
Ikkinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2010.
8. O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2003.
9. O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Akademiya, 2010.
181
10. O‘zbekistonning yangi tarixi. Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida.
Birinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2000.
11. Musayev N. Turkistonda sanoat ishlab chiqarishining vujudga kelishi va rivojlanishi
tarixidan (XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlari). – Toshkent: Iqtisod-moliya, 2011.
12. Ismoilova J. XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Toshkentning “Yangi
shahar” qismi tarixi. – Toshkent: Fan va texnologiya. 2004.
Bolsheviklar partiyasi bosh bo‘lgan sovet hokimiyati Turkistonda uzoqqa mo‘ljallangan o‘z
makkorona rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Shu maqsadni ko‘zlab u XX-asrning 20-yillari
boshlaridan bu zaminda mustamlakachilarga xos bo‘lgan “bo‘lib tashla, hokimlik qil” qabilidagi o‘z
milliy siyosatini hayotga izchil tadbiq etish yo‘lini tutdi. Sovet mutasaddilari o‘zlarining
niqoblangan soxta ishlari, yolg‘on-yashiq va’dalari va da’vatlari bilan mazlum millat kishilarini o‘z
hukmlariga bo‘ysundirishga, “yagona Turkiston uchun” kurash g‘oyasini yo‘qqa chiqarishga
intildilar.
Turkiston xalqlari o‘z milliy davlatchiligini tiklash va rivojlantirishga intilardi. 1920-yil
yanvarida bo‘lib o‘tgan Turkiston Kompartiyasining V o‘lka konferensiyasida Turkiston ASSR
Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi T.Risqulov so‘zga chiqib, mushtarak Turkiston g‘oyasini ilgari
suradi. Asosan turkiy xalqlardan iborat Turkiston Avtonom Respublikasini Turk Sovet
Respublikasi, Turkiston Kompartiyasini Turkiy xalqlar Kompartiyasi, deb o‘zgartirishni taklif
qiladi. Bu takliflar o‘lka ijtimoiy-siyosiy hayotida, RKP(b) Markazqo‘mi, uning siyosiy byurosi,
sovet hokimiyati doiralarida turli bahslarga sabab bo‘ldi. Shu bois “Turkiston masalasi” bir necha
bor Markazda muhokama qilindi. 1920-yil 13-iyunda T.Risqulov, N.Xo‘jayevlardan iborat
Turkiston xalqlari delegatsiyasi o‘z amaliy takliflari bilan bevosita sovet hukumati rahbari
V.I.Lenin qabulida bo‘ladi. Sovet hukumati rahbariyati va bu masalani 1920-yil 29-iyulida ko‘rib
chiqqan RKP(b) Markazqo‘mi Siyosiy byurosi Turkiston xalqlari delegatsiyasi iltimosnomasiga
ijobiy baho bera olmadi. Buning aksicha, sovet hukumati va partiya rahbariyati o‘lkadagi vaziyatni
tezlikda bartaraf etish uchun shoshilinch tarzda “Turkistonda hokimiyatni tashkil etish to‘g‘risida”gi
maxsus qarorni qabul qilib, bunda Turkistonda Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi, RSFSR
Xalq Komissarlari Soveti va RKP(b) Markaziy Qo‘mitasining doimiy vakolatxonasi bo‘lishi
kerakligi zarur, deb ko‘rsatildi. Mazkur qaror o‘lka hayoti ustidan nazoratni kuchaytirish, sovet
hokimiyati negizlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shunday qilib, o‘lka xalqlarining o‘z taqdirini o‘zi belgilash, o‘z milliy davlatchiligini o‘z
xohishlaricha huquqiy asosda tashkil qilish borasidagi yana bir urinishi barham to‘tirildi. O‘lka
xalqlarining orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga muvaffaq bo‘la olmagan Turkiston avtonom
Respublikasi hukumati raisi T.Risqulov tez orada o‘z lavozimidan iste’foga chiqishga majbur
bo‘ladi. Sovet Rossiyasi hukumati Turkistonning emin-erkin rivojlanish yo‘lidan ilgarilab borishini
emas, balki uning doimiy nazoratlari ostida bo‘lishini xohlardi. O‘lkaning mehnatsevar, jafokash
xalqi, uning boyliklari va tabiiy mineral resurslari Markaz foydasiga ishlashi, xizmat qilishi
ularning birdan-bir muddaolari edi. Hukmron Markaz tashabbusi bilan tashkil etilgan
Turkkomissiya, O‘rta Osiyo byurosi, O‘rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi singari nufuzli organlarning
o‘lka hayotining barcha jabhalarini o‘z nazoratiga olishi, o‘z iznlariga bo‘ysundirish borasida
harakat etib kelganligi boisi ham mana shundadir.
Ma’lumki, bolsheviklar boshliq sovetlar hokimiyati barcha usul va g‘oyaviy ta’sir vositalarini
ishga solib, mazlum millatlarni yagona bir qizil saltanat tarkibiga birlashtirish, shu asosda qudratli
ittifoq davlatini barpo etishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ydilar. Chorizmning mustamlakachilik
siyosatini boshqacha shakl va ko‘rinishlarda ustamonlik bilan davom ettirgan makkor sovet rejimi
sovet Respublikalari ittifoqini tuzishga, ularni RSFSR atrofiga ji’slashtirishga asosiy e’tibor qaratdi.
Sovet hukumati rahbari V.I.Lenin, yangi ittifoq RSFSRdan yuqori bo‘ladi va unga RSFSR ham
boshqa milliy Respublikalar kabi teng maqom va huquqlar bilan kiradi, degan fikrni bildirdi. Bu
sovetlarning yana bir o‘ziga xos hiylasi edi.
Nihoyat, RKP(b) MQ rahbarligida joylarda uzoq vaqt olib borilgan tashviqot-targ‘ibot ishlari
va ko‘rsatilgan tazyiqlar o‘z natijasini berdi. Ukraina, Belorussiya, Kavkazorti Federatsiyasi
Kompartiyalari, bu Respublikalarning sovetlar syezdlari RKP(b) Markazqo‘mining “SSSRni tuzish
to‘g‘risida”gi takliflarini qo‘llab-quvvatlashlarini bayon qildilar. 1922-yil 26-dekabrda sovetlarning
Butun Rossiya X-syezdi sovet Respublikalarini yagona sovet davlatiga birlashtirishni zarur deb
topdi.
182
1922-yil 30-dekabrda Moskvada Butunittifoq sovetlarining I-syezdi SSSRni tuzish
to‘g‘risidagi Deklaratsiya loyihasini ko‘rib chiqib, Deklaratsiya va Ittifoq Shartnomasini
tasdiqlaydi. SSSRning yuqori hokimiyat organlari – Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va hukumati
tuzildi. V.I.Lenin SSSR Xalq Komissarlari Soveti raisi etib tasdiqlandi.
Shunday qilib, oktabr to‘ntarishidan 5 yil o‘tgandan keyin 1922-yil 30-dekabrda SSSR tuzildi.
Uning ta’sischilari RSFSR, Ukraina, Belorussiya va Kavkazorti Federativ Respublikalari
hukumatlari bo‘ldilar. Keyinchalik uning tarkibi kengayib bordi. XX-asrning 30–40-yillari
boshlariga kelib bu ittifoq davlati tarkibi yangi Respublikalar hisobiga kengayib, u son jihatidan 15
taga yetkazildi. Shunday qilib, yer yuzi hududining 1/6 qismini egallagan qudratli sovetlar saltanati
vujudga keldi. Bu ittifoqqa asos solingan barcha dasturamal hujjatlarda tenglik, birodarlik
tushunchalari aks ettirilsada, biroq amalda u hukmron Markaz uchun butun-butun xalqlarning
taqdiriyu qismati, inon-ixtiyorini tamomila o‘z tasarrufiga bo‘ysundirishga xizmat qilgan tuzoq
rolini o‘tab keldi. Negaki, bu ittifoq uning tarkibiga kiritilgan har bir milliy Respublikalarning
amaldagi mustaqilligini barham toptirdi, emin-erkin rivojlanishiga g‘ov bo‘ldi. Bunday o‘gir
ayanchli qismatni O‘zbekiston va uning jabrdiyda xalqi ham o‘z boshidan kechirdi.
Turkiston qadimdan mintaqa xalqlarining yagona va umumiy vatani bo‘lgan. Turkiston,
Buxoro, Xorazm respublikalarining tub xalqlari asrlar davomida turmush tarzi va an’analari
jihatidan bir-birlariga juda yaqin bo‘lib ketgan edilar. Buxoro va Xorazm respublikalari 1924 yil
oxirigacha mustaqil davlat edi. Turkiston mintaqasi yagona hudud, tarixiy zamin, o‘z xo‘jaligi,
an’analari, dini, tili va madaniyatining mushtarakligi bilan ajralib turgan. Turkistondagi
davlatlarning har birida yuz yillar davomida turkiy xalqlar: o‘zbek, turkman, qoraqalpoq, qozoq,
qirg‘iz xalqlari, shuningdek, tojik xalqi azaldan yashaganligi tarixan tarkib topgan hodisa edi. O‘lka
xalqlari Turkiston tuprog‘ini qadimdan o‘zlarining asl vatanlari deb bilganlar. Mintaqa xalqlari
yagona va bir degan g‘oya (turkistonlik) avloddan-avlodga o‘tib, XX asr 20-yillarida Turkistondagi
milliy ziyolilar va millat yetakchilarining ijtimoiy-siyosiy qarashlari hamda amaliy faoliyatlarida
aks etgan.
Mustabid sovet rejimi va bolsheviklar uchun Turkiston mintaqasini bo‘lib tashlab, uni idora
qilish qulay edi. Shuning uchun ham dastlab Turkiston o‘lkasiga sovet “avtonomiyasi” berildi, ya’ni
Rossiya Sovet Federatsiyasi tarkibida 1918 yil 30 aprelda Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik
Respublikasi tashkil topdi. Bu paytda Buxoro amirligi va Xiva xonligi (1920 yildan boshlab Buxoro
Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi) mustaqil davlatlar edi. So‘ngra
bolsheviklar tomonidan Turkiston mintaqasini parchalab tashlash uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi.
Bu jarayon ayrim uzilishlar bilan 7 yil davom etdi.
Rossiyada fuqarolar urushi va chet el harbiy intervensiyasiga qarshi kurash yillarida (1918-
1922 yillar) Rossiya imperiyasining sobiq hududida mustaqil davlatlar (Polsha, Finlyandiya),
mustaqil milliy respublikalar (Litva, Latviya, Estoniya, Ukraina, Ozarbayjon, Gruziya,
Armaniston), sovet respublikalari (Belorusiya SSR va b.), muxtoriyatli hukumatlar (Turkiston
Muxtoriyati, Alash Orda, Boshqirdiston Muxtoriyati va b) tashkil topdi. Bundan tashqari, RSFSR
tarkibida turli avtonom sovet respublikalari (Turkiston ASSR, Qirg‘iziston ASSR(Qozog‘iston
ASSR) va b.) bor edi. Shuningdek, Rossiya imperiyasi va keyinchalik sovet Rossiyasining bevosita
hududiy tarkibiga kirmagan bo‘lsa ham uning ta’siri va nazoratida mavjud bo‘lib turgan Turkiston
mintaqasidagi milliy davlatlar (Buxoro amirligi, Xiva xonligi; 1920 yilda ularning o‘rnida tashkil
qilingan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi) mavjudligi bu
davrdagi real hodisa edi.
Yuqorida nomlari tilga olingan davlatlar va respublikalar bilan sovet Rossiyasi o‘rtasidagi
munosabatlar murakkab xarakterda bo‘lgan. Sovet hukumatining dastlab e’lon qilgan rasmiy
hujjatlaridan biri – “Rossiya xalqlari huquqlari Deklaratsiyasi” (1917 yil 2 noyabrda qabul qilingan)
yangi tashkil qilingan sovet Rossiyasi Xalq Komissarlari Soveti o‘z faoliyatida “Rossiya
xalqlarining o‘z taqdirlarini o‘zlari erkinlik bilan belgilashlari, hattoki ajralib chiqish va mustaqil
davlat tuzish huquqini” asos qilib olganliklari tantanavor ravishda e’lon qilingan bo‘lsa-da, aslini
olganda bolsheviklar Polsha va Finlyandiyadan boshqa xalqlar (Ukraina, Kavkaz, Turkiston,
Boltiqbo‘yi va b.)ga mustaqillik berishni xohlamaganlar.
Tadqiqotchi O. Chistyakov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, RSFSR bilan boshqa sovet respublikalari
o‘rtasida bir tomondan “mustaqil” aloqalar mavjud bo‘lsa, ikkinchi tomondan ular sovet Rossiyasi
izmi bilan ish ko‘rgan. Chunki bu respublikalarning vakillari Butunrossiya Sovetlari syezdlarida
183
ishtirok etib, RSFSR qonunchiligi bu respublikalar hududlarida u yoki bu darajada kuchga ega edi.
Bu respublikalardagi hukmron siyosiy partiya Rossiya Kommunistik partiyasi – RKP(b) Markaziy
Komitetiga bo‘ysungan. Bu respublikalarning armiyasi yagona qizil armiya tarkibiga, budjeti
RSFSR budjeti hisobiga kirgan. Rossiyaning hududi va aholisi (100 mln.kishidan ko‘p) qizil armiya
(5.5 mln. kishi)ning miqdorini bu “mustaqil” yoki avtonom sovet respublikalarining haqiqiy holati
va kuchi bilan solishtirish qiyin.
Sovet federatsiyasining asosiy qoidalari 1918 yil 10-18 yanvarda bo‘li o‘tgan Butunrossiya
Sovetlarining uchinchi syezdida yana bir marta e’lon qilindi. Ezilgan va ekspluatatsiya qilingan
mehnatkashlar huquqlari Deklaratsiyasida ko‘rsatilishicha, Rossiya Sovet Respublikasi ozod
millatlarning erkin ittifoqi asosida milliy Sovet Respublikalari Ittifoqi federatsiyasini tashkil etadi.
Unda Rossiyadagi har bir millat o‘z respublikasiga ega bo‘lishga haqli ekanligi e’tirof etilgan edi.
Moskvalik tadqiqotchi A.Vdovin yozganidek, bu deklaratsiyani amaliyotda qo‘llash tajribasi
butunlay boshqacha bo‘ldi. 1918 yil aprel oyida Turkiston Sovet Respublikasini tuzish bilan birga
kelgusida federatsiya subyekti sifatida milliy-hududiy avtonomiya (avtonom respublika yoki oblast)
tashkil etish ham ko‘zda tutilgan edi.
Ma’lumki, sovet rejimi tomonidan Turkiston mintaqasida faoliyat ko‘rsatgan Turkiston
Muxtoriyati hukumati 1918 yil fevralda, Alash-Orda Muxtor hukumati 1920 yil martda,
Boshqirdiston Muxtoriyati hukumati 1920 yil iyunda tugatildi. Bundan tashqari 1920-1921 yillarda
Ukraina, Ozarboyjon, Gruziya, Armaniston kabi mustaqil milliy respublikalar tugatilib, ularning
o‘rnida sovet respublikalari tashkil qilindi. Dog‘iston va Chechenistonda faoliyat ko‘rsatgan
Shimoliy Kavkaz amirligi, Tog‘li Respublika (ruscha hujjatlarda Gorskaya Respublika) ham 1920
yillarda bolsheviklarning harbiy kuchlari tomonidan ag‘darib tashlandi. Faqat Boltiqbo‘yida faoliyat
ko‘rsatayotgan mustaqil “burjua Litva, Latviya, Estoniya davlatlari” 1940 yilgacha o‘z
mustaqilliklarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldilar.
1922 yil 30 dekabrda Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi (SSSR) tashkil topdi. Sovet
davridagi tarixiy adabiyotlarda, xususan, XX asr 50-80 yillarida yaratilgan tadqiqotlarda keltirilgan
fikrlarga qarama-qarshi o‘laroq shuni ta’kidlash lozimki, yangi sovet davlati – SSSRning asoschisi
va g‘oyaviy tashkilotchisi V.I.Lenin bo‘lmay, balki bu davlat I.V.Stalin g‘oyalari asosida hamda
bevosita uning rahbarligida tashkil qilingan (SSSRda dastlab to‘rt respublika: RSFSR, Ukraina
SSR, Belorussiya SSR va Zakavkazye SFSR kirgan.) SSSRning tashkil qilinishi bilan Turkiston
o‘lkasining taqdiri uzil-kesil hal qilindi.
1920 yil boshlarida Turkiston komissiyasi Turkiston ASSRni milliy til belgisiga qarab bo‘lib
tashlash masalasini qo‘ygan edi. Turkiston Komissiyasining bu tezislariga qarshi chiqqan T.
Risqulov, N. Xo‘jayev va boshqa milliy yetakchilar ”panturkizm”, “panislomizm”, “burjua
millatchiligi” va “o‘ng og‘machilik”da ayblandi. Bu haqda sal oldin to‘xtalib o‘tildi.
V.I.Lenin 1920 yil may oyida Turkistonni Uzbekiya, Kirgiziya, Turkmeniyaga bo‘lingan
xaritasini (etnografik va hokazo xaritasini) tuzishni mutasaddi shaxslarga topshirgan. Shuning
uchun 1920 yil avgustda Turkiston ASSRning Yettisuv viloyati, Sirdaryo va Zakaspiy
viloyatlarining bir qismi yangi tashkil qilingan RSFSR tarkibidagi Qirg‘iziston ASSR (aslida
Qozog‘iston ASSR) ixtiyoriga berilgan. 1920-1924 yillarda mustaqil Buxoro va Xorazm
respublikalarini mavjud bo‘lib turishi Markazning vaqtinchalik murosa yo‘lini tanlaganligidan
boshqa narsa emas edi. Aslini olganda Sovet hukumatining rahbari V.I.Lenin sovet respublikalari
asosida SSSRni tashkil qilish prinsiplari to‘g‘risida 1922 yil kuzida to‘xtalar ekan, “qo‘shilishdan
oldin ajralish kerak”, deb masalani aniq qo‘ygan edi.
Markazning hukmronlik irodasini bajarishga da’vat etilgan Turkiston ishlari bo‘yicha maxsus
komissiya – Turkkomissiya zimmasiga o‘lkada milliy-hududiy chegaralanishni o‘tkazish va shu
asosda bu hududda bir qator sovet Respublikalarini tashkil qilish vazifasi yuklangan edi. RKP(b)
Markazqo‘mi kotibi Y.Rudzutak bu tadbirga bosh mutasaddi qilib belgilangan edi. Markaz
mo‘ljallayotgan milliy siyosat mazmuni, mohiyatidan xabardor bo‘lgan Turkistonning ilg‘or
ziyolilari o‘lka birligini zo‘r berib himoya qilishga urindilar. Biroq o‘lka jilovini qo‘lda mahkam
tutgan bo‘lshevik mutasaddilar ularning haqqoniy fikrlarini hisobga olmadilar. Yagona va mustaqil
Turkiston g‘oyasi uchun kurashgan vatanparvar kuchlar, milliy ziyolilar millatchilikda,
turkparastlikda, islomparastlikda va sovet hokimiyatiga qarshilikda ayblandilar va qoralandilar.
Shunday qilib, O‘rta Osiyoni milliy-hududiy jihatdan alohida Respublikalarga bo‘lib tashlash
masalasi bir necha bor Markazda, Turkiston, Buxoro, Xorazm Respublikalarida, ularning
184
kompartiyalari plenumlarida, RKP(b) MQning O‘rta Osiyo byurosi plenumlarida muhokama etilib,
mahalliy xalqqa ta’sir va tazyiqlar o‘tkazilib borildi. O‘rta O‘siyo Respublikalarida milliy-hududiy
chegaralanish loyihasini tayyorlovchi maxsus komissiya tuzildi. Loyiha RKP(b) MQ O‘rta Osiyo
byurosining 1924-yil 2-iyundagi yig‘ilishida muhokama etilib, asosan ma’qullandi.
Bundan norozi bo‘lgan mahalliy aholi vakillari, xususan, Xorazm Respublikasining bir guruh
mas’ul xodimlari, chunonchi, XKP MQ kotibi Odinayev, ichki ishlar noziri Abdusalomov,
Yoqubov; Turkiston va Buxoro vakillari Sultonbek Xojanov, Sanjar Asfandiyorov va boshqalar
yagona Turkistonni bo‘lib tashlash maqsadga muvofiq emas, deb e’tiroz bildirdilar. Ular Turkiston
xalqlari birligini saqlab qolishga qaratilgan “O‘rta Osiyo Federatsiyasini tuzish to‘g‘risida” taklif
kiritdilar. Shuningdek, 1924-yil 8-mayda RKP(b) MQga “Xorazmda milliy masalani hal etish
to‘g‘risida xat” kelib tushadi. Bu xatda ham Xorazm Respublikasini bo‘lib yuborish maqsadga
muvofiq emas, deyilgan edi. Biroq mahalliy xalqlarning talab va takliflari inobatga olinmadi.
Aksincha, 1924-yil 12-iyunda RKP(b) MQ Siyosiy byurosi “O‘rta Osiyo Respublikalarini milliy-
hududiy chegaralash to‘g‘risida”gi masalaga yana qaytib, uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul
qiladi. Munozaralar tobora qizib borganligi sababli vaqtincha Xorazm Respublikasida milliy-
hududiy chegaralanishni to‘xtatib turishga qaror qilindi.
Bu borada Xorazm Kompartiyasi va hukumati rahbarlariga har tomonlama ta’sir o‘tkazib
borildi. Ularning ko‘pchiligi vazifasidan olinadi, qolganlari partiya qaroriga qo‘shilishga majbur
bo‘ladi. Oqibatda 1924-yil 26-iyunda Xorazm Respublikasi rahbarlari Xorazm uchun ham milliy
chegaralanishning zarurligini “e’tirof” etadilar. Shundan so‘ng, 1924-yil 15-iyulda O‘rta Osiyo
byurosi milliy chegaralanish loyihasini tayyorlash va 1924-yil oktabr oyida uni o‘tkazish zarur,
degan xulosaga keldi. Bu qaror 1924-yil 14-oktabrda SSSR BMIQ tomonidan ham ma’qullanadi.
Shu tariqa, sovet hukumati va uning joylardagi mahalliy tashkilotlarining 1920–1924-yillar
davomida O‘rta Osiyoda olib borgan, xalqqa yolg‘on va’dalar berishni ko‘zda tutgan “lenincha
milliy siyosat”ni hayotga tatbiq etish bobidagi amaliy ishlari yakun to‘di. Buning orqasida
o‘lkaning tarixan tarkib topgan o‘ziga xos milliy xususiyatlari, hududiy yaxlitligi zavol topdi.
Uning hududlarini kichik-kichik milliy bo‘laklarga bo‘lish ishlari yakuniga 1924-yil 24-oktabrda
RKP(b) MQ plenumi so‘nggi nuqtani qo‘ydi.
Xullas, Turkiston mintaqasini milliy-hududiy jihatdan qayta chegaralash Markaz va RKP (b)
MK O‘rta Osiyo byurosi tomonidan ishlab chiqildi va 1924 yilda u o‘zining so‘nggi bosqichiga
kirdi.
1924 yil aprel-iyun oylarida markaziy organlar, mintaqaning uch respublikasidagi
kommunistik tashkilotlar va RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosida milliy chegaralanish masalalari
yuzasidan zo‘r berib ish olib borildi. Milliy chegaralanish masalalarini yanada batafsil va chuqurroq
o‘rganish uchun Turkiston va Buxoro Kommunistik partiyalari Markaziy qo‘mitalari huzurida
maxsus komissiyalar tuzildi. Bunday komissiya Markazning Turkistondagi vakolatli tashkiloti –
O‘rta Osiyo byurosi huzurida ham ish olib borgan. Shuningdek, bu komissiya huzurida kichik
komissiyalar ham tashkil etilgan edi.
Milliy-hududiy chegaralanishni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan kichik komissiyalarning
ma’ruzalari RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi komissiyasining 1924 yil 10 maydagi majlisida, 11
mayda esa RKP(b) O‘rta Osiyo byurosining maxsus majlisida tinglandi. O‘rta Osiyo byurosi,
maxsus komissiya va uning kichik komissiyalari ishining yakunlarini muhokama qilib, ular
tomonidan ishlab chiqilgan O‘rta Osiyoni milliy-hududiy chegaralanishining aniq rejasini
tasdiqladi. Unga ko‘ra:
“1. Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalarini milliy-hududiy belgilariga ko‘ra
chegaralash zarur deb topilsin, yangi tashkil etilayotgan milliy-hududiy birlashmalardan federatsiya
tashkil etilmasin.
2. O‘zbekiston va Turkmaniston respublikalari tashkil etilsin va ular mustaqil SSR
huquqlariga ega bo‘lsin va bevosita SSSRga kirsin. O‘zbekiston respublikasi doirasida Tojikiston
avtonom viloyati tashkil etilsin. Qirg‘iziston avtonom viloyati tashkil etilib, uning qaysi respublika
tarkibiga kirishi masalasi ochiq qoldirilsin.
3. Turkiston respublikasida yashaydigan qozoqlar hozirgi vaqtda mavjud bo‘lib turgan
Qozog‘iston avtonom respublikasiga kiritilsin”.
Turkiston o‘lkasini parchalab tashlashga qarshi chiqqanlar orasida milliy rahbar xodimlardan
tashqari Markazdan kelgan ayrim nufuzli vakillar ham bo‘lgan. Ana shunday kommunistlardan biri
185
G.Safarov bo‘lib, u o‘zining 1924 yil 25 aprelda “Turkestanskaya pravda” gazetasida e’lon qilgan
maqolasida Turkistondagi mavjud ahvolni batafsil ko‘rsatib, quyidagicha mulohazalarni keltirib
o‘tadi: “Turkistonni bo‘lish yengiltaklik bo‘lib, ba’zi oblastlar masalasida nizolar kelib chiqadi.
Chunki iqtisodiy jihatdan turli oblastlar bir-birini to‘ldiradi hamda juda ko‘p turli millatlar
yashaydigan aralash aholi punktlari mavjud. Shu masala yuzasidan ko‘plab muammolar kelib
chiqadi”.
Darhaqiqat, 1924 yili milliy-hududiy chegaralanish jarayonida milliy masala juda o‘tkirlashdi.
Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, bu xususda ahvol shu darajaga borib yetdiki, aholi o‘zining
millatini yashira boshladi. Ular o‘zlarini yashash joylaridan ko‘chirib, shu nomdagi respublikaga
jo‘natib yuborilishidan cho‘chir edilar.
O‘rta Osiyo byurosining mintaqada milliy-hududiy chegaralanishni o‘tkazilishi xaqidagi
qaroriga dastlab Xorazm respublikasi rahbarlari qarshi chiqdilar. 1924 yil 8 mayda O‘rta Osiyo
iqtisodiy konferensiyasiga qatnashish uchun Toshkentga kelgan Xorazm delegatsiyasining a’zolari
RKP (b) MK O‘rta Osiyo byurosining raisi nomiga “Xorazmda milliy masalaning hal qilinishi
to‘g‘risida yozishmalar” nomli hujjatni topshirdi. Bu hujjatga Xorazm Kompartiyasi Markaziy
Komiteti (XKP MK) mas’ul kotibi Q.Adinayev, XKP MK Ijroiya byurosi a’zosi Abdusalomov,
Xorazm respublikasining Toshkentdagi bosh elchisi Yoqubov, XSSR Gosplanining raisi Shulimov
va Xorazm hukumatining bir qator a’zolari qo‘l qo‘ygan edilar. Jumladan, hujjatda bunday
deyilgan: “Xorazm rayonining iqtisodiy jihatdan yaxlitligi, uning xususiyatlari va Turkiston
rayonlaridan farq qilishi, Xorazmning ayrim rayonlari tuzish mo‘ljallanayotgan milliy respublikalar
markazlari bilan uzviy bog‘lanmaganligi...” Xorazmni o‘z chegarasi doirasida mustaqil ma’muriy
siyosiy markaz sifatida qoldirishni taqozo etadi. Yozishma mualliflari Xorazm SSRga Turkiston
ASSRning Amudaryo viloyatini qo‘shish masalasini ham ko‘tardilar.
Xullas, bu maktubda Xorazmni mustaqil ma’muriy rayon sifatida o‘zining doirasida qoldirish
va Xorazmga Amudaryo viloyatini kiritish masalasi qo‘yilgan edi. Aslida bu Xorazm respublikasi
rahbariyatining chegaralanish o‘tkazilishini rad qilishi edi. Biroq O‘rta Osiyo byurosi xorazmlik
milliy rahbar xodimlarning fikrlarini qat’iyan rad qildi, byuro qabul qilgan qarorning birinchi
bandiga Xorazm respublikasini ham kiritdi. Shunga qaramasdan XKP MK Ijroiya byurosi 1924 yil
iyunda yuborgan telegrammasi bilan maktub mualliflarining nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatladi.
Xullas, xorazmlik milliy yetakchilar o‘z fikrlarida sobit qolib, bu masalada Markaz siyosatiga
qarshi chiqdilar.
Shu munosabat bilan RKP(b) MK Siyosiy byurosi 1924 yil 12 iyunda bo‘lib o‘tgan majlisda
chegaralanish materiallariga doir hujjatlarga tegishli tuzatishlar kiritishga majbur bo‘ldi. Siyosiy
byuro Xorazm respublikasini oldingidek o‘z holiga qoldirishga vaqtincha rozi bo‘ldi va bu haqda
qarorda yozib qo‘yildi. Shuningdek, Markaz bu haqda O‘rta Osiyo byurosiga tegishli topshiriqlarni
jo‘natdi.
Xullas, 1924 yil 12 iyunda RKP (b) MK Siyosiy byurosi “O‘rta Osiyo respublikalarini
(Turkiston, Buxoro va Xorazmni) milliy chegaralash to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqdi hamda
“Buxoro va Turkiston Kompartiyalari Markaziy komitetlari va Xalq Komissarlari Sovetlarining
takliflari” ni hisobga olib, quyidagicha qaror qabul qildi:
a) Turkiston, Buxoro va Xorazmning turkmanlar yashaydigan qismlaridan mustaqil
Turkmaniston respublikasi tuzilsin;
b) Turkiston va Buxoroning o‘zbeklar yashaydigan qismlaridan mustaqil O‘zbekiston
respublikasi tuzilsin;
v) Xorazm respublikasidan turkmanlarni ajratgan holda bu respublika o‘z holicha qoldirilsin.
Siyosiy byuro Turkistonning qozoqlar yashaydigan rayonlarini Qirg‘iziston ASSR (aslida
Qozog‘iston ASSR) bilan birlashtirishni, shuningdek, bevosita RSFSR sostaviga kiradigan Qora-
Qirg‘iziston (aslida Qirg‘iziston) avtonom viloyati va O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston
avtonom viloyatini tuzishni zarur deb topdi.
RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi o‘zining 1924 yil 10 avgustda bo‘lgan 322-majlisida byuro
kotibi Karklinning “Xorazm bo‘yicha amaliy takliflar” nomli ma’ruzasi asosida qaror qabul qildi.
Bu qarorda XKP MK Tashkiliy byurosi tomonidan 26 iyunda qabul qilingan Xorazmning o‘zbeklar
yashaydigan qismini O‘zbekiston Respublikasiga kiritish haqidagi “qaror” ma’qullandi. Xorazm
respublikasi tarkibidagi Qirg‘iz-Qoraqalpoq oblastiga munosabat masalasi ochiq qoldirildi.
186
RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi Markaz topshiriqlarini bajarishga intildi. Natijada 26 iyunda
Xorazm Kompartiyasi MKning yangilangan tarkibi milliy kommunistlar 9 iyunda chiqargan qarorni
bekor qildi va Xorazm uchun ham milliy chegaralanishning zarurligini e’tirof etdi. RKP(b) MK
Siyosiy byurosi O‘rta Osiyo byurosining taklifi bilan yana bu masalaga qaytdi va Xorazmni Buxoro
hamda Turkiston bilan bir qatorda milliy- hududiy chegaralanish jarayoniga qo‘shdi.
RKP(b) MK Siyosiy byurosining 1924 yil 12 iyunda qabul qilgan qaroridan boshlab milliy-
hududiy chegaralanishni tayyorlash jarayoni yangi bosqichga kirdi. 15 iyulda RKP(b) MK O‘rta
Osiyo byurosi yangi tashkil etiladigan milliy respublikalar va viloyatlarning muvaqqat byurosini
tashkil etdi.
Rejalashtirilgan yangi milliy tuzilmalarni mazmunan to‘ldirish, ularning hududlarini aniqlab
chiqish, chegaralarni ajratish va belgilash lozim edi. Bu ish birmuncha oldinroq RKP(b) MK O‘rta
Osiyo byurosi tashkil etgan Hududiy komissiyada, uning milliy kichik komissiyalarida va janjalli
masalalarni hal qilish uchun tuzilgan maxsus komissiyalarda boshlangan edi. Hududiy komissiya
tarkibiga Fayzulla Xo‘jayev, Sultonbek Xo‘janov, Abdulla Rahimboyev, Rustam Islomov,
Qayg‘usiz Otaboyev, Nodir Aytoqov, Y.Abdurahmonov, I.Aydarbekov, I.Vareykis, D.Manjara,
I.Mejlauk, X.Saxat-Muratov va boshqa siyosiy arboblar kirgan edi.
Hududiy komissiya (uning tarkibiga yangi tashkil etilayotgan respublikalar va viloyatlarning
yuqorida nomlari keltirilgan vakillari kirgan edi) majlislarining stenografik hisobotlari bu ishni
bajarganlardan birining obrazli ifodasi bilan aytganda, “aholini milliy guruhlarga ajratish”
muammolarining murakkabligi va xilma-xilligiga bugungi kunda chinakam baho berish
imkoniyatini tug‘diradi. Agar o‘zbek va turkman kichik komissiyalarining vakillari umuman bitta
nuqtai nazarda: chegaralanish asosida mustaqil “milliy sovet respublikalari” va avtonom viloyatlari
tashkil etilishini yoqlagan bo‘lsalar, Xorazm delegatsiyasi Xorazm respublikasining daxlsizligini
himoya qilishda davom etdi, qozoq kichik komissiyasi esa O‘rta Osiyo sovet respublikalari
federatsiyasini tuzish g‘oyasini yana bir marta ilgari surdi. O‘rta Osiyo hududini mo‘ljallanayotgan
milliy tuzilmalar o‘rtasida chegaralarga ajratib olishda yanada ko‘proq xilma-xillik ko‘zga
tashlandi. Chegaralanish uchun asos qilib olingan ikki prinsip - milliy-hududiy va iqtisodiy
prinsiplar O‘rta Osiyoda mavjud bo‘lgan sharoitga to‘g‘ri kelmadi. Hududiy komissiya a’zolari
oldiga hal etilishi qiyin bo‘lgan vazifalarni keltirib chiqardi, ular o‘rtasida norozilik va
kelishmovchiliklarni chuqurlashtirdi, ba’zida esa g‘alati va jiddiy vaziyatlarni yuzaga keltirdi.
Majlis qatnashchilari tayanch masalalarni ilmiy jihatdan yanada chuqurroq o‘rganib
o‘tirmasdan oddiy ovoz berish yo‘li bilan O‘rta Osiyo Federatsiyasi tashkil etilishi g‘oyasiga
(majlisda bu g‘oyani Sultonbek Xo‘janov asoslab bergan va himoya qilgan edi) qarshi fikr bildirib,
O‘zbekiston SSR va Turkmaniston SSRni tashkil etish va ularning bevosita SSSRga kirishini,
O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston avtonom viloyati va Qirg‘iziston avtonom viloyati tarkib
topishini yoqlab chiqdilar.
Hududiy komissiya faoliyatining natijalari RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosida va O‘rta Osiyo
kommunistik tashkilotlari rahbar organlarida muhokama qilindi. 1924 yil 14 sentabrda Turkiston
Kompartiyasi, Turkiston ASSR MIK va Taftish komissiyasining qo‘shma plenumida Hududiy
komissiyaning ishi to‘g‘risida komissiya raisi, TKP MKning mas’ul kotibi I.Vareykis ma’ruza qildi.
U o‘z ma’ruzasining kirish qismida milliy-hududiy chegaralanishning tepasida bolsheviklar
partiyasi turganligini zo‘r qoniqish hissi bilan ta’kidlaydi. Vareykis bundan tashqari ishchi va
dehqonlar ommasi o‘rtasida bu masala yuzasidan tashviqot kompaniyasi ochish zarurligini taklif
qiladi. Shunday qilib, mintaqa xalqlari o‘z taqdirlarini hal qilishi kerak bo‘lgan milliy-hududiy
chegaralanish jarayoniga endigina tortiladi.
TKP MQ, Turkiston MIK va Taftish komissiyasining qo‘shma plenumi Turkiston, Buxoro va
Xorazmning milliy-hududiy chegaralanishi rejasini umuman ma’qulladi, Hududiy komissiyaning va
RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosining qarorlarini tasdiqladi va mazkur rejani ko‘rib chiqish hamda
tasdiqlash uchun Turkiston ASSR MIKning favqulodda sessiyasini chaqirish haqida qaror qabul
qildi.
Shu tariqa, bunga qadar faqat partiya organlari tomonidan ko‘rib chiqilgan, tayyorlangan va
uzil-kesil hal etilgan masalani tasdiqlash uchun sovet organlariga berishga qaror qilindi.
Shuningdek, TKP MKning Qo‘shma plenumi bu masalaga doir o‘z rezolyutsiyasida “ishchilar va
dehqonlar ommasi orasida keng kompaniya ochish”ni taklif qildi, chunki I.Vareykisning
ma’ruzasida quyidagi fikrlarga alohida urg‘u berilgan edi. “ Masalaning siyosiy tomonlari xaqida
187
xulosa chiqarish imkoniyatiga ega emasmiz. Na Markaziy komitetda, na O‘rta Osiyo byurosida
aynan milliy hududiy chegaralanish g‘oyasi mahalliy aholiga qanday ta’sir qilganligi, singiganligi
haqida aniq to‘xtamga kelinmagan. Uning partiyaviy doiralardagi aks-sadosini bilamiz, ammo
partiyasizlar orasida qanday kechayotganligidan bexabarmiz. Bu masalani o‘rganish uchun
tadqiqotlar, tekshiruvlar o‘tkazmadik. Birorta syezd, konferensiya o‘tkazmadik. Bizku ularni
amalga oshirmadik, ammo aslida sovet siyosatini to‘g‘ri tashkil etish syezdlar o‘tkazilgandagina
risoladagidek bo‘ladi. Biz shularni bajarmagan ekanmiz biz faqatgina yuqorining, ya’ni partiyaviy
rahbariyatning fikriga egamiz. Bunday olib qaraganda partiyaning nuqtai nazari ham bizga
qorong‘u”.
Vareykisning bu mulohazasi juda muhim ahamiyatga egadir. Haqiqatan ham, yuqorida
ta’kidlab o‘tilganidek, o‘lka aholisi o‘sha paytga qadar o‘z taqdiri uchun g‘oyat ahamiyatli bo‘lgan
masalani muhokama qilishdan butunlay chetlashtirilib qo‘yilgan edi.
O‘rta Osiyo byurosi TKP, BKP va XKP Markaziy Komitetlariga mahalliy partiya
tashkilotlariga “chegaralanish bo‘yicha ham og‘zaki, ham yozma tashviqot kompaniyasi o‘tkazish
vaqtida internatsional kommunistik jihatlarga qat’iy amal qilish va chegaralanish vaqtida ayrim
millatlar o‘rtasida qandaydir masalada bo‘lmasin kelib chiqadigan milliy og‘machilikka yo‘l
qo‘ymaslik... chegaralanish masalalarini ko‘pchilik o‘rtasida muhokama qilish vaqtida RKP (b) MK
va O‘rta Osiyo Byurosining O‘rta Osiyo respublikalarining milliy chegaralanishi to‘g‘risidagi
qarorlariga qat’iy amal qilish...” vazifasini yuklashni taklif etdi.
XSSR ning Moskvadagi muxtor vakili Abdusalomov tomonidan 1924 yil 28 avgustda
VKP(b) MK Bosh kotibi I.V.Stalin nomiga yozilgan maktubda milliy-hududiy chegaralanish
xususida qiziqarli dalillar mavjud. Xorazm respublikasidagi milliy rahbar xodimlarning yetakchi
vakillaridan biri hisoblangan Abdusalomov Moskvadagi faoliyati davomida bolsheviklar
partiyasining dohiysi bilan bir necha marta uchrashgan, uning xarakterini yaxshi bilgan. Shuning
uchun ham Stalinga yozilgan bir varaqlik (2 bet) maktubda Abdusalomov dastlabki sovet
hokimiyatining Sharqdagi siyosati to‘g‘risida to‘xtaladi, so‘ngra Xorazmdagi davlatchilik tarixi,
Qadimgi Xorazm davlatining jahon tarixida tutgan o‘rni, bugungi kunda Xorazm respublikasidagi
siyosiy ahvol va xorazmliklar ruhiyatidagi o‘zgarishlar xususida so‘z boradi. Maktub muallifi
XSSRning Moskvadagi muxtor vakolatxonasiga uning huzuriga shu masala bo‘yicha maxsus
kelgan Afg‘oniston elchixonasining birinchi kotibi bilan bo‘lib o‘tgan suhbat to‘g‘risida ham
Stalinga ma’lumot berib, milliy-hududiy chegaralanish O‘rta Osiyo respublikalariga qo‘shni
davlatlar: Afg‘oniston, Eron, Turkiya kabi Sharq mamlakatlarida kuchli qiziqish, ayni paytda katta
xavotirga sabab bo‘layotganligi to‘g‘risida gapiradi. Abdusalomovning yozishicha, uning nazarida
bu masalani hal etish erta boshlangan. U bu masala bo‘yicha Sukerman bilan bo‘lib o‘tgan
suhbatdan qoniqmaganligi uchun Stalinga shaxsan murojaat qilgan. Afsuski, Stalinning javob
maktubi yoxud boshqa fikrlar to‘g‘risida arxivda ma’lumotlar saqlanib qolmagan.
VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosining 1924 yil 7 sentabrda bo‘lib o‘tgan 107-majlisida
byuroning birinchi kotibi I.A.Zelenskiy “Chegaralanish bilan bog‘liq masalalar to‘g‘risida” ma’ruza
qildi. Ma’ruzada O‘rta Osiyoda o‘tkazilayotgan milliy-hududiy chegaralanish bilan bog‘liq tadbirlar
xususida so‘z boradi. Majlisda hududiy komissiyaning 16 avgustdagi 2 protokoli, 21 avgustdagi 5
protokoli va 6 sentabrdagi 6 protokoli asosida yangi tuzilayotgan Turkmaniston SSRning
chegaralari tasdiqlanadi. Shuningdek, hududiy komissiyaning 21 avgustdagi 5 protokoli asosida
yangi tuzilayotgan O‘zbekiston SSRning Qirg‘iziston Respublikasi (aslida Qozog‘iston ASSR)
bilan chegaralari ham tasdiqlanadi. Bundan tashqari Hududiy komissiyaning 6 sentabrdagi 6-
protokoli asosida yangi tuzilayotgan Tojikiston avtonom oblastining chegaralari, 21 avgustdagi 5
protokoli asosida Qora Qirg‘iz (aslida Qirg‘iziston) avtonom viloyatining chegaralari va 21
avgustdagi 5 protokoli va 6 sentabrdagi 6 protokoli asosida Qoraqalpoq avtonom viloyatining
chegaralari hamda Amudaryo viloyati hududi tasdiqlanadi. Turli xalqlar aralash yashaydigan
hududlarni milliy respublikalar yoki viloyatlarning qaysi biriga kiritish lozimligi keskin
tortishuvlarga sabab bo‘ladi. Bu haqda arxiv fondlarida ko‘plab hujjatlar saqlanib qolgan.
O‘rta Osiyo byurosining 1924 yil 9 sentabrda bo‘lib o‘tgan 109-majlisida Buxorodagi
qirg‘izlar (aslida qozoqlar) masalasi bo‘yicha komissiyaning ma’ruzasi (ma’ruzachilar Znamenskiy
va Sergaziyev) tinglanadi. Ma’ruzada ko‘rsatilishicha, Buxoro viloyati, Karmana viloyatining
g‘arbiy qismi (Konimex) va Nurota viloyatlarida qirg‘izlar (qozoqlar) yashayotganligi uchun bu
yerda maxsus qirg‘izlar tumani (markazi-Nurota shahri) tashkil qilinishi lozim. Bu tuman markaziy
188
hokimiyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadi. Bu haqda majlisda maxsus qaror qabul qilingan va
ushbu qaror asosida keyinchalik maxsus Nurota uyezdi va Konimex avtonom rayoni tashkil etilgan.
1924 yil 15 sentabrda Turkiston ASSR MIK ning navbatdan tashqari sessiyasi ish boshladi.
Uning kun tartibida bitta masala: milliy-hududiy chegaralanish masalasi turardi. Mazkur masala
yuzasidan Turkiston ASSR Xalq Komissarlari Soveti raisi Rustam Islomov ma’ruza qildi. Bu
ma’ruza oldingi bosqichlarda ilgari surilgan barcha g‘oyalar va qoidalarni takrorlashdan iborat
bo‘ldi. Ma’ruzada O‘rta Osiyoda o‘tkazilayotgan milliy-hududiy chegaralanishni “millatlarning o‘z
taqdirini o‘zi belgilash prinsipi”ni to‘liq amalga oshirish, yangi “milliy davlat tuzilmalari”ni tashkil
etish sifatida tushunish kerakligiga asos solindi. Shu bilan birga R.Islomov ma’ruzasida, milliy-
hududiy chegaralanish “xalqlarning xohish-irodasini bildirish akti”, degan tezis birinchi bor
quyidagicha ochiq aytildi: “Turkiston xalqlari bilan birgalikda Buxoro va Xorazm xalqlari ham
milliy chegaralanish to‘g‘risida o‘z-xohish irodasini bildirdilar. Ular ham barcha o‘zbeklar,
qirg‘izlar va turkmanlarning yagona davlatga birlashtirish yo‘li bilan qilingan tarixiy adolatsizlik
oqibatlarini tuzatishga intilmoqdalar”. Turkiston ASSRdan tashqari BSSR va XSSR da ham milliy-
hududiy chegaralanish to‘g‘risida shunday qarorlar qabul qilindi.
1924 yil 14 oktabrda bo‘lgan Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi (RSFSR MIK) I
sessiyasida O‘rta Osiyodagi Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalari o‘rnida O‘zbekiston SSR
va Turkmaniston SSR, Tojikiston ASSR (O‘zbekiston tarkibida), Qoraqalpoq (Qoraqalpog‘iston)
avtonom viloyati va Qirg‘iz (Qirg‘iziston) avtonom viloyati tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul
qilindi. Nihoyat, 1924 yil 27 oktabrda bo‘lgan Butunittifoq Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi (SSSR
BMIK) II sessiyasi O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazish va yangi respublikalar
hamda viloyatlar tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Shunday qilib, 1924 yil sentabr-oktabr oylarida Turkiston mintaqasida o‘tkazilgan milliy-
hududiy chegaralanish O‘rta Osiyo respublikalari, sovet Rossiyasi va SSSR davlat hokimiyati
yuqori organlari qarorlarida qonun yo‘li bilan rasmiylashtirildi.
1924 yil 18 noyabrda Turkiston ASSR, Buxoro SSR va Xorazm SSR Markaziy Ijroiya
Qo‘mitalari maxsus qo‘shma qaror qabul qildilar va shu qarorga binoan o‘z vakolatlarini
O‘zbekiston SSR Sovetlarining Ta’sis qurultoyiga qadar ish ko‘ruvchi, Fayzulla Xo‘jayev raisligida
31 oktabrda tashkil etilgan O‘zbekiston SSR Muvaqqat inqilobiy komiteti (revkom)ga topshirdilar.
Bu komitet to‘rt oy davomida O‘zbekiston SSR tuzilishini boshqarib bordi.
O‘zbekiston SSR Revkomining 1925 yil 29 yanvardagi qaroriga ko‘ra yangi tuzilayotgan
respublikaning ma’muriy tuzilishi quyidagicha bo‘lgan: O‘zSSR 7 ta viloyat va alohida Nurota
uyezdiga bo‘lingan. Samarqand shahri poytaxt bo‘lishi kerak edi. Viloyatlar 32 ta uyezd, uyezdlar
esa 312 ta volostga bo‘lingan. Ma’lumotlarda keltirilishicha, bu paytda aholining soni 3.963.285
kishini, ya’ni O‘rta Osiyo aholisining deyarli yarmini – 48,7 foizini tashkil etardi. 1926 yilda
o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha respublikada istiqomat qiluvchi aholining tarkibi
quyidagicha edi: o‘zbeklar – 74,2%, tojiklar – 7,8%, ruslar – 5,6%, qozoqlar – 2,4%, qirg‘izlar –
2,04%.
Shunday qilib, 1924 yil oxiri va 1925 yil boshlarida Turkiston ASSR, BSSR va XSSR
tugatilib, ularning o‘rnida O‘zbekiston SSR, Turkmaniston SSR, Tojikiston ASSR (1929 yilgacha
O‘zbekiston SSR tarkibida), Qora-Qirg‘iz (Qirg‘iz) avtonom viloyati (RSFSR tarkibida),
Qoraqalpoq avtonom viloyati (dastlab Qozog‘iston ASSR tarkibida; 1930 yildan RSFSR tarkibida;
1932 yildan Qoraqalpog‘iston ASSR; 1936 yildan u O‘zbekiston SSR tarkibida) tashkil etildi. 1924
yil oxiri va 1925 yil boshlarida sovet rejimi va bolsheviklar Turkiston mintaqasini parchalab
tashlab, O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanishni amalga oshirdi.
1925 yil 13-17 fevralda Buxoroda bo‘lgan O‘zbekiston SSR Sovetlarining 1-qurultoyida
“O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tashkil etish to‘g‘risida Deklaratsiya” qabul qilindi.
Deklaratsiya O‘zbekiston SSRning tashkil topganligini qonunan rasmiylashtirdi va uning ixtiyoriy
ravishda SSSR tarkibiga kirganligini e’lon qildi. Deklaratsiyada yozilganidek, “shu kundan
e’tiboran o‘zbek xalqi tarixida, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo, Zarafshon,
Surxondaryo va Xorazm viloyatlarini o‘z ichiga olgan bu xalq hududida birinchi marta ishchi va
dehqonlarning ittifoqdosh O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi ta’sis etiladi, unga Tojikiston
ASSR ham kiradi”.
189
Qurultoyda respublika hokimiyatining oliy organlari rasmiylashtirildi. Taniqli davlat arbobi
Fayzulla Xo‘jayev O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi va Yo‘ldosh Oxunboboyev
O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidiumi raisi qilib saylandi.
Shu tariqa O‘zbekiston SSRning tashkil topishi va uning SSSR tarkibiga kirishi bilan
mintaqada sovet davlatchiligining yangi bosqichi boshlandi. O‘zbekiston SSRda 1925 yildan
boshlab Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan 6 ta “ittifoqdosh respublika”ning biri sifatida sotsialistik
jamiyat asoslarini qurish davom ettirildi.
Yangi tashkil topgan “ittifoqdosh respublikalar”ning statusi (maqomi), ularni qanday
asoslarda SSSRga kirishi va undan ajralib chiqishi eng avvalo qonuniy yo‘l bilan rasmiy
hujjatlarda, Ittifoq va respublika konstitutsiyalarida o‘z aksini topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |