Bog'liq O’zbekiston tarixi kafedrasi î‘zbekiston tarixi fanidan
Arab xalifaligining parchalana borishi. Tohiriylar davrida Movarounnahr va Xuroson.
Tohiriylar sulolasi, mazkur davr tarixi yuzasidan ta’kidlash joizki, tarixiy manbalar va keyingi davrdagi adabiyotlar soni ko‘p emas. Tarixiy manbalar orasida Ibn al-Asirning (1160-1234) “Al-komil fit-tarix” kitobi Tohiriylar hukmronligi voqeligini nisbatan batafsil bayoni bilan ajralib turadi. Mazkur kitobda ayniqsa Tohiriylarning hukmronligi o‘rnatilishi masalasi bilan bog‘liq voqealar mufassal bayon etilgan. Ibn al-Asir o‘z asarida ko‘p holda at-Tabariyning “Tarixi ar-rusul va al muluk” asariga tayangan edi. XX asr tarixshunosligida tohiriylar hukmronligining u yoki bu jihatlari V.Bartold, S.Len-Pul, R.Fasmer, K.Bosvort asarlarida o‘z aksini topgan. Eron tarixchisi S.Nafisiyning “Tarixi xonadoni Tohiriy” (Tehron, 1956) asari shu yo‘nalishdagi tadqiqotlar ichida o‘z chuqur ko‘lami bilan ajralib turadi.
IX asrga kelib O‘rta Osiyo, xususan Movarounnahrda arab xalifaligiga qarshi olib borilgan kurashlar natijasida mahalliy sulola vakillarining mustaqillikka bo‘lgan intilishlari kuchayib ketdi. Chunonchi, xalifalikning ichki hududlarida ham ziddiyatlar keskinlashib borayotgan edi.
Rofe ibn Lays qo‘zg‘olonini bostirish uchun yo‘l olgan xalifa Horun ar-Rashid 809 yilning mart oyida Xurosonning Tus shahrida vafot etdi. Xalifaning hokimiyatga da’vogar ikki o‘g‘li bo‘lib, katta o‘g‘il Abdulloh 798 yili Xuroson va xalifalik sharqiy yerlari hokimi etib tayinlangan edi. Abdulloh ona tomonidan kelib chiqishiga ko‘ra zodagonlarga borib taqalmagan. Shu bois ham xalifa uni kichik o‘g‘li Muhammaddan keyin voris bo‘lishini e’lon qilgan edi. Abdullohga “al-Ma’mun” (arabchasiga “omadli”, “iqboli baland”) faxrli taxallusi berilgan. Kichik o‘g‘il Muhammadga esa “al-Amin” (arabchasiga “ishonchli”, “sadoqatli”) taxallusi berilib, u Iroq, Suriya, Mag‘rib yerlari bilan chegaradosh yerlarning hokimi etib tayinlangan edi.
Horun ar-Rashid vafot etgan vaqtda al-Ma’mun Xurosonning markaziy shahri Marvda, sobiq xalifaning buyrug‘iga ko‘ra yetib kelgan edi. Al-Aminning xalifa sifatida taxtga o‘tirishini (809-813) avval boshda Ma’mun berilgan va’dasiga ko‘ra xotirjamlik bilan qabul qildi. Lekin, tez orada al-Amin o‘z valiahdi sifatida o‘g‘li Musoning tayinlashi aka-ukalar o‘rtasidagi munosabatlarining keskinlashuviga olib keldi. Tabiiyki, taxtga da’vogar bo‘lgan al-Ma’mun yangi xalifaning bu qarorini qabul qila olmas edi. Garchi al-Amin tarafdorlari ko‘p bo‘lsa ham, uning sa’y-harakatlariga ko‘pchilik harbiylar norozilik bildirdilar. Samarqandda qo‘zg‘olon ko‘targan Rofe ibn Lays al-Ma’munning hokimiyat masalasida avval boshida tutgan vazminligini qadrlab, o‘z isyoniga chek qo‘ydi hamda undan uzr so‘rab keldi. Al-Ma’mun uni gvardiya boshlig‘i etib tayinladi. Musoning taxt merosxo‘ri etib tayinlanishiga javoban Ma’mun al-Aminning nomini barcha rasmiy marosimlardan chiqarib tashlab, u bilan choparlar almashuviga chek qo‘ydi. Ko‘plab Xuroson va Erondagi aslzodalar Ma’munni qo‘llab-quvvatlay boshladilar.
Kelib chiqishi bo‘yicha Hirot yonidagi Bo‘shang shahri hokimi bo‘lgan Tohir ibn al-Husayn (Tohir ibn al-Husayn ibn Musa’b ibn Zurayk ibn Asad al-Huzayi) al-Ma’munni qo‘llagan holda unga xizmat qilishni boshladi. 811 yili Ray yaqinida Tohir ibn al-Husayn xalifa al-Aminning ishongan sarkardasi ibn Moxon (Ali ibn Iso ibn Moxon) boshchiligidagi qo‘shinni mag‘lub etdi. Ibn Moxon zulmidan aziyat chekkan aholi al-Ma’mun qo‘shinlari faoliyatini qo‘llab-quvvatladilar. Tohir ibn al-Husayn janglarning birida o‘z shijoat va mardligini ko‘rsatib, ikki qo‘lda qilich bilan jang namunasini namoyon qilgan. Shu bois Tohir “Zul Yaminayn” (arabchasiga “ikki qo‘llab kurashuvchi”) faxriy taxallusiga sazovor bo‘lgan. Tohir ibn al-Husayn al-Ma’munga sadoqat bilan xizmat qila borib, 813 yili Bag‘dodni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Al-Amin qatl etilib, Ibn al-Asirning yozishiga ko‘ra uning boshi avval minora peshtoqiga ilib qo‘yilib, keyinchalik yangi xalifa al-Ma’mun ixtiyoriga barcha xalifalik rasmiy ashyolari bilan Tohir tomonidan jo‘natildi.
Yangi xalifa al-Ma’munni (813-833) barcha qonuniy hukmdor sifatida tan oldi. Lekin, Ma’mun o‘zaro nizolarni bartaraf qilish maqsadida 819 yilga qadar Marvdan turib hukmronlik qildi va faqatgina 819 yildagina Bag‘dodga qaytib keldi. Al-Ma’mun Tohirning xizmatlarini inobatga olgan holda uni Bag‘dod shahri hamda al-Jazira (Mesopotamiyaning janubiy qismi) viloyatining hokimi etib tayinladi. Ta’kidlash joizki, Tohir ibn al-Husayn butun xalifalik hayotida katta rol o‘ynovchi shaxs bo‘lib qoldi. Al-Ma’mun Bag‘dodga qaytib kelgach, o‘z hokimiyatidan xavfsirab, Tohirni poytaxtdan chetlatishga qaror qildi. Ibn al-Asirning yozishiga ko‘ra, xalifa o‘ziga sadoqat bilan xizmat qilgan Tohirni inisi al-Aminni bir paytlar o‘ldirganligini bahona qilib (holbuki buni al-Ma’munni o‘zi buyurgan edi), qolaversa uni “makkor shaxs” deya atab, 821 yili Xurosonga hokim etib tayinladi. Shu davrda Movarounnahr hududi ham Xuroson tarkibiga kirar edi.
Xurosonga hokim bo‘lib kelgan Tohir ibn al-Husayn xalifalik bilan munosabatlarini cheklay boshladi. Juma namozida xalifani oliy hukmdor sifatida tilga ham olmay qo‘ydi. Bu xalifa hokimiyatini aniq tan olmasligidan dalolat berar edi. Shu tariqa Eron, Xuroson, Movarounnahr va unga tutash yerlarda yangi Tohiriylar (821-873) sulosasi hukmronligi yuzaga keldi. Xalifalik siyosatidan norozi ko‘plab mahalliy zodagonlar yangi sulolani qo‘llab-quvvatlay boshladilar. Tohirning olib borayotgan ichki va tashqi siyosati xalifaga tabiiyki, maqbul bo‘lmadi. 822 yili Tohir ibn al-Husayn o‘z yotoqxonasidan o‘lik holda topildi. Shubhasiz, uning o‘limida xalifaning qo‘li bor edi.
Tohirning o‘limidan so‘ng tez orada uning o‘rniga o‘g‘li Talha ibn Tohir (822-830 y.) noib etib tayinlandi. Buning sababi shunda ediki, xalifalik aynan mahalliy hukmdorlarning kuchidan arablarga qarshi qo‘zg‘olonlarni bostirishda foydalanar edi. Xuroson noibining muhim vazifalaridan biri esa o‘ziga qarashli hududlarda viloyat hokimlarini saylash bo‘lgan. Xususan, Tohir dastlabki somoniylar vakillarini Samarqand, Ustrushona, Farg‘ona va Shoshga hokim qilib tayinlagan.
Talxadan keyin taxtga o‘tirgan Abdulloh ibn Tohir (830-844) o‘zigacha bo‘lgan noiblar siyosatini davom ettirdi. Tohirning mustaqillik tomon siyosatini keyinchalik uning vorislaridan Abdulloh davom ettirdi. Bu davrda Xuroson noibligiga Movarounnahr, Xorazm, Seyiston, Ko‘histon, Tabariston va Jurjon hududlari kirgan. Har bir viloyat bir necha ma’muriy birliklarga bo‘lingan. Bu birliklar katta va kichik tumanlardan iborat bo‘lgan. Abdulloh o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida ayrim harbiy islohotlar o‘tkazgan. Bundan tashqari Tohiriylar yuritgan siyosatning xususiyatlaridan yana biri, ularning islomlashtirish siyosati edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Tohiriylar davrida O‘rta Osiyoning barcha hududlarida islom dini keng tarqaladi.
Manbalarda Tohiriylarning islomlashtirish siyosatida qat’iyat bilan turganliklari qayd etiladi. Ular huquqiy munosabatlarni islom peshvolariga tayangan holda rivojlantirganlar. Shuning uchun ham Tohiriylar islom dinini xalq orasida keng yoyish siyosatini davom ettirib, islom ruhoniylarini asosiy tayanch deb bilganlar. Talha ibn Toxir davrida zardo‘shtiylik dini saqlanib qolgan Ustrushonada ham islom dini qabul qildirilgan.
Mustahkam tartib saqlanishini xohlagan Abdulloh ibn Tohir o‘ziga qarshi har qanday harakat yoki qo‘zg‘olonning oldini olishning eng muhim usuli – soliq yig‘uvchilarning suiste’molliklariga yo‘l qo‘ymaslikda deb hisoblar edi. U turli soliqlarning miqdorini kamaytirmagan bo‘lsa-da, soliqlar yig‘ishda turli jinoiy ishga qo‘l urganlarni jazolar edi. Amal va mansab egalarining o‘zboshimchaligini oldini olish va davlat xazinasiga ziyon yetkazmaslik maqsadida Abdulloh o‘z qo‘l ostidagi o‘ziga sodiq kishilar orasidan ayg‘oqchilar tanlab, ularning xizmatidan foydalanar edi. Bunday maxfiy shaxslar joylarda hukmdorlarning yurish-turishi, har bir mansabdorning Abdulloh oldidagi majburiyatlarini qay darajada bajarishlari xususida noibga xabar yetkazib turishgan. Uning davrida poytaxt Marvdan Nishopurga ko‘chirildi.
Tohiriylar davlati ko‘p sonli bilimdon amaldorlarga muhtoj edi. Shu bois Abdulloh ibn Tohir aholining barcha qatlamlari ma’lumot olishini ta’minlashga harakat qildi. Manbalarning ma’lumot berishicha, Abdulloh otasi Tohir singari shoir ham bo‘lgan. Abdullohning Marv, Amul va Xorazmni boshqarib turgan jiyani Mansur o‘zining falsafiy asarlari bilan mashhur bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, Abdullohning o‘g‘li Tohir II (844-862) ham otasidan o‘rnak olishga harakat qilgan.
Umuman, Abdulloh va Tohir II hukmronliklari davri mahalliy madaniyatning qayta tiklanish davri bo‘ldi. Ammo, bu murakkab va qiyin jarayon edi. Gap shundaki, Tohiriylar sulolasi vakillarining o‘zlari, xususan, Abdulloh ibn Tohir o‘zining arab madaniyatiga hayrihoxligini ta’kidlar edi. Shunga qaramasdan bizga qadar yetib kelgan ayrim yozma manbalar va moddiy ashyolar mahalliy madaniyat rivojidan dalolat beradi.
IX-X asrning boshlariga kelib ilgarigi davrlarda bo‘lgani kabi, O‘rta Osiyo dehqonchilik vohalaridagi davlat hokimiyatining asosiy vazifalaridan biri-ko‘chmanchilar hujumlaridan himoyalanish edi. Aynan mana shu maqsadlarda bu davrda qurolli ko‘ngillilarning maxsus guruhlari, din uchun kurashuvchilar-g‘oziylar guruhlari tuziladi. G‘oziylar guruhlarining asosiy qismini kasodga uchragan dehqonlar va hunarmandlar tashkil etar edi.
Mahalliy hukmdorlar dehqonchilik vohalari chegaralarini dasht chegaralaridan himoya qilish uchun g‘oziylar guruhlaridan foydalana boshlaydilar. Arab mualliflarining ma’lumot berishlaricha, g‘oziylar «mahalliy hukmdorlar uchun bir vaqtning o‘zida ham tayanch, han notinchlik sababi» ga aylana boshlaydilar. Chunki, bir tomondan ular ko‘chmanchilarning hujumlariga qarshi turib, dehqonchilik vohalarini ularning hujumlaridan saqlab tursa, ikkinchi tomondan, ko‘p hollarda mahalliy zodagonlarga qarshi halq harakatlarining faol ishtirokchilari edilar.
IX asrning 70-yillarida g‘oziylarning qurollangan guruhlari O‘rta Osiyo va Eron chegaralaridagi xalq harakatining asosini tashkil etardi.Bu xalq harakatlaridan hunarmand misgar (saffor) aka-uka Yoqub va Amr ibn Layslar (Safforiylar) o‘z niyatlarini amalga oshirish uchun foydalandilar. Avval boshda Safforiylar kichik bir qaroqchilar guruhini tuzadilar va keyinroq, Seyistondagi g‘oziylar guruhlariga qo‘shiladilar. Lashkarboshilik qobiliyatiga ega bo‘lgan Yoqub ibn Lays tez orada g‘oziylar guruhlarining boshlig‘iga aylanadi. Yoqub boshchiligidagi g‘oziylar guruhi Seyistondagi siyosiy hayotga faol aralasha boshlaydi va xalq harakatlaridan foydalanib 861 yilda Seyistonning markazi Zaranj shahrini egallaydi.
Shu tariqa Yoqub Seyistonning hokimi bo‘lib oladi hamda 10 yil davomida Toxiriylarning so‘nggi hukmdori Muhammad ibn Tohir (862-873) egallab turgan xalifalikning sharqiy viloyatlarini ulardan tortib oladi. 873 yilda Yoqub Tohiriylar qo‘shinlarini tor-mor etib, Xurosonning poytaxti Nishopur shahrini egallaydi. Shu bilan Movarounnahr va Xurosondagi Tohiriylar hukmronligiga barham beriladi.
Bag‘doddagi xalifalik hokimiyati Yoqubning muvaffaqiyatlaridan anchagina xavotirga tushib, unga qarshi bir qator choralar ko‘rgan bo‘lsada, bu harakatlar natijasiz tugadi. 874 yilda xalifa bo‘lib o‘tgan voqealarni tan olib, Yoqubni Xuroson va Movarounnahrga noib etib tayinlashga majbur bo‘ladi.
876 yilda Yoqub ibn Lays xalifa hokimiyatini egallash maqsadida Bag‘dodga qo‘shin tortadi. Bag‘doddan 100 km uzoqlikdagi Dar al-Akul degan joyda Yoqub va xalifa qo‘shinlari to‘qnashib, Yoqub mag‘lubiyatga uchraydi. Ushbu muvaffaqiyatsiz yurishdan so‘ng uch yil o‘tgach Yoqub ibn Lays vafot etadi va uning o‘rnini ukasi Amr ibn Lays (879-900) egallaydi. Amr ibn Lays xalifaga o‘z vassalligini bildirganidan so‘ng, Movarounnahr va Xurosonni boshqarish huquqini beruvchi yorliq oladi. Ammo, Tohiriylarda bo‘lgani kabi Safforiylar ham amalda xalifalikdan mustaqil siyosat olib borganlar.
Safforiylar asosan mayda va o‘rta hol yer egalariga suyangan holda davlatni idora qildilar. Ular xalqdan olinadigan soliq miqdorini o‘zgartirmadilar. Shuning uchun ham keng xalq ommasi ularni qo‘llab quvvatlamadi. Safforiylar diniy-ma’naviy hayotda aksariyat ayirmachilik yo‘lini olib bordilar. IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Somoniylar sulolasi tarix sahnasida paydo bo‘ldi. 900 yilda Amr ibn Lays qo‘shinlari Somoniylardan mag‘lubiyatga uchradi hamda shu tariqa Safforiylar hukmronligiga chek qo‘yildi.