Somoniylar hukmronligi. Markazlashgan davlatning tashkil topishi.
Somoniylar davri tarixiga oid tarixiy manbalar orasida Narshaxiyning “Buxoro tarixi”, Abu Abdulloh Xorazmiyning “Mafotih ul-ulum”, Ibn al-Asirning “Al komil fit-tarix” asarlarining masala mohiyatini o‘rganishdagi alohida o‘rni mavjud. Shuningdek, mazkur davr xususida arab geograf va sayyohlaridan Ibn Xo‘rdodbek, Ibn al-Fakih, Ibn Rust, Ibn Fadlon, Qudam, Ma’sudiy, Istahriy, Ibn Havqal, al-Muqaddasiy asarlarida tegishli ma’lumotlar uchraydi.
XX asr tarixshunosligida Somoniylar davlati tarixi to‘g‘risida V.Bartold, YE.A.Davidovich, A.A.Semyonov, K.Bosvort asarlari alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbek tarixshunosligida A.Ziyo, Sh.Kamoliddinov va boshqalarning masala mohiyatiga oid ilmiy chiqishlari e’tiborga sazovordir.
IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Movarounnahr va Xurosonda Somoniylar sulolasi yuzaga keldi. Bu sulolaga Somon qishlog‘i (manbalarda – Balx yaqinida, Samarqand atroflarida, Termiz yaqinida) oqsoqoli Somonxudotning avlodlari asos soladilar. Yirik yer egasi bo‘lgan Somonxudot Ma’mun Xuroson noibligi davrida uning xizmatiga o‘tib tez orada e’tiborga tushadi. Somonxudotning o‘g‘li Asad hamda nevaralari ham Ma’mun saroyida xizmat qilishgan. Shaxsan Ma’munning buyrug‘i bilan Asadning o‘g‘illari 820 yilda turli viloyatlarga noib etib tayinlandi. Xususan, Nuh Samarqandni, Ahmad Farg‘onani, Yahyo Shosh va Ustrushonani, Ilyos Hirotni boshqara boshlaydilar.
Dastavval, Asadning katta o‘g‘li Nuh ukalari mulklarini birlashtirib, xalifalikdan mustaqil davlat barpo etish harakatini boshladi. Chunki, Nuhning nomidan tangalar zarb etilgani ma’lum, Nuh vafotidan so‘ng ukasi Ahmad uning ishlarini davom ettirib asta-sekin Mavorounnahrni Somoniylar sulolasi boshchiligida birlashtirishga kirishadi. Tohiriylar Ahmadning bu harakatlariga qarshilik ko‘rsata olmadilar. 865 yilda Ahmad vafot etgach, ko‘pchilik Somoniylar tomonidan sulola boshlig‘i sifatida Ahmadning o‘g‘li Nasr tan olinadi.
873 yilda Buxoro shahri va uning atroflarini Tohiriylarning so‘nggi vakili Muhammad ibn Tohir egallab olib, ushbu hududlarga soliqlar soldi. Bundan g‘azablangan xalq Muhammadga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi. 874 yilda Muhammad ibn Tohir Xorazm shaharlarini talayotgan bir paytda Buxoro zodagonlari Nasrdan Buxoroga noib yuborishni iltimos qiladilar. Nasr Buxoroga Ismoil ibn Ahmadni (849-907) hokim qilib jo‘natadi. Nasr Ismoilni o‘z noibi deb hisoblar edi. Ismoil ibn Ahmad Buxoroda o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgach, Samarqandga yuboriladigan soliqni yubormay qo‘ydi hamda akasiga tobe bo‘lishni istamadi. Natijada 886 yilda aka-ukalar o‘rtasida birinchi to‘qnashuv bo‘lib, Ismoil yengildi va u vaqtincha Buxoro noibligidan tushirildi. 888 yildagi ikkinchi jangda Ismoil Nasr qo‘shinlarini tor-mor etishga muvaffaq bo‘ldi. Garchi bu kurashda Nasr yengilsada, uning sulola boshlig‘i sifatidagi mavqei saqlab qolindi. Nasr o‘limiga qadar bu holat davom etdi. 893 yilda Nasr vafot etgach, Ismoil Movarounnahrning to‘laqonli hukmdori bo‘lib qoldi. Poytaxt tez orada Samarqanddan Buxoroga ko‘chirildi. Ismoil Somoniy 893 yilda ko‘chmanchilarga qarshi qo‘shin tortib dastlab Tarozni, keyin esa Ustrushonani egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Bag‘dod xalifasi al-Mu’tadid (892-902 yy.) Ismoilning qudrati oshib ketayotganidan sarosimaga tushib 898 yilda Movarounnahr noibligidan Ismoilni tushirib uning o‘rniga safforiy Amr ibn Laysni hokim etib tayinlash haqida yorliq jo‘natadi. Movarounnahr noibligi to‘g‘risidagi yorliqni olgach Amr ibn Lays Ismoilga qarshi qo‘shin tortdi. 900 yilda Balx atrofida Ismoil Safforiylar qo‘shinlarini tor-mor etdi. Manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ismoilni nafaqat Buxorodan, balki Xorazm va Farg‘onadan ham kelgan harbiy kuchlar qo‘llab-quvvatlagan edilar. Narshaxiyning ma’lumot berishicha, Ismoil bu jangda Buxoro hunarmandlari va oddiy xalqning qo‘liga qurol berib o‘z ozodligini saqlab qolishga chaqirgan. Keng xalq ommasining qo‘llab-quvvatlashi natijasida Ismoil Somoniy arab bosqinidan keyin birinchi bo‘lib o‘zaro janjallar domiga tortilgan, bosqinchilar tomonidan talangan o‘lkani qudratli va mustaqil davlatga aylantirish yo‘lini tutdi. Shu tariqa Ismoil Movarounnahr va Xuroson, Eronning qator sharqiy va shimoliy viloyatlarini o‘z ichiga oluvchi yirik davlatga asos soldi va bu hududlarda Arab xalifaligi hukmronligiga asosan chek qo‘yildi. 907 yilda Ismoil Somoniy vafot etib taxtni uning o‘g‘li Ahmad ibn Ismoil egalladi. Ahmad uzoq vaqt hukmronlik qilmadi (907-914 yy.). Uning davrida davlatni idora etishda arab tilini qayta tiklanishi, boshqaruvdagi ba’zi salbiy holatlar ko‘pgina mahalliy zodagonlar va turk g‘ulomlarining noroziligini uyg‘otdi.
Natijada, u 914 yilda turk g‘ulomlari tomonidan o‘ldirilib, taxtga uning 8 yoshli o‘g‘li Nasr ibn Ahmad o‘tirdi va u balog‘atga yetgunga qadar davlat ishlarini bosh vazir Abdulloh Jayhoniy boshqardi.
914 yil oxirida Samarqandda yana qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Davlatning janubiy hududlarida bo‘lgan Husayn ibn Ali Marvaziy rahbarligidagi isyon ayniqsa keskin tus oldi. Bu qo‘zg‘olon qarmatlar g‘oyasi bayrog‘i ostida bo‘lib o‘tdi. Qo‘zg‘olon 918 yilda bostirilib Marvaziy asir olindi. Ko‘p o‘tmay Nasrning qarindoshi Ahmad ibn Nuh hokimiyatga qarshi bosh ko‘tardi. 922 yilda esa Ilyos ibn Ishoh qo‘zg‘olon ko‘tardi. Tinmay davom etgan qo‘zg‘olon va isyonlar Somoniylar davlatining qudratiga ta’sir ko‘rsatib, u asta-sekinlik bilan inqirozga yuz tuta boshladi.
Ta’kidlash lozimki, Nasr ibn Ahmad hukmronligi davrida Somoniylar davlati hududlarida karmatlar diniy harakati ancha keskin tus oldi. Karmatlar islomni yoyilishi, yer egaligi munosabatlarini kuchayishiga qarshi chiqdilar va ilgarigi an’analari qishloq jamoalarini qayta tiklash g‘oyalarini yoqlab chiqqan edilar. Mazur harakat mamlakatda ma’lum notinchliklarga sabab ham bo‘ldi. 943 yilda taxtga o‘tirgan Nasrning o‘g‘li Nuh karmatlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. Ularning mol-mulklarini musodara qildi.
Nuh hukmronligi davrida (943-954) Somoniylar davlatining inqirozi yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Bo‘shab qolgan xazinani to‘ldirish maqsadida Nuh soliqlar miqdorini ko‘paytirdi. Bu esa tabiiyki xalq noroziligini yanada oshirdi. Xalq noroziligidan foydalangan Nuhning amakisi Ibrohim ibn Ahmad Xuroson noibi Abu Ali Chag‘oniy yordamida vaqtincha Buxoro taxtini egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Abu Ali Chag‘oniy Xurosonga qaytgach Nuh yana Buxoro taxtiga qaytdi va isyonkor qarindoshlarini qattiq jazoladi. Somoniylarning Abu Ali Chag‘oniy bilan kurashi keyingi yillarda ham davom etdi.
Abdulmalik I hukmronligi davrida (954-976) ichki nizo va parokandalik kuchayib, turkiy gvardiya boshlig‘i Alp Taginning hokimiyat boshqaruvidagi o‘rni o‘sib ketdi. Soliqlarning yil sayin ko‘payib borishi, zodagonlarning o‘zaro janjallari, noiblarning markazga bo‘ysunmay qo‘yishi va saroyda bo‘layotgan taxt uchun kurashlar Somoniylar davlatini juda zaiflashtirib yubordi.
Bu kurashlar ayniqsa Amir Nuh II (976-997 yy.) hukmronligi davrida keskin tus oldi. Ichki nizolar oqibatida Nuh II Yettisuv va Qoshg‘arda vujudga kelgan Qoraxoniylar davlatining Movarounnahrga qilgan yurishlariga keskin qarshilik qilolmadi. Somoniylar davlatidagi beqarorlikdan foydalangan qoraxoniy Horun Bug‘roxon 990 yilda G‘arb tomon qo‘shin tortdi va ikki yil davomida Somoniylarga qarashli bir qancha viloyatlarni bosib oldi. Shundan so‘ng Somoniylar davlati o‘z mavqeini tiklay olmadi. Somoniy hukmdorlarini Qoraxoniylar bilan olib borgan kurashi mamlakatni holdan toydirdi.
Mansur II hukmronligi (997-999) davri ham yuqorida qayd qilingan tanazzul holatidan farqli kechmadi. Sulton Mahmud G‘aznaviyning janubdan rasman somoniylarga qarashli Xuroson o‘lkasiga tahdidi, qoraxoniylarning doimiy ravishda chegaralarni buzib, ichkari tomon siljiy boshlashlari, Xorazmda deyarli mustaqil Ma’muniylar sulolasining sa’y- harakatlari, harbiy sarkarda, zodagonlarning hokimiyat uchun kurashi, chekka viloyatlardagi notinch vaziyat – bularning hammasi amaldagi davlat mavjudligiga chek qo‘yuvchi omillar bo‘ldi. Nasr ilekxon boshchiligidagi qoraxoniylar 999 yili Movarounnahr hamda somoniylar vakili Abu Ibrohim Muntasirning hokimiyatni qaytarib olishdagi sa’y- harakatlari besamar tugab, uning o‘zi 1005 yili o‘ldirildi. Shu tariqa Somoniylar sulolasi barham topdi.
Somoniylar Movarounnahr va Xurosonda mustaqil davlat tuzish uchun avvalambor, kuchli markazlashgan hokimiyat tuzish kerakligini yaxshi tushunishgan. Bu ayniqsa Ismoil Somoniy davrida dolzarb masalaga aylangan edi. Yirik yer egasi bo‘lgan Ismoil birinchi navbatda mahalliy zodagonlar va savdogarlarning manfaatlarini ko‘zlab ish tutdi. Davlatning iqtisodiy kuch qudratini oshirish, qishloq xo‘jaligini, hunarmandchilikni va savdoni rivojlanishi uchun keng shart-sharoitlar tug‘dirib berish lozim edi. Shu maqsadda Ismoil katta va yaxshi qurollangan, saralangan qurolli kuchlarni tashkil qilishga kirishdi. U ayniqsa, turk g‘ulomlaridan iborat qismlarni tuzishga e’tibor berdi. Natijada Somoniylar davlati tez orada musulmon sharqidagi markazlashgan kuchli davlatga aylandi. Mamlakatning qudratini mustahkamlash maqsadida Ismoil Somoniy bir qancha islohotlar o‘tkazdi. Mana shunday islohatlardan biri davlatni boshqarish ma’muriyatini joriy qilish bo‘ldi. Bu ma’muriyat dargoh – amir saroyi va devon – davlat idorasi, vazirliklardan iborat bo‘lgan.
Davlatni boshqaruvchi oliy hukmdor amir unvoniga ega edi. Ismoil Somoniy o‘z davrida markazlashgan davlat boshqaruvi tizimini joriy etgan edi. Somoniylar davlati majmuini mustahkamlashda Nuh II Somoniyning ma’rifatli vazirlari Abdulloh Muhammad Jayhoniy va Abufazl Muhammad Balamiylarning xizmatlari katta bo‘lgan. Somoniylar hukmronligi davrida bosh vazir lavozimiga asosan shu ikki sulola vakillari tayinlangan. Davlat majmui dargoh (amir saroyi) va devonga (vazirliklar, davlat idorasi) bo‘lingan.
Narshaxiyning ma’lumot berishicha, Nasr II davrida Buxoro registonida davlatdagi 10 ta devonga atab maxsus 10 ta bino qurilgan.
Somoniylar davrida viloyat va tumanlar amir tomonidan tayinlangan hokimlar tomonidan idora qilingan. Odatda bunday lavozimga mahalliy boy zodagonlar tavsiya etilgan. Somoniylar davlatida musulmon ruhoniylarining ta’siri nihoyatda kuchli bo‘lgan. Ular markaziy hokimiyat ishlarida ham faol ishtirok etganlar. Somoniylar davlatining diniy hayotida hanifiylar mazhabligiga mansub ruhoniylar hamma diniy lavozimlarni o‘z qo‘llariga olishgan. Ruhoniylarning boshlig‘i “ustod”, keyinchalik “Shayx ul-islom” deb atalgan. “Ustod” dan so‘ng o‘z lavozimi bo‘yicha ruhoniylar orasida “xatib” turgan. U jome’ masjidlarida juma namozida xutba o‘qish huquqiga ega bo‘lgan. Bu davrda Buxoro Sharqdagi islom olamining eng nufuzli markazlaridan biriga aylanadi. Movarounnahrdagi dastlabki madrasalarning bu yerda barpo etilishi ham bejiz emas.
Somoniylar davrida qudratli markazlashgan davlatning vujudga kelishi natijasida Movarounnahr va Xurosonda ma’lum barqarorlik qaror topdi. Bu holat mamlakat iqtisodiy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Movarounnahr va Xuroson bu vaqtda Sharqning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan o‘lkalaridan hisoblangan.
Umuman, Somoniylar davrida Xuroson va Movarounnahr qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlari xususan, dehqonchilik yaxshi rivojlangan. Somoniylar davrida dehqonchilik bilan bir qatorda hunarmandchilik ham keng sur’atlar bilan tarqalgan. Shahar aholisining ko‘p qismi hunarmandchilikning turli sohalari bilan mashhur bo‘lishgan. Manbalarda qayd qilinishicha, Movarounnahrda, ayniqsa to‘qimachilik yaxshi taraqqiy qilgan. Bu yerlarda ipak va jundan tayyorlangan turli-tuman gazlamalar o‘zining yuqori sifatliligi, bejirim va nafis naqshlari bilan ajralib turgan. Buxoroning Zandana, Samarqanddagi Vedar va Surxondaryodagi Darzangi to‘qimachilarining mahsulotlari faqatgina Movarounnahr va Xurosondagina emas, balki Iroq, Eron va Hindistonlarda ham ma’lum bo‘lgan. Xususan, Narshahiyning yozishicha, Zandanada tayyorlangan gazlamalarga Sharq bozorida ehtiyoj juda katta bo‘lgan. Ibn Xavqal va Muqaddasiyning qayd etishicha, Vedarda tayyorlangan yuqori sifatli gazlamalar aholining yuqori tabaqalari orasida juda qadrlangan. Bu gazlamalardan asosan amirlar, vazirlar, turli amaldorlar, qozilar o‘zlariga liboslar tiktirganlar. Vedar gazlamasi hatto Xuroson parchasi ham deb atalgan. Gazlamalarning turli navlari bundan tashqari Keshda, Nasafda, Dabusiyada va ko‘pgina boshqa shaharlarda ham tayyorlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |