Xorazm – Anushteginiylar davrida o‘zbek davlatchiligi.
O‘zbek davlatchiligi taraqqiyoti tarixida qadimiy Xorazm vohasi o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. Unda kechgan siyosiy jarayonlar ko‘p holda butun mintaqadagi holatga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Iqlim sharoiti nisbatan noqulay bo‘lgan vohada asrlar davomida mazkur hududda yashovchi zahmatkash va tanti, shijoatli va mehnatsevar aholi qo‘li bilan qator suv inshootlari, qal’a va shaharlar barpo etilganligi, boy madaniy va ma’naviy meros vujudga kelganligini alohida ta’kidlash lozim.
Xorazm eli hukmdori – Xorazmshoh unvoniga o‘z vaqtida bir qator sulolalar mansub bo‘lganlar. Jumladan, 305-995 yillarda Afrig‘iylar, 995-1017 yillarda Ma’muniylar, 1017-1034 yillarda G‘aznaviylar noibi bo‘lmish Oltuntosh avlodlari shular jumlasidandir. Lekin, aynan Anushtageniylar (1097-1231) davridagina mazkur unvon mavqei o‘zining baland cho‘qqisiga chiqib, mazkur sulolani o‘z davrining eng buyuk va nufuzli saltanatiga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi. Xorazmshoh – Anushtageniylar davlati tarixiga oid bir qator tarixiy manbalar mavjud bo‘lib, ular orasida quyidagilar o‘z ko‘lamiga ko‘ra alohida o‘rin egallaydi. Ibn al – Asirning (1160-1234) «Al-komil fi-t-tarix» («Mufassal tarix»), Rashididdin Fayzulloh al- Hamadoniyning (1247-1318) jahon tarixiga bag‘ishlangan «Jome ut-tavorix» («Tarixlar majmuasi»), Shahobiddin Muhammad an-Nasaviyning katta ahamiyat kasb etuvchi «Siyrat us-sulton Jaloliddin Mankburni» («Sulton Jaloliddin Manguberdining hayot faoliyati»), Olovuddin Otamalik Juvayniyning (1226-1283) «Tarixi Jahonkushoy» («Jahongir tarixi»), Hamidulloh Qazviniyning «Tarixi go‘zida» («Saylangan tarix») asarlari shular jumlasiga kiradi.
Xorazmshoh – Anushtageniylar davlati tarixi XX asr tarixshunosligida ham chuqur o‘rganilganligini ta’kidlash lozim. Rus olimlaridan V.V.Bartold, S.P.Tolstov, A.Y.Yakubovskiy, S.Volin va boshqalar yuqorida ta’kidlangan masalaning u yoki bu jihatlariga e’tibor bergan holda o‘z asarlarida tegishli masala mohiyatini yoritib berganlar. Shubhasiz, xorazmshohlar tarixi xususidagi fundamental asar bu sharqshunos olim Z.Bunyodov qalamiga mansub «Anushtagen xorazmshohlar davlati» kitobi hisoblanadi. Muallif o‘z asarida xorazmshohlar davlatining paydo bo‘lishi, taraqqiyoti, ijtimoiy-siyosiy hayot, iqtisodiy munosabatlar, madaniyat masalalarini mukammal tarzda yoritib beradi.
Xorazmshoh - Anushtageniylar sulolasining asoschisi Anushtagen tarixchilardan Rashididdin, Hofizi Abro‘larning yozishlariga qaraganda o‘g‘uzlarning turkiy «bekdili» urug‘iga mansub bo‘lib, yoshligida qul qilib sotilgan. Uni saljuqiy harbiy amirlaridan Izziddin O‘nar Bilgitagin sotib olgan. Sulton Jaloliddin Malikshoh I (1072-1092) davrida Anushtagen saroyda ishonchli kishilar safidan joy olib, tez orada tashtdorlik mansabini egallagan. Eng ishonchli kishilarga taqdim etiluvchi ushbu mansab egasi tez orada sultonning eng yaqin kishilaridan biriga aylanadi. Keyinchalik u Xorazm mutasarrufi mansabiga tayinlanib, unga Xorazm shixnasi (qal’a boshlig‘i) unvoni beriladi. Sulton Rukniddin Berkiyoruq (1094-1104) davrida Xuroson hokimi bo‘lgan Dodbek Habashiy ibn Oltuntosh (1097 yili vafot etgan) Anushtagening xizmatlarini inobatga olgan holda uning o‘g‘li Qutbiddin Muhammadin Xorazm hokimi etib tayinlab, unga «Xorazmshoh» unvonini beradi. Aynan shu yildan sulola tarixi boshlanadi.
Qutbiddin Muhammad (1097-1127) otasi hayotlik chog‘idayoq Marvda o‘qib, ta’lim olgan, qator dunyoviy va diniy ilmlardan boxabar ma’rifatli shaxs bo‘lgan. Tarixiy manbalar uni qobiliyatli rahbar sifatida ma’rifat ahliga homiylik qilganligini alohida ta’kidlab o‘tishgan. Ahli Xorazmda «O‘z fuqarolariga adolatli» hukmdorning obro‘si baland edi. Xorazmshoh Qutbiddin Muhammad Saljuqiylarning hokimiyati uchun kurashlarida faol qatnashgan. Jumladan, 1100 yili sulton Jaloliddin Malikshoh I ning o‘g‘li Sanjar tomonidan Xuroson hududlarini egallashda unga qarshi isyonni bostirishda ishtirok etdi. Shuningdek, u 1118 yili Sanjar tomonidan turib, uni sultonlik taxtiga o‘tirishiga munosib xissasini qo‘shdi. Mohir diplomatik xususiyatiga ega bo‘lgan xorazmshoh Qutbiddin Muhammad turli nizolarni bartaraf etishda ham faol ishtirok etar edi. Xususan, Saljuqiylar sultoni Sulton Sanjar (1118-1157) Samarqanddagi Qoraxoniylar xoni Muhammad Arslonxonga (1102-1130) qarshi harakatida Qutbiddin Muhammad vositachiligida ushbu nizo tinch yo‘l bilan hal etildi. Bu esa Xorazmshohning o‘z davrida qanchalik nufuzi baland bo‘lganligidan darak beradi.
O‘zi boshqarib turgan hudud uchun qanchalik mas’ul ekanligini his qilgan xorazmshoh ko‘chmanchi qabilalarning hujumini bartaraf etishga ham muvaffaq bo‘lgan edi. Tarixiy yodgorliklarda Xorazmshoh Qutbiddin Muhammadni «Podshoh Qutbid-dunyo vad-din Abul-fath Mu’in Amiral-mo‘minin» («Dunyo va din Qutbi, g‘alabalar otasi, Mo‘minlar amiri – xalifa yordamchisi») unvoni bilan atashgani ham uning yuqori obro‘li davlat arbobi bo‘lganligidan darak beradi. Xorazmshoh Qutbiddin Muhammad 30 yil davomida Xorazmda uzluksiz hukmronlik qildi. Garchi u to vafotiga qadar (1127) Saljuqiylar, xususan sulton Sanjarga sadoqat bilan hizmat qilgan bo‘lsa-da, Xorazm eli manfaatlari uchun imkon qadar harakat qilganligini tarixiy manbalar to‘liq tasdiqlaydi. Uning sadoqatli xizmatini e’tirof etgan sulton Sanjar, xorazmshoh vafotidan so‘ng hokimlik kursisini hech ikkilanmay uning o‘g‘li 29 yoshli Al-Malik Abu Muzaffar Olovuddin Jaloliddin – Otsizga (1127-1156) topshirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |