Xiva xonligining tugatilishi.
1917-yil kuzida Rossiyada ro’y byergan oktabr o’zgarishi,
Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi davomida Xivada ham demokratik
harakat yangi bosqichga qadam qo’yadi. Demokratik kuchlar, aholining kambag’al tabaqalari
faol harakatga kela bordilar. Qo’ng’irot, Ko’hna Urganch, Xojayli, Taxta, Porsu bekliklarida
mahalliy aholi qat’iy harakatlarga chiqdi. Buning ustiga mamlakatni boshqara olmay qolgan
xonning 1918-yil yanvarida turkmanlar sardori Junaidxonni Xivaga chaqirishi va uni bosh
qo’mondon etib tayinlanishi ham vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. Junaidxon tez orada
Isfandiyorxonni qatl ettirib, o’rniga uning tog’asi, irodasiz Said Abdullani nomiga xon qilib
ko’tarib, amalda yakka hukmdor bo’lib oldi. Junaidxonning harbiy diktaturasi zulmidan og’ir
aziyat chekkan ko’plab aholi qo’shni Turkistonga qochib o’ta boshladi. Ularning ko’plari
Sovetlar tayyorlagan qizil qo’shinlar safini to’ldirib bordi. Bularniig hammasi Sovetlarga qo’l
keldi. Shu zaylda ularga qarashli
Amudaryo bo’limi
da (Turtko’lda) N. A. Shaydakov va N. M.
Shcherbakov boshchiligida shimoliy va janubiy harbiy dastalar tuzilib, xonlik tuzumini
ag’darishga shay qilib qo’yildi. Darhaqiqat, Turkiston sovet rahnamolari yo’l-yo’riqlari asosida
harakatga kelgan qizil qo’shinlar va shuningdek, o’zbek va turkman aholisidan tashkil topgan
qo’zg’olon dastalari 1919-yil dekabri oxirlaridan Junaidxon rejimiga qarshi harbiy yurish
boshlaydilar. Bu kuchlar Junaidga ketma-ket zarbalar berib, birin-ketin xonlik hududlarini qo’lga
kiritib bordilar. 1920-yil 2-fevralda Xiva egallandi.
Junaidxon qolgan-qutgan qo’shini bilan Qoraqum sahrosiga chekinadi. Qo’g’irchoq xon
Said Abdullo taxtdan voz kechadi. Shu tariqa, sovetlar kuchi bilan Xiva xonligi ag’darildi va 5
kishidan iborat Inqilobiy qo’mita tuzildi. Uning tarkibiga Yosh xivaliklar va turkman urug’-
qabilalaridan vakillar kiritildi. Inqilobiy qo’mita raisi etib Yosh xivaliklar rahbari
D.Sultonmurodov saylandi. Tez orda Yosh xivaliklar ishlab chiqqan manifest e’lon qilinadi.
1920-yilning 27-30-aprel kunlari Xivada bo’lib o’tgan xalq vakillari Butunxorazm qurultoyi
xonlik tugatilganligi va yangidan
Xorazm Xalq Sovet Respublikasi
tuzilganligini e’lon qildi.
Qurultoy XXSRning muvaqqat Konstitutsiyasini qabul qildi. Qurultoy shuningdek 15 kishidan
iborat hukumat - Xalq Nozirlar Kengashini sayladi. Yosh xivaliklar rahbarlaridan Polvonniyoz
Yusupov uning birinchi raisi bo’ldi. Tez orada (iyunda) Rossiya bolshevik rahbarlari ko’magida
Xorazm Kompartiyasi tashkil etilib, uning hukmronlik mavqei hayotda tayin etib borildi. Sovet
Rossiyasi ayni paytda yangi tug’ilgan Xorazm Xalq Sovet Respublikasini o’z ta’sir doirasiga
olish maqsadida 1920-yil 13-sentabrda XXSR bilan ittifoq shartnomasini tuzadi. Bu shartnoma
bilan birga ikkala respublika o’rtasida imzolangan xarbiy-siyosiy va iqtisodiy kelishuvlar asosida
Xorazm Xalq Sovet Respublikasiga sovet Rossiyasi tomonidan tegishli harbiy, iqtisodiy va
madaniy yordam ko’rsatish ko’zda tutilgan edi. Biroq “katta og’a”ning bunday yordami zamirida
Xorazm Xalq Sovet Respublikasining ichki ishlariga aralashish, uning siyosatini o’z
manfaatlariga bo’ysundirish maqsadlari yotardi. Faqatgina 1921-yil davomida Xorazm Xalq
Sovet Respublikasida uch-marta (mart,-sentabr,-noyabrda) hukumat o’zgarishi yasalib,
Moskvaga ma’qul kelmagan uning tarkibi o’zgartirildi. O’z xalqining milliy manfaatlarini
ko’zlab siyosat yuritgan Polvonniyoz Yusupov, M. Ibniyaminov, O. Muhammadrahimov bosh
bo’lgan hukumat tarkiblari bekor qilindi, ularning rahbarlari asossiz qoralandi, so’ngra turli
jazolarga giriftor etildi.
1923-yil oktabrida bo’lib o’tgan IV Butunxorazm Sovetlari Qurultoyi Xorazm Xalq Sovet
Respublikasini
Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi
deb e’lon qildi va respublikaning yangi
konstitutspyasini qabul qildi. Unda Xorazmda Sovetlar rahbarligida amalga oshirilgan jiddiy
o’zgarishlar orqasida bu respublika endilikda o’z taraqqiyotining yangi, sotsialistik bosqichiga
kirganligi alohida ta’kidlandi. Konstitutsiya yerga bo’lgan xususiy mulkchilikni bekor qildi,
barcha erlar umumxalq mulki deb e’lon etildi. Vaqf mulklari maorif nozirligi ixtiyoriga olindi.
Xorazm xalqlarining xohish-irodasiga zid tarzda amalga oshirilgan bu xil tadbirlar va eng
asosiysi, respublikani boshqarish jilovini tobora Sovetlar hukmronligi qo’l ostiga o’tib borishi,
pirovardida voha aholisining umumiy noroziligining kuchayib borishiga sabab bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |