Aholi punktining bosh rejasi:
aholi punkti hududini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish xususiyatlarini, tabiiy-iqlim sharoitlarini hamda aholi soni istiqbolini inobatga olgan holda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini;
hududning zonalashtirilishini va qurish navbatini;
aholi punkti hududini tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar ta’siridan muhofaza qilish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora- tadbirlarini;
aholi punktining qurilgan va qurilmagan hududi nisbatini; aholi punktini rivojlantirish uchun belgilangan zaxira hududni; aholi punktining chegaralarini;
aholi punkti hududini rivojlantirish bo‘yicha boshqa yechimlarni belgilaydi.
Shaharning bosh rejasi va shahar atrofi zonasini rejalashtirish loyihasi chegaradosh hududlarning davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi kelishuv asosida yagona hujjat sifatida ishlab chiqilishi mumkin.
Aholi soni yigirma ming kishigacha bo‘lgan kichik shaharlarning va yirik qishloq aholi punktlarining bosh rejasi batafsil rejalashtirish loyihasi bilan birga yagona hujjat sifatida ishlab chiqilishi mumkin.
Hududida madaniy meros obyektlari bo‘lgan aholi punktining bosh rejasi ishlab chiqilayotganda mazkur aholi punktining tarixiy-arxitektura rejasi va madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalari inobatga olinadi.
Bosh rejalar, xususan:
qonun hujjatlariga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolat doirasiga kiritilgan shaharlarning bosh rejalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining taqdimnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining taqdimnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan;
qishloq aholi punktlarining bosh rejalari tegishli tumanlar hokimliklarining taqdimnomasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyatlarning hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
Aholi punkti bosh rejasining asosiy qoidalari bu reja tasdiqlangunga qadar manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan belgilangan tartibda kelishilgan bo‘lishi lozim.
Aholi punktining yangi bosh rejasi ishlab chiqilayotgan davrda aholi punkti hududida joriy qurilish uchun yer ajratishga taalluqli masalalar rejani ishlab chiquvchi bilan belgilangan tartibda kelishilgan bo‘lishi kerak.
Obyektlarning aholi punktlari hududida bosh reja va boshqa zarur shaharsozlik hujjatlarisiz loyihalashtirilishi va qurilishi taqiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |