O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi:
O‘zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhi ishlab chiqilishini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar (viloyatlar guruhlari) hududini rejalashtirish tarhlari va umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi, shuningdek shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etilishini ta’minlaydi;
tasdiqlanishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatiga berilgan shaharlarning bosh rejalarini istisno qilganda, shaharlarning, shahar posyolkalarining bosh rejalarini hamda Toshkent shahrining markaziy qismlarini, viloyatlarning ma’muriy markazlarini, shuningdek madaniy meros obyektlariga ega bo‘lgan shaharlarni batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari uchun chegaralar belgilash haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
shaharsozlik normalari va qoidalari, shaharsozlik hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish masalalari yuzasidan uslubiy hujjatlar, shuningdek shaharsozlik to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshiradi;
belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga, qurilish ishlari, binokorlik materiallari va buyumlari sifati hamda texnologiyalarining davlat standartlariga, shuningdek shaharsozlik to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
shaharsozlik hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazadi;
qurilishda standartlashtirish va binokorlik materiallari hamda buyumlarini sertifikatlash ishlarini amalga oshiradi;
davlat shaharsozlik kadastri yuritilishini va shaharsozlik faoliyati obyektlari monitoringi olib borilishini amalga oshiradi;
shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishi tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati ayrim turlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziyalar beradi;
aholini shaharsozlik faoliyatidan muntazam xabardor qilib boradi;
shaharsozlik hujjatlari masalalari bo‘yicha buyurtmachilar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqadi;
shaharsozlik faoliyati obyektlarini ro‘yxatga oladi hamda obyektlar qurilishiga ruxsatnoma
beradi;
buyurtmachining texnik nazoratni amalga oshirishga doir ishini tekshiradi va texnik nazorat
sifatsiz amalga oshirilgan taqdirda, unga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llash haqida belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat standartlari va texnik shartlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, binokorlik materiallari hamda buyumlari ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi va qo‘llanilishini, normativ talablar hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari chidamlilik, puxtalik xususiyatlari pasayishiga sabab bo‘lgan darajada buzilganda, shuningdek binolar va inshootlarning avariya xavfi bo‘lgan, obyektlar o‘zboshimchalik bilan qurilgan taqdirda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni to‘xtatib turadi. Tadbirkorlik subyektining faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga olib keladigan qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish, ularni realizatsiya qilish va qo‘llash, qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni to‘xtatib qo‘yish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari mustasno;
(21-modda ikkinchi qismining o‘n yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10- oktabrdagi O‘RQ-59-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 405-modda)
shaharsozlik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jarimalar soladi;
tugallangan qurilish obyektlarini foydalanishga qabul qilib olish bo‘yicha komissiyalarning ishida ishtirok etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimiga quyidagilar
kiradi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi; viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari; tumanlar hamda shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalari (bo‘limlari); davlat ekspertizasi hududiy boshqarmalari;
davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari.
Viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga, tumanlar
hamda shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalariga (bo‘limlariga) tegishli bosh arxitektorlar boshchilik qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari, shuningdek tumanlar hamda shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalari (bo‘limlari) o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarda O‘zbekiston
Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga, tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga bo‘ysunadilar;
(21-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 7-iyuldagi O‘RQ-39-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 245-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |