24-modda. Ish beruvchining xodimlarning vakillik organlari oldidagi majburiyatlari
Ish beruvchi quyidagilarni amalga oshirishi shart:
xodimlar vakillik organlarining huquqlariga rioya qilish, ularning faoliyatiga ko‘maklashish;
Oldingi tahrirga qarang.
xodimlarning manfaatlariga taalluqli qarorlar qabul qilishdan oldin ularning vakillik organlari bilan maslahatlashish, mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda ko‘rsatilgan hollarda esa, — ularning roziligini olish;
(24-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 101, 117, 137, 144, 153, 157, 158, 159, 174-moddalari va O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunining 15-moddasi, 30-moddasining to‘rtinchi qismi.
xodimlar vakillik organlarining takliflarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va qabul qilingan qarorlar haqida ularga yozma ravishda asosli javob berish;
xodimlarning vakillik organlari a’zolarini korxonaga, manfaatlari ifoda etilayotgan xodimlarning ish joylariga moneliksiz qo‘yish;
xodimlarning vakillik organlariga mehnat, korxona faoliyati masalalariga va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir axborotni tekin berish;
xodimlarning vakillik organlariga o‘z vazifalarini bajarishlari uchun zarur sharoit yaratib berish;
Oldingi tahrirga qarang.
xodimlarning vakillik organlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
(24-moddaning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
25-modda. Xodimlar vakillik organlari a’zolarining mehnat sohasidagi qo‘shimcha kafolatlari
Xodimlarning vakillik organlari a’zolariga o‘zlarining vakillik faoliyatlarini amalga oshirishlari munosabati bilan ish beruvchi tomonidan biron bir shakldagi ta’qib qilinishdan himoya etish kafolatlanadi.
Vakillik organlari tarkibiga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlarga intizomiy jazo berishga, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, shuningdek vakillik organlari tarkibiga saylangan xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarni ularning saylab qo‘yiladigan lavozimdagi vakolati tugaganidan keyin ikki yil davomida ish beruvchining tashabbusi bilan mahalliy mehnat organining oldindan roziligini olmay turib bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Vakillik organlaridagi saylab qo‘yiladigan lavozimlarga saylangani munosabati bilan ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan xodimlarga ularning saylab qo‘yiladigan lavozimdagi vakolati tugaganidan keyin avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmasa, — avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakillik organlari tarkibiga saylangan xodimlarga tegishli ish (lavozim) berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda ular qonun hujjatlarida yoki jamoa shartnomalari, kelishuvlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadilar.
(25-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunining 15, 16 va 17-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |