200-modda. Xususiy ajrim va qaror
Oldingi tahrirga qarang.
Ishni ko‘rish vaqtida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonunchilik hujjatlari buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qat’i nazar, sud xususiy ajrim chiqarishga haqlidir.
(200-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy ajrim bilan sud tegishli organdan yoki mansabdor shaxsdan qonunchilik hujjatlarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalani o‘zlarining vakolatiga muvofiq ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin.
(200-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xususiy ajrim tegishli davlat organlariga va boshqa organlarga, yuridik shaxslarga, mansabdor shaxslarga, fuqarolarga yuboriladi, ular ko‘rilgan choralar to‘g‘risida bir oylik muddatda sudga xabar qilishi shart.
Xususiy ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Agar sud nizoni ko‘rayotganida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun bu haqda prokurorga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar qiladi.
Ishni ko‘rishda mansabdor shaxsning yoki fuqaroning xatti-harakatlarida, ularning ishda ishtirokidan qat’i nazar, ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlansa, agar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish qonunda sudning vakolatiga berilgan bo‘lsa, sud ularni ma’muriy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqadi.
Ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida sud qaror qabul qiladi.
Qaror ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 5, 195 — 199-moddalari.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 28.12.2007-yildagi “Iqtisodiy sudning xususiy ajrimi to‘g‘risida” gi 172-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyundagi 261-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan ekspertizaga oid qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 18-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2006-yil 27-yanvardagi 142-sonli “Bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini iqtisodiy sudlar tomonidan qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 13-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |