335-modda. Ijro varaqasi Sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud hujjatini majburiy tartibda ijro ettirish huquqini tasdiqlovchi hujjat ijro varaqasidir.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 336 — 338-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi, 7-moddasi birinchi qismining 1 — 4-bandlari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2009-yil 10-apreldagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori 4-bandining birinchi xatboshisi. 336-modda. Ijro varaqasini berish Sud hujjati bo‘yicha bitta ijro varaqasi beriladi, bundan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar sud hujjatini ijro etish turli joylarda yoxud bir nechta undiruvchi foydasiga amalga oshirilishi kerak bo‘lsa, sud undiruvchilarning iltimosiga ko‘ra ijro etish joyi yoxud sud hujjatining ushbu ijro varaqasi bo‘yicha ijro etilishi lozim bo‘lgan qismini ko‘rsatgan holda bir nechta ijro varaqasini beradi.
Pul summalarini bir necha javobgardan undirish to‘g‘risidagi sud hujjati asosida javobgarlarning soni bo‘yicha bir nechta ijro varaqasi beriladi. Bunda, agar solidar javobgarlardan undirish nazarda tutilayotgan bo‘lsa, har bir ijro varaqasida undiruvning umumiy summasi ko‘rsatilishi va solidar javobgar ekanligi ko‘rsatilgan holda javobgarlarning hammasi sanab o‘tilishi kerak.
Ijro varaqasi sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan beriladi.
Sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan so‘ng besh kun ichida ijro varaqasi undiruvchiga beriladi yoki uning iltimosnomasiga ko‘ra davlat ijrochisiga ijro etish uchun yuboriladi.
Budjetga mablag‘larni undirish uchun ijro varaqasi qarzdor turgan joydagi davlat ijrochisiga sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan so‘ng besh kun ichida yuboriladi.
Ijro varaqasi elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 127, 334, 335, 337 — 347-moddalari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2009-yil 10-apreldagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorining 3-bandi.