330-modda. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani ish yuritishga qabul qilish Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza, agar u o‘zining shakli va mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksda qo‘yiladigan talablarga rioya etilgan holda berilgan bo‘lsa, tegishli sudning ish yuritishiga qabul qilinadi.
Arizani sudning ish yuritishiga qabul qilish to‘g‘risidagi masala u sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay sudya tomonidan yakka tartibda hal qilinadi.
Arizani ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 328, 329, 331-332-moddalari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2003-yil 25-iyuldagi 111-sonli “Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishda iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 8-bandining ikkinchi qismi, 10-bandi. 331-modda. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani qaytarish Sud qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani quyidagi hollarda qaytaradi, agar:
1) ariza ushbu Kodeksning 328 va 329-moddalarida belgilangan qoidalar buzilgan holda berilgan bo‘lsa;
2) ariza belgilangan muddat tugaganidan so‘ng berilgan bo‘lsa va uni tiklash to‘g‘risida iltimosnoma mavjud bo‘lmasa;
3) ariza berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash sabablari uzrsiz deb hisoblanib, shunga ko‘ra ariza berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklashga asos mavjud bo‘lmasa.
Arizani qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Arizani qaytarish to‘g‘risidagi sud ajrimi ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ushbu modda birinchi qismining 1 va 2-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilgach, ariza bergan shaxs ariza bilan sudga yangidan murojaat qilishga haqli.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 328 — 330, 332-moddalari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2003-yil 25-iyuldagi 111-sonli “Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishda iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 1, 2-bandlari.