2881-modda. Ishni talab qilib olish
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha tegishli iqtisodiy suddan ishni talab qilib olishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va ularning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar prokurorlari ushbu Kodeksning 282-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarning murojaati mavjud bo‘lgan taqdirda, kassatsiya protesti kiritish masalasini hal etish uchun tegishli iqtisodiy suddan ishni talab qilib olishga haqli.
(2881-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
Oldingi tahrirga qarang.
289-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) o‘rganish
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi kassatsiya shikoyatini (protestini) besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda o‘rganadi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) o‘rganish natijalari bo‘yicha sudya quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
1) kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish va ishni talab qilib olish to‘g‘risida;
2) kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish haqida;
3) kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risida.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) o‘rganish natijalariga doir ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ajrim chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 197-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
(289-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
290-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish
Ushbu Kodeksda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya qilingan holda berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining ish yurituviga qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kassatsiya shikoyatini (protestni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan sana va joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari;
3) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) ustidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) sud hujjatlari;
5) tegishli suddan ishni talab qilib olish to‘g‘risidagi xulosa.
(290-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |