7-bob. O‘rta maxsus professional ta’lim 1-§. O‘rta maxsus professional ta’lim muassasalari boshqaruvi 97. O‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlash asosan oliy ta’lim muassasalari huzurida faoliyat ko‘rsatuvchi texnikumlarda amalga oshiriladi va ular tegishli ravishda oliy ta’lim muassasalari, vazirliklar va idoralarning idoraviy bo‘ysunuvida bo‘ladi.
98. Texnikumlarga tegishli oliy ta’lim muassasasining tavsiyasi asosida vazirlik va idora rahbari tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi. Direktor texnikumning faoliyati natijalari uchun shaxsan javob beradi.
99. Texnikum direktori qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq ta’lim muassasasi nomidan ish yuritadi, shartnomalar, shu jumladan, mehnat shartnomalari tuzadi, ishonchnomalar beradi, belgilangan tartibda texnikumning shaxsiy hisobvaraqlarini ochadi, o‘z vakolati doirasida barcha xodimlar va o‘quvchilar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi.
Direktor belgilangan tartibda ishchi va xizmatchilarni ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi, shuningdek, ularning xizmat vazifalarini belgilaydi.
100. Texnikum direktori huzurida kollegial organ hisoblangan pedagogik kengashlar tashkil etiladi.
Pedagogik kengashning funksiyalari texnikumning Ustavida belgilanadi.
101. Texnikumlarda tarmoq vazirliklari, idoralari, belgilangan tartib va ustav asosida ish ko‘ruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini o‘z ichiga oladigan vasiylik kengashlari tuzilishi mumkin.
Vasiylik kengashi tarkibi va uning faoliyati tartibi tegishli vazirlik va idora tomonidan tasdiqlanadi.
102. Tizimida texnikumlar mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralar:
a) tegishli ish beruvchilar bilan birgalikda:
texnikumlarni moddiy va moliyaviy ta’minlaydilar;
bitiruvchilarni amaliyot o‘tashi uchun amaliyot bazalari bilan ta’minlaydilar va egallangan kasb yoki mutaxassisliklar bo‘yicha ular mehnatidan samarali foydalanish masalalarini hal etadilar.
b) tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda:
o‘quvchilarda kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratadilar;
texnikum bitiruvchilari kelgusida oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlarida ta’limni davom ettirishini hisobga olgan holda tayyorlanadigan mutaxassisliklar ro‘yxatini shakllantiradilar;
texnikumlarning kamida 2 yillik muddatga mo‘ljallangan ta’lim dasturlarini ishlab chiqadilar va Vazirlikka tasdiqlash uchun taqdim etadilar;
kunduzgi ta’lim dasturlari bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasining 2-kursidan to‘lov-kontrakt asosida ta’limni davom ettirishini tashkil etadilar.
Tegishli oliy ta’lim muassasalari texnikumlarni moddiy va moliyaviy ta’minlashda ishtirok etishlari hamda moliyaviy yordam ko‘rsatishlari mumkin.
Tizimida texnikumlar mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralar qonun hujjatlariga muvofiq texnikumlar faoliyatini tashkil etishda boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.