1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom turistik axborot markazlarini tashkil qilish va faoliyatini yo‘lga qo‘yishning tartibi va shartlarini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
arizachi — turistik axborot markazini tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan va belgilangan tartibda uni Reyestrga kiritish uchun ariza bergan xo‘jalik yurituvchi subyekt;
vakolatli tashkilot — O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi” DUK;
Turistik axborot markazlarining yagona reyestri (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) — O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi” DUK tomonidan yuritiladigan turistik axborot markazlariga oid ma’lumotlar bazasi;
turistik axborot markazi egasi — Reyestrga kiritilgan xo‘jalik yurituvchi subyekt;
turistik axborot markazi — jismoniy va yuridik shaxslarni turistik resurslar hamda turistik industriya obyektlari to‘g‘risida xabardor qilish, shuningdek, turistik bozorlarda turistik mahsulotlarni targ‘ib qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi markaz.
3. Turistik axborot markazi:
O‘zbekiston Respublikasida kirish va ichki turizmni rivojlantirish, uning turistik salohiyati to‘g‘risidagi axborotni shakllantirish va tarqatishga ko‘mak berish maqsadida;
O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy birliklari hududida turizm resurslari, turizm sayohat yo‘nalishlari, turizm zonalarining mavjudligi va o‘ziga xosligini hisobga olgan holda tashkil qilinadi.
4. Quyidagi turistik axborot markazining vazifalari hisoblanadi:
sifatli axborot xizmatini ko‘rsatish, turist va ekskursantlar hohish va istaklarini aniqlash;
O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini mamlakat ichida va chet elda targ‘ib qilish;
turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi milliy madaniyati, an’ana va yutuqlarini targ‘ib etish;
turistlarga sayohat uchun birinchi navbatdagi xizmatlar va tovarlarni taqdim qilish.
5. O‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida turistik axborot markazi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
xalqaro tashkilotlar, davlat organlari va tashkilotlari, turizm sohasi subyektlari va ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish;
O‘zbekiston Respublikasidagi diqqatga sazovor joylar, san’at, tarix va arxitektura yodgorliklari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, turizm obyektlari, taklif qilinayotgan ekskursiyalar, ommaviy-madaniy tadbirlar, ko‘rgazma, festival, transport harakati jadvallari va turizm sohasi subyektlari va ishtirokchilari uchun zarur boshqa dolzarb va tezkor ma’lumotlarni zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda taqdim etish;
O‘zbekiston Respublikasi va hududlarining turizm salohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash;
O‘zbekiston Respublikasi va uning turizm salohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish va tarqatish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
turizm faoliyati subyektlari va ishtirokchilari uchun axborot mahsulotlarini tarqatish (bukletlar, xaritalar, reklama prospektlari va boshqalar);
O‘zbekiston Respublikasi va hududlarining turistik jozibadorligini oshirish maqsadida reklama va marketing faoliyatini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi va hududlarining turizm salohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotni turizm faoliyati subyektlariga taqdim etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |