2-bob. Tadbirkorlik subyektlariga grantlar ajratish tartibi
5. Grant bitta loyihaning 30 foizi, lekin 3 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda ajratiladi.
Grantning umumiy miqdori har yili Jamg‘armaning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasida tasdiqlanadi.
6. Talabgor tanlovda ishtirok etish uchun ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda ariza bilan Qo‘mitaga murojaat qiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
kinoloyiha materiallari;
kinoloyiha uchun 70 foiz mablag‘ning mavjudligini tasdiqlovchi bank hujjatlari;
to‘liq metrajli badiiy filmlar uchun davom etish vaqti kamida 70 daqiqalik bo‘lgan badiiy filmni xalqaro kino bozorlarida sotish hamda xalqaro kinofestivallarda namoyish etish uchun targ‘ib qilish to‘g‘risida xalqaro distribyuterlik bitimi yoki kafolat xati nusxasi;
qisqa metrajli badiiy filmlar uchun davom etish vaqti kamida 30 daqiqalik badiiy filmni xalqaro kinofestivallarda namoyish etish uchun targ‘ib qilish to‘g‘risida xalqaro distribyuterlik bitimi yoki kafolat xati nusxasi;
hujjatli-xronikal va hujjatli-badiiy filmlar uchun davom etish vaqti kamida 40 daqiqalik filmni onlayn-kinoteatrlarda namoyish etilishini tasdiqlovchi hujjat nusxalari.
7. Loyihalar quyidagilarga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim:
a) O‘zbekiston tarixi va tarixiy shaxslari haqidagi afsona va hikoyalar talqinini targ‘ib qilish;
b) mamlakat kinolokatsiyasini xalqaro media maydonda targ‘ib qilish;
v) O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyish etish.
8. Grant har chorak yakunlariga ko‘ra, chorak tugaganidan keyingi oyning 20 sanasiga qadar mazkur yakunlangan chorakda ariza bergan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
9. Komissiya chorak davomida kelib tushgan arizalarni, chorak tugaganidan keyingi oyining 10 sanasiga qadar ushbu Nizom talablariga muvofiqligini o‘rganish asosida grant ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va qabul qilingan qaror nusxasini qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida talabgorga yuboradi.
Grant ajratish to‘g‘risidagi qarorda grant miqdori, tadbirkorlik subyekti nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), grant oluvchi yuridik shaxsning nomi, STIR, tijorat bankidagi joriy hisobining rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Taqdim etilgan hujjatlarni qo‘shimcha o‘rganish zarurati tug‘ilsa, Komissiya talabgorni yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi va arizani ko‘rib chiqishni qo‘shimcha o‘n kunga uzaytirish huquqiga ega.
10. Grant rad etilgan taqdirda, grantni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablarni aniq ko‘rsatgan holda qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida talabgorga yuboriladi.
Talabgor qarorni olgandan keyin keyingi chorakda ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, Qo‘mitaga ularning bartaraf etilganini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
11. Grant quyidagi asoslar bo‘yicha rad etilishi mumkin:
ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilmagan yoki to‘liq taqdim etilmagan;
kinoloyihalar ushbu Nizomning 3 va 7-bandlarida ko‘rsatilgan talablarga javob bermasa.
Ushbu bandda ko‘rsatilmagan boshqa asoslar bo‘yicha grant ajratishni rad etish ta’qiqlanadi.
12. Komissiya tomonidan grant ajratish to‘g‘risida qayta berilgan ariza keyingi chorak yakunlariga ko‘ra ko‘rib chiqiladi.
Bunda, yangi, ilgari aniqlanmagan asoslar bo‘yicha grant ajratishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
13. Loyihalari maqbul deb topilgan talabgorlar bilan Qo‘mita shartnoma tuzadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |