O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA OILAVIY HUQUQ.
NIKOH TUSHUNCHASI
MUNDARIJA:
KIRISH
I BOB. MUSTAQIL JAMIYATDA OILA TUSHUNCHASI
1.1. Oila huquqi tushunchasi
1.2. Oila huquqi tamoyillari
II.bob. Oilaviy munosabatlar odobi va psixologiyasi
2.1. Nikoh tushunchasi, uni tuzish tartibi va shartlari...
2.2. Nikoh shartnomasi,er va xotinning shaxsiy, mulkiy huquqlari
2.3. Nikohning tugatilishi
XULOSA
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
KIRISH
Mavzuning dolzarbligi: Oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar axloq-odob va huquqiy qoidalar bilan tartibga solinadi. Shuning uchun ham oila huquqi huquqning mustaqil sohasi bo‘lib, nikoh, qon-qarindoshlik, bolalarning nasl-nasabini belgilash, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish shakllaridan kelib chiqadigan munosabatlarni huquqiy tartibga soladi.
Oila huquqi – bu er-xotin, qarindoshlar, ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) va bolalar o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy va ular bilan bog‘liq mulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquq tarmog‘idir.
Oila huquqi fuqarolik huquqi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lish bilan birga, farq qiluvchi xususiyatlarga ham ega. Birinchidan, oilaviy munosabatlar fuqarolik huquqiga xos bo‘lmagan yuridik faktlar (nikoh, qarindoshlik, onalik, otalik, farzandlikka olish va hokazolar) asosida vujudga keladi, ikkinchidan, oilaviy munosabatlar fuqarolik huquqidan farq qilib, ko‘proq shaxsiy-huquqiy mohiyatga ega bo‘ladi, uchinchidan, oilaviy huquq subyektlarining huquq va majburiyatlari ularning o‘zlarigagina tegishli huquq va majburiyatlardir.1
Oila huquqi normalari bilan tartibga solinadigan munosabatlar – oila huquqi predmetidir. Shaxsiy va mulkiy oilaviy munosabatlar oila a’zolari huquqiy munosabatlarining asosini tashkil etadi. Shuning uchun oilaviy huquqiy normalarni sharhlashda tushunchalar bilan cheklanmasdan, oila huquqi normalariga yuridik ahamiyat berish lozim.
Oila huquqi normalari, avvalo, nikohdan o‘tish tartibi va shartlarini belgilaydi, er-xotinlar o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy va mulkiy munosabatlarni tartibga soladi, ota-onalar bilan bolalar o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtiradi. Shuningdek, oila huquqi normalari, farzandlikka olish, vasiylik va homiylik bilan bog‘liq ravishda vujudga keladigan munosabatlarni tartibga soladi hamda nikohning tugatilishi tartibi va shartlarini belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |