O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022 2026-yillarga mo‘ljallangan dastur (keyingi o‘rinlarda Dastur) 1-ilovaga muvofiq


O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan



Download 424,74 Kb.
bet2/18
Sana25.05.2023
Hajmi424,74 Kb.
#943342
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Bog'liq
PQ-120 08.02.2022

O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan
DASTUR
O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan dastur (keyingi o‘rinlarda — Dastur) chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini jadal rivojlantirish, respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash va ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ustuvor maqsad va vazifalarni belgilashga qaratilgan.
1-bob. Chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarining joriy holati tahlili
Bugungi kunda respublikamizda jami 18 032 ta chorvachilik xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, shundan 7 614 tasi qoramolchilik, 3 263 tasi qo‘y va echkichilik, 142 tasi yilqichilik, 52 tasi tuyachilik, 1 163 tasi parrandachilik, 4 829 tasi baliqchilik, 715 tasi asalarichilik va 254 tasi quyonchilik yo‘nalishida tashkil etilgan.
Birgina qoramolchilik yo‘nalishida 500 boshdan 1 000 boshgacha chorva moli bo‘lgan xo‘jaliklar soni 256 taga, 1 000 bosh va undan yuqori chorva moli bo‘lgan xo‘jaliklar soni 136 taga yetdi.
2021-yilda barcha toifadagi xo‘jaliklarda parvarish qilinayotgan qoramollarning 91,8 foizi (2018-yilda 95,5 foiz) aholi xonadonlariga, 8,2 foizi (2018-yilda 4,5 foiz) fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ri kelgan.
Aholi jon boshiga go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish 47,5 kilogrammga (1 kishiga yillik me’yor — 46,1 kilogramm), sut mahsulotlarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 336 kilogrammga (1 kishiga yillik me’yor — 310,4 kilogramm) yetkazildi.
2021-yilda aholi xonadonlari va fermer xo‘jaliklarida parvarishlanayotgan 2,4 million bosh sigir va tanalar sun’iy urug‘lantirilib, zoti yaxshilangan qoramollar bosh soni 54 foizga yetkazildi.
Bundan tashqari, chet davlatlardan go‘sht yo‘nalishidagi tez yetiladigan qoramollarning Aberdin-angus, Sharole, Gereford va Limuzin hamda sut yo‘nalishidagi Djersey, Shvits va Monbilyard kabi yangi zotlari olib kelindi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlarida bunday zotlarning 100 ming boshdan ortig‘i parvarishlanmoqda.
Shuningdek, mayda shoxli mollarning zotini yaxshilash va mahsuldorligini oshirish maqsadida qo‘ylarning Merinos, Romanov, Edilboy, Dorper zotlari hamda echkilarning Angor va Zanen zotlari chet davlatlardan olib keltirildi.
Shu bilan birga, chorva mollarining naslini yaxshilash bo‘yicha jami 497 ta xo‘jalik naslchilik toifasiga o‘tkazilib, ularning soni 1 640 taga yetkazildi.
2021-yilda chorvachilik subyektlariga ozuqabop ekinlar ekish uchun ajratilgan 339,7 ming gektar yer maydonlarining 37 ming gektariga yangi beda (100 ming gektarda eski beda mavjud), 158,5 ming gektariga silos uchun makkajo‘xori, 31,8 ming gektariga oq jo‘xori, 13,8 ming gektariga xashaki lavlagi ekinlari ekilgan.
Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan 177 400 gektar yer maydoniga takroriy ozuqabop ekinlar ekilgan hamda chorva mollari uchun ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida jami 23,8 million tonna ozuqa jamg‘arildi.
Biroq, boqilayotgan chorva mollarining bosh soni ajratilgan ozuqa ekin yer maydonlari me’yoriga nisbatan (shartli bir bosh chorva moliga o‘rtacha 0,5-0,6 gektar) 2,5 baravar ko‘p.
Ozuqabop ekinlar uchun ajratilgan har bir gektar ekin yerlaridan 10 — 12 tonnadan ozuqa jamg‘arish imkoniyatlari mavjud bo‘lsa-da, har bir gektardan 6-7 tonnadan ozuqa jamg‘arilmoqda.
Aholi jon boshiga tuxum yetishtirish 236 donaga va parranda go‘shti 6,5 kilogrammga yetkazildi.
2021-yilda baliq yetishtirish hajmi 400 ming tonnaga yetkazilib, kishi jon boshiga 3-4 kilogramm baliq mahsulotlari yetishtirilgan.
2-bob. Dasturning ustuvor yo‘nalishlari
1§. Respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish
Ushbu ustuvor yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali kelgusi besh yillikda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sishini ta’minlashga erishiladi.
Respublikada sut va sut mahsulotlari sifatini yaxshilash, qayta ishlash quvvatlarini va mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi hamda kelgusida ularni eksportga yo‘naltirish choralari ko‘riladi.
Aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht, sut, tuxum, parranda go‘shti va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlashda iste’mol talabining oshishi hamda real daromadlarning ortishini hisobga olgan holda, chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi ko‘paytirib boriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarishni jadallashtirish mexanizmlarini amaliyotga keng ko‘lamda tatbiq etish, xo‘jalik yuritish va ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini qo‘llash;
ilg‘or xorijiy tajriba asosida chorvachilik sohasining parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik va asalarichilik tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar salmog‘ini oshirish;
go‘sht, sut, tuxum, parranda go‘shti, baliq, quyon go‘shti va asal mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish hamda mahalliy mahsulotlarni xalqaro sifat talablariga moslashtirish;
baliq, quyon go‘shti va asal mahsulotlarining tavsiya etilgan minimal iste’mol normalarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, aholining sog‘lom ovqatlanish madaniyatini oshirish;
chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda chorvachilik sohasi bilan iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari o‘rtasidagi integratsiyani ilm-fan va bozor munosabatlari asosida tizimli ravishda takomillashtirish;
chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hisobini yuritish va monitoringini olib borish uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bosqichma-bosqich va keng ko‘lamda joriy etish;
chorvachilik sohasida agrobiznes muhitini takomillashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va zamonaviy menejmentga asoslangan xo‘jalik yuritish usullarini qo‘llash maqsadida xalqaro ekspertlarni jalb etish hamda jahon tajribalariga asoslangan konsalting xizmatlarini ko‘rsatish tizimini keng joriy etish.
2§. Chorvachilik va uning tarmoqlarida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish
1. Chorvachilik va uning tarmoqlarida ozuqa bazasini mustahkamlash hamda ozuqa ishlab chiqarish salohiyatini oshirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalish chorvachilik sohasida ozuqabop ekinlar uchun ajratilgan yerlar va mavjud yaylovlardan samarali foydalanish hamda ozuqabop ekinlar urug‘chiligini tizimli yo‘lga qo‘yish mexanizmlarini belgilab beradi.
Respublikadagi mavjud yaylovlarda cho‘llanish jarayonlarining oldini olish va ularning hosildorligini oshirish orqali chorva mollari uchun tabiiy hamda arzon ozuqa ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalaniladi.
Chorvachilik va uning tarmoqlarida ozuqa bazasini mustahkamlash hamda ozuqa ishlab chiqarish salohiyatini oshirish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
ozuqabop ekinlar urug‘chiligini rivojlantirish, ozuqabop ekinlar va yaylov o‘simliklari urug‘larini yetishtirishga ixtisoslashgan urug‘chilik xo‘jaliklarini ko‘paytirish hamda hosildorligi yuqori bo‘lgan navlarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
chorvachilik xo‘jaliklarida ozuqabop ekinlarni agrotexnik qoidalar asosida ekish, parvarishlash va o‘rib-yig‘ib olishni ilmiy asoslangan holda tashkil etish orqali chorvachilik ozuqa bazasini yanada mustahkamlash choralarini ko‘rish;
ozuqabop ekinlarni joylashtirish tartibini qayta ko‘rib chiqish va ozuqabop ekin yerlarini ishlab chiqariladigan mahsulot bilan uzviy bog‘lash mexanizmlarini ishlab chiqish;
ozuqabop ekin navlarini yaratgan mualliflarni rag‘batlantirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish;
paxta-to‘qimachilik klasterlari va paxtachilik-g‘allachilik fermer xo‘jaliklaridagi ekin yerlarida ilmiy asoslangan holda ozuqabop ekinlarni almashlab ekishni yo‘lga qo‘yish;
kuchli ozuqalar tarkibini tahlil qilish uchun ixcham laboratoriyalar tashkil etish va mahsulot sifatini tahlil qilishni tizimli tartibga solish;
dukkakli o‘simliklar uchun yer maydonlari ajratish orqali xo‘jaliklarda almashlab ekish amaliyotini takomillashtirish hisobiga tarkibi oqsilga boy bo‘lgan ozuqa jamg‘arish miqdorini oshirish hamda yer va tuproq unumdorligini yaxshilash;
ozuqaviy qiymati yuqori bo‘lgan hosildor yashil ozuqalar, jumladan, makkajo‘xori ekiladigan maydonlarni kengaytirish va ularning hajmini oshirish hisobiga chorva mollarini oziqlantirish samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish;
chet davlatlardan keltirilgan mahsuldorligi yuqori va naslli qoramollarning bosh soniga nisbatan me’yor darajasida va mutanosib ravishda ozuqabop ekinlar uchun sug‘oriladigan yer maydonlarini kengaytirishni tashkil etish.
2. Chorvachilik sohasida naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, sun’iy urug‘lantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlash.
Mazkur yo‘nalish barcha toifadagi xo‘jaliklarda chorva mollarining naslini yaxshilash, chorvachilik fermer xo‘jaliklarining naslchilikka ixtisoslashuvini kengaytirish, sun’iy urug‘lantirish ko‘lamini oshirish orqali mahalliy mahsuldorligi past bo‘lgan sigirlardan zoti yaxshilangan nasl olishni ko‘paytirishga qaratilgan.
Chorvachilik fermer xo‘jaliklari va dehqon xo‘jaliklari o‘rtasida kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish orqali aholi xonadonlaridagi chorva mollarining zotini yaxshilash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
naslli mol tayyorlab, yetkazib berishni ko‘paytirish hamda sigirlarni sun’iy urug‘lantirish ishlarini yanada samarali tashkil etish hisobiga aholi xonadonlaridagi chorva mollari zotini yaxshilash va ularning mahsuldorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbir ishlab chiqish;
aholi xonadonlarida go‘sht va sut uchun boqiladigan qoramol zotlarini ko‘paytirish va sun’iy urug‘lantirishni yanada keng ko‘lamda tashkil etish orqali mahalliy mahsuldorligi past bo‘lgan mollarning bosh sonini bosqichma-bosqich kamaytirishning afzalliklari va iqtisodiy samarasi to‘g‘risida aholining amaliy ko‘nikmalarini oshirish choralarini ko‘rish;
chorvachilik fermer xo‘jaliklari, naslchilik xo‘jaliklari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida ishlab chiqarishni ilm-fan bilan integratsiyalashtirish hamda hamkorlik ishlarini talab darajasida tashkil etish;
chorva mollarining respublika iqlim sharoitiga moslashgan zotlarini chet davlatlardan keltirish, rayonlashtirish va ulardan yuqori mahsuldor nasl olishni ko‘paytirish, sun’iy urug‘lantirish hamda embrion ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha kelgusi 5 yillikka mo‘ljallangan naslchilik rejasini ishlab chiqish va uning amalga oshirilishini ta’minlash.
3. Chorva mollarini saqlash va parvarishlashning sifatini oshirish hisobiga mahsuldorlikni ko‘paytirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalishda chorva mollarini uy sharoitida va fermer xo‘jaliklarida boqish va parvarish qilishning zamonaviy usullaridan keng foydalanish choralari belgilanadi.
Sut va go‘sht mahsulotlarini saqlash, ozuqa tayyorlash, mikroiqlim sharoitlarini yaratish, sut sifatini joyida tekshirish, organik chiqindilardan tozalash va ushbu jarayonlarni keng yo‘lga qo‘yish orqali chorvachilik xo‘jaliklarida ishlab chiqarishning iqtisodiy samarasini jadallashtirish choralari ko‘riladi.
Chorva hayvonlari va parrandalarni parvarishlash samaradorligini oshirish orqali sohada mehnat sarfi kamaytiriladi hamda ishlab chiqarish xarajatlari qisqartiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
avtomatlashtirilgan va kompyuterlashtirilgan texnologik uskunalar va jihozlar bilan chorvachilik fermer xo‘jaliklarini ta’minlash va ularga qulay bozor sharoitlarini yaratib berish;
ishlab chiqarish faoliyatining iqtisodiy samaradorligini oshirish maqsadida chorvachilik xo‘jaliklari bilan chorvachilik sohasiga aloqador ilmiy-tadqiqot muassasalari, o‘quv maskanlari va laboratoriyalar o‘rtasidagi integratsiyani yo‘lga qo‘yish;
chorvachilik sohasiga oid texnologik, marketing, iqtisodiy, ilmiy va amaliy foydali ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi “Chorva” mobil ilovasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
xalqaro talablardan kelib chiqib, chorvachilik xo‘jaliklarida Global GAP, NACCP va boshqa xalqaro hamda milliy miqyosdagi standartlarni joriy etish;
chorva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilar o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish va sifat xavfsizligi barqarorligini ta’minlash.
4. Parrandachilik sohasini rivojlantirish.
Ushbu yo‘nalishda mamlakat aholisini yuqori sifatli parranda go‘shti va tuxum mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ichki va tashqi bozorlarga mahalliy parrandachilik mahsulotlarini sotishni ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanadi.
Parrandalarni ratsional oziqlantirish ishlari ilmiy asosda yo‘lga qo‘yiladi. Donli ozuqalarni yetishtirish va sotib olish bo‘yicha klaster tizimini joriy etish orqali korxonalar ehtiyojini ozuqalar bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.
Aholi xonadonlarida parranda boqish ishlari parrandachilik korxonalari bilan kooperatsiya tizimi asosida tashkil etiladi hamda aholining bandligi ta’minlanib, daromadlari oshiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishning raqobatbardoshligini oshirish, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga asosan parrandachilik klasterlarini tashkil qilish va innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish;
parrandachilik sohasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish orqali parrandachilik mahsulotlarini, shu jumladan, ozuqa ishlab chiqarish, parranda chiqindilarini qayta ishlash, iste’molga tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport geografiyasini kengaytirish;
parrandachilik mahsulotlari turlarini ko‘paytirish va bozor munosabatlarini yanada kuchaytirish maqsadida parrandachilikning kurkachilik, bedanachilik, g‘oz va o‘rdakchilik hamda tuyaqushchilik kabi yo‘nalishlarining ommaviyligini oshirish choralarini ko‘rish;
parranda uchun ozuqa qo‘shimchalari, vitaminlar, veterinariya dori-darmonlari va dezinfeksiyalash vositalari, parrandachilik sohasida qo‘llaniladigan asbob-uskunalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish;
aholi xonadonlarida parranda go‘shti va tuxumga bo‘lgan ehtiyojlarni yanada barqaror ta’minlash maqsadida xonaki parranda turlarini qishloq joylarida ko‘paytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish.
5. Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida intensiv texnologiyalarni qo‘llash orqali baliq yetishtirish hajmini izchil ko‘paytirish, mamlakatimizning ichki bozorini mahalliy mahsulot bilan to‘ldirish, tarmoq uchun kerakli barcha jihozlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, respublikaning ichki bozorida mavjud bo‘lgan xomashyolar asosida yetarlicha ozuqa ishlab chiqarishga erishish va baliq mahsulotlari eksportini kengaytirish vazifalari belgilanadi.
Baliqchilik xo‘jaliklari uchun ozuqa tayyorlash, qayta ishlash zavodlarini tashkil etish va intensiv texnologiyalarni joriy etish masalalarida malakali mutaxassislar va muhandislar yetishmasligi muammosini hal etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
baliq yetishtirishning zamonaviy texnologiyalari va intensiv usullarini keng joriy etish, shuningdek, tabiiy va sun’iy suv havzalari hosildorligini ko‘paytirish hisobiga baliq yetishtirish hajmini oshirish;
baliqlarning tropik turlarini chet davlatlardan keltirish va iqlim sharoitiga moslashtirish, chavoq ishlab chiqarish va sun’iy urchitish texnologiyasini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xalqaro talablarga muvofiq sifat menejmenti tizimining zamonaviy usullarini joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini baholash, sertifikatlash va standartlashtirishni tizimli tashkil etish;
mahalliy sharoitda oqsilga boy balanslashtirilgan ozuqa ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish, intensiv akvakultura uchun zarur ozuqalar ishlab chiqaruvchi quvvatlarni kengaytirish va baliqlarni ilmiy asosda oziqlantirish choralarini ko‘rish;
intensiv va dekorativ akvakultura, tabiiy suv havzalariga sayohat, rekreatsion baliq ovlash tizimi bo‘yicha “Fish-food-trip” ekoturizm tijorat dasturini ishlab chiqish.
6. Asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida asalarichilik tarmog‘ining boshqaruv tizimi, monitoring va statistik baza takomillashtiriladi hamda qishloq xo‘jaligi sohasining boshqa tarmoqlari bilan asalarichilik sohasini uzviy bog‘lagan holda samarali ish tashkil etish mexanizmlarini joriy etish belgilanadi.
Mamlakatda ishlab chiqarilgan asal sifatini xalqaro standart talablariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tarmoqda asalarilar naslini va mahsulot sifatini yaxshilash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali mexanizmlari joriy etiladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
asalarichilikda intensiv texnologiyalarni qo‘llash orqali asalarichilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish;
asalarichilik tarmog‘ida naslchilik ishini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan choralarni qo‘llash, O‘zbekiston sharoitiga moslashgan “Karpat” va “Karnika” asalari zotlarini xorijdan olib kirish va ularni ko‘paytirish bo‘yicha “Nasldor ona asalarilarning himoyalangan hududlari” chora-tadbirlarini amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalarilar bilan changlatish agrotexnologiyasini tizimli yo‘lga qo‘yish hisobiga sohani tijoratlashtirish;
asal sifatini xalqaro talablarga moslashtirish, dehqonchilik sohasida qo‘llaniladigan kimyoviy vositalarning asalarichilik sohasiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
o‘rmon xo‘jaligi yerlari va qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida asalarilarni mavsumiy joylashtirish bo‘yicha “Asalari xaritasi” chora-tadbirlarini ishlab chiqish va shu asosda asalarichilik xo‘jaliklarining harakatlanishini tartibga solish mexanizmlarini amaliyotda qo‘llash;
sun’iy asal mahsulotlariga qo‘yilayotgan amaldagi standartlarni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish hamda inson salomatligida tabiiy asalning ahamiyatini yanada oshirish uchun iste’mol madaniyatini kuchaytirishga qaratilgan normativlarni ishlab chiqish.
7. Quyonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish hamda kooperatsiya tizimi asosida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida sifatli quyon go‘shtini mamlakatda iste’mol qilish darajasini ko‘tarish hamda respublikada umumiy go‘sht mahsulotlari hajmida uning ulushini oshirish nazarda tutilmoqda.
Quyon go‘shtini sanoat usulida ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish hisobiga quyon go‘shti iste’moli oshirib boriladi.
Quyonchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish uchun ishlab chiqaruvchilardan go‘sht mahsuloti va quyon terisini sotib oluvchi hamda qayta ishlovchi tashkilotlar tarmog‘i yanada kengaytiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
quyon boqishni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish orqali respublika hududlarida quyonchilik naslchilik xo‘jaliklarini tashkil etish va naslli quyonlar bosh sonini ko‘paytirish choralarini ko‘rish;
go‘sht yo‘nalishidagi quyon zotlarini mahalliy sharoitga moslashtirish va ixtisoslashgan quyonchilik bo‘rdoqichilik xo‘jaliklarini tashkil etish hisobiga kooperatsiya tizimini joriy etish va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish choralarini ko‘rish;
quyon go‘shtining iste’mol madaniyatini oshirish va aholining ovqatlanish ratsionida quyon go‘shti ulushini ko‘paytirish;
ilm-fan va ishlab chiqarishni tizimli asosda uzviy integratsiyalash, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish, quyonchilik tarmog‘ida yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
quyonchilik bilan shug‘ullanuvchi oilaviy xo‘jaliklar faoliyatini takomillashtirish, ularni rag‘batlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish.
3§. Tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi subyektlarga ajratilgan yerlarning tanazzulga uchrashining oldini olish, tabiiy yaylovlarning hosildorligini oshirish orqali cho‘llanish jarayonini sekinlashtirish masalalari hal etiladi.
Yaylov yerlaridan maqsadli foydalanish orqali arzon ozuqa mahsulotlari yetishtiriladi hamda chorvachilik sohasida suv resurslari va energiya iste’moli tejamkorligiga erishiladi.
Iqlim o‘zgarishi, tabiatning biologik xilma-xilligini saqlash va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro jarayonlarni e’tiborga olgan holda chorvachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni tabiiy resurslar barqarorligini va atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga qaratish muhim hisoblanadi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
pichanzorlar va yaylovlarni xatlovdan o‘tkazish hamda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazishning Milliy dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
yaylovlardan foydalanganlik uchun to‘lov tizimini takomillashtirish, yaylovlardan foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, yaylovlarning davlat nazoratini kuchaytirish va “Yaylov fondi”ni tashkil etish;
tabiiy pichanzorlar, yaylovlar va sug‘oriladigan ekin yerlarini monitoring qilishning yagona elektron tizimini ishlab chiqish va axborotlar almashinuvini kengaytirish, o‘simliklarni parvarish qilish jarayonini kuzatish va baholash uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish;
chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va organik chiqindilarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga doir “Bioenergiya va yoqilg‘i” dasturini ishlab chiqish;
er va suv resurslaridan oqilona foydalangan holda, mahsuldorlikni oshirib borish hisobiga chorva mollari bosh sonining o‘sish sur’atlarini maqbullashtirish va bu orqali atmosferaga ajraladigan issiqxona gazlarining chiqishini kamaytirish choralarini ko‘rish;
tomorqa xo‘jaliklarini qulay sharoitlarda iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, biogumus, bioenergiya va bioisitish mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish.
4§. Chorvachilik sohasida infratuzilma xizmatlarini yanada rivojlantirish, ularning sifatini yaxshilash va turlarini kengaytirish
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida dehqon va fermer xo‘jaliklarida parvarish qilinayotgan chorva mollariga zootexnika va veterinariya xizmatlarini ko‘rsatishni yetarli darajada ta’minlash choralari belgilanadi.
Chorva hayvonlarining sog‘lig‘ini himoya qilish va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni boshqarishning milliy tizimi Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish tashkiloti (OIE) normalariga muvofiqlashtiriladi.
Kichik chorvachilik xo‘jaliklari negizida mahsulotlarni qayta ishlash tizimini kengaytirish va bunga aholi xonadonlarini biriktirish, shuningdek, bozor tamoyillari asosida mahsulotlarning raqobatbardoshligi va sifatini oshirish maqsadida dastlabki qayta ishlash va qadoqlashning kichik quvvatlarini kengaytirishga sharoit yaratib beriladi.
Hayvonlarni hisobga olish va monitoring qilishdan tashqari ularni identifikatsiyalash va sertifikatlash, chorvachilik mahsulotlarining kelib chiqishi va ularni saqlash usullari to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar asosida chorvachilik mahsulotlarining sotuv darajasi va xavfsizligi oshiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
ozuqa ishlab chiqarish va yem-xashak tayyorlashning zamonaviy texnologiyalarini ishlab chiqish, organik materiallardan foydalanish, chorvachilik mahsulotlarini saqlash va yetkazib berish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tegishli turdagi uskunalar ishlab chiqarishni rivojlantirish;
chorvachilik fermalari va dehqon xo‘jaliklaridagi organik chiqindilar va ikkilamchi mahsulotlarni qayta ishlash ko‘lamini kengaytirish maqsadida kichik biznes subyektlarini jalb etish.
5§. Chorvachilik sohasida ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini takomillashtirish
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni sohani rivojlantirish uchun yo‘naltirish va ularni ta’lim va maslahat muassasalari orqali amalga oshirishni ta’minlash choralari ko‘riladi.
Ilmiy muassasalar faoliyatini iqtisodiy jihatdan mustahkamlash orqali ilmiy kadrlarning qo‘nimsizligiga barham berish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish hamda mahalliy chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishning real jarayonlari bilan ilm-fanni bog‘lash chora-tadbirlari belgilanadi.
Chorvachilik sohasi rivojlangan yetakchi mamlakatlar olimlari bilan ilmiy muassasalarning xalqaro hamkorligi doirasida keng ko‘lamdagi loyihalar ishlab chiqiladi. Xalqaro hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha tajribalarni oshirish, zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoiti va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish talablariga javob beradigan aniq mavzudagi tadqiqotlarni olib borish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etiladi.
Chorva hayvonlarining genetikasi, ularni parvarishlash va boqish usullari, ekologik muammolar, qayta ishlash masalalarida amalga oshiriladigan tadqiqotlarni mablag‘lar bilan yetarli miqdorda ta’minlash va rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
chorvachilik sohasida ilm-fanni rivojlantirish, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni chuqurlashtirish uchun mahalliy grant mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha tizimli choralarni ko‘rish;
xalqaro fondlar va moliya institutlari ishtirokida (FAO, UNDP, MASNAV, WORLD BANK, ICBA, GIZ) chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda bunda ilm-fan va ta’lim muassasalarining ishtirokini kengaytirish;
chorvachilik sohasi doirasida xizmatlar va axborot-maslahat (extension) markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish va muvofiqlashtirishni tashkil etish.
3-bob. Dasturni amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Dasturda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish natijasida 2026-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasida quyidagi natijalarga erishiladi:
a) respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash hamda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshirish yo‘nalishida:
sut yetishtirish hajmi 11,5 million tonnadan 22 million tonnaga, aholi jon boshiga esa 336 kilogrammdan 560 kilogrammga oshiriladi;
qoramol go‘shtini yetishtirish (tirik vaznda) 1 980 ming tonnadan 2 864 ming tonnaga, qo‘y va echki go‘shti — 400 ming tonnadan 650 ming tonnaga, aholi jon boshiga esa 47,5 kilogrammdan 69,4 kilogrammga yetkaziladi;
chorva hayvonlarini saqlash, parvarish qilish, boqish jarayonlari bilan bog‘liq ishlarni avtomatlashtirish hamda bino-inshootlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ko‘lami oshiriladi;
qo‘y va echkilar junining sifatini tahlil qilish va baholash tizimi yaratiladi hamda junni mahalliy qayta ishlash quvvatlari oshiriladi;
b) chorvachilik va uning tarmoqlarining ozuqa bazasini mustahkamlash hamda ozuqa ishlab chiqarish salohiyatini oshirish yo‘nalishida:
asosiy ozuqabop ekinlar hosildorligi (beda — 10 tonnadan 20 tonnaga va silos uchun makkajo‘xori — 32 tonnadan 70 tonnaga) oshiriladi;
ozuqabop ekinlar urug‘liklarini yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari soni 320 tadan 400 taga yetkaziladi;
tog‘ va tog‘oldi yaylovlariga qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan yem-xashak o‘simliklarini ekish bilan ularning hosildorligi 8 sentnerdan 12 sentnerga oshiriladi;
ozuqabop ekinlarning hosildorligini oshirish, agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish, yaylovlarda ozuqa manbaini ko‘paytirish va urug‘chilik bazasini mustahkamlash hisobiga chorvachilik ozuqa bazasi yanada mustahkamlanadi;
v) chorvachilik sohasida naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, sun’iy urug‘lantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish yo‘nalishida:
umumiy qoramollar podasida sof zotli yuqori mahsuldor naslli qoramollarning ulushi 9 foizdan 33 foizga oshiriladi;
umumiy qoramollar podasida zoti yaxshilangan mahalliy qoramollarning ulushi 54 foizdan 90 foizga yetkaziladi;
chorva hayvonlarini shaxsiy tomorqalarda saqlash va boqishning ilmiy asoslangan va innovatsion usullaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi;
naslchilik ishi va sun’iy urug‘lantirishni tizimli tashkil etish hisobiga fermer xo‘jaliklari va ayniqsa, aholi xonadonlaridagi mahalliy mollarning zotdorligi va mahsuldorligi oshiriladi;
g) chorva mollarining mahsuldorligini oshirish yo‘nalishida:
xalqaro va milliy standartlarga (Global GAP, NACCP va boshqalar) javob beradigan fermer xo‘jaliklarining ulushi 1 foizdan 30 foizga yetkaziladi;
chorva hayvonlarini parvarishlashda kompyuterlashtirilgan dasturlardan foydalanuvchi chorvachilik xo‘jaliklarining ulushi 50 foizga yetkaziladi;
go‘shtdor qoramollarning mahsuldorligini oshirish maqsadida fermer va dehqon xo‘jaliklarining ishlab chiqarish faoliyatida ilmiy va o‘quv muassasalari bilan integratsiyasi rivojlantiriladi;
d) parrandachilik sohasini rivojlantirish yo‘nalishida:
parranda go‘shtini yetishtirish hajmi 210 ming tonnadan 536 ming tonnaga oshiriladi;
tuxum yetishtirish miqdori 8,1 milliard donadan 12,8 milliard donaga, aholi jon boshiga esa 236 donadan 329 donaga yetkaziladi;
parrandachilik korxonalari faoliyatiga tegishli biologik va texnik xavfsizlik talablarini belgilovchi hujjatlar ishlab chiqiladi;
e) baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish yo‘nalishida:
baliq yetishtirish hajmi 400 ming tonnadan 1 million tonnaga oshiriladi;
baliqchilik xo‘jaliklarida sun’iy suv havzalari mahsuldorligi gektariga 30 sentnerdan 150 sentnerga yetkaziladi;
baliq yetishtirishning umumiy hajmida qimmatbaho baliqlar (forel, losos, osyotr, tilyapiya va boshqalar) ulushi 2 foizdan 10 foizga yetkaziladi;
baliqlarning yangi turlarini iqlimlashtirish choralari ko‘riladi va baliq mahsulotlarini eksport qilish salohiyati oshiriladi;
j) asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish yo‘nalishida:
asal yetishtirish hajmi 25 ming tonnadan 52,5 ming tonnaga oshiriladi;
asalarichilik mahsulotlarini hisobga olish tizimi va statistik bazasi shakllantiriladi;
mahalliy asalarichilik mahsulotlarining sifatini va xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash mexanizmi yaratiladi;
asalarilar bilan changlatish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi;
z) quyonchilik tarmog‘ini rivojlantirish yo‘nalishida:
quyon go‘shtini yetishtirish hajmi 100 tonnadan 23 ming tonnaga oshiriladi;
aholi jon boshiga quyon go‘shtini iste’mol qilish hajmini 3 kilogrammdan oshirishga erishiladi;
i) tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida:
respublikamizdagi yaylov yerlarining degradatsiyaga uchragan maydonlari 70 foizdan 50 foizga qisqartiriladi;
respublikamizda ozuqa ekinlari yetishtirish uchun sug‘oriladigan yerlarning tanazzulga uchragan maydonlari 58 foizdan 25 foizga kamaytiriladi;
ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun foydalaniladigan sug‘oriladigan yerlarning tanazzulga uchrashi, shuningdek, yaylov yerlarining degradatsiyasi va cho‘llanish jarayonlarining oldi olinadi;
yaylovlardan nazoratsiz foydalanish ishlari tartibga solinadi va yaylovlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha tegishli vakolatli organlar faoliyati takomillashtiriladi;
k) chorvachilik sohasida infratuzilma xizmatlarini yanada rivojlantirish, ularning sifatini yaxshilash va turlarini kengaytirish yo‘nalishida:
chorvachilik sohasidagi fermer va dehqon xo‘jaliklarining barqaror rivojlanishi uchun ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi;
zootexnik xizmatlarni ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtiriladi;
chorva hayvonlarini hisobga olish va kuzatish mexanizmlari yanada takomillashtirilib, yirik va mayda shoxli mollarni identifikatsiyalash tizimli yo‘lga qo‘yiladi;
l) ilmiy-tadqiqot institutlari salohiyatini oshirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish vazifalari yuklangan xo‘jalik birlashmalari va uyushmalar bilan birgalikda tajriba-sinov xo‘jaliklari tashkil etiladi va ularni davlat tomonidan muvofiqlashtirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
4-bob. Dasturning maqsadli ko‘rsatkichlari va ularni monitoring qilish
Chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish mazkur Dasturga ilovada belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlarga erishishga asoslanadi.
Dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha har yili 20-dekabrga qadar kelgusi yilga mo‘ljallangan chora-tadbir ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Dasturning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishilishi ustidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan monitoring qilib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan dasturga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan dasturning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlar)


Download 424,74 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish