O‘qish darslarini tashkil etishda multimedia ilovali metodik qo‘llanmalardan foydalanish. Multimedialarning ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyati, ulardan ta’lim sifatini oshirishda o‘rinli va maqsadli foydalanish.
Komil insonni voyaga etkazishda boshlang‘ich ta’lim shubhasiz mustahkam poydevor rolini o‘taydi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart!” -degan so‘zlariga asosan mustaqillik yillarida ta’limni tubdan isloh qilish borasida benihoya ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
2014-yil 19-fevral kuni tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining PQ-2133 sonli “Sog‘lom bola yili davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorida boshlang‘ich sinflarda o‘qitish sifatini yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘pgina vazifalar belgilab berilgan. Boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha YAngi tahrirdagi Davlat ta’lim standarti ham mustaqillik davridagi tajribalar natijasi sifatida maydonga keldi. U boshlang‘ich ta’lim darsliklari va metodik qo‘llanmalarining yangi avlodini yaratishda dasturulamal vazifasini o‘tamoqda. Boshlang‘ich ta’lim standartida o‘quvchilarning o‘qish malakalarining sifatlarni va ijodiy fikrlay olishlari, o‘z-o‘zini nazorat qila bilishlari, nutq madaniyatini o‘zlashtirishlari, husnixat bilan savodli yozish ko‘nikmalarini egallashlari alohida qayd etilgan. Boshlang‘ich sinfda “O‘qish” fani o‘quvchilarning tafakkur qilish faoliyatlarini kengaytirish, erkin fikrlay olish, o‘zgalar fikrini anglash, o‘z fikrlarini og‘zaki va yozma ravishda ravon bayon qila olish, jamiyat a’zolari bilan erkin muloqotda bo‘la olish ko‘nikma va malakalarga xizmat qiladi.
Mazkur qarorning ijrosi sifatida 1-3-sinf o‘qish fani bo‘yicha multimedia elektron ilovalar, metodik qo‘llanma yaratildi. Bu qo‘llanmada ilg‘or pedagogik va axborot kommunikatsion texnologiyalardan foydalanib o‘qitiladigan dars ishlanmalari, multimedia elektron ilovalar, dars jarayonida qo‘llaniladigan metod va usullar, didaktik o‘yin texnologiyalar, mantiqiy mashqlar va darslikdagi mualliflar haqida ma’lumotlar o‘rin olgan. Ular o‘quvchilarni o‘ylashga, izlanishga, xulosalar chiqarishga undaydi.
Metodik qo‘llanmalarda o‘quvchilarni to‘g‘ri, tez, ifodali tushunib o‘qish, o‘quvchilarning og‘zaki nutqini o‘stirish, lug‘atini yangi so‘zlar bilan boyitish, so‘zlardan nutqida to‘g‘ri va o‘rinli foydalanishga o‘rgatish maqsad qilib olingan.
Har bir o‘qituvchi 1-3-sinf o‘qish fanidan yaratilgan ilovali metodik qo‘llanmalardan ta’lim sifatini oshirishda o‘rinli va maqsadli foydalanishi zarur. Ayniqsa, o‘qish darslarida turli janrdagi asarlarning matni ustida ishlashga va ularning xususiyatlari haqidagi mavjud bilimlarini yanada boyitishga alohida e’tibor qaratish lozim. SHuning uchun mazkur metodik qo‘llanmalar mazmuni, unda berilgan didaktik materiallar, savol-topshiriqlarga ilmiy va tanqidiy yondashuv asosida amaliyotga tatbiq etish talab etiladi.
O‘quvchilarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirishda o‘qish darslarining roli. O‘quvchilarda o‘qish malakalarini shakllantirishdagi qiyinchiliklar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 12 yanvar kuni “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladilar. Farmoyishda bolalar adabiyotining sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, ta’lim muassasalarida sinfdan tashqari o‘qish uchun tavsiya etilgan o‘zbek va chet el adiblarining mumtoz va zamonaviy asarlarini tanlab, xrestomatiya adabiyotlari ro‘yxatlarini qayta ko‘rib chiqish va o‘quv jarayoniga mutolaa etilgan asarlar asosida insho yozish tizimini joriy etish masalasiga alohida urg‘u berilgan.
Bolalar adabiyoti o‘quvchilarni yoshlarni imon-e’tiqodli kishilar sifatida va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda mamlakatimizning qudratli qurolidir. Bugungi davrda bu fanga intilish, qiziqish, o‘rganish, o‘zlashtirish yanada oshdi. SHunday ekan, kichkintoylarga atab yoziladigan har qanday badiiy asar ularning yosh xususiyatlariga, saviyalariga mos bo‘lishi, ular qalbida chuqur o‘y-fikrlar uyg‘otishi, yorqin obrazlar va yuksak g‘oyalarga boy bo‘lishi, ularni ulkan va porloq ishlarga ilhomlantirishi zarur. Eng muhimi, mavzular tushunarli, sodda va qiziqarli tilda yoritilishi lozim.
Faqat chinakam badiiy asarlargina bolalarga kuchli ta’sir ko‘rsatib, ana shu talablarga javob bera oladi. SHu sababli bunday kitoblar pedagogik va psixologik nuqtai nazardan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bolalar adabiyoti bu vazifani bajarishda avvalo, badiiy tilga suyanadi. Adabiy asarning tili uning g‘oyaviy mazmunini aniq va ifodali ochib berish vositasidir. YAxshi, aniq, ravon, obrazli, boy til bilan yozilgan asar yozuvchining maqsad va fikrlarini kitobxonlarga tez va oson etkazadi.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy «Mahbub-ul qulub» asarida tilni «ko‘ngil xazinasining qulfi1», deb ta’riflaydi, kishilarni qisqa va mazmunli, chuqur mantiq bilan so‘zlashga chaqiradi. Bu talab, shubhasiz, bolalar yozuvchilariga ham taalluqlidir.
Bolalar yozuvchisi sodda, ravon, qiziqarli va mazmundor qilib yoza bilishi kerak. Buning uchun esa u xalq tilini puxta bilishi lozim.
Ravon til bilan yozilgan badiiy asarlar yosh kitobxonning nutqiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi, so‘z boyligini oshiradi.
Bolalar yozuvchilarining eng yaxshi kitoblari yosh avlodni tabiatni sevishga, halol yashashga, ilm-fan cho‘qqilarini egallashga, xalq uchun foydali yangi kashfiyotlar qilishga o‘rgatadi. Kitob xalqimizning o‘tmishi, ilg‘or madaniyatimiz, fan va texnikamiz yutuqlari bilan tanishtiradi, faxr tuyg‘ularini o‘stiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |