NAVOIY POETIK SINTAKSISINING AYRIM XUSUSIYATLARI XUSUSIDA
Til birliklari va hodisalarining inson tafakkuri in’ikosi sifatidagi reallashuvi nutq jarayonida amalga oshadi. Aloqa- aralashuvning eng muhim va asosiy vositasi sanaluvchi so‘z nutqda qo‘llanilar ekan, u til birliklarining nafaqat ijtimoiy, kommunikativ vazifalarini, balki ayni jarayonda insonning emotsional-ekspressiv munosabatlarini ham yuzaga chiqaradi. So‘z qudrati, uning betakror jozibasi, ayniqsa, uning “yuksak takomili ifodasi” badiiy adabiyotda haqiqiy o‘rnini topadi. Boshqacha aytganda, “poeziyaning bosh omili va qahramoni” sanalgan (Vinokur, Gofman) so‘z ta’sir kuchini aynan shu ifodada ko‘rsatadi.
Obrazli so‘zning qanchalik kuchga egaligi masalasiga e’tibor qaratar ekanmiz, quyida bir misolni keltirishni joiz deb bildik. Rejissor Mark Abraxamning “Daholik shu’lalari” kinoasarida film bosh qahramoni ixtirochi Robert Kyornsning o‘tgan asrning 60-yillarida “Ford” avtokonserni bilan o‘z ixtirosiga egalik huquqi yuzasidan sudlashish jarayoni tasvirga olingan. Uzoq davom etgan sud jarayoni majlislaridan birida: “Siz hech qanday ixtiro qilmagansiz, mexanizmlar ish jarayonining odatdagi tartibini o‘zgartirgansiz xolos”, degan da’voga qahramon hech kimning xayoliga kelmagan tarzda javob qaytaradi. U ikkita badiiy asarning (Dikkens, Tekkeri) istalgan sahifasini ochib o‘qiy boshlaydi. Buning sababini anglab yetmagan kishilarning istehzoli va e’tirozli qarashlariga esa quyidagicha izoh beradi: “Yozuvchi asar yozar ekan, u yangi so‘zlar o‘ylab topmaydi, kashf qilmaydi, balki hammamizga ma’lum bo‘lgan tanish so‘zlarni qayta tuzib chiqadi. Biroq bu uning tamomila yangi, hech kimga ma’lum bo‘lmagan asar yaratishiga to‘sqinlik qilarmikan?” Aynan shu izoh sud maslahatchilariga Kyornsga xayrixohlik qilishlari, to‘g‘ri hukm chiqarib, uning avtogigant bilan sud jarayonida ustun kelishiga sabab bo‘ladi. Ana shu emasmikan so‘zning qudrati? Ayni ma’noda tushunsak, adabiyotning bosh omili - inson qalbida estetik tuyg‘ular kurtaklanishi yoki uyg‘onishi ham shuning o‘zi, albatta.
Shu ma’noda til birliklarining imkoniyatlari ifodasi bo‘lmish so‘zning qudratini yuzaga chiqarish aynan ijodkorning mahoratini ko‘rsatib beradi, degan fikrni ilgari surgan bo‘lar edik.
U yoki bu ijodkorning so‘zdan foydalanish mahorati uning nutqini, aniqrog‘i, uslubini belgilaydi (“idiostil - individual uslub” nazariyasiga ko‘ra ilgari surilgan “самовитое слово - o‘ziga xos o‘zgacha so‘z” g‘oyasi - V.Grigoryev), shunga ko‘ra keng ma’noda so‘z o‘ziga xos semantik tizimning asosiy komponentidir, ya’ni “Har qanday leksik birlik - semema nutqqa xoslangan bo‘ladi”. (R.Sayfullayeva, B.Mengliyev).
Buyuk so‘z san’atkori Alisher Navoiy haqida juda ko‘p aytilgan va aytib kelinmoqda. O‘z ta’biridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, “ummon qa’ridan dur-u gavhar teruvchi” adiblar orasida unga tenglasha oladiganlar deyarli yo‘q. Biroq Alisher Navoiy adabiyot, poetika, shuningdek, til masalalariga to‘xtalar ekan, hech bir masalada, birinchidan, nopisand, nokamtar munosabat bildirmagan, ik- kinchidan, u o‘zigacha bo‘lgan turkigo‘y shoirlar (Sakkokiy, Amiriy, Gadoiy, Lutfiy va boshqalar) nomlarini hurmat bilan tilga oladi. Shu o‘rinda ijodkorning til masalasida bildirilgan bir fikrini keltirishni o‘rinli bildik: “Kamina til (turkiy) boraisda bemisl zahmat va mashaqqat chekmakka bel bog'lagan... Mavlono Lutfiydan tamomroq kishi ko'rmadim”. Boshqacha aytganda, forsiy shoirlar qarshisiga chiqadigan, ular bilan dadil bellasha oladigan Lutfiydan o‘zga shoir paydo bo‘lmaganidan afsuslanadi. Aynan o‘sha davrda badiiy adabiyotda fors-tojik tili yetakchilik qilayotgani, o‘zbek tilining imkoniyatlari yashirin qolayotganligini kuyinib ta’kidlaydi.
Alisher Navoiy bu haqda shunday yozadi: “Bu alfoz va iboratda bu nav daqoyiq kopdurkim, bu kunga degincha hech kishi haqiqatig'a mulohaza qilmag'on jihatdin bu yashurin qolibdur... va filhaqiqat, agar kishi yaxshi mu lohaza va taammul qilsa, chun bu lafzda vus’at (kenglik) va maydonida buncha fusxat (ochiqlik) topilur...” Shoir turk (o‘zbek) tilini xazina, chamanzorki, atrofi el oyog‘i ye- tishidan asralgan va qimmatbaho narsalarga boshqalarning qo‘li tegishidan saqlagan. Ammo “mahzanning yiloni xunxor (qonxo‘r) va gulshanning tikoni behad va shumor (son-sanoqsiz)”. Shoirlar ilonlarning nayzasidan qo‘rqib, bu xazinadan bahra ololmay o‘tganlar. Go‘yo nazm to‘dasining guldasta bog‘lovchilari tikanlar sanchilishi zararidan hadiksirab, bu chamanzordan gulni qo‘lga kirita olmaganlar (A.Nurmonov).
O‘sha davrdagi tarixiy shart-sharoit shunday ediki, fors-tojik adabiyoti o‘zbek adabiyotiga nisbatan ancha qadimiy va boy tajribaga ega bo‘lganligi, poetik qoidalarga doir manbalar ham, asosan, fors-tojik tilida ekanligi sababli ushbu tilda ijod qilish osonroq edi. Shuning uchun ham ko‘pgina turkiy (o‘zbek) shoirlar o‘z ona tillarida emas, balki fors-tojik tilida ijod qilar edi (N.Mallayev). Bu o‘zbeklarning ma’lum guruhi fors-tojik tilidagi adabiyotlardan bahramand bo‘lganlari holda, aksarining badiiy adabiyotdan bebahra qolayotgani ham haqiqat edi. Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror”da shunday yozadi:
Forsi eli topdi chun xursandliq,
Turki dog'i topsa barumandliq.
Alisher Navoiy o‘zbek shoirlarini o‘z ona tilida ijod qilishga, hech bo‘lmaganda har ikki tilda qalam tebratishga chaqiradi. U o‘zbek adabiy tilining rivoji uchun kurashni davrning eng muhim ishi deb biladi:
Senga oncha haq lutfi voqe’durur,
Ki to turk alfozi shoye’durur.
Bu til birla to nazm erur xalq ishi,
Yaqin qilmamish xalq senidek kishi.
(“Saddi Iskandariy”)
Alisher Navoiy o‘sha davrda fors-tojik tilida mavjud bo‘lgan barcha adabiy tur va janrlarda turkiy tilda ham ijod qilishi mumkin ekanligini isbotlash uchun ularning barchasida qalam tebratdi va go‘zal asarlar yaratdi. Shuningdek, davlat hujjatlari va yozishmalarni fors-tojik tilidan qolishmaydigan darajada o‘zbek tilida yozish mumkinligini quyidagicha bayon qiladi: bu muqobalada forsiy alfozining dilnazir insholari mavjud va dilpisand makotib damlolari ma’bud. To xayolga andoq keldikim, turk alfozining dog'i ruq’alari hamul misol bila aytilg'ay va bu til nomlarini ham us’hul minval bila sabt etishgay” (“Munshaot”).
Navoiyning turkiy tilda ijod qilganligi hamda boshqa zamondoshlarini ham bunga chaqirganligini buyuk allomaning fors tilida katta ijod yo‘liga chiqa olmaganligi bilan emas, balki o‘zbek tilining obro‘-e’tiborini ko‘tarishni o‘zining yuksak millatparvarligi va fuqarolik pozitsiyasi bilan bog‘lash o‘rinli bo‘ladi. Holbuki, Alisher Navoiy yoshlik yillarida fors tilida ijod qila boshlagan va ajoyib muvaffaqiyatlarga erishayotgan, o‘z ijodi bilan ko‘plab forsiygo‘y shoirlarni lol qoldirayotgan edi. Alisher Navoiy bu haqda shunday yozadi: “Bu sozlardin hasm mundoq bo'lmasun va muddai bu nav’ gumon qilmasinki, mening ta’bim turk alfoziga muloyim tushgan uchun ta’rifida mubolag'a izhor qiladurmen va forsiy iboratqa munosabatim ozroq uchun inkor va nafyig'a isror ko'rguzurmenki, forsiy alfoz istifosin va ul iborat istiqsosin ishi mendin ko'proq qilmaydilar, erkin va saloh (yaxshi) va fasodin (yomon) mendin yaxshiroq bilmaydur...”
Ushbu fikrlarning ixcham xulosasi sifatida shuni ham ta’kidlash zarurki, Navoiy turkiy til mustaqilligi uchun kurashga otlanar ekan, ushbu masalani davlat ahamiyati darajasiga ko‘targan, ya’ni uning bu boradagi sa’y-harakatlari sulton Husayn Boyqaro tomonidan “ixitiyor va rag'bat topgan”. Ayrim manbalarda ko‘rsatilishicha, Husayn Boyqaro tomonidan o‘z davrida turkiy til rasmiy hujjat tili deb belgilangan farmoyish ham chiqarilgan (A.Nurmonov, E.Qilichev) va bunda, tabiiyki, Navoiyning xizmatlari katta.
Albatta, yuqorida keltirilgan ma’lumotlar ko‘pchilik uchun ma’lum, biroq bitta haqiqat borki, bunga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ya’ni Navoiyning ilmiy-ijodiy merosiga qayta- qayta murojaat qilar ekanmiz, uning yangi-yangi qirralarini kashf qilaveramiz. Xususan, allomaning lingvistika sohasidagi qator ishlari zamonaviy tilshunoslik (xususan, G‘arb) da kashfiyot sifatida ko‘rsatilgan ilmiy xulosalardan ancha oldin amalga oshirilgani hozirda barchamizga ma’lum. Xususan, kontrastiv (chog‘ishtirma) tilshunoslik sohasida bu yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Umumiy fikrlardan aniq faktik materiallarga yuzlanadigan bo‘lsak, shunday holatni kuzatish mumkin: Navoiy turkiy til leksikasi sohasida qator ishlarni amalga oshirdi. Chuqur bilimga ega olim o‘laroq turk tilining lug‘at boyligini ko‘rsatish va tahlil qilishga erishdi. Buning uchun xalq tilidan forsiy muqobili bo‘lmagan qator so‘zlarni topdi. Ana shunday so‘zlarga turk tilidan yuzta fe’lni keltirdi: quvor- moq, quruqshamoq, usharmoq, jiyjaymoq, o'ngdaymoq, chekrimak, dumsaymoq, umunmoq, usanmoq, igirmoq, egarmoq, uxranmak, torikmoq, aldamoq, arg'adamoq, ishanmak, iglanmak, aylanmoq, erikmak, irganmak, ovunmoq, qistamoq, qiynamoq, qo'zg'almoq, sovrilmoq, chay- qalmoq, ishanmak va shu kabi.
Keltirilgan ushbu fe’llar Alisher Navoiy o‘zbek tilining imkoniyatlarini ko‘rsatmoq uchun xalq tilini qanchalar sinchikovlik bilan o‘rganganligini isbotlovchi dalillardir. Yuqoridagi fe’llarning ba’zilari integral (birlashtiruvchi) sema bilan bir paradigmani hosil qilsa ham, lekin paradigma a’zolarining har qaysisi muayyan differensial (farqlovchi) semaga ham ega ekanligini ko‘rsatadi. Masalan, ingramoq, singramoq, o'kurmak, inchkirmoq, yig'lamoq so‘zlari “yig‘lamoq” birlashtiruvchi semasi bilan bir paradigmaga mansub bo‘lsa ham, lekin ularning har qaysisi yig‘lashning xilma-xil ko‘rinishlarini ifodalaydi, bir-biridan yig‘lash darajasi bilan farqlanadi. Shoir fikrini isbotlamoq uchun bu so‘zlar ishtirok etgan badiiy asarlardan parchalar keltiradi. Masalan:
Zohid ishqni desaki, qilg'ay fosh,
Yig‘lamasinir-u ko'ziga kelmas yosh.
Do'stlaringiz bilan baham: |