O‘ZBEKCHA TUSH KO‘RAMAN
Umida Abduazimova
Ustozim o‘z tilimda
So‘zlatar meni ravon.
Chunki o‘zbek tilida
So‘zlashar O‘zbekiston.
O‘zbek tili – ona til,
Rus, nemis... – jonona til.
Qaysi yurtda yashasang,
Shu yurt tilin hurmat qil.
Men ko‘p tilni o‘rganib,
Muomala qilaman.
Ammo o‘zbekcha yig‘lab,
O‘z tilida kulaman.
O‘z tilida o‘y surib,
O‘zbekcha tush ko‘raman.
O‘zbekman deb har yerda
G‘ururlanib yuraman.
Adabiy o‘qish: Пўлат Мўмин “Яхшиликка оғдирдим”
ПЎЛАТ МЎМИН
(1922-2004)
Poʻlat Moʻmin adabiyot ixlosmandlariga, xususan, yosh avlodga shoir, dramaturg sifatida tanish va yaqindir. U oʻzining quvnoq sheʼrlari, zavqli qoʻshiqlari, qiziqarli dostonlari va ertaklari bilan bolalarning sevimli shoirlaridan biriga aylangan edi.
U 1922 yil 24 dekabrda Toshkent shahrida tavallud topadi. Avval pedagogika bilim yurtida tahsil oladi. Soʻng Toshkent Davlat pedagogika institutini tugatib (1944), oʻqituvchilik qiladi. 1948–1950 yillarda gazetalarda adabiy xodim, 1951–1952 yillarda Oʻzbekiston Davlat nashriyoti bolalar adabiyoti boʻlimining mudiri boʻlib ishlaydi. 1954–1960 yillarda Yozuvchilar uyushmasida, 1962–1964 yillarda Madaniyat vazirligi qoshidagi Sanʼat ishlari boshqarmasida xizmat qiladi.
1949 yilga kelib uning “Sayrang, qushlar” nomli ilk toʻplami chop etiladi. Ketma-ket “Boʻl tayyor!”, “Tish choʻtkasi ertagi” (1955), “Hunardan unar” (1958), “Toʻgʻri oʻsgan gul boʻlar” (1960), “Aql qayerda boʻlar?” (1962), “Oltin nay” (1967), “Rahmatga rahmat” (1969), “Eson va omon” (1971), “Odob va oftob” (1971), “Yaxshilarga oʻxshasam”, “Gul va piyoz”, “Kuldi xiyol”, “Men sevaman, sen sevasanmi?”, “Oltin boshoqlar”, “66 oltin qoʻl”, “Ertakdan ertakka” (1990), “Fardlar kitobi” (1993) va boshqa toʻplamlari nashr etildi. Uning “Bolajon, bolajonim” kitobi 2004 yilda kitobxonlar qoʻliga tegdi. Bu toʻplamlarning hammasida yoshlarning begʻubor ruhiy dunyolari, qalb harorati va iztiroblari ifodalangan.
Poʻlat Moʻmin dramaturg sifatida ham “Qovoqvoy va Chanoqvoy” (1970), “Suqatoy va Konfetoy”, “Bahodirning jasorati” kabi asarlarini yaratgan.
U, ayniqsa, mohir qoʻshiqchi shoir sifatida elga tanilgan. Shoirning “Indamadi”, “Onadur ul, onadur”, “Senga bir gap aytaman” kabi oʻnlab qoʻshiqlari oʻzining sodda va ravonligi, musiqiy va xalqchilligi bilan xalqimiz yuragidan oʻrin olgan.
Пўлат Мўзмин mohir tarjimon sifatida A. Pushkin, V. Mayakovskiy, S. Marshak, S. Mixalkov, A. Barto, N. Nosov asarlarini ona tiliga oʻgirgan.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Poʻlat Moʻminning adabiyotimiz oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholangan. U 1998 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |