II BOB. BOSHLANG‘ICH SINF MATEMATIKA DARSLARIDA
MUSTAQIL ISHLARNI TASHKIL ETISH METODIKASI.
2.1. Birinchi sinfda mustaqil ishlarni tashkil qilish.
O‘quvchilarning savodxonligini oshirish, matematik tafakkurlarini o‘stirish va kelajagimizning munosib egalarini tarbiyalash asosan 1 sinfdan boshlanadi. O‘qituvchi oldida turgan muhim vazifalardan biri o‘quvchilarning mustaqil ishlash qobiliyatlarini rivojlantirishdan iborat. Har bir o‘quvchining ruhiyati, xotirasi, zehni va qiziqishini hisobga olish, dars jarayonini bilim darajasiga qarab, ortiqcha toliqtirmay tashkil etish lozim. Har bir o‘qituvchi mustaqil ishlarini tashkil etishda o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini, o‘yinqaroqlik qobiliyatlarini hisobga olmog‘i lozim. Hali bilimning foydasini anglamagan bolakaylar bilan mustaqil ishlar olib borish ancha mushkul. Buning uchun o‘qituvchi talabchan, uddaburon, qiziqqon bo‘lishi lozim.
1 sinfning dastlabki davrlarida raqamlar va ularning elementlarini yozish o‘rgatila boshlanadi. Ana shu davrda “bir qator to‘ldir”, “ikki qator to‘ldir” yoki turli rasmlar berilib “bo‘ya” kabi vazifalar beriladi va mustaqil ishlash malakalari shakllantirib boriladi. Mustaqil ishlarning bir xil mazmunini anqlatishi, o‘quvchilarning zerikishiga olib keladi. Mustaqil ishlarni tashkil qilishda turli ko‘rgazmali qurollardan, didaktik o‘yinlardan foydalanish yaxshi samara beradi. Misol tariqasisa birinchi sinf uchun qulay bo‘lgan “jim” o‘yini shular jumlasidandir.
Bir qancha o‘quvchilarga raqamlar yozilgan qog‘oz (kartochka)lar tarqatiladi O‘yin “10 ichida sonlarni qo‘shish va ayirish” mavzusini mustahkamlashga qaratilgan. Sonlarni qo‘shish va ayirishga doir misollar o‘qituvchining o‘zida bo‘ladi. Bunda misollarni chizma shakllarda-doira, yulduzcha yoki-romb tarzida chizib joylashtirish bolalarni ancha qiziqtiradi. Chunki ular kichkintoyligidan rasm chizishga ishqiboz bo‘ladi. Bolalar ruhiga yaqin bo‘lgan chizma shakllar ularni murakkab hisob olamiga kirishida badiiy ko‘prik bo‘ladi. O‘qituvchi topshiriq, misollarni uyda chizib kelgan bo‘lsa, qog‘ozda yoki doskada chizib ko‘rsatadi, bolalar esa qo‘lidagi raqamlardan to‘g‘ri javobni topib jimgina baland ko‘tarishadi. Boshqa bolalar esa o‘zlarining o‘yin navbatlarini kutib o‘tirishadi.
Shu tariqa o‘quvchilar bilimi kengaytirib boriladi, turli jadvallar asosida 10 ichida qo‘hish va ayirish malakasi shakllanadi. Bunday jadvallar “10 gacha to‘ldir”, “1 ta orttir”, “1 ta kamaytir” tartibida o‘rganiladi.
Sonlar tartibini o‘rgatishda mustaqil ishlash uchun turli xil topshiriqlardan foydalanish mumkin. Masalan 5 sonini hosil qilish uchun o‘qituvchi 2 ta va 3 ta doirachani ko‘rsatadi. Ularning hammasini bir qo‘lda jamlab, doirachalarni sanab, 2+3=5 bo’lishini tushuntiradi. Shundan so‘ng o‘quvchilarga “6 sonini hosil qilish” kabi mustaqil topshiriqlar beriladi. Shu tariqa o‘quvchilarning mustaqil ishlash malakalari oshib boradi.
1 sinfda mustaqil ishlarni tashkil etishda og‘zaki hisoblash alohida o‘rinni egallaydi. Og‘zaki hisoblash o‘quvchi tafakkurini rivojlantirishga, uning idrokli, matematik jihatdan ziyrak bo‘lishiga yordam beradi. 1 sinf matematika darslarida mustaqil ishlash uchun kerak bo‘ladigan og‘zaki mashqlarni keltirib o‘tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |