1.3. Matematikadan o‘quvchilarga beriladigan uy vazifalari .
Uydagi o‘quv ishi - o‘quvchilarning darsdan tashqari vaqtda o‘quv materialini mustaqil induvedual ravishda o‘rganishni tashkil etish formasidir . O‘quvchilarning ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining uyga vazifasi shu jihatdan ahamiyatlikni, uyga beriladigan topshiriqlarning bajarilishi o‘quvchining o‘quv materialini yaxshiroq tushunib olishga, hosil qilingan bilim , malaka va ko‘nikmalarning mustaxkamlanishiga yordam beradi, chunki o‘quvchi darsda o‘rganilgan materialni mustaqil holda takrorlaydi.
Kichik yoshdagi o‘quvchilarning uyga beriladigan topshiriqlarini bajarish bilan shug‘ullanishlari – ularning mustaqil suratda bilim olish yo‘lida birinchi qadamlaridir. Uyga beriladigan topshiriqlarni bajarish o‘quvchini mustaqillikka, ta’lim jarayonida o‘z javobgarligini sezib, astoydil tirishib bilim oladigan bolishiga yordam beradi.
Uyga beriladigan topshiriqlarni bajarish o‘quvchilarni o‘zini – o‘zi nazorat qilishga o‘rgatadi, chunki bu paytda o‘quvchining yonida unga yordam berishi mumkin bo‘lgan o‘qituvchi ham, o‘rtoqlari ham bo‘lmaydi. Uyga beriladigan topshiriqlarni bajarish o‘quvchilarda ish o‘rinlarini mustaqil tartibga solish, belgilangan vaqt rejimiga rioya qilish, zarur o‘quv jihozlari va materiallarni tayyorlab qo‘yish kabi tashkilotchilik malakalarini va ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.
Boshlang‘ich sinflarda bolalarga uyda bajarish uchun o‘quv topshiriqlari berishdagi asosiy talablar quyidagilardan iborat:
1.Birinchi sinfda o‘quvchilarga uyda bajariladigan o‘quv topshirig‘i dastlabki kunlardagi darslardanoq emas, balki ularda boshlang‘ich o‘quv malakalari va ko‘nikmalari hosil bo‘lgandan keyingina berilishi kerak;
2.Kichik yoshdagi o‘quvchilarga uyda bajariladigan o‘quv topshiriqlarini sistemali tarzda berib borish. Aks holda ular o‘qituvchining subutsizligiga o‘rganib qoladilar. Masalan, bugun uy vazufasi berilsa, xafa bo‘ladilar, berilmasa, sevinadilar. Bunday holat bolani o‘qishga rag‘batlantirmaydi.
3.Barcha fanlardan uyga beriladigan topshiriqlarning hajmi ularni bajarish uchun belgilangan muayyan vaqt normalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Bu normaga binoan 1-sinfda barcha topshiriqlar 1 soat ichida, 2-sinfda 1,5 soat, 3-4 sinflarda 2 soat ichida bajariladigan bo‘lishi kerak. Uyga beriladigan qiyinroq topshiriqlarni bajarishga qo‘shimcha vaqt ajratish kerak.
4.Uyga beriladigan topshiriq hamda mazmuni sinfdagi tushuntirish sistemasiga qaraganda oddiyroq va qulayroq bo‘lishi kerak. O‘rganiladigan asosiy qoida yaxshi namoyon bo‘ladigan masala yoki misol tanlash lozim.
5.Uyda bajarishga beriladigan topshiriqlarning qiziqarliligi, ularda topishmoq va o‘yin alomatlari bo‘lishi. Ayniqsa boshlang‘ich sinflarda muhimdir. Bola qancha yosh bo‘lsa, unga beriladigan topshiriq o‘shancha qiziqarli bo‘lishi kerak.
Bolalarning uyda o‘quv topshiriqlarini bajarishga qiziqishlarining aktiv sabablaridan biri uydagi o‘quv ishining ular turmush tajribasi bilan, tevarak – atrofimizdagi voqelik hodisalarini kuzatishlari bilan bog‘liqligidir.
6.Uyga beriladigan o‘quv topshiriqlarini bajarish yo‘llari haqida ya’ni masalalalrni- misollarni qanday yozib olish kerakligi bajarilgan ishini o‘quvchining o‘zi qay tarzda tekshirib ko‘rishi lozimligi va boshqalar to‘g‘risida kichik yoshdagi o‘quvchilarga tushuntirish va maslahatlar berish zarur.
7.Uyga berilgan har bir o‘quv topshirig‘ining puxta tekshirilib chiqilishi kerak. O‘quv topshirig‘ining bajarilishini sistemali nazorat qilib borish, o‘qituvchiga materialning o‘zlashtirilishidagi yutuq va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi va o‘quvchini mas’ulyatini sezishga o‘rgatadi. Tekshirishning har xil usullari bor: eng ko‘p tarqalgan usul darsda topshiriq mazmunini o‘quvchilardan yoppasiga so‘rab chiqishdir.
O‘qituvchi topshiriqni barcha bolalar bajargan yoki bajarmaganligini tekshiriladi va ularga topshiriq mazmuniga doir savollar beradi. Tekshirishning individual formasi qo‘llanilganda bir, ikki yoki uch o‘quvchi uyda o‘rgangan o‘quv materialini yuzasidan berilgan savollarga batafsil javob qaytaradi.
8. O‘quvchilarning bilim olishiga qo‘llardan kelgancha yordam ko‘rsatishlari lozimligi to‘g‘risida ota-onalar uchun majlislar uyushtirish kichik yoshdagi o‘quvchilarning uyga beriladigan o‘quv topshiriqlarini muvofaqqiyatli bajarishni ta’minlovchi muhim shartlardan biridir.
Uyga berilgan o‘quv topshirig‘ini bajarishda o‘quvchining mustaqil fikrlash usuli o‘qituvchidagi fikr yuritish usulining yoki o‘quv qo‘llanmasining materialini bayon qilish usulining muhim xususiyatlarini takrorlaydi, lekin o‘qituvchi bo‘lmaganda o‘quvchi mustaqilroq fikr yuritadi. Bu paytda uning o‘zi savol va shubhalarni hal etish uchun o‘qituvchiga murojaat qilish imkoniyati ham, boshqalarning tushuntirish, yo‘llanma savollar, maslahatlar berish, ma’qullash yoki tanbeh berish yo‘li bilan yordam ko‘rsatishga umidvorlik ham bo‘lmaydi. Buning natijasida uyga berilgan o‘quv topshiriqlarini bajarish vaqtidagi fikrlash qobiliyati o‘ziga xos individual tuzilishga ega bo‘ladi. Binobarin, o‘quv materiallarini mustaqil o‘rganishdagi kamchiliklarni o‘z vaqtida yo‘qotish va yutuqlarni mustahkamlash uchun bolaning mustaqil fikrlarini chuqur aniqlash o‘qituvchi uchun katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |