Mustaqil ish darslari.
Darsda oldingi amalga oshirilgan barcha ishlar o‘qituvchining mustaqil ravishda yangi bayon qilingan qonun – qoidalari asosida misol – masala yechishga qaratilmog‘i kerak. O‘quvchilar bilan yangi mavzuga ta’lluqli mustaqil ish bajarish o‘qituvchiga yangi mavzuni o‘quvchilar qanday o‘zlashtirganligini, o‘quvchilar bilimida qanday kamchiliklar borligi to‘g‘risida ma’lumot beradi. Bu vaqtda o‘quvchilar o‘zlarining bilimlarini mustahkamlaydi, ba’zi malakalar hosil qiladi, uy vazifasini bajarishga tayyorlaydi, yangi mavzuni o‘zlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan qiyinchiliklarni yengadi. Mustaqil ish tekshirish va umumlashtiruvchi xulosani takrorlash bilan yakunlanadi.
Mustaqil ish bir komplektli maktabda har bir darsning taxminan 2/3 qismini va o‘qituvchi ikki sinf bilan ishlaganda darsning yarmini oladi. Agar mustaqil ishning maqsadi va uni bajarish usullari o‘quvchilarga ma’lum bo‘lsa, o‘quvchilar bu ishni muvaffaqiyatli bajarasilar. Shu sababli ishni bajarishga oid yo‘l-yo‘riq juda muhimdir. Yo‘l-yo‘riq qisqa, aniq hamda ishning mohiyatiga va uni rasmiylashtirishga oid ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olishi kerak. O‘quvchilarda darslikdan mustaqil foydalanishga oid malaka va ko‘nikmalarni tarkib toptirish muhim ahamiyatga ega. Mustaqil ishni samarali tashkil qilishning zaruriy sharti uning o‘qituvchi tomonidan o‘z vaqtida tekshirilishidir. Mustaqil ishni tekshirishni osonlashtiruvchi turli usullari mavjud: tanlab tekshirish, o‘zaro tekshirish va boshqalar.
1.2.Matematikadan sinfdan tashqari ishlarning mohiyati va uning turlari.
Yosh avlodni hozirgi zamon fani asoslari bilan qurollantirish orqali ularning aqliy jihatdan maksimal darajada rivojlanishlariga erishish umumta’lim – tayanch maktablari oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Bu vazifalarni hal etishda sinfdan tashqari ishlarning ahamiyati katta.
Matematikadan “Sinfdan tashqari ish” deyilganda o‘quvchilarning darsdan tashqari vaqtda tashkil qilingan, dastur bilan bog‘liq bo‘lgan material asosida ixtiyoriylik tamoyiliga asoslangan mashg‘ulotlar tushuniladi. Sinfdan tashqari ishlar o‘quvchilarning matematik bilimlarini kengaytirish va chuqurlashtirish, murakkab misol va masalalarni yechishni mashq qilish, matematikaning hayot bilan bog‘liq bo‘lgan tomonlarini ochadigan va dasturga kirmagan ba’zi savollar bilan tanishtirishni maqsad qilib oladi.
Sinfdan tashqari ishlar – o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini yo‘lga qo‘yish formalaridan biridir. Ular shaxsni har tomonlama kamol toptirish va uni hayotda mustaqil bo‘lishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. O‘quvchilar sinfdan tashqari ishlarda o’zlarini qiziqtiradigan mashg‘ulotlarni tanlab olishadi va ularda mustaqil hamda tashabbuskorona ishtirok etishadi.
Sinfdan tashqari ishlarga: qiziqarli matnli masalalar, o‘tkir zexnlilikka oid masalalar, hazil masalalar, berilgan ma’lumotlari yetishmaydigan yoki berilgan ma’lumotlari ortiqcha masalalar, mantiqiy masalalar, arifmetik rebuslar, qiziqarli matematik voqealar, o‘yinlar, fokuslar va boshqotirmalar kiradi. Hozirgi kunda maktab amaliyotida quyidagi sinfdan tashqari ishlar ko‘p uchraydi: matematik 10 minutliklar, matematika kechalari, matematika to‘garaklari, ertaliklar, viktorinalar, tanlovlar, olimpiadalar. Bu mashg‘ulot turlaridan ba’zilari muntazamlik xarakteriga, ba’zilari epizodlik xarakteriga ega .
Do'stlaringiz bilan baham: |