Ta'limni boshqarish jarayoniga axborot texnologiyalarini joriy qilishning innovatsion usullari
Dunyo miqyosida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish barcha mamlakatlar uchun iqtisodiyotni rivojlantirish, jamiyat farovonligini ta'minlash garovi bo‘lib qolmoqda. Dunyo ta'lim tizimi taraqqiyotida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, unda joriy etilayotgan axborot tizimlaridan samarali foydalanish hamda axborot madaniyati shakllangan kadrlarni tayyorlash masalalari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Rivojlangan mamlakatlar ta'lim tizimida bo‘lajak rahbar kadrlarni tayyorlashda axborot tizimlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda ta'lim jarayonlarini tashkil etish, boshqarish masalalarini ilg‘or ta'lim texnologiyalari, sifatli metodik ta'minot, innovatsion yondashuv asosida o‘qitish muhim vazifalardan biri sifatida e'tirof etilmoqda.
Jahon hamjamiyati tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda ta'lim jarayonini tashkil etish va boshqarish masalalarini o‘qitish orqali bo‘lajak kadrlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish masalalarini tadqiq etish bilan bog‘liq ilmiy-tadqiqot ishlariga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.
2019 yil 30 iyun holatiga ko‘ra dunyo miqyosida Internet foydalanuvchilari soni 4,510,054,272 tani tashkil etgan. Bu dunyo aholisining 58,4 foizini tashkil etadi. O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni 17,161,534 tani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich aholining 52,3 foizini tashkil etadi. Internet foydalanuvchilari aholi soniga nisbatan foizlari yuqori bo‘lgan mamlakatlar sirasiga Norvegiya, Daniya, Islandiya, Lyuksemburg, Lixtenshteyn, Estoniya, Germaniya, Niderlandiya, AQSh kabilar kiradi (https://internetworldstats.com/stats.htm).
Dunyodagi barcha Web-saytlar soni 1,711,055,134 tadan oshib ketdi. Internet trafik 3,831,287,180 Gb dan ortiq (https://www.internetlivestats.com/).
O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida “uzluksiz ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta'lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish, milliy iqtisodiyotning mutanosibligi va barqarorligini ta'minlash, umumiy o‘rta ta'lim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi boshqa muhim va talab yuqori bo‘lgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganish, axborot xavfsizligini ta'minlash va axborotni himoya qilish tizimini takomillashtirish” kabi vazifalar belgilangan. Ushbu vazifalarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosidagina muvaffaqiyatli bajarish mumkin. Sababi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz hayotni tasavvur qilish mumkin emas. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tobora taraqqiy etib, rivojlanmoqda. Hozirgi paytda “raqamli iqtisodiyot”, “elektron hukumat tizimi”, “onlayn xizmatlar”, “elektron ta'lim resurslari” tushunchalari hayot tarzini ifodalydigan muhim tushunchalar sifatida e'tirof etilmoqda. 2018 yilning 19 iyul kuni e'lon qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining E-Government Survey 2018 - “Elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha” yangi reytingida Daniya, Avstraliya, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Finlyandiya, Singapur davlatlari yetakchilik qilishmoqda. Ushbu davlatlarda onlayn-servis xizmatlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) infrastrukturasi va inson kapitali indekslari yuqori bo‘lishi bilan birga axborot madaniyati shakllangan foydalanuvchilar sifatli axborot xizmatlaridan samarali foydalanmoqdalar. O‘zbekiston reytingda 193 davlat orasida 81-o‘rinni egallagan.
Bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasi respublikamizning rivojlanishida muhim o‘rin tutib kelmoqda. O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan yurtimizda axborot texnologiyalarini keng joriy qilish va rivojlantirish borasida olib borgan siyosati hozirgi kunga kelib o‘z natijalarini ko‘rsatmoqda. Xususan:
Internet tarmog‘ining milliy segmentini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida “UZ” domenidagi domen nomlari soni 30 168 tani (o‘sish 119%) tashkil etdi. uMail.uz milliy elektron pochta tizimi foydalanuvchilari soni 398 500 dan ortdi (o‘sish 151%);
Umumiy o‘rta ta'lim, o‘rta maxsus ta'lim, oliy ta'lim yo‘nalishidagi 11 325 ta ta'lim muassasasidan 10 620 tasi (93,8%) ZiyoNET tarmog‘iga ulandi, ZiyoNET tarmog‘i resurslari soni 130 000 dan ortiqni (o‘sish 119%) tashkil etdi.
Mamlakatimiz reytingini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlanishining qanday muammolari mavjud, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishning istiqbolli yo‘nalishlari nimalarga bog‘liq?
Bugungi kunda mamlakatimiz ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyotiga ta'sir ko‘rsatuvchi zamonaviy axborot texnologiyalarini rivojlanishinig birinchi muhim muammosi axborot texnologiyalaridan foydalanuvchi personalni o‘qitishdir. Axborot madaniyati shakllangan, malakali mutaxassisni tayyorlash uchun o‘qitish jarayoni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etilishi muhim. Bunda o‘qitishning axborot texnologiyalari, o‘zlashtirishni diagnostika qilish texnologiyalari talab darajasida joriy etilishi kerak. Ko‘p yillik tajriba to‘planganligiga qaramasdan fanlarni o‘qitishda o‘quv jarayonini tashkil etish hamda o‘qitish metodikasi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmoqda. Ushbu muammolarni ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhga quyidagilarni kiritish mumkin: zarur sondagi kompyuter texnikasi bilan ta'minlanmaganlik (umumta'lim maktablarida); texnika va dasturiy ta'minotning tez ma'naviy eskirishi; doimiy ravishda axborot texnologiyalarining yangilanib borishi; davlat ta'lim standartlarining zamonaviy axborot texnologiyalariga mos kelmasligi. Ikkinchi guruhga o‘qitish jarayonini tashkil etish va o‘qitish mazmuni bilan bog‘liq metodik muammolarni kiritish mumkin.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus muhim ahamiyat kasb etadi. Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va Internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha shaharlarda va tumanlar markazida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul o‘rgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida biznes bo‘yicha innovatsion ko‘nikmalar shakllantiriladi, “startap” loyihalarga yordam ko‘rsatiladi.
Bugungi kunda barcha maktablarda kompyuter texnikalari bo‘lishiga qaramasdan, Internet xizmatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Xalq ta'limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2021 yilgacha barcha maktablardagi kompyuter sinflarini zamonaviy texnologiyalar va yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘i bilan ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Tashabbuskor tadbirkorlarni jalb qilgan holda, kompyuter o‘yinlari markazlarini tashkil etish, ularda bolalar va yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan test, viktorina, rivojlantirish strategiyalari va boshqa foydali dasturlar bo‘lishi zarurligi ta'kidlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |