O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari. – Toshkent, 1956.
Rahmatullaev Sh.. O‘zbek tilining yangi alifbosi va imlosi. –Toshkent: Universitet, 2002. –B. 53.
Nazarov K. O‘zbek tili punktuatsiyasi, – Toshkent: Universitet, 1996, 39- b.
Inomxo‘jaev S. O‘tmish sharq notiqligi. – Toshkent: Bilim, 1972.
Badiiy uslub va tilning ifoda vositalari. – Samarqand, 1994.
Internet ma’lumotlari:
23. www.ziyo.net
24. www.thinsan.com
25.www. uforum.uz
26. www.literature.uz
13-mavzu. Ixtisoslik nutqi madaniyati
Reja:
1. Til madaniyati va nutq madaniyati.
2. Muomala madaniyatini o‘rganish.
3. Salomlashish va so‘zlashish odobi.
Tayanch tushunchalar
Til madaniyati, nutq madaniyati, muomala madaniyati, salomlashish odobi, so‘zlashishsh odobi
Tilshunoslikda ko‘pincha “til madaniyati” va “nutq madaniyati” tushunchalari ma’nodosh tushunchalar sifatida qo‘lanadi. Holbuki, nutq bilan tilga alohida-alohida hodisalar sifatida qaralar ekan, til madaniyati va nutq madaniyatini ham farqlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Til madaniyati tilning “madaniylashganlik”, adabiylashganlik, normalashganlik darajasini, lag‘at tarkibi, grammatik, semantik, stilistik jihatlardan rivojlanganlik, boylik darajasini, ifoda ikoniyatlarining ko‘lamdorligini ifoda etadi. Nutq madaniyati esa tildan bemalol, maqsadga o‘ta muvofiq va ta’sirchan bir tarzda foydalana olishni ta’minlaydigan ko‘nikma, malaka va bilimlarning jami demakdir. Boshqacharoq aytganda, nutq madaniyati tilda potensial mavjud bo‘lgan xilma-xil shakllardan fikr uchun eng zaruriylarini, uyg‘unlarini tanlay bilish va shu asosda raso nutq tuza olish mahoratidir. Demak, bu mahorat tilni estetik jihatdan shakllantirishga xizmat qiladi, chunki til nafaqat kommunikativ (odamlar o‘rtasida aloqa vositasi bo‘lish) vazifani, balki estetik (tilning go‘zal jihatlarini ifodalash, atrofdagilarga ta’sir o‘tkazish) vazifasini ham bajaradi. Tilning estetik vazifasi, albatta, kommunikativ vazifa bilan birgalikda adabiy me’yorlar asosida amalga oshiriladi.
Adabiy til me’yorlari so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi axborot jarayonida tildagi barcha so‘z, ibora va jumlalarni, tilning barcha ifoda vositalarini to‘liq anglash imkonini beradi. Shunday ekan, adabiy til masalasi nutq madaniyatiga bag‘ishlangan ushbu ma’ruzamizda alohida ahamiyatga molikdir.
Tabiiyki, umumxalq o‘zbek tili – bu uzoq tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan, ammo “andavalanmagan”, me’yorlashtirilmagan tildir. Adabiy til esa ana shu xalq tilining ma’lum me’yorlarga solingan, “oro berilgan”, sayqallangan shaklidir. O‘zbek adabiy tili xalq tili asosida shakllangan. Manbalarda o‘zbek adabiy tili fonetik jihatdan Toshkent shevasi asosida, leksik morfologik jihatdan Farg‘ona vodiysi shevalari, ya’ni qarluq-chigil lahjalari asosida tashkil topgan deyiladi. Biroq shuni ham e’tirof etish lozimki, adabiy tilimizning tarkib topishida qipchoq va o‘g‘uz lahjalarining ham xizmati katta. Bu lahjalarga xos bo‘lgan ko‘plab so‘zlar, shuningdek -ning qo‘shimchasi (qipchoq), -yotir qo‘shimchasi (o‘g‘uz) fikrimizga yorqin misoldir.
Odatda biz ommaviy axborot vositalari, ya’ni televidenie va radio xodimlari faqat adabiy tilda so‘zlashishlari kerak, degan e’tirofni ko‘p eshitamiz. Bu gap, albatta, to‘g‘ri, ammo to‘liq emas. Uning to‘g‘riligi shundaki, darhaqiqat televizor yoki radio rqali chiqish qilayotgan suhandon va muxbirlar o‘zbek adabiy tilida so‘zlashlari kerak. To‘liq emas, deganda esa shuni nazarda tutganmizki, nafaqat OAV vakillari, balki ko‘pchilik o‘rtasida nutq so‘zlayotgan har qanday kishi albatta adabiy til me’yorlariga amal qilib gapirishi kerak. Bundan kelib chiqadiki, adabiy tilda gapirish quyida keltirilgan guruh vakillari uchun majburiydir:
suhandonlar;
radio yoki telemuxbirlar;
o‘qituvchilar;
murabbiylar:
aktyorlar;
artistlar;
notiqlar;
rasmiy majlisda nutq so‘zlovchilar;
Adabiy til me’yorlarining mustahkamlanishida, jamiyat a’zolarining unga amal qilishlarini targ‘ib etishda avvalo, bog‘cha va maktab, qolaversa, litsey, kollej, oliy ta’lim muassasalari, televidenie, radio, gazeta va jurnallarning alohida o‘rni bor. Albatta, madaniy nutq tarbiyasini shakllantiruvchi vosita sifatida dastlabki o‘rinda bolalar bog‘chasini tilga olishimizning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Binobarin, bola tilning ma’lum qonuniyatlarini, undagi unli va undoshlar talaffuzini, so‘zlarni go‘daklik paytidanoq o‘rganib, o‘zlashtira boshlaydi. Bizga ma’lumki, til ijtimoiy hodisa bo‘lib, insonda til va nutqning shakllanishida uning atrofini o‘rab turgan muhit yetakchi o‘rinni egallaydi. Demak, bolani o‘rab turganlar qaysi til yoki qanday shevada so‘zlashsa, bolaning tili ham, tabiiyki, o‘sha sheva doirasida chiqib, rivojlana boshlaydi. Keyinchalik o‘sha bola xoh o‘qituvchi bo‘lib yetishsin, xoh artist bo‘lsin, baribir uning tilida o‘zi mansub bo‘lgan sheva elementlari saqlanib qoladi. Hatto adabiy tilni o‘rganish va mukammal o‘zlashtirishgan qasd qilgan odamni ham sof adabiy tilda so‘zlashga o‘rgatish ancha qiyin kechadi. Masalan, Xorazm shevasida o‘zbek tilidagi chuqur til orqa “q” tovushi rus tilidagi “k” tovushiga yaqin talaffuz qilinadi. Xorazmliklar tilidagi bu nuqson hatto taniqli xonanda va aktyorlar, filolog olimlar va shoirlar nutqida ham sezilib turadi. Qipchoq shevalarida esa “a” o‘rnida “o” va aksincha, “o” o‘rnida “a” ni talaffuz qilinishiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Quyidagi so‘zlar fikrimizga dalil bo‘la oladi: “qochan (qachon)”, “oraq (aroq)”, “toraq (taroq)” va hokazo. Bu holat hatto ismlar talaffuzida ham kuzatiladi: “Loyla (Laylo)”, “Shohla (Shahlo)”, “Ro‘na (Ra’no)” kabi. Demak, bolada to‘g‘ri talaffuz ko‘nikmalarini, go‘dakligidan boshlab shakllantirib borish zarur.
“Muomala” – asli arabcha so‘z bo‘lib, “o‘zaro munosabat”, “aloqa” ma’nolarini ifodalaydi. Kishilar muloqotida nutq odobi mezonlari sifatida quyidagilarni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin:
Salomlashish;
Xayrlashuv;
Uzr so‘rash
Iltimos;
Minnatdorchilik.
Bizga ma’lumki, musulmon sharqida muomala madaniyati, avvalo, salomlashishdan boshlanadi. Buning yorqin misolini o‘zbek xalq ertaklaridagi devlar, yalmog‘iz kampirlar huzuriga kelgan kishiga: “Gar saloming bo‘lmasa, ikki yamlab bir yutardim” – degan misollarda ham ko‘rishimiz mumkin. Shu bois musulmonchilikda “So‘z boshi - salom” yoki “Avval salom, bad az kalom” kabi maqollar paydo bo‘lgan. Salomlashishdagi xushmuomalalik undan keyingi mazmunli suhbatga debocha vazifasini o‘taydi, tinglovchida yaxshi kayfiyat uyg‘otadi. Agar salomlashish quruq, iltifotsiz bo‘lsa, keyin yuzaga keladigan suhbatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lumki, salomlashish turli xalq va millat vakillari tomonidan turlicha amalga oshiriladi. Ko‘plab Yevropa millatlari kunning o‘tishiga qarab salomlashadilar. Masalan: inglizlarda: Good morning! Good afternoon! Good evening! Ruslarda: Dobroe utro! Dobriy den! Dobriy vecher! v hokazo. Albatta bu tillarda aytiganlardan tashqari, yana inglizcha Hello! Hi! yoki ruscha privet, zdravstvuyte kabi so‘zlar ham ishlatiladi. Bizda ko‘p asrlik odatiy an’analarimizga ko‘ra “Assalomu-alaykum” deb salom berish va unga javoban “Vaalaykum-assalom” deyin odat tusiga kirgan. Islom olamida “Salom farz – alik qarz” degan purma’no maqol bor. Demak, o‘zidan kattaga salom berish musulmonchilik farzlaridan biri sanaladi. Salomni javobsiz qoldirish esa qarzdorlik bilan barobar. Biroq salomlashishning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor.
Madaniyatli insonlarga xos fazilatlardan yana biri xayrlashuv odobidir. Tilimizda xayrlashganda ishlatiladigan “Xayr!”, “Sog‘ bo‘ling!”, “Xayr, omon bo‘ling!” “Ko‘rishguncha xayr!” “Yaxshi qoling!” “Yaxshi kunlarda ko‘rishaylik” kabi ta’sirchan so‘z va iboralar mavjud. Bu jumlalardan ham o‘rinli foydalanish maqsadga muvofiq. Mustaqillikdan keyin xalqimiz, millatimizning azaliy urf-odatlari, qadriyatlari o‘z o‘rnini topib, “rusiylashish” majburiyatidan xalos bo‘ldik. Shahar va qishloqlarimizdagi ko‘chalar, maktab va boshqa muassasalar mamlakatimiz va millatimizning tarixiy an’analari, sharafli voqealari va shaxslari nomi bilan ataladigan bo‘ldi. Hozirgi kunda metroning oxirgi bekatida: “Buyuk Ipak yo‘li – oxirgi bekat. Xayr, salomat bo‘ling!” – degan ovoz jaranglaydi. Haqiqiy o‘zbekona xayrlashish mana shunday bo‘lishi kerak.
Muomala madaniyati qamrovida iltimosning ham o‘ziga xos alohida o‘rni bor. Birovga biron ishni buyurgandan ko‘ra, iltimos qilib so‘ragan ma’qul. Buni pedagogik amaliyot yoki bevosita pegagogik faoliyat jarayonida tajribada sinab ko‘rish ham mumkin.
Insonlarga minnatdorchilik bildirish odobini ham bolalik davridanoq o‘rgatib borish zarur. Chunki yaxshilik qilgan, aytilgan yumushni, iltimosni bajargan kishiga minnatdorchilik izhor etish shart. Tilimizda rag‘batlantirishni, minnatdorchilikni, rozilikni ifodalaydigan bir qator chiroyli so‘z va iboralar bor. Masalan: rahmat, ofarin, barakalla, otangga rahmat, shukur, minnatdorman va hokazo. Topshiriqni, vazifani, aytilgan ishni yaxshi o‘tagan bolani, albatta murabbiyi, o‘qituvchisi, ota-onasi minnatdorchilik so‘zlari bilan rag‘batlantirib turishi kerak. Bu esa, tabiiyki, bolada ham minnatdorchilik bildirish ko‘nikmalarining shakllanib borishiga omil bo‘ladi. Demak, bog‘cha bolasi, o‘quvchi va talabaning nutq madaniyati va muomala odobi tadrijiylik asosida kichik yoshidan boshlab rivojlantirib borilishi kerak. Shundagina talabalik davridan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lg‘usi pedagog, filolog yoki boshqa soha vakili ning nutqi adabiy til normalariga sodiq qoladi, adabiy tilning go‘zal va ta’sirchanligini o‘zida saqlaydi Adabiy til ma’lum qo‘shimchalar, grammatik kategoriyalarning qo‘llanilishidagi bir xilligi, barqarorligi bilan umumo‘zbek xarakterida bo‘ladi va sheva, jargon, aksent kabi har qanday nuqsonlardan xoli bo‘ladi.
Til aloqa materiali, nutq esa aloqa shaklidir.
Tilni xalq yaratadi, nutqni esa har bir shaxs yaratadi.
Tilning xayoti uzoq-xalq hayoti bilan bog‘liqdir. Nutqning hayoti esa qisqa bo‘lib, u aytilgan paytdagina mavjuddir.
Ayrim shaxsning ayni paytda bir necha tili bo‘lishi mumkin, chunki u vaqt va joy bilan bog‘liq emas. Nutqi esa bir vaqtda faqat bitta bo‘ladi, chunki u ma’lum bir vaqtda va ma’lum o‘rinda yuz beradi.
Tilning hajmi noaniqdir, nutqning hajmi esa aniq: u manolog, dialog, matn, kitob shaklida bo‘ladi.
Til turg‘un satistik hodisadir. Nutq esa harakatda bo‘lishi mumkin bo‘lgan dinamik hodisadir.
Til xatosida so‘z ma’nosi buziladi, masalan: sof-sop, tif-top, dil-til va hokazo. Til xatosi faqat akustik tomonidan o‘rganadi. Masalan: fikr-pikr, fabrika-pabrika, safar-sapar.
Tilning madaniyati uning so‘z boyligi, sintaksisning taraqqiyoti va boyish darajasi, so‘z ma’nolarining o‘tkirligi, nutqiy ohangning rang-barangligi tushuniladi. Nutqning madaniyati esa, uning aloqaviy fazilatlari yig‘indisi va tizimi bo‘lib, ular til madaniyati, faoliyatida qiynalmaslik, matnning mazmuniy vazifasi va imkoniyati kabi har-xil sharoitlarga bog‘liq.
Insonning nutqiy faoliyati uch ko‘rinishda amal qiladi. Bular-so‘zlash, muomala va eshitish.
Jamiyatning yangi ijtimoiy kuchlarini yetishtirishda o‘qituvchi mas’ul hisoblanadi. Jamiyat o‘qituvchining qo‘liga yosh avlodni, o‘z kelajagini – ishonib topshiradi. Uning kamol topishida o‘qituvchining dunyo qarashi, ongi, madaniyati, nutqi belgilovchi vositalar sanaladi.
O‘qituvchining nutqi imkoni boricha sintaktik, jihatdan sodda, jozibador ta’sirchan tuzilishi lozim. Har qanday bilim va tarbiq, asosan o‘qituvchining dars hamda darsdan tashqari kundalik nutqi orqali berib boriladi. Uning nutqi ilmiy-pedagogik mazmun kasb etishi lozim. Qoida va nazariyalar hayotiy, o‘quvchiga yaqin misollar bilan tushuntiriladi.
Tilning lisoniy imkoniyatlarini egallash ikki bosqichda amalga oshadi. Birinchi bosqich til vositalarini bilishdan iborat. Bu nutqni tinglaganda unda ishlatilgan til vositalarining ma’nosi va vazifasini anglashda ko‘rinadi. Ya’ni, tinglovchi tinglagan va o‘qigan narsalarini tushunadi.
Yetuk kishiga xos fazilatlar, ya’ni nutq odobiga yana quyidagilar kiradi: xayrlashish, murojaat, rag‘batlantirishi, minnatdorchilik, mehmondorchilik, mezbondorchilik va boshqa odob turlari.
Har bir kishining madaniylik darajasi, o‘qib qanchalik tarbiya ko‘rganligi uning yozma va og‘zaki nutqidan bilinadi.
Ona tilida aniq, to‘g‘ri, mantiqli va ifodali nutq tuza olish malakasi va mahorati barcha fan o‘qituvchilari uchun birday zaruriy fazilatdir. O‘qituvchi ifodali, ravon, aniq va ta’sirchan nutqi bilangina o‘quvchilarning diqqatini tortadi, ularni ham madaniy nutq egasi qilib tartiyalaydi.
Ta’lim jarayonida har bir o‘qituvchi nutqiga muayyan talablar qo‘yiladi. O‘qituvchi o‘quvchilar bilan shunday muomalada bo‘lishi lozimki, o‘quvchilar bu muomalada o‘zlarining ahamiyatliroq ekanini his qilishsin. Boshqalarning ko‘z o‘ngida ahamiyatli bo‘lish xohishi inson tabiatining eng asosiy belgilaridan biridir. Chunki kattalarning o‘z suhbat mavzusi bo‘lgani kabi, bolalarning ham to‘lib- toshib gapiradigan mavzulari bo‘ladi. Shuning uchun ko‘pni ko‘rgan kishilar bolalar bilan bola bo‘lib, keksalar bilan keksa bo‘lib suhbat qurishga harakat qiladilar. Tajribali o‘qituvchilar suhbat chog‘ida inson ko‘nglini asrashga, unga muloyimlik bilan yo‘l topishga harakat qiladilar. Biror jiddiyroq fikrni aytishdan oldin o‘quvchini suhbat mavzuiga tayyorlab olishga intiladilar. Shunday qilinganda eshituvchi har qanday hayajonli yoki qayg‘uli xabarlarni ham yengil qabul qiladi va to‘g‘ri munosabatda bo‘ladi. Inson qalbini zabt etish, uning muhabbatini qozonish uchun shirin so‘z, samimiy muomalaning o‘zi kifoya qiladi. O‘qituvchi bu hayotiy haqiqatni doimo yodda tutishi lozim bo‘ladi.
O‘qituvchi butun umri davomida o‘z nutqini takomillashtirib borishi lozim. U tilimizning boy imkoniyatlaridan unumli foydalanish orqali nutqining go‘zal, ravon, ifodali, ta’sirchan bo‘lishiga intiladi. Zero, go‘zal va ta’sirchan so‘zlay bilish ham san’at. Lekin, bu san’atdan bebahra insonlar ham hayotimizda uchrab turadi. Agar boshqa kasb egalaridan farqli o‘laroq o‘qituvchi bu san’atdan bebahra bo‘lsa-chi? Qaysi fanni o‘qitishdan qat’iy nazar, o‘qituvchining asosiy quroli uning nutqidir. O‘qituvchining nutqi nochor bo‘lsa, uning bilimi qanchalik chuqur va tugal bo‘lmasin, uning ta’sir etish kuchi ham past darajada bo‘ladi.
Har bir o‘qituvchi o‘z nutqining ta’sirchan va namunali bo‘lishini ta’minlashda quyidagi holatlarga alohida e’tibor berishi lozim:
1. O‘zi to‘xtalmoqchi bo‘lgan masala yoki mavzuni chuqur o‘rganish, undagi masalaga o‘z munosabatini aniq belgilab olish.
2. O‘z dunyoqarashiga ega bo‘lish, so‘z bilan ish birligi, nazariya bilan tajribaning dialektik birligiga erishish, fikrlarni ilmiy asoslash.
3. Mavzuga mas’uliyat bilan yondashish, uni omma oldida to‘liq ochib berishga, yoritishga diqqat qilish.
Har bir nutqqa jiddiy tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, ma’ruzani nimadan boshlashdan tortib, nima bilan tugatishgacha jiddiy o‘ylab olish, masalalarni o‘rtaga tashlash, ularning ketma-ketligini yaxshi bilish, o‘zaro bog‘lanishini ta’minlash, ma’lum rejalar tuzib olish, alohida to‘xtalish zarur bo‘lgan o‘rinlarni belgilash va boshqalar.
Xullas, hozirgi ta’lim jarayonining har bir o‘qituvchisi o‘z nutqiga e’tiborli bo‘lishi, nutqini aniq, to‘g‘ri, ta’sirchan, maqsadga muvofiq tarzda tuzish malakasiga ega bo‘lishi lozim, zotan, «ona tili milliy madaniyatimizning, dunyoni teran idrok etishimizning zamini» ekan, uni yosh avlodga o‘rgatishda o‘qituvchilarning roli beqiyosdir.
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
1.Til madaniyati nimalarni ifoda etadi?
2.Til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalari o‘rtasida qanday umumiylik va xususiyliklar bor?
3.Umumxalq o‘zbek tili hozirgi adabiy tildan qaysi jihatlari bilan farqlanadi?
4.Tilning lisoniy imkoniyatlari deganda nimalarni tushunasiz?
TAVSIYA ETILADIGAN ADABIYOTLAR
Asosiy adabiyotlar:
Karimov I. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat, 2008.
Begmatov E., Mamatov A. Adabiy norma nazariyasi. 1- qism. – Toshkent: Navro‘z, 1997.
Kaykovus. Qobusnoma. To‘ldirilgan ikkinchi nashri. – Toshkent: O‘qituvchi, 2006.
Mahmudov N. O‘qituvchining nutqi madaniyati. – Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007.
Karnegi D. O‘z-o‘ziga ishonch hosil qilish va omma oldida so‘zlash san’ati. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2010.
Qo‘ng‘urov R., Begmatov E., Tojiev Yo. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. – Toshkent: O‘qituvchi, 1992.
Qo‘shimcha adabiyotlar:
Avloniy A. Turkiy guliston yoxud axloq. – Toshkent: O‘qituvchi, 1992.
Mahmudov N. Tilimizning tilla sandig‘i. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2012.
Rustamiy A. Adiblar odobidan adablar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2003.
Ona tili – davlat tili. – Toshkent: Adolat, 2004.
A’lamova M. Nutqda aks yetar bir olam boylik. – Toshkent: O‘qituvchi, 1989.
Rustamov A. So‘z xususida so‘z. – Toshkent: Yosh gvardiya, 1989.
Qilichev E., Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. – Buxoro, 2003.
Mahmudov N., Rafiev A., Yo‘ldoshev I. Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish. – Toshkent: Cho‘lpon, 2012.
Jumaxo‘ja N.A. Istiqlol va ona tilimiz. – Toshkent: Sharq, 1998.
Saidov U. Nutq madaniyati va notiqlik san’ati. – Toshkent: Akademiya, 2007. –B. 224.
Tojiev Yo., Mallaboev M.. O‘zbek nutqi madaniyati va uslubiyat asoslari. – Toshkent: Iqtisodiyot, 2006.
O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari. – Toshkent, 1956.
Rahmatullaev Sh.. O‘zbek tilining yangi alifbosi va imlosi. –Toshkent: Universitet, 2002. –B. 53.
Nazarov K. O‘zbek tili punktuatsiyasi, – Toshkent: Universitet, 1996, 39- b.
Inomxo‘jaev S. O‘tmish sharq notiqligi. – Toshkent: Bilim, 1972.
Badiiy uslub va tilning ifoda vositalari. – Samarqand, 1994.
Internet ma’lumotlari:
23. www.ziyo.net
24. www.thinsan.com
25.www. uforum.uz
26. www.literature.uz
14-mavzu. Madaniy nutqning etnik va sotsial xoslanganligi
Reja:
1.Tilshunoslikda inson omili tushunchasi.
2.Tilda sotsial rollar haqida.
3.Gender rollar xususiyatlari.
Tayanch tushunchalar:
Do'stlaringiz bilan baham: |