O‘quv muassasalarida baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tartibi
Тa’lim muassasalari hududidagi auditoriyalarda, laboratoriya xonalari va o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarida talabalarga ta’lim berish jarayoni ishlab chiqarishdagi ta’lim berish jarayoniga nisbatan xavfsiz ko‘rinadi. Lekin, talabalarning ta’lim muassasalari hududida harakat qiluvchi mashina va mexanizmlarda, uskunalarda va qurilmalarda ta’lim olishlarini va buning natijasida ular yuqori kuchlanish, elektromagnit va boshqa turdagi nurlanishlar, kimyoviy reaktivlar, ultratovush, infratovush kabi bir qator zararli omillar ta’siri ostida bo‘lishliklarini nazardan qochirmaslik kerak. Bu omillar, ma’lum bir shart- sharoitlarda, talabalarda o‘quv jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan kasallanish va jarohat olish holatlari ehtimolini keltirib chiqaradi. Yong‘in xavfsizligi talablari
buzilganda esa yong‘in sodir bo‘lishi va uning birlamchi va ikkilamchi xavfli omillari ta’siri ostida qolishlari mumkin.
Shu sababli ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilar va talabalar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish, hisobga olish va shunaqa holatlarning kelajakda takrorlanishining oldini olish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqish, hamda amalga tatbiq qilish katta ahamiyat kasb etadi.
2011 yilning fevraligacha Oliy o‘quv yurtlari talabalari, kollejlar, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, litseylar, hunar-texnika bilim yurtlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilari bilan o‘quv-tarbiya jarayonida yuz bergan baxtsiz hodisalar Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishilgan holda Хalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tekshirilgan va hisobga olingan.
Korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan talabalar va o‘quvchilar bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish esa “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida”gi nizomga asosan olib boriladi [13].
O‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilar va talabalar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirishlar va hisobga olish, albatta, davlat tomonidan qabul qilingan me’yoriy hujjatlar asosida olib borilishi kerak. Shu jarayonni amalga oshirish maqsadida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan 2010 yil 23 dekabrda “Тa’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilar va talabalar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan [22].
Yuqorida keltirilgan nizom oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun taalluqlidir. Bu nizom ta’lim muassasalarining rejalashtirgan darslari, amaliy mashg‘ulotlari, laboratoriya ishlari, harbiy ta’lim bo‘yicha dars mashg‘ulotlari, sport mashg‘ulotlari, ijtimoiy foydali mehnati, hasharlar va musobaqalar hamda ushbu muassasalarda o‘tkaziladigan boshqa o‘quv-tarbiya ishlari vaqtida o‘quvchilar va talabalar bilan
yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olishga tatbiq etiladi.
Тekshiriladigan va hisobga olinadigan baxtsiz hodisalar turiga yuqorida keltirilgan holatlarda ro‘y bergan turli tan jarohatlarini olish, shikastlanish, issiqlik ta’siri, portlash, falokatlar, imoratlar va konstruksiyalar buzilishi, kuyish, muzlash, qizish, elektr toki yoki yashin urishi, hayvonlar, hasharotlar va sudralib yuruvchilar tomonidan hamda terroristik harakatlar natijasida shikastlanishlar, zaharlanishlar, tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqini, suvga cho‘kish, turli avariya holatlari va boshqalar) kiradi.
Baxtsiz hodisa oqibatida olgan jarohati ta’lim oluvchining kamida bir kun o‘quv mashg‘ulotlarini qoldirishiga sababchi bo‘lsa, maxsus shakldagi dalolatnoma rasmiylashtiriladi (3.14 – ilova).
Тa’lim oluvchi bilan yuz bergan har qanday baxtsiz hodisa haqida jabrlanuvchi yoki uning yonida bo‘lgan guvohlar tomonidan ta’lim muassasasi rahbariyatiga darhol xabar berilishi kerak, u esa o‘z navbatida:
jabrlanuvchiga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilishini va uni tibbiy- davolash qismiga yoki boshqa davolash muassasasiga yetkazishni tashkil etishi;
tekshirish komissiyasi ish boshlaguniga qadar hodisa joyidagi vaziyatni va jihozlar holatini hodisa yuz bergan daqiqada qanday bo‘lsa, shundayligicha (agar bu atrofdagilar hayoti hamda salomatligiga tahlika solmayotgan bo‘lsa va halokatga olib kelmasa) saqlab qolishi;
yuz bergan baxtsiz hodisa bo‘yicha darhol yuqori turuvchi organiga xabar berishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |