Ishlovchilarning elektr toki ta’siriga tushishining sabablari
Odam quyida keltirilgan holatlarning bir ko‘rinishida tok zanjiriga ulanib qolsa, elektr toki ta’siridan shikastlanadi [34, 35]:
elektr tarmog`ining ikkita fazasiga yoki potensiallari turlicha bo‘lgan qutblarga bir vaqtda tekkanda;
kuchlanish ostidagi izolatsiyalanmagan tok o‘tkazuvchi qismlarga yerdan izolatsiyalanmagan odam bir fazali tutashganda;
kuchlanish ostida bo‘lgan ochiq tok o‘tkazuvchi qismlarga xavfli masofada yaqinlashganda;
tasodifan kuchlanish ostida qolgan elektr jihozlarning qobiq yoki qismlariga tekkanda;
elektr tarmog`idagi avariya natijasida grunt yuzasida hosil bo‘ladigan tok tarqalish hududida qadam kuchlanishiga tushganda;
statik elektr toki yoki atmosfera elektr toki induksion toklari ta’sir etganda;
odamni tokdan ozod qilish vaqtida kuchlanish ostiga tushib qolganda va boshqa bir qator holatlarda.
Har bir ishlovchi tok o‘tuvchi qismlarga, ularda qanday kuchlanish bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, tegish mumkin emasligini esda tutishi kerak. Kuchlanish ostida bo‘lishi mumkin bo‘lgan jihozlarda (taqsimlash qurilmalarining metall konstruksiyalari, elektr uzatish liniyalarining tayanchlari, jihozlarning qobiqlari va boshqa qismlarda) ishlash kerak bo‘lganda himoya vositalarining kerakli xavfsizlik qoidalaridan (yerga ulashdan, izolatsiyalovchi asboblardan, shaxsiy himoya vositalaridan) foydalanish kerak.
Yuqorida keltirilgan holatlarda odam tanasi orqali o‘tayotgan elektr tokining miqdori elektr tarmog‘ining turiga va odamning tarmoqqa tushish sxemasiga bog‘liq bo‘ladi.
Elektr tarmoqlarining va qurilmalarining turlari
Elektr tarmoqlari va qurilmalari shartli ravishda, shuningdek, elektr xavfsizligi nuqtayi nazaridan, ishchi kuchlanishining kattaligiga qarab quyidagi ikki toifaga bo‘linadi [35]:
kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan tarmoqlar va qurilmalar;
kuchlanishi 1000 V dan yuqori bo‘lgan tarmoqlar va qurilmalar.
Elektr tarmoqlari neytral nuqtasining holati va tarmoqdagi simlar soni bo‘yicha ham toifalanadi:
kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan tarmoqlarda:
uch fazali, to‘rtta simli va manba neytral nuqtasi yerga ulangan tarmoq;
uch fazali, uchta simli va manba neytral nuqtasi yerdan izolatsiya qilingan tarmoq.
kuchlanishi 1000 V dan yuqori bo‘lgan tarmoqlarda:
uch fazali, uchta simli va manba neytral nuqtasi yerga ulangan tarmoq;
uch fazali, uchta simli va manba neytral nuqtasi yerdan izolatsiya qilingan tarmoq.
Тa’minlash sxemasidan qat’i nazar kuchlanishi 1000 V dan katta bo‘lgan elektr qurilmalarda tok o‘tuvchi qismlarga tegish xavflidir. Shuning uchun tok o‘tuvchi qismlarga odam tasodifan tegib ketmasligining barcha tadbirlari ko‘riladi. Ular yoniga odam borib bo‘lmaydagan qilib o‘rnatiladi, puxtalik bilan to‘siladi, qurilmaga yaqin kelishning qat’iy qoidalari belgilab qo‘yiladi va boshqa tadbirlar amalga oshiriladi.
Kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr tarmoqlar va qurilmalar iqtisodiyotning barcha sohalarida, shu jumladan turmushda ham, juda keng ishlatiladi. Shu sababli kuchlanish ostida bo‘lgan bunday qurilmalarning tok o‘tkazuvchi qismlariga va qobiqlariga tasodifan tegib ketish ehtimoli nisbatan katta bo‘ladi.
Kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr qurilmalarning ko‘pchiligi neytral nuqtasi yaxshilab yerga ulangan to‘rt simli tarmoqlarda ishlaydi: generator yoki transformatorninig neytrali yerga ulovchi qurilmalarga bevosita yoki kichik qarshilik (masalan, tok transformatori) orqali ulanadi. Тarmoqning to‘rtinchi simi transformatorning yerga ulangan neytral nuqtasiga tutashtirilgan, shuning uchun uni nol sim deyiladi. Nol sim yordamida bir fazada ishlaydigan iste’molchilar faza kuchlanishiga (masalan, yoritish yuklamasi) ulanadi. Nol sim va yerga ulangan neytrallar sxemaning ishchi elementlari hisoblanadi (4.9 – rasm).
Хavfsizlikka yuqori talablar qo‘yilganda kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr qurilmalar neytrali yerdan izolatsiyalangan yoki katta qarshilikli uskunalar (kuchlanish transformatorlari, tarmoqning sig‘im tokini kompensatsiyalovchi g‘altaklar) orqali yerga ulovchi qurilma bilan bog‘langan uch fazali va uch simli tarmoqdan ta’minlanadi (4.10 – rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |