Yoshlar uchun qo‘shimcha kafolatlar. Mamlakatimizda yoshlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilish, ularni ishga joylashtirish masalalariga katta e’tibor beriladi. O‘smirlarni ishga qabul qilishdagi kafolatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 239-moddasida quyidagicha qayd etilgan:
belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi va boshqa organlar tomonidan yuborilgan,
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ish beruvchi ishga qabul qilishi shart;
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan barcha shaxslar dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyingina ishga qabul qilinadilar. Keyinchalik ularning salomatligini bilish maqsadida o‘n sakkiz yoshga to‘lginga qadar har yili majburiy tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turilishi kerak.
Mehnat kodeksining 240-moddasiga binoan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatga oid huquqiy munosabatlarda katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqda bo‘ladilar, mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta’tillar va boshqa mehnat shartlari sohasida ular uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarda belgilangan qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanadilar.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoitlarida, noqulay ishlarda, yer osti ishlarida va boshqa ishlarda ishlashga qo‘yilmaydilar.
Yoshlar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ishlar ro‘yxati va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk me’yorlarining chegarasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va ish beruvchilarning vakillari tomonidan kelishilgan holda tuziladi.
Yuqoridagi yengiliklardan tashqari ish vaqtining muddati o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarga haftasiga o‘ttiz olti soatdan, o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun esa haftasiga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan qilib belgilangan rejada ishlaydilar.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarning kundalik ish vaqti qisqartirilgan hollardagi mehnatiga haq kundalik ish vaqti to‘liq bo‘lgan chog‘da tegishli toifadagi xodimlarga beriladigan miqdorda to‘lanadi. Shuningdek o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Ayrim hollarda o‘n sakkiz yoshga
to‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy tartibiga rioya qilishdan tashqari, mahalliy mehnat organining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Ota-onalar va vasiylar (homiylar), shuningdek mehnatni muhofaza qilish ustidan nazorat qiluvchi organlar hamda voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi komissiyalar, agar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar bajarayotgan ishni davom ettirish ular sog‘lig‘iga ziyon qiladigan yoki ularga boshqacha tarzda zarar yetkazadigan bo‘lsa, bunday shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab etish huquqiga ega.